O'zFHM nimani yashirmoqda? Asimov, Norsafarov va boshqa hakamlar qaerda?
22 noy 12:45
Yangiliklar
O'zFHM nimani yashirmoqda? Asimov, Norsafarov va boshqa hakamlar qaerda?
Faqat qolgan masalalarni aniqlab olish qoldi, xolos. Bronza, kumush egalarini o'zligi bir yoqlik qilib olishar. Superligada qoladigan, ketadiganlarni ham ishni o'zlariga topshiramiz. Bizni xayron qoldiradigan balki ko'zdan qochirgan bir qator shaxslar haqida fikr yuritmoqchimiz. Superliganing navbatdagi turiga tayinlangan hakamlarga qarab turib nima uchundir Aziz Asimov va uning hamkasblari ko'rinmay qolgani xayron qoldirdi.
Aziz Asimov
Aziz Asimov joriy yil Superligada so'nggi bor 4 avgust kuni Superliganing 14-turidan o'rin olgan "Metallurg" - "Lokomotiv" uchrashuvida bosh hakam sifatida faoliyat olib bordi. Elitada jon saqlash uchun kurashayotgan ikki jamoa uchun g'alaba suv va havodek zarur bo'lgan uchrashuvda FIFA referisining xatosi qimmatga tushdi.
"Metallurg" - "Lokomotiv" uchrashuvining 20-daqiqasida mezbonlarning 4-raqamli vakili mehmonlar himoyachisi bilan to'p uchun kurashga kirdi va jarima maydonida yiqilib tushdi. Bosh hakam Aziz Asimov dastlab penalti uchun asos etarli emas, deb hisobladi va bahsni davom ettirdi. To'p maydon tashqarisiga chiqib ketgandan so'ng VAR hakami Asimovni monitor yoniga chaqirdi va referi vaziyatni to'liq o'rganib, nuqtaga ishora qildi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Bu vaziyatda VAR holatga noto'g'ri aralashgan. Rakurs orqali holatni aniq ko'rishning iloji yo'q. SHu sababdan, 11 metrlik jarima zarbasi belgilash uchun asos etarli emas. Komissiya tomonidan hakamlarning qarori noto'g'ri, deb hisoblandi.
Hakam bu o'yinda xato qilgani oydinlashdi va bu natijaga tasir qilmay qolmagan. Lekin o'ylantiradigan jihati shuki, bu o'yindan so'ng Asimovga qanday jazo qo'llanilgani yoki qanchadir muddatga chetlatilgani borasida hech qanday malumot ommaga taqdim etilmagan. 4 oyga yaqin vaqt ichida ko'rinmay qolgan hakam borasida balki qaror chiqarilgandir, balki yo'q. Ammo buni elon qilishga nima to'sqinlik qilgani jumboqlidir.
Xo'sh, bu uchrashuvdan so'ng Aziz Asimov 10 sentyabr kuni JCH-2026 saralash bosqichidagi Bahrayn - Yaponiya (0:5) uchrashuvida zaxira hakami bo'lib ishladi.
18 sentyabr kuni Osiyo CHempionlar Ligasi-2 | Guruh bosqichi, 1-turida "Al Vakra" – "Traktorsozi" bahsida zaxira hakam vazifasini bajardi.
23 oktyabr kuni yuqoridagi turnirning 2-turida "Eyr Fors" -"Al-Haldiya" bahsida zaxira hakami bo'ldi.
Demak, Asimov xalqaro maydondagi faoliyatini davom ettiraverdi. Ichki chempionatdagi diskvalifikaciyalar esa ularning chetdagi ishiga tasir o'tkazligini yaxshi bilasiz.
Rahimbek Karimov
Rahim Karimov ham so'nggi bor Superligada Asimov singgari 4 avgust kuni "Metallurg" - "Lokomotiv" uchrashuvida faqat VARda faoliyat olib borgan.
Firdavs Norsafarov
Tajribali hakam Superligada so'nggi bor 26 avgust kuni 17-turda "So'g'diyona" - "Paxtakor" (0:1) bahsini boshqardi. Uchrashuvdan so'ng ekspert-hakamlar komissiyasi 5 ta bahsli vaziyatni elon qilgan va unda Norsafarov nomi qayd etilmagan. Lekin shundan so'ng Firdavs Norsfarovni Superligada boshqa uchrashuvlarda kuzatganimiz yo'q.
SHundan so'ng u faqat 1 ta xalqaro o'yinda VAR hakamiga tayinlov oldi. 23 sentyabr kuni Bahrayn - Yaponiya (0:5) uchrashuvida ko'rinish berdi.
O'zFHM esa na xatosini yoki na chetlatilganini elon qilgani yo'q. G'alati va tushunarsiz.
Akobirxo'ja SHukurullaev
Yana bir FIFA referisi Akobirxo'ja SHukurullaevning ham Superligadagi oxirgi hakamligi 26 avgust, 17-turga to'g'ri kelmoqda. U "Surxon" - "Navbahor" bellashuvida ishlagan. Barcha manbalarni tekshirgan holda bu o'yinda hakamlar o'yinni yaxshi boshqarganini ayta olamiz. Hech bir manbada Akobirxo'ja SHukurullaevning o'yindagi xatosi yoki natijaga tasir qiladigan harakatlari bayon qilinmagan.
Abdurashid Xudoyberganov
Abdurashid Xudoyberganov Superliganing qoldirilgan 5-tur o'yinida Qarshida "Nasaf" - "Navbahor" uchrashuvini boshqardi. Mazkur o'yinning 12-daqiqasida Farruh Sayfiev "Navbahor"ning 2-golini urdi va hakam golni inobatga oldi.
Ekspert-hakamlar komissiyasi qarori: Mazkur vaziyatda VAR holatga aralashishi kerak edi. Mezbonlar futbolchisiga nisbatan qo'pollik ishlatilgan va bu kabi hollarda gol bekor qilinib, jarima zarbasi berilishi lozim. SHu sababli, hakamlarning qarori noto'g'ri, deb topildi.
Bu bahsdan keyin Abdurashid Xudoyberganov faqat 1 ta o'yinga tayinlandi. 14 avgust kuni Pro liganing 16-turida "Xorazm" - "SHo'rtan" o'yinida ishladi.
11 sentyabr kuni JCH-2026 saralash bosqichida Bahrayn - Yaponiya o'yinida AVAR vazifasini o'tadi.
23 oktyabr kuni esa Elit OCHL doirasida "SHangxay SHenxua" - "Kavasaki Frontale" bahsida AVAR sifatida xizmat qildi.
O'zFHMga savol
Yuqoridagi hakamlar orasida xato qilganlari ham, oxirgi uchrashuvini yaxshi o'tkazganlar ham bor. Lekin ikki holatda ham keyinchalik hech qanday tushuntirish berilmagan. SHunchaki hakamlar o'zidan o'zi yo'q bo'lib qolishi mumkin emas. Bugungi shaffoflik va ochiqlik zamonida malumotni yashirish imkonsiz. Diskvalifikaciya, chetlatish, hakamlikdan ketish va hokazo nima qaror qabul qilingan taqdirda ham buning xabarini berish kerak edi.
Fikrlar