O'zbekistonlik muxlislar Abu-Dabiga sayohat qilishdi FOTO

Narzulla Saydullayev
12 yanv 2019, 00:03
BAA mamlakatida bo'lib o'tayotgan Osiyo Kubogi, unda ishtirok etayotgan jamoalarning muxlislari uchun judayam qiziqarli o'tmoqda.

Sababi BAA o'zining yuksak turizm salohiyati bilan dunyoga mashhur mamlakat hisoblanadi. Bu mamlakatning Dubay, Abu-Dabi shaharlari o'zining go'zalligi, osmono'par binolari hamda turli ko'ngilochar maskanlari bilan dunyo  ahlini o'ziga jalb qiladi.

Osiyo Kubogi musobaqasi munosabati bilan O'zbekistondan borgan yuzlab futbol ishqibozlari ham BAAning go'zal maskanlarini tomosha qilishmoqda.

Bugun o'zbekistonlik ishqibozlar BAA mamlakatining eng yirik amirligi va davlat poytaxti bo'lgan Abu-Dabi shahriga sayohat qildilar.



TEAM AVIA TOUR turistik kompaniyasi, O'zbek turizm  hamda Abdurahmon Fozilov  bilan hamkorlikda amalga oshirilgan sayohat Abu-Dabi shahridagi dunyoga mashhur Oq masjiddan boshlandi. Bu mahobatli inshoot dunyoning 8-mo'jizasi nomini olishga da'vogar hisoblanadi. Masjid juda chiroyli uslubda qurilgan bo'lib, uning ichiga dunyodagi eng katta gilam to'shalgan. Gilamning og'irligi 40 tonna bo'lib, eronlik gilamchilar tomonidan to'qilgan. Shuningdek bu yerda o'rnatilgan og'irligi 12 tonnalik qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan qandil ham ziyoratchilarning diqqatini o'ziga tortadi. Ishqibozlarimiz masjidni tomosha qilish bilan birga shu yerda juma namozini o'qib, yurtimizning ravnaqi hamda milliy terma jamoamizning g'alabalarini yaratgandan so'rab duolar qilishdi.


Shundan so'ng muxlislarimiz Abu-Dabi shahrining yana bir dunyoga mashhur Ferrari park ko'ngilochar maskaniga tashrif buyurdilar. Bu joyda Ferrari poyga avtomobillarining asl nusxalarini ko'rish mumkin. Shuningdek turli atrakcionlar dunyoning boshqa joylarida uchramaydi. Bu maskanlarga tashrif buyurgan o'zbekistonliklar esdalik uchun suratlarga tushishdi.



Shuningdek muxlislarimiz Abu-Dabidagi Yas mall yirik savdo markazida ham bo'lib esdalik uchun turli xaridlarni amalga oshirdilar.



BAAga sayohat qilgan muxlislar jamoasi nafaqat o'zlari sayohat qilishyapti balki xorijlik sayyohlarni ham O'zbekistonga taklif qilishmoqda. Muxlislarimizni olib yurgan avtobuslar jannatmakon O'zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi bannerlar bilan bezatilgan bo'lib, BAAdagi xorijiy sayohlarning diqqatlarini o'ziga jalb qilmoqda.


Ertaga muxlislar jamoasi BAA sahrolari bo'ylab jiplarda safariga chiqishadi. Shuningdek muxlislar o'rtasida plyaj futboli musobaqasi o'tkazish ham reja qilingan. Plyaj futboli turnirida CA jamoasi ham ishtirok etadi.

Ha aytgancha 12 yanvar kungi reys bilan Toshkentdan Dubayga yana 50 nafardan ko'proq muxlis tashrif buyuradi.

Xullas zerikishga vaqt yo'q. Oldinda esa bizni judayam muhim bo'lgan,  O'zbekiston - Turkmaniston o'yini kutib turibdi.


Akramjon Mamadaliev Abu-Dabi shahridan mahsus


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia