So’nggi yangiliklar

22:03ОКМК назорат ўйинида "Олимпик"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  0 21:35Матс Хуммелс Еврокубокларда ўйнайдиган А Серия клубига ўтиши мумкин  0 20:54"Қизилқум" назорат ўйинида "Локомотив U21"га мағлуб бўлди  0 20:31Расман: Стадиондаги муаммо сабаб "Динамо" — "Навбаҳор" учрашуви қолдирилди  44 20:00Де Хеа фаолиятини А Cерияда давом эттирадими?  0 19:39Ана холос! "Рома" ва "Тоттенхэм" собиқ ҳужумчиси 11 йилдан сўнг фаолиятини тиклашга қарор қилди  4 19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  4 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  10 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3 17:39"Ланс" "Челси" собиқ ҳимоячиси билан битим тузди. У Ҳусановга рақобатчи бўлади  5 17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  2 16:48"Хоразм" бир қатор футболчиларни сафига қўшиб олди  4 16:28"Манчестер Сити" янги мавсум учун захира либосини тақдим этди  2 15:59ФИФА Олимпиада ўйинларидаги воқеаларни текшириш учун эксперт тайинлади  2

O'zbekistonlik futbolchilarning o'rtoqlik o'yinlaridagi xatti-harakatlari necha ballga loyiq? Yangiliklar

O'zbekistonlik futbolchilarning o'rtoqlik o'yinlaridagi xatti-harakatlari necha ballga loyiq?

Teglar :  O'zbekiston
FIFA kunlaridan foydalanib, O'zbekiston terma jamoasi ikkita o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Bo'lajak mundial ishtirokchilariga qarshi saf tortgan azamatlarning munosib qarshilik ko'rsatganini guvohi bo'ldingiz. SHu orqali, jamoa qay jabhada o'sishga erishdiyu, qay jabhada oqsayotganini o'zingiz uchun tahlil qilib olgandirsiz. Biz ham ikkala o'yinni kuzatgan holda maydonda harakat qilgan futbolchilarning o'yinini 10 ballik tizimda baholadik. Tarkibga jalb qilingan 23 nafar futbolchidan faqatgina zaxira darvozabonlari hamda Islom Qobilov maydonga tushirilmadi ("Lokomotiv" himoyachisi Osiyo kubogi-2023 saralash bosqichida ham yig'inga jalb qilingan va maydonga tushirilmagandi). 

 

12. O'tkir Yusupov — 6

So'nggi paytlarda terma jamoamiz darvozasining asosiy qo'rboshisiga aylangan Yusupov ikkala o'rtoqlik uchrashuvini ham to'laqonli tarzda o'tkazdi. Kamerunga qarshi bahsda darvoza to'rlarining kaltaklanishiga yo'l qo'ymagan "Navbahor" posboni ikkinchi uchrashuv uchun ham 90 daqiqalik kuch bilan maydonga tushdi, biroq qo'shimcha daqiqalar uchun atalagan mahoratini mehmonxonada qoldirib kelgandek ko'rindi. Kosta-Rikaning dastlabki golini urilishida Yusupov to'pni ushlab olishi mumkin edi, biroq qaysar to'p "Bo'g'irsoq" ertagining qahramoni singari undan qochib ketdi va biznikilar uchun dramaga aylangan yashil maydondagi sahna asarining boshlanishiga turtki bo'ldi. Umuman olganda, 12-raqamli posbonning xatti-harakatlari yomon taassurot qoldirmadi.


5. Rustam Ashurmatov — 6.5

Ashurmatov dastlabki o'yinda bir soat mobaynida maydonda javlon urgan bo'lsa-da, yakkakurashlarda mardonavor o'yin namoyish eta oldi. Ayniqsa, oyoqdan ko'ra bosh bilan o'ynash kerak bo'lgan nuqtada faol harakat qildi. Biroq jarohat uni maydonni tark etishga majbur qildi. "Navbahor" himoyachisining tezroq sog'ayib ketishini tilab qolamiz.

23. Husniddin Aliqulov — 7

Aliqulov "Nasaf" safida Osiyo CHempionlar ligasi guruh bosqichining eng yaxshi himoyachilari qatoridan o'rin olgandi. O'rtoqlik bahslarining ikkinchisi biz uchun qon bosimini tushiradigan hapdori ichishga majbur qilgan bo'lsa-da, Aliqulov aynan mana shu bahsda himoyadagi etakchilikni qo'lga oldi. Qolaversa, standart hujumlarda ham etakchi "Airways" rolini bajara oldi. Kosta-Rikaning ikkinchi golini urgan Uostonni qo'riqlashda masul bo'lgan futbolchi o'sha vaziyatda ham qarsak chaladigan harakat amalga oshirganida, bundan-da yuqoriroq bahoga loyiq ko'rilishi mumkin edi.


15. Umar Eshmurodov — 6

"Nasaf"dagi hamkasbi bilan markaziy himoya qo'rg'oni mudofaachisiga aylangan Eshmurodov Aliqulov singari yorqin taassurot qoldirmagan bo'lsa-da, himoyadagi bazi vaziyatlarni bartaraf etishda jonbozlik ko'rsatdi. Ikkinchi qavatlardagi kurashlarda himoyachida biroz oqsash sezildi. Jumladan, Kosta-Rikaning dastlabki to'pi kiritilishi ikkinchi qavatda Eshmurodovning to'p uchun kurashdagi mag'lubiyatidan keyin yuzaga keldi.

18. Abdulla Abdullaev — 5.5

AGMK tayanch yarim himoyachisi terma jamoada markaziy himoyachi vazifasini o'tamoqda. Dastlabki o'yinda jarohat olgan Ashurmatovning o'rniga maydonga tushgan Abdullaev paslarda, hujumlarni bartaraf etishda tartibliroq harakat qildi.


4. Farrux Sayfiev — 6

Katanec Koreyaga safariga uch nafar chap qanot himoyachisini olib bordi. O'ylashimcha, ular orasida "Paxtakor"ning tajribaga boyroq mudofaa vakili faolroq harakat qildi. Qanotdan aniq uzatmalar ijro etishi bilan nom qozongan futbolchi ikkala o'yinda ham oldinga o'tishdan ko'ra ko'proq himoyaga yordam berishiga qaramay, samarali harakat qildi. Biroq biz uchun dramaga aylangan o'yindagi oxirgi gol yuzaga kelishida uning o'yin qoidasini buzishi hamda qiziqqonligi sababli hakamdan sariq rangdagi esdalik qog'ozi bilan taqdirlanishi sabab bo'ldi.

13. SHerzod Nasrullaev — 5.5

"Ajdarlar"ning tezkor va yosh "qanoti" Kosta-Rikaga qarshi bahsda ham o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Paslar berishda biroz shoshmashosharlikka yo'l qo'yganini aytmasa, o'z poziciyasi uchun munosib raqobatchi bo'la oladi.


6. Ibrohimhalil Yo'ldoshev — 5

Sankciyalar ostidagi mamlakat chempionatini "portlatayotgan" futbolchimiz kechagi bahsda zaxira hakami bilan oyoqqa taqiladigan himoya vositasini talashganiyu, butsasining ipini bog'lamasdan maydonga tushgani uchun hakam tomonidan ogohlantirilgani bilan yodda qoldi. Guvohi bo'lgan bo'lsangiz, Yo'ldoshevning ko'pgina paslarida noaniqliklar kuzatildi. Ehtimol, u yarim himoya poziciyasida o'zini noqulay his qilgandir.

3. Hojiakbar Alijonov — 6.5

O'z poziciyasi bo'yicha tarkibga jalb etilganlar orasida yagona bo'lgan "Paxtakor" vakili xatti-harkatlari bilan uyaltirib qo'ymadi. Ayniqsa, dastlabki bahsda himoya va hujumlarni tashkil etishda samarali harakat qildi.

7. Otabek SHukurov — 7

SHukurovga Turkiyada bejizga Pirlo asosiy tarkibda ishonch bildirmayapti. Terma jamoada ham SHomurodovga yaqin harakat qilgan markaziy yarim himoyachi faollik bilan bir qatorda kuchli zarbalari hamda o'tkir paslari bilan yodda qoldi. O'yin oxirlarida toliqish tufayli markaziy zonaning sustlashganini aytmaganda, SHukurovda ham liderlik qobiliyati rivojlanmoqda.

9. Odil Hamrobekov — 7

Asosiy tayanch yarim himoyachisi vazifasida raqib hujumlarini buzishda ishtirok etadigan Hamrobekov ikki o'yinda o'z hisobiga ikkita assist qayd etdi. Uning ko'pgina uzatmalarini Playstation joystikidagi uchburchak belgili knopkani bosgandagi harakatlarni ko'rish mumkin. "Paxtakor" futbolchisi bir vaqtlar ushbu raqamda to'p tepgan ismdoshining o'rnida munosib harakat qilmoqda.

17. Sardor Sobirxo'jaev — 6.5

Sobirxo'jaev nafaqat klubda, balki termada ham Hamrobekov bilan yaxshi tandem hosil qila oldi. Sobirxo'jaev tezkor qarshi hujumlarni boshlashda qolgan sheriklaridan yaxshiroq taassurot qoldirdi mening nazarimda.

20. Akmal Mozgovoy — 5.5

"Nasaf" futbolchisi Kosta-Rikaga qarshi uchrashuvning ikkinchi bo'limida yangi kuch sifatida yarim himoya chizig'ini to'ldirishi kerak edi. Garchand futbolchi sezilarli xatoga yo'l qo'ymagan ko'rinsa-da, bo'shliqlarni vaqtida to'ldira olmadi. o'yin so'ngida raqib jamoa markazda ham ustunlikka ega bo'ldi.


22. Oybek Bozorov — 6

Bozorov birinchi o'rtoqlik uchrashuvida kaftlarni peshonaga qo'yadigan o'yin namoyish etgandi. Sababi oddiy edi — bo'ydor va jismonan baquvvat Kamerun futbolchilari "Nasaf" azosiga hech qanday imkoniyat bermagandi. Biroq Kosta-Rikaga qarshi zaxiradan butkul boshqa Bozorov maydonga tushib keldi. Qanot yarim himoyachisiga Lotin Amerikasi vakillari bir necha bor emaklab ham eta olmadi. 

8. Hojimat Erkinov — 6

23 yoshgacha bo'lgan Osiyo kubogi qahramonlaridan biri asosiy terma jamoadagi o'rnini ham asta-sekin topib bormoqda. "Torpedo" futbolchisi Kamerunga qarshi bahsda hisobni ochdi, qolaversa, o'ng qanotda chapdagiga nisbatan faolroq harakat qildi. Biroq so'nggi uzatmalar va to'p uchun kurashlarda kamchiliklar ko'zga tashlandi. Ikkala o'yinni ham asosiy tarkibda boshlagan yosh futbolchining shijoati hali yuksalishda davom etadi, deb o'ylayman. 

11. Oston O'runov — 6.5

Bo'ydoqlik bilan xayrlashayotgan "kuyov bola" Kamerunga qarshi bahsda nikoh to'yiga sovg'a hadya etdi. Xorijdagi faoliyati kardiogramma chiziqlari singari davom etayotgan yarim himoyachining texnikasi yaxshi holatda, biroq tezlik borasida biroz ter to'kishi talab etiladi.

19. Aziz Turg'unboev — 5.5 

"Paxtakor" futbolchisi ham qanotlarda o'z faolligini ko'rsatishga urindi, ammo uning o'yinida unchalik ko'zga tashlanmadi. Yarim himoyachi burchak zarbalarini ijro etishda qatnashdi, hujumlarda bo'sh zonaga ochilishga urindi, ammo raqib futbolchilari uni munosib qo'riqlay oldi. Turg'unboev o'yindan tashqari holatda qolib ketmaganida, SHomurodovning pasini golga aylantirishi ham mumkin edi.

10. SHahboz Umarov — 4

Katanec ehtimol, Qozog'iston chempionatini kuzatar. Balki lug'atdagi legioner so'zini yaxshi ko'rar. Biroq SHarqiy Evropaning bir chetidayu, o'zimizning Superligada ko'zini yumib ham gol urayotgan futbolchilar qolib, yangi nomga murojaat qilgan sloveniyalik murabbiyning tanlovi to'g'ri bo'lmadi. To'g'ri, Umarov sof hujumchi emas, asosan, yarim himoyada harakat qiladi. Biroq Jaloliddinovga tegishli raqam ostida maydonga tushgan futbolchining na paslarida, na to'p uchun kurashlarida foydali harakat ko'zga tashlandi. Har holda, Umarovga qo'shni chempionatdagi faoliyatida omad tilayman. Ehtimol, kelgusida termadagi o'yini bilan hozirgi aytgan fikrlarimizni puchga chiqarar. Ammo hozirgi holatida u terma jamoa darajasida emasligi ko'rinib qoldi.

14. Eldor SHomurodov — 7

Bu futbolchi uchun tavsif yozish ham g'alati. To'g'ri, u Levandovski yodi Xoland emas, biroq terma jamoa safida joriy yil gol urish bo'yicha yuqoridagi nomlardan ilgarida turibdi. SHomurodovning harakatlaridan uning o'yinga chanqoq ekanligi sezildi, bazi vaziyatlarda esa etarlicha amaliyotga ega bo'lmayotgani ko'zga tashlandi. Klubdagi zaxira o'yinchisi holida ham terma jamoa etakchisiga aylangan "Roma" hujumchisi ikki o'yinda gol va golli pasdan tashqari juda ko'plab hujumlar tashkillashtirishda ishtirok etdi. Ammo uning ikkala taymning ikkinchi bo'limida "yo'qolib qolayotgani"ning guvohi bo'ldik, yani futbolchida biroz toliqish alomatlari paydo bo'ldi. Bu esa 90 daqiqadan ko'proq vaqt davomida o'yin taqdiri hal bo'ladigan lahzalarda qo'shimcha hujumchi ehtiyojiga sabab bo'ladi.

21. Igor Sergeev — 5.5

Aynan termamizning ikkinchi raqamli hujumchisi klub safida gol urish planini to'ldirayotgan bo'lsa-da, milliy libosda unchalik ko'p daqiqalarga ega bo'lmayapti. Albatta, murabbiyning bir hujumchiga moslashgan taktikasi bo'yicha "Tobol" old qanot o'yinchisi o'z navbatini kutishga majbur. Ikkala o'yinda ham zaxiradan maydonga tushgan Sergeev hujumdan ko'ra himoyaga yordam berish orqali ko'proq foyda keltirdi.

Albatta, bu shaxsiy tanlov, sizning ushbu fikrga qo'shilmaslikka haqqingiz bor. Siz ham futbolchilarga bergan o'z bahongizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.

Reyting: -11   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика