O'zbekiston kubogi-2017. OFK prezidenti g'olibga kubokni topshiradi

Narzulla Saydullayev
10 noya 2017, 18:07
Xabaringiz bor, 9 noyabr kuni O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa bilan rasmiy uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga asoslangan dasturlar bo'yicha o'zaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, OFK tomonidan milliy assotsiatsiyalarni rivojlantirish dasturi asosida turli loyihalar bo'yicha kelishuvga erishilgani avval xabar qilingandi.

Jumladan, Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan yurtimizning Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida bolalar uchun mo'ljallangan mini-futbol maydonchalari barpo etilishiga hamda Respublika Oliy Sport Mahorati Futbol Maktabiga qarashli sun'iy qoplamali maydon to'laligicha rekonstrukciya qilishga jami 600 000 AQSH dollari miqdorida mablag' ajratiladigan bo'ldi.

Uchrashuv davomida erishilgan kelishuvga ko'ra Osiyo Futbol Konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa joriy yilning 3-5 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan yurtimizga keladi.

Tashrif davomida OFK prezidenti bir qator rasmiy uchrashuvlar o'tkazishi ko'zda tutilgan bo'lib, bu uchrashuvlar davomida Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa yurtimizda futbolni rivojlantirish va yoshlar orasida yanada ommalashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishadi.

Shuningdek, Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa 4 dekabr kuni “Bunyodkor” – “Lokomotiv” o'rtasida bo'lib o'tdadigan O'zbekiston Kubogi final uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatib borib, g'olib jamoaga O'zbekiston Kubogini topshiradi.

OFK prezidentining yurtimizga tashrifi O'zbekiston futbol federatsiyasining Osiyo Futbol Konfederatsiyasi bilan hamkorlikdagi loyihalarining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.


O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com