"O'yinga zo'rg'a yig'ildik. Ekipirovkalar berilmagan, lo'lidek bo'lib o'yinga boryapmiz" - Gennadiy Kochnev
27 apr 2023 22:52
Yangiliklar
"O'yinga zo'rg'a yig'ildik. Ekipirovkalar berilmagan, lo'lidek bo'lib o'yinga boryapmiz" - Gennadiy Kochnev
- Bunday o'yindan keyin nima deyish mumkin... To'g'risini aytsam, yaxshi so'zlar ham topa olmayapman. Ertalab soat 5dan yo'lga chiqqanimizni, tarkibdagi bir qancha futbolchilarning rulda bo'lganini inobatga olsak, kimnidir ayblashni istamayman. O'tgan yili rahbariyat tomonidan jamoaga biroz bo'lsa-da, etibor bor edi. Undan tashqari, mashg'ulot jarayonlari ham to'liq bo'layotgandi. Yozda tarkibga bir qancha yaxshi futbolchilarni olib, ligadagi o'rnimizni saqlab qola olgandik. Hozir esa 28 aprel... Nimadir deyishni ham istamayman. O'yinga zo'rg'a yig'ildik. Yigitlar holatni bilib turib, o'yinga borishni istashmadi. Marhamat, mana buning mevasi. O'ynashdi, harakat qilishdi. Qoq saharlab yo'lga chiqib, 8-9 soat yo'lda bo'lib, tarkibda tushish qanday qiyinligini tushunib turibsiz. Balki kelajakda nimadir o'zgarar. Dam olish kunlaridan keyin vaziyatga qaraymiz. Vaziyat yaxshilanarmikin yoki yo'q. Hozir bizdagi ahvol juda yomon. "Lokomotiv"ni tabriklayman. Juda zo'r jamoa. Tarkibi ham zo'r. "Lokomotiv" va "Dinamo" Superligaga chiqishga haqli deb hisoblayman. Qolgan barcha jamoalar bilan o'ynasa, natija ko'rsatsa bo'ladi. Bu mavsum bizda ishlar yomon.
- Firdavs Asadov o'tgan safar o'yindagi masuliyatni o'ziga olgandi. Bu safar unchalik o'xshamadi.
- U shunday tajribasi bilan xato qilyapti. Bizda markazda katta muammo bor. Ikkinchi bo'limda uning joyini kuchaytira olmadik. Bizda tarkibda muammolar katta. Markazdagi asosiy futbolchimiz Akbar Murodov "Navbahor-Farm" bilan o'yinda qizil kartochka oldi. O'tgan yili tarkibda raqobat bor edi, zaxiradan teng kuchli futbolchilarni maydonga tushirayotgandik. Zaxiradan tushganlar o'yinni kuchaytira yoki yaxshilay olayotgandi. "Mashal" bilan o'yinda zaxiradan tushgan futbolchi gol ham urgandi. Bu mavsumda esa... Biz o'yinni kuchaytira olmayapmiz. Ha, yo'ldan charchab o'yinga keldik, ikkita gol bizning xatolarimiz bilan kirib ketdi. SHu sababli hech kimni ayblash niyatim yo'q. Tarkibdagi barcha futbolchilar xatoga yo'l qo'yishdi. Nima qilish kerak? Birinchi bo'limda golni olib kelishiga bir bahya qolgan darvozabonni ham almashtirdim. O'tgan o'yinning eng yaxshilari bugun o'zini ko'rsata olmadi. Odamlar bizning o'yin uchun qanday yig'ilganimizni bilishmaydi. Guruh-guruh bo'lib yig'ildik. Kimlardir mashinani to'ldirib ketaverdi. O'yinga yaqin qolganda ko'rsatma berish jarayoniga yaqin ham tarkib yig'ilmagandi. O'yin boshida futbolchilar yugurdi, nimadir qilishga harakat qildi. Agarda ishlar yaxshi bo'lsa, balki, ikkinchi davrada tarkibga bir qancha yaxshi futbolchilar olib kelinar. SHu orqali yigitlarning ham kayfiyati ko'tarilgan bo'lardi. O'tgan turda "Andijon-SGS" jamoasini omadimiz kelib, yutib qo'ygandik. O'shanda ham birinchi bo'limda gol urib olib, ikkinchi bo'limda shunchaki o'yinni kuzatgandik. Darvoza to'sini bizni qutqargan va 3 ochkoni qo'lga kiritgandik. Hozir endi klubdagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
- Savolim klubning moliyaviy holati haqida. "G'ijduvon" hali ham o'tgan mavsumdagi liboslarida o'ynamoqda. Undan tashqari, Siz o'yinga bugun etib keldik, deb aytdingiz. Umuman olganda Sizlarga maosh berishyaptimi?
- Rahbariyat maosh berishga harakat qilmoqda. O'tgan mavsumga qaraganda maoshlar summasi sezilarli o'zgargan. Yigitlar shunchaki ramziy raqamlarga imzo chekishgan. Bizdan sabr qilish kerakligini aytishmoqda, homiyga bir qancha ishlarini bitirishi uchun vaqt kerak ekan. Hozircha holatda yaxshilanish kuzatilmayapti. To'g'ri sezibsiz, liboslarimiz eski. Ushbu mavsumda jamoaga yangi kelgan futbolchilarga hali ekipirovkalar berilmagan. Ko'rganingizdek, o'yinarga lo'lidek kelyapmiz. Albatta, bu noqulay. Barchasini vaqt ko'rsatadi, balki holat yaxshilanar.
- "Buxoro"da rahbariyatda ishlagansiz. Sizningcha, jamoaga yo'qdan bor qiladigan menejer kerakmi yoki boridan yaxshi foydalanadiganmi?
- Albatta, yo'qdan boshlash. Buning o'ziga hos plyus tomonlari bor. "G'ijduvon"ning o'z stadioni bor. Yaxshi stadion. O'tgan mavsum o'z maydonimizda biror uchrashuvda mag'lub bo'lmadik. Hozir esa yoritish tizimi yaxshi bo'lmagani uchun "Buxoro" markaziy stadionida o'ynayapmiz. Hozircha rahbariyati faqatgina shunga yordam bermoqda. Klubning qarorgohini qurish rejasi ham bor. Rejalar doimo bor. Biroq buning amalga oshishi yo'q. Jonim bilan barchasini noldan boshlagan bo'lardim, barchasini sekin-sekin zinama-zina rivojlantirib borardim. Masalan, "G'ijduvon" birinchi bosqichdan o'tdi, birinchi ligada o'ynadi va Pro-ligaga chiqdi. Biz bu erdagi o'rnimizni saqlab qoldik. Endi sekinlik bilan rivojlanib boramiz. Hozir esa bu borada hech qanday iloji yo'q.
Fikrlar