Oliy liga va MTJdagi etiborsiz, ammo jiddiy MUAMMO
06 avg 2015 14:05
Yangiliklar


Oliy liga va MTJdagi etiborsiz, ammo jiddiy MUAMMO
Bugunda taekvando, kurashning bir nechta turi, boks, og'ir atletika, kanoe va eshkak eshishda hamyurtlarimiz dunyoda o'z o'rinlariga egalar. Kerak bo'lsa ular jahon chempionlari. Tennisda Istominning ham natijasi yomon emas. Lekin futbol, gandbol, basketbol, voleybol kabi sport turlarida biz hali hech nimaga erishganimiz yo'q. Bularning ichida futbol moliyasi barcha sport turlarini qo'shsa ham ustunlikka ega.
Lekin natija yo'q!
Sababi, muammoni ertaroq aytib qo'ya qolay, vitaminlar yo'q!
Nega yakkaliklarda muvaffaqiyatga erishyapmiz. Sportning bu turlarida jamoada nari borsa 4 nafar sportchi bo'ladi. Respublika bo'ylab saralanib olingan sportchiga federaciya barcha sharoitni yaratib beryapti. Vitamin deysizmi, mashg'ulot o'tkazish uchun baza, safarlar va musobaqalar. Yana sportning bu turida qatnashadigan sportchilar futbolchilarga o'xshab 50 daraja issiqda toblanmaydilar, kondicioneri bor zallar mavjud. Xullas ular o'zlari uchun ishlayaptilar va natijaga erishyaptilar. Bu sportchilar bir oyda nari borsa 2-3 million so'm ishlab topadilar, lekin ular jahon chempioni. Ular ham bir oyda 5-10 million so'm ishlashi mumkin, lekin unda vitamin xarid qila olmaydilar, salqin zalda emas ochiq maydonda mashg'ulot qiladilar. CHet el safarlariga emas, o'sha ochiq maydonda chetga chiqmay o'zaro bahs boylab yuraveradilar. Mana shu eri futbolimizga o'xshab ketdimi? Issiqda shug'ullanish, katta maoshlar, tuzukroq mashg'ulot bazasining yo'qligi, sparring raqiblarning o'zimizdan saviyasi pastligi...
Aslida futbolda ham taekvando, kurash yoki og'ir atletikaga o'xshab ishlasa bo'ladi. Lekin buning uchun Davlat tomonidan ajratiladigan pullarni teng taqsimlay olish lozim. Bizdagi asil muammo hozir shunda bo'lib turibdi. Birinchi navbatda, hali biron narsani qoyil qilmagan futbolchining manfaati ustun turadi. Murabbiyning ham.
Endi asosiy mavzuga qaytsak. Oliy liga va MTJ rahbarlari VITAMINIZACIYAni yo'lga qo'ymas ekanlar, biz muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. Temur Kapadze aytganidek, vitaminni ovqat yordamida yoki maxsus ximiya vositalari orqali tanaga yuborish kerak. Vitamini mavjud bo'lmagan klublarning menyusida ham kaloriyalar mavjud emas. Yaqinda bir tanishim biz o'yinchilarga banan beramiz dedi. Bananning o'ziga hozir vitamin kerak-ku?
Oliy liga jamoalari 45 nafar futbolchini mavsum uchun ro'yxatdan o'tkazadilar.
Bir-ikkita klubni inobatga olmasa, oliy ligadagi qolgan 14 jamoaning o'rinbosar va asosiy tarkibidagi eb-ichishda farq katta bo'ladi.
Go'shtli ovqat asosiy tarkibga, suyaklisi esa o'rinbosarlarga. O'rinbosarlar stolida banan bo'lmaydi. O'rinbosarlar tarkibi azolari avval asosiy tarkibning ovqatlanishini kutadilar. Asosiy tarkib qornini to'ydirib olganidan keyin klub shifokori har bir futbolchiga, foydasi deyarli tegmaydigan tabletkalarni berib ketadi. Asosiy tarkib azolarining yarmi uni istemol qiladi, yarmi stolda qoldiradi. O'rinbosarlar esa bu nima ekan deb hayron bo'lib turaveradi. To ular ham yillar o'tib asosiy tarkibga qo'shilmas ekanlar, qolgan-qutgan bilan kun o'tkazib turishga majbur. Ja oshirib yubormadimi muallif? Yo'q! O'zim ko'rganim, guvoh bo'lganim va ishtirok etganim!
Endi o'zingiz o'ylang, asosiy tarkib futbolchisi qanday qilib asosiyga kirsin. Oddiy eb-ichishda tenglik yo'q. "Barselona" akademiyasi haqida malumot olganimda, klub direktori shunday degandi:
- Nima uchun bizda akademiya tarbiyalanuvchilari asosiy tarkibga birinchi kundanoq kirishi ketishadi? Sababi oddiy, asosiy tarkib nima ish bilan shug'ullansa, akademiyada ham shu narsa muhayyo. Eb-ichish deysizmi, vitaminizaciyami, mashg'ulot maydoni va ekipirovkalarning sifati. Hamma hammasi bir xilda. SHuning uchun ular asosiy tarkibga o'tganida o'zlari uchun yangi narsani kashf qilmaydilar.
Mana tenglik qaerda bo'lishi kerak. Bizda o'rinbosarlar tarkibi hattoki klub ekipirovkasini olmaydi. SHunga archa bayram. Bittasi "CHelsi"da, bittasi "Real" "ishtoni"da ko'chada yurganini ko'rasiz. Bu bilan klubga qanday mexr uyg'otish mumkin? O'rinbosarlar esa bir ikki yil avval kamida 50 marotaba kir mashinasiga tushib, sifatini yo'qotib bo'lgan futbolkalarda, orqadagi FIO o'rniga o'sha rangga mos yopishtirilgan lattalar bilan chempionatni o'tkazadilar.
Xullas futboldagi muammo tubiga sho'ng'iganingiz sari u dahshatli ko'rinish olaveradi.
Endi vitaminizaciyaga qaytsak. Agar klub rahbarining aqli bo'lsa, futbolchiga avvalo uning manfaatini tushuntiradi. Vitamin bilan seni katta qilamiz, lekin maoshing sal pastroq bo'ladi deydi. Qalang'i-qasang'i legionerlarni olib kelib 4 oy o'ynatib qo'yib yubormaydi. O'zbekiston chempionatida legioner eng kamida 3000 AQSH dollari uchun keladi. Ularning ichida 15 000gacha oladiganlari ham yo'q emas. 5 oyda eng kami 15 000 topsa, ulardan uchta bo'lsa, 45 000 AQSH dollariga klub omborini 3 yilga etadigan vitamin bilan to'ldirib tashlasa bo'ladi. Lekin rahbarlarga bundan naf yo'q! Ularga pul yil davomida tugatilsa bo'ldi, kissaga ham ozroq qolishi kerak. SHuni halollab olish yo'lini o'ylash yo'q. Bechora muxlisga esa cho'pchak aytishadi, "hakam ezdi", "raqib o'yinga tasir o'tkazdi", xuddiki hamma o'yinda o'zi halol o'ynab qo'ygandek.
Eng klublardagi bu muammo MTJda ham mavjud. Nega MTJ kech salqinda mashg'ulot o'tkazadi, yoshlar va o'smirlar quyosh hamon tik turganida. Nega vitaminlar yo'q, bor vitaminni ham nomi vitamin, ammo organizmni tiklash talabiga javob bermaydi. Xullas sal bo'lsa-da, nima uchun muvaffaqiyatga erisha olmayotganimizni tushuntirishga harakat qildim...
Nodirxo'ja Yuldashev.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar