So’nggi yangiliklar

13:03"Навбаҳор" футболчиси учун мавсум тугади   0 12:45ЎзФҲМ нимани яширмоқда? Асимов, Норсафаров ва бошқа ҳакамлар қаерда?  0 12:08"Милан" Меньян ва Эрнандес билан шартномаларни узайтириш устида ишламоқда  0 11:40FIFA.COM: "Аббос Файзуллаев кичик бўйли эканига қарамай, ажойиб техник хусусиятларга эга"  6 11:28"Реал" Дэвис трансферига шубҳа қилмаяпти  0 10:42Гвардиола нима учун «Манчестер Сити»да қолишга қарор қилганини тушунтириб берди  4 10:06Ламин Ямаль ва «Барселона» ўртасидаги янги келишув шартлари маълум  2 09:30Goal «Олтин тўп»-2025 соврининг асосий даъвогарини эълон қилди. Виниcиус ҳозирча 4-ўринда  13 08:53«Арсенал» январда учта футболчисини сотиб юбормоқчи  1 08:21Про лига. Бугун Бухорога катта футбол қайтади  7 07:45Суперлига. Чемпионлар Фарғонага сафар қилади. «Қизилқум» эса яна бир водий жамоасини меҳмон қилади  2 01:55Роберт Левандовски: "2020 йил "Олтин тўп" топширилмаганини ҳеч тушунмайман"  8 01:24"FourFourTwo" ЕЧЛ финалларида урилган энг чиройли голлар рейтингини тузди  15 01:08Расман: Пеп Гвардиола "Манчестер Сити" билан шартномасини узайтирди  0 00:41Эрлинг Холанд: "Гвардиола энг яхши мураббий, балки тарихдаги энг зўридир"  5

Namangandagi sichqonlar, o'zbek futboliga etishmayotgan futbol odamlari - "Navbahor"dan ketgan Kanchelskis bilan uzoq va samimiy suhbat Yangiliklar

Namangandagi sichqonlar, o'zbek futboliga etishmayotgan futbol odamlari - "Navbahor"dan ketgan Kanchelskis bilan uzoq va samimiy suhbat

"Navbahor"dan istefoga chiqarilgan rossiyalik mutaxassis, o'z vaqtida Angliyada "Manchester Yunayted", "Everton", "Manchester Siti", Italiyaning "Fiorentina" hamda SHotlandiyaning "Glazgo Reynjers" jamoalarida o'ynagan Andrey Kanchelskis bilan bir piyola choy ustida uzoq va samimiy suhbat qurildi.

Andrey Kanchelskis suhbat davomida juda ko'plab mavzular, masalalar, o'zbek futbolidagi muammolar, etibor kuchliligi, lekin ishlar to'g'ri yo'lga qo'yilmayotgani, "Navbahor"dagi faoliyati, kutilmagan istefo, o'z faoliyatidagi qiziqarli voqealar xususida 3 soatdan ortiqroq gaplashdik. Qayd etish kerakki, Kanchelskis suhbat davomida ancha samimiy, hazilkash va haqiqatni yuziga aytadigan inson sifatida kishida iliq taassurot qoldirdi.

Mutaxassis qisqa faoliyati davomida o'zbek futboli haqida yaxshi tasavvurga ega bo'lgani, katta muammolardan ko'ra kichik, lekin ko'p mayda etiborsiz qoladigan detallarni sanab o'tdi. Aynan mazkur bazi kichik, ammo doim etibordan chetda qoladigan detallar yig'ilib katta muammoga aylanib ketayotganini tasdiqladi. Umuman 3 soatdan uzoqroq davom etgan suhbatda Kanchelskis bilan dolzarb mavzular, faoliyati va eski xotiralarni ham yodga oldik. O'sha suhbatdagi matnga tushirilgan so'zlarini etiboringizga havola etamiz. Ha-ya, aytgancha, Kanchelskis namanganlik muxlislarni alohida etirof etib, ularga chuqur minnatdorchilik bildirimni iltimos qildi. "Buxoro" bilan o'yinda Kanchelskis nomini jo'r bo'lib olqishlagan namanganlik ishqibozlar rossiyalik mutaxassisning ko'ziga yosh kelishiga sababchi bo'lishdi.



Kutilmagan, ammo shartnomada ko'rsatilgan band tufayli yuzaga kelgan istefo haqida

- Ochig'i, istefo ruy berishini o'zim ham kutmagandim. "Buxoro" bilan o'yinoldi mashg'ulotlardan avval viloyat hokimi yig'ilishga chaqirdi. Biz umuman boshqa masalalar, yani "Buxoro" bilan bo'lajak bahs haqida gap ketsa kerak, deb o'ylagandik. Yig'ilishda esa hokim shartnomani bekor qilmoqchi ekanligini aytdi. SHartnomada birinchi davradan keyin agarda peshqadam jamoalardan keskin farq bilan ortda qoladigan bo'lsak, unda kelishuvni bekor qilish haqida band mavjud edi. Ayni paytda biz "Paxtakor" va "Lokomotiv"dan ortda qolayotgandik. Lekin birinchi davra yakuniga qadar ixtiyorimda hali ikkita o'yin bor edi. Nima ham derdim, shartnomani bekor  qilishni lozim topishdi. Endi buni o'ylagandan, eslab o'tirgandan foyda yo'q. Hayot davom etadi. Oldinga intilishda davom etmoq zarur.


"Navbahor"da uning oldiga qo'yilgan vazifalar qanday bo'lganligi haqida

- Klubni rivojlantirish, jamoani shakllantirish masalalari bo'yicha gaplashgandik. Namanganda futbol infratuzilmasi bo'yicha ko'plab savollar, muammolar mavjud edi. Bolalar futboli, maydonlar, akademiya va hokazo. Masalan meni oldimga "Lokomotiv" va "Paxtakor" bilan raqobat qilish, chempionlik vazifasini qo'yishgandi. Ammo biz bu jamoalarga klub tuzilmasi, ish yuritish, tarkib, moliyaviy holat yoki boshqa jihatlar bo'yicha raqobat qila olamizmi? Talab qo'yish oson. Lekin talabga yarasha sharoit ham yaratilmog'i kerak. To'g'ri, Namanganda akademiya yoki maydonlar yo'q emas, bor. Biroq ularning holati turlicha. Akademiyalar nomiga bo'lsada ishlamoqda, lekin bundan qanchalik naf chiqayotgani boshqa masala. Muammolar ko'p.


Kanchelskisni "Navbahor"ga kim taklif qilgan?

- O'zbekistonda men hurmat qilgan insonlar bor. Aynan ularning taklifi meni qiziqtirgandi. Odamlar aytganidek bu Alisher Usmonov emas. Boshqa insonlar. Asli o'zbek bo'lgan yaxshi insonlar menga O'zbekistonda ishlashni tavsiya qilishgan. Kutilmaganda "Navbahor"da paydo bo'lib qolgandim. Berodar Abduraimovning yubileyiga kelgandim va kutilmaganda taklif chiqdi. Menga O'zbekistonda ishlab, o'zimni sinab ko'rishni taklif qilishgandi o'shanda. Mana sinab ham ko'rdim.


"Paxtakor"ni qo'shmaganda "Nasaf" eng zo'ri

- "Paxtakor" ayni paytda O'zbekistonda har taraflama eng kuchli jamoa. Ularda sharoit va talab bir-biriga mos keladi. SHaroitga yarasha talab, talabga yarasha sharoit yaratilgan. Agarda "Paxtakor"ni hisoblamasak, O'zbekistonda menga eng yoqqan jamoa "Nasaf" bo'ldi. Klub infratuzilmasi, sharoit, jamoa, o'yin uslubi va hokazo. Haqiqiy professional klub. O'yini ham tomoshabop. "Nasaf"ga havas qildim.  SHunday jamoalar ko'paysagina o'zbek futboli rivojlanadi. "Nasaf"da futbol uchun barcha narsa muhayyo etilgan. Klub qarorgohi, maydonlar, futbol, to'g'ri yo'lga qo'yilgan akademiya va uning mevalari. SHu boisdan ham qarshiliklar barqarorlikni saqlab turishibdi. Hammasi ishni to'g'ri yo'lga qo'yishga bog'liq. Yaqinda Liga Kubogida bizning yoshlar va "Nasaf"ning ikkinchi tarkib yoshlari o'ynadi. Farq yaqqol sezildi. "Nasaf" boshqa olam. Asosiy tarkib uchun alohida qarorgoh, yoshlar jamoasi uchun alohida baza. Namangandachi? "Navbahor" qarorgohi dahshat. Har zamonda bazada biz bilan birga sichqonlar ham chiqib qolib, salomlashib qo'yishadi. Zo'r-a? Bazan ularni ham futbolga taklif qilgim keladi. Buni hech kim gapirmaydi, masalan. Hammasi yaxshi, barchasi zo'r. Vitaminizaciya? Umuman yo'q. 

Namanganda balandparvoz shiorlar avj olgan. Hozirgi zamonda faqat shiorlar bilan natijaga erishib bo'lmaydi. Men klubdan elementar narsalarni talab qildim. Ishni to'g'ri yo'lga qo'yish kerakligini so'ragandim. Qilib bo'lmaydigan yoki katta narsalarni talab qilganim yo'q. "Navbahor" "Nasaf", "Lokomotiv" yoki "Paxtakor" darajasiga chiqishi uchun hali juda ko'p ishlarni amalga oshirishi lozim. Ayni paytda Namangandagi holat mazkur jamoalar darajasiga chiqishiga yo'l qo'ymaydi.

Agarda klubda aniq bir tizim yaratilib, shu yo'nalishda ishni to'g'ri yo'lga qo'yilmas ekan, unda hozirgi vajohat, emociyalar qachondir so'nadi. Keyin esa vaqt o'tgach klubda hech narsa qolmaydi. Eski holatiga qaytishi mumkin. Imkon borida ishni to'g'ri yo'lga qo'yib olish juda muhim. Imkoniyat va fursatdan samarali foydalanish kerak. Klub uchun poydevor yaratish nihoyatda muhim. Aks holda shuncha mehnatlar qachondir havoga uchib ketishi mumkin. Namanganga keladigan futbolchilar, murabbiylar yoki boshqa xodimlar ishlari uchun maoshni olishadi va qachondir ketishadi. Lekin yakunda klubga nima qoladi? Men shunchaki maoshimni olsam bas, qolgani bilan ishim yo'q qabilada ish tutmayman. Bu menga qiziq emas. 



O'FA va PFL manziliga aytgan tanqidiy gaplarini yumshatishlarini so'rashgani haqida

- Men tanqidiy keskin fikrlarim uchun kechirim so'ramaganman. SHunchaki meni gaplarimni keskin muhokama qilishmasligini so'ragandim. Menga O'FA va PFL manzili tomon aytgan tanqidiy gaplarimni biroz yumshatshimni iltimos qilishgandi. Masalan "Andijon" bilan o'yindan keyingi matbuot anjumanida ham gapirgan gaplarim katta muhokamalarga sabab bo'lgandi. To'g'risi, o'shanda men jamoam manfaatidan kelib chiqib ehtiroslarga berilgan holda raqib jamoa haqida keskin gapirib yuborganman. To'g'ri, raqib jamoa tomon yoqimsiz so'zlar ishlatilgan. Bu ehtiroslar. Men qaerda ishlashimdan qati nazar doim o'z jamoamni himoya qilib, uning manfaatidan kelib chiqib ish yuritaman. Ochig'i, yashirmayman, rostan ham menga qo'ng'iroq qilib vaziyatni yumshatishimni so'rashgandi. Lekin bu menga tahdid qilishganini anglatmaydi. SHunchaki iltimos qilishgandi.


Yana qaytaraman, men aytgan gaplarimdan tonmayman. Doim o'z ko'zim bilan ko'rgan va bilgan narsalarim haqida haqiqatni aytaman. Buni men o'z manfaatimni ko'zlagan holda aytganim yo'q, balki o'zbek futboli rivoji yo'lida gapirgandim. Bu menga emas, o'zbek futboliga kerak. Futbolda kerakli darajani ko'rganman. Rossiyadan Angliyaga qadar o'ynab chiqqanman. Tajribamdarn kelib gapirdim. Futbolda nima to'g'ri yoki qaysi ishlar noto'g'ri ekanligini ajrata olaman. Men shunchaki hammasi alo, ishlar zo'r ketyapti, olg'a bosamiz deb qorani oq deya olmayman. Nimani ko'rsam o'shani o'z nomi bilan atayman. Bu gapirgan gaplarim o'zbek futboli rivojiga xizmat qilishi kerak. Menga o'z manfaatim yoki foydamni ko'zlab o'shanda haqiqatlarni gapirganim yo'q, balki o'zbek futboli uchun jonim achiganidan aytgandim. Bundan o'zbek futboli yutadi. O'shanda O'FA va PFL haqida aytgan gaplarim kimgadir yoqdi, kimgadir maqul kelmadi. Bu endi o'tmishda qoldi. Endi oldinga qarab to'g'ri ishlashda davom etmoq lozim. Hayot davom etadi.


O'zbek futbolidagi muammolar va kimlar etishmayotgani haqida

- Barcha joyda xato va kamchiliklar bo'ladi. Rossiya futbolida ham muammolar etarlicha topiladi. O'zbek futbolida futbol kishilari, futbol odamlari ko'proq bo'lishini istardim. Hozir ayni damda rahbariyatda o'zgarish yuz bermoqda. Futbol odamlari futbol tepasiga kelayotgani yaxshi. Endi ular bilan futbol tilida bemalol suhbatlashsa bo'ladi. Ishoning, men ko'plab yig'ilishlarda ishtirok etdim. Biz o'shanda yig'ilishlarda har xil tilda gaplashardik. Tushunarsiz gaplar, nimalar haqida so'zlashayotganini ham bilib bo'lmasdi. O'ylashimcha, bu o'zgarishlar yaxshi tarafga xizmat qiladi. Futbol haqida futbol tilida gaplashsagina, mavjud muammolarni bartaraf etish osonlashadi. SHuningdek, yana bir yoqmagan tarafi, bu stadionlarda ishqibozlar kamligi. Stadionlar to'libroq tursa yaxshi bo'lardi. Agarda mantiqsiz ishlarga barham berilsa, o'ylaymanki muxlislar stadionga qaytishadi. CHempionat taqvimi, reglament bo'yicha ham juda ko'p savollar tug'ildi masalan. CHempionat startida shunday tanaffuslar ruy berdiki, buni tushuntirib berishning imkoni yo'q. Qisqa qilib aytganda, mantiqsiz ishlar.

Nega reglament yoki taqvim masalasini gapiraman? Bilasizmi, men yig'inda paytimda qo'limda aniq taqvim bo'lishi kerak. SHunga qarab jamoani startga tayyorlayman. Sparring raqiblar, qachon va kim bilan o'ynashimni belgilab olishim zarur. Butun mavsumga tayyorgarlik jarayonini to'g'ri olib borish nihoyatda muhim masala. Dastlab 26 fevral kuni o'ynashimizni aytishdi. Keyin 2 mart deyishdi, so'ngra 8 mart kuni o'yin bo'lishini takidlashdi. Nima bu? Avval o'zlaringiz kelishib olinglar. Nega boshqa istalgan chempionatlarda taqvim mavsum boshlanishidan 3 oy avval chiqadi? Men jamoani tayyorlashim kerakmi yoki mavsum qachon boshlanishini taxmin qilib o'tirishim lozimmi? Ko'pchilik futbolni to'pni markazga qo'yasan va xushtakni chalib o'yinni boshlab ketaverasan deb o'ylaydi.

Mashg'ulotlar jarayoni, nazorat o'yinlari, futbolchilar beriladigan yuklamalar va hokazo. Buni futbolga tashqaridan kirib qolgan odamlar tushunmaydi. Biz yakunda 10 mart kuni o'ynashimizga to'g'ri keldi. Men esa mavsum boshlanishiga 1 oy qolganida keldim. Na maydon bor, qaerda shug'ullanishingni bilmaysan, hech narsadan darak yo'q. Mavsumni qaerda boshlash ham katta bosh og'riqqa aylangandi. Futbolchilar doim safarda bo'ldi. Oilasini, uydagilarini ko'rolmaydi. Bu ham futbolga tasir qiladi. Bular esa istaganicha hamma narsani o'zgartirib qo'yaverdi. Tashqaridan bu narsalar ahamiyatsiz, kichik masalalarga o'xshaydi. Ammo futbolda kichik detallar bo'lmaydi. Hamma narsa va muammo aslida shundan boshlanadi.

Futbolchilardan nimanidir talab qilishdan avval sharoit shunga yarasha bo'lishi kerak. SHudgorda mashg'ulot qilayotgan futbolchilarga oltin medal haqida gapirish noo'rin. 

Klublar infratuzilmasi ham barqaror emasligi katta kamchiliklardan biri. Namanganda ham muammolar ko'p masalan. Yaqindagina markaziy stadionda maydon muammosi hal etildi. Zaxira maydoni borasida ham muammolarim bor edi. Hozirda bu kamchilik deyarli hal etildi. Ishlar ketmayapti emas, harakat qilishmoqda. Ayniqsa viloyat va shahar hokimi futbol rivoji uchun xizmat qilishayotganini takidlash joiz bo'ladi. Namanganda futbol sharoitlari yaxshi bo'lsa, shundan keyin umumiy futbol ham o'sishga erishadi. Natijalar bo'ladi. Buning uchun vaqt kerak. Umuman futbol tizimida ko'proq futbol kishilari, futbolga tushunchasi bor odamlar kerak. SHunda rivojlanish tezlashadi, o'ylashimcha. Hamma o'z ishini qilishi lozim. Men masalan zavodga borib biror ishni do'ndirolmaymanku, to'g'rimi? Barcha joyda muammolar bor. Hakamlik masalasini ham muammolar qatoriga qo'shgan bo'lardim. To'g'ri hakamlik masalasi barcha joyda mavjud. Oxirgi vaqtlarda xatolar ko'payib ketgandi. To'g'ri, inson omilini ham unutmaslik kerak. Biroq hakamlikdagi kamchiliklarni ham inobatga olishadi va buni o'nglashadi, degan umiddaman. O'zbek futbolidagi yaqqol ko'rinib turgan eng katta muammolardan biri shular nazarimda. Kelajakda barchasi iziga tushib ketishiga umid qilaman.


Keyingi rejalar haqida

- Masalan "Qo'qon-1912" haqida turli mish-mishlar yuribdi. Lekin dangal yoki aniq taklif yo'q. Birinchi davraning oxirgi turidan keyin ko'p narsa malum bo'ladi. Hozir hech kim bilan hech qanday muzokaralar olib borayotganim yo'q. Indinga (suhbat 27 iyun kuni o'tkazilgan) Odessaga uchib ketaman. Cimbalyarning yubileyiga taklif olganman. Bloxin, Kuznecov, Demyanenko singari moziy yulduzlari ishtirok etadigan futbol o'yinida qatnashaman. Bahonada eski qadrdonlarni ko'rib, dildan suhbatlashib olamiz. Odatda ular bilan ko'ng'iroqlashib turamiz. Demyanenko masalan O'zbekistonda ishlagan, "Nasaf" bilan muvaffaqiyat qozonganidan xabarim bor. Umuman mazkur yubiley bahonasidagi uchrashuv chog'ida 5 yildan buyon ko'rishmagan eski tanishlar bilan diydorlashib olaman. Demyanenko bilan o'zbek futboli xaqida alohida suhbatlashganim yo'q. "Nasaf" akademiyasida direktor bo'lib ishlagan, hozirda menejer bo'lib turgan Kucherenko bilan gaplashganman. Sergey Kucherenko bilan birgalikda o'ynaganmiz, shaxsan tanishman. Qolganlar esa asosan Ukrainada istiqomat qilishadi. Bilasiz, hozirda Rossiya bilan Ukraina qarama-qarshi. Bu albatta hazil. Siyosat o'z yo'liga, biz futbol bilan shug'ullanamiz. Ishimiz futbol bilan bog'liq, siyosat emas. Menda bu borada muammo yo'q. Masalan onam Ukrainada turadi.


Umuman sobiq jamoadoshlarim, qadrdonlarim bilan aloqani ushlab turaman. To'g'ri, avvalgidek oilaviy bordi-keldimiz yo'q. Lekin tug'ilgan kunlar bilan tabriklab, aloqada bo'lib turamiz. Yaqinda tug'ilgan kunimda "Manchester Yunayted", "Everton" klubi rasmiy sahifalari tabrik yo'lladi. Albatta yoqimli. Ser Aleks Fergyuson bilan ham tanishman. Manchesterga borganimda telefon qilib, qaysidir o'yinga chipta so'rashim mumkin. Garchi klubdan ketish chog'ida bazi muammolar bo'lganiga qaramasdan ser Aleks Fergyuson bilan iliq munosabatdamiz. Qachon men "Old Trafford"ga borsam, ser meni doim o'z kabinetiga taklif qiladi. Fergyusonni "Old Trafford"da o'z xonasi bor va u erga hammani ham taklif etavermaydi. Men esa doim unga qora ikra olib boraman. Umuman shef bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Peter SHmeyxel bilan ham yaxshi munosabatdaman. Yaqinda Rossiyada o'tgan jahon chempionatida biz SHmeyxel bilan Saranskka bordik. Umuman eski qadrdonlar bilan ko'rishib turamiz. Agarda yaqin orada takliflar bo'lmasa, unda Londonga borib bolalarimni ko'rib kelaman. SHu qatorda futbol tomosha qilishni rejalashtirganman. Tanaffusni yaxshi o'tkazsa bo'ladi. Bahonada tanaffusdan unumli foydalanib bolalarimni ko'raman, eski qadrdonlar bilan yana uchrashib, futbol ham tomosha qilib kelmoqchiman. O'g'lim Manchesterda tug'ilgan, qizim esa SHotlandiyada. Biroz dam olib, hordiq chiqaraman. Yoqimli va foydali ishlarni birga bajarishga urinib ko'raman. Ko'ramiz.



O'zbekcha istedodlar yoxud Isroilov Angliyada bemalol o'ynab ketishi haqida

- Yaxshi iqtidor va istedodli futbolchi ko'p. Eng muhimi ularning istagi. Barcha narsa ularga bog'liq va kerak paytda tavakkal qila olish talab etiladi. Masalan men Doneckning "SHaxtyor" klubida "Manchester Yunayted"dan ko'ra ko'proq maosh olganman. Birinchi shartnomam bo'yicha "Manchester Yunayted"da nisbatan ancha kam daromad qilganman. Lekin o'zimni kuchimni kuchli chempionatda sinab ko'rish istagi kuchlilik qilgan. Sobiq Ittifoq paytida "SHaxtyor"da o'zimni alo darajada his etganman. Maosh zo'r, kvartiram bor, mashinam rusumi "Volga" bo'lgan. Barcha meni yaxshi ko'rardi. Ammo bu menga "Manchester Yunayted"ga o'tishimga to'siq bo'lmagan. Tavakkal qilganman va Angliyaga yo'l olgandim. Nega bularni aytyapman? CHunki futbolchilar orasida hozirgi holatidan mamnun va qoniqish xosil qiladiganlari ko'p bo'ladi. Kerakli maoshni oladi, uyi, mashinasi bor. Bo'ldi, ular cho'qqini shu deb o'ylashadi.

Evropada esa avval futbolchi zo'rligini isbotlashi, har o'yinda buni takrorlashiga to'g'ri keladi. Barqaror bo'lmasa befoyda. Misol uchun "Manchester Yunayted"da men birozgina bo'shashganim oqibatida 2 oy zaxiraga mixlanganman. Hammasi futbolchilarning xohishi va istagiga bog'liq. Istedodlar ko'p, ammo eng muhim savol, ular nimani istaydi? Barcha masala shunga bog'liq. Malum darajaga chiqib, shu erda qirol bo'lib qolishni istaydiganlar evropaga ketmaydi. Tavakkal qilishga esa hamma ham jazm etavermaydi. "Navbahor"da ishlagan paytimda ham ko'plab yoshlarga doim yuqoriga qarab intilish kerakligini takidlaganman. Masalan "Navbahor"da ishlagan davrimda Oston O'runov terma jamoadan taklif oldi. O'tkir Yusupov terma jamoa azosi hisoblanadi. Abbos G'ulomov porlab chiqdi, OTJdan chaqiruv oldi. Bu ham kichik ko'rsatkich. Demak "Navbahor"dagi faoliyatim davomida nimadir qilishga erishdim, deb o'ylayman. Kichkina bo'lsada iz qoldirgan bo'lsam bundan xursand bo'laman.


Evropada o'ynab ketishga imkoniyati bor futbolchilar ko'p. Hammasi o'zlariga bog'liq. Futbolchi malum darajaga chiqqach keyingi fikrlash doirasi ko'p narsani hal etishi mumkin. 

Evropada o'zbek futboli, o'zbek futbolchilari haqida etarlicha malumot yo'q. Reklama yo'q. Futbolchilar Evropaning kuchli ligalariga chiqishdan avval o'zlarini eng kamida Rossiya premer ligasida ko'rsatishlari kerak bo'ladi. Rossiya premer ligasida tramplin vazifasini bajarishi mumkin.

O'zbekistonni hamma ham bilmaydi. Bazan menga telefon qilishganida Namangan qaerda deb so'rashadi. Men esa ularga geografiyani o'qishni tavsiya qilaman. Lekin o'sha Namangan qaerda ekanligini bilmagan odamlar endilikda bu haqda tasavvurlari bor. Bu ham yaxshi aslida (kuladi). 

Meni tushuncham bo'yicha, "Navbahor"dan ikki nafar futbolchi bemalol CHempionshipda o'ynab ketishi mumkin. Yaqindagina oyog'ini sindirib olgan Abdujamol Isroilov CHempionshipdagi istalgan jamoada bemalol o'ynab ketishiga ishonaman. CHunki uning o'yin uslubi, agressiv o'yini Angliya talab etadigan futbolga yaqin. Isroilov Angliyabop futbolchi. Afsuski Isroilov jarohat olib safdan chiqdi.



Legionerlar masalasi

- Ivan Solovyov va Kasyan men uchun "Navbahor"ga kelishdi. Agarda men yo'q bo'lganimda, Solovyov va Kasyan ham jamoada bo'lmasdi. Ularni bu erga olib kelish oson bo'lmadi. Ko'ndirish uchun yaxshigina terlagandim. Tushunganlari va kelib o'ynashgani uchun ularga rahmat aytaman. O'zbekistondagi qisqa davr mobaynida o'z nomlariga ega bo'lishdi. Muxlislar olqishiga sazovor bo'lishdi. Jamoa uchun yaxshigina mehnat qilishmoqda. Ayni paytda jamoadan legionerlarni olib tashlasa, unda umuman boshqa "Navbahor"ga aylanib qoladi. Muammolari ko'payib ketadi. Golban, Solovyov va Kasyan jamoaning o'zagiga aylanishgan. Mahalliy futbolchilar orasida ham O'runov, G'ulomov, Yusupov, G'ofurov, Ahmedov va Mehmonov kabi jamoaning etakchisiga aylangan futbolchilar mavjud. Lekin asosiy ishni legionerlar bajarishmoqda. Aynan ular jamoaning uslubi va o'yin chizgisini belgilab berishadi. Arveladze aytganidek, ko'plab legionerlarni bu erga olib kelish oson ish emas. Ko'pchilik bu erni bilmaydi, o'ynagisi kelmaydi. Ularni faqat jaraq-jaraq pullar evazigagina qiziqtirish, jalb etish mumkin xolos. 

Ayni paytda Solovyovni Rossiyaga chaqirishmoqda. Rossiya Birinchiligida ko'pchilik Ivanni yaxshi futbolchi sifatida bilmasdi. O'zbekistonga keldi, o'ynadi, yaxshi taraflama o'zini taklif etdi. Nomini chiqardi, imijini ko'tardi. Hozir esa unga talabgorlar ko'paydi. Bu menga ham yoqimli. CHunki futbolchiga o'sish uchun imkoniyat taqdim etganimdan xursandman. 

To'g'ri, ularni klub bilan yil so'nggiga qadar shartnoma mavjud. Lekin bilishimcha, agentlari bilan muzokaralarga kirishishgan. Takliflar ko'paygan. Nimasini yashiraman, menimcha, ularni olib qolish "Navbahor"ga oson bo'lmasa kerak. Ketib qolishsa ajablanmayman. Ko'p narsa ularni istagiga bog'liq.



CHerchesov bilan munosabati haqida

- Stanislav bilan terma jamoada birga o'ynaganman. O'zaro tanishman. Murabbiylar o'quv kursiga kelganimizda ko'rishib turamiz. Tanishligim uni yoki terma jamoani tanqid qilmasligim kerakligini anglatmaydi. Menga shaxsan terma jamoa ko'rsatayotgan o'yin yoqmaydi. Telefon orqali ham ko'ng'iroqlashib turamiz. Agarda kimgadir Rossiya terma jamoasi ijrosidagi o'yin yoqayotgan bo'lsa, bilmadim. Ispaniya bilan uchrashuvda to'pni tribunalarga qarab tepganimiz yaxshi futbol ko'rsatganimizni anglatadimi? To'g'ri, natija bo'ldi. Lekin o'yin sifati qoniqarli emas, menimcha. Agarda biz saralash bosqichi orqali mundialga chiqishimiz kerak bo'lganida, jahon chempionatiga qatnashmasligimiz ham mumkin edi. Ana endi Rossiya terma jamoasiga xolis bahoni bersa bo'ladi. Evropa chempionatiga saralash bosqichi ko'p narsani ko'rsatib beradi. San Marino kabi terma jamoalarni 9:0 hisobida mag'lub etish hech narsani anglatmaydi. Bunday kuchsiz terma jamoalarni saralash bosqichiga to'g'ridan-to'g'ri qo'yish noto'g'ri, menimcha. Birinchidan, bu o'sha futbolchi va murabbiylar uchun sharmandalik va yoqimsiz bo'ladi. 


Ukraina futbol bo'yicha MDH davlatlari ichida eng kuchlisimi?

- Ukrainada doim eng yaxshi futbolchilar bo'lgan. Ukrainada yaxshi futbol maktabi mavjud. Hammasi tizimli ravishda to'g'ri yo'lga qo'yilgan. Natija ham ko'rsatib turibdi. Ularga barakalla deyish mumkin. Ukraina futbolining o'z tarixi va ananalari bor.



MYU qachon o'ziga keladi? "Kambek" ko'ramizmi?

- Juda qiyin savol. Nimadir deyish mushkul. Nima kerakligi haqida ham bir narsa deyish qiyin. SHunisi aniqki, vaqt kerak. Bilmadim. Buni Fergyusondan so'rash kerak. Bu gal Angliyaga borganimda Fergiga albatta sizning mazkur savolingizni beraman. Ser Aleksdan MYUning "kambeki" uchun nima kerakligini so'rayman. O'zim uchun ham qiziq.


Namanganlik muxlislarga katta rahmat!

- "Navbahor" muxlislari qalbimdan alohida o'rin egallashdi. Bu samimiy, dilimdan chiqayotgan so'zlar. "Buxoro" bilan o'yinni mehmonlar uchun ajratilgan lojada kuzatdim. O'yindan keyin muxlislar meni nomimni olqishlashdi. Oxirgi marta bunday voqea Angliya va SHotlandiyadagi futbolchilik davrimda bo'lgandi. Katta tanaffusdan so'ng ilk bor bunday olqishni eshitdim. Juda yoqimli va tasirli chiqdi. Namanganlik futbol muxlislaridan minnatdorman. Ularga katta rahmat! Va albatta saytingiz orqali ularga o'z salomimni etkazaman!


Andrey Kanchelskis "Navbahor" bosh murabbiyi sifatida o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra bronza medallariga egalik qilgandi. Rossiyalik mutaxassis namanganliklar rulida jami 19 o'yin o'tkazdi. Mazkur uchrashuvlardagi statistika esa quyidagicha: 6 g'alaba, 7 durang va 6 mag'lubiyat. To'plar nisbati: 20-22.


SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.

Reyting: +137   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика