So’nggi yangiliklar

12:57"Ньюкасл" ҳимоячиси Саудия Арабистони чемпионатига ўтиши мумкин  0 12:29Расман: "Комо" ироқлик иқтидор билан шартнома имзолади  0 12:04"Андижон" янги аъзоси Абинур Нуримбет: "Келажакда Қозоғистон миллий терма жамоаси либосида майдонга тушишни истайман"  2 11:39ПСЖ Франция терма жамоаси дарвозабонига қизиқмоқда  2 11:16Хаби Алонсо Арда Гюлерни "Байер"да кўрмоқчи  2 10:50Лапорта: «Барселона» катта трансферларни амалга оширишга тайёр»  3 10:16«Акрон» Шерзод Эсановни қанчага сотиб олгани маълум  7 09:50Жоау Феликс фаолиятини АПЛда давом эттиради  4 09:47Мўъжиза рўй бермади, аммо ҳали барчаси олдинда. Ўзбекистон – Испания ўйинидан хулосалар  17 09:21Александр Хомяков: «Ёзги йиғинни қандай ўтказганимизни иккинчи давра ўйинлари кўрсатиб беради»  3 08:48«Фулад» Ўткир Юсуповни қанчага сотиб олди?  25 08:20"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 12 ёшли Арслан Шакиров  0 07:55Мадрид «отмен». Артём Довбик фаолиятини Италияда давом эттиради  4 07:29Расман. "Бунёдкор" хорватиялик ҳужумчи билан шартнома тузди  3 00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  4

Moziyga qaytib... Futbolimiz rivoji uchun poydevor qo'yildi, endigi vazifa uni yuqoriga ko'tarish Yangiliklar

Moziyga qaytib... Futbolimiz rivoji uchun poydevor qo'yildi, endigi vazifa uni yuqoriga ko'tarish

Teglar :  Moziyga qaytib
“Moziyga qaytib...” ruknining avvalgi sonida bitta maqola tufayli “O'zbekiston futboli” gazetasidan ishdan ketganim haqida yozgan edim.

Lekin o'sha tanqidiy-tahliliy material gazetadagi so'nggi maqolam bo'lib qolmadi. So'nggisi va eng dovrug'lisi hali oldinda ekanini o'zim ham bilmasdim.

Gazetaning 16-fevral sonida “Mutasaddilarga ochiq xat o'rnida” rukni ostida elon qilingan “O'yindan tashqari holat” maqolasi katta shov-shuvga sabab bo'ldi. SHu qadar kattaki, hatto Prezident administraciyasida ham muhokama qilingan va “O'zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi bo'yicha futbol rahbarining o'zi izoh berishi maqsadga muvofiq deb topilgan. O'sha paytda yurtimiz futbolining eng katta rahbari esa – O'zbekiston Bosh vaziri Abdulhoshim Mutalov edi!

Eng yuqori doirada qabul qilingan qarorga ko'ra, “O'yindan tashqari holat” maqolasi muallifi O'zbekiston futbol federaciyasi prezidenti A. Mutalovga o'zini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishi va rahbar ularga batafsil javob qaytarishi maqsadga muvofiq bo'ladi deb hisoblangan.

Menga bu haqda xabar berishganda, men allaqachon ishdan bo'shab uyda o'tirgan edim. Lekin yuqoridagilarga albatta, muallif o'sha maqola tufayli ishdan bo'shagan degan malumotni etkazishmagan. Menga chora ko'rishni bor-yo'g'i gazeta tasischisi hisoblanmish Davlat sport qo'mitasi rahbari so'ragan, undan yuqori doiralarda esa maqola hatto ijobiy baholangan va aynan o'sha muallif Bosh vazir bilan suhbatlashishi takidlangan, yani intervyu mening familiyam bilan chiqishi lozimligi belgilangan.

Men o'jarligimga borib, allaqachon ishdan bo'shaganman va qaytib u erga bormayman deb turib oldim. SHunda bosh muharrir (rahmatli) otamga (rahmatli) murojaat qilgan va bu qaror eng yuqori doirada qabul qilingani va unga nisbatan bepisandlik yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi mumkinligiga ishora qilgan.

Qisqasi, futbolimiz rahbariga eng dolzarb savollarni tayyorladim va tahririyatga yo'l oldim. Kutilganidek, bosh muharrir mamlakatning ikkinchi rahbariga bu tarzda qatiy savollar berilishi mumkin emasligini tushuntirdi, eng dangallarini o'chirdi, qolganlarini tahrir qildi va Vazirlar Mahkamasiga shaxsan o'zi topshirib keldi. Oradan ko'p o'tmay, javoblar ham keldi va malum bo'ldiki, savollar Bosh vazirga kiritilishidan avval yana o'zgartirilgan va bir tekis etib silliqlangan ekan. Bizga intevyu huddi shu tarzda berilishi va hech qanday o'zgartirish kiritilmasdan chop etilishini takidlashdi. SHuningdek, Bosh vazir suratini ham taqdim qilishdi. SHu tariqa, maqolasi tufayli ishdan bo'shab uyda o'tirgan muxbirning faoliyatidagi eng dovrug'li intervyusi gazetada chop etildi...


FUTBOLIMIZ RIVOJI UCHUN POYDEVOR QO'YILDI, ENDIGI VAZIFA UNI YUQORIGA KO'TARISH


O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, futbol federaciyasi prezidenti Abdulhoshim Mutalov "O'zbekiston futboli" gazetasi muxbirining savollariga javob beradi.

(“O'zbekiston futboli” gazetasining 1994 yil 23 mart sonidan olingan).


- Abdulhoshim Mutalovich, yana bir necha kundan so'ng navbatdagi milliy chempionat o'yinlari boshlanadi. Aytmoqchimizki, bir yillik ish tahlili hamda navbatdagi rejalar bilan o'rtoqlashish uchun hozir qulay fursat. Lekin savollar berilishidan oldin Sizni yangi futbol mavsumi boshlanishi bilan tabriklashga ijozat bergaysiz. 

- Rahmat, men ham o'z navbatida gazetangiz orqali barcha futbol ishqibozlarini, mutaxassislarni, murabbiyu, futbolchilarni yangi mavsum bilan qutlab, ularga omad yor bo'lishini tilayman. 

- Bu yilgi mavsum muvaffaqiyatli kechishi uchun o'tgan yili zamin yaratishga harakat qilindi. Mamlakatda futbolni rivojlantirish sohasidagi ishlarga Siz shaxsan qanday baho bergan bo'lardingiz?

- O'tgan yili biz futbolimiz rivoji uchun katta qadam tashladik. Ayiiqsa, yurtboshimiz Islom Karimov imzo chekkan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorini bajarish bo'yicha joylarda talaygina ishlar amalga oshirildi.  

Eng muhimi, o'zbek futbolining istiqboliga umid uyg'ondi. Mamlakatda futbolga munosabat o'zgardi. Futbol sohasidagi ishni, har bir qadamni dunyo miqyosidagi mezonlar bilan o'lchash zarurligini anglay boshladik. 

Buni joylarda futbolga etiborning nisbatan kuchayganligida ham ko'rish mumkin. Hashar yo'li bilan stadionlar qurilmokda. Mahalliy ahamiyatga ega bo'lsa-da, birinchiliklar, har xil turnirlar o'tkazilmokda. Sovrinlarni hokimlar topshirmoqda. Bu ham futbolga bo'lgan munosabat, etibor, qolaversa futbol rivoji uchun o'ziga xos tashviqot.

O'tgan davr mobaynida joylardagi futbol federaciyalari, hokimliklar, qator vazirliklar, idoralar va jamoatchilik bilan hamkorlikda asosiy etiborni turli yoshdagi bolalar o'rtasida musobaqalar o'tkazishga qaratdik. Mamlakat aholisining yarmidan ko'pi 18 yoshgacha bo'lgan yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, bu nechog'li muhim ekanligi yaqqol namoyon bo'ladi. Ommaviylik orqali yosh avlodni sog'lomlashtirishga erishish asosiy maqsadlardan biri bo'ldi.

Ammo Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlarining 50 foizdan ortiq shahar va tumanlarida bolalar o'rtasida ommaviy musobaqalar tashkil etilmagani, bu sohada hali ishlar ko'ngildagidek emasligini bildiradi. Bolalar-o'smirlar maxsus maktablari sport bazalari haqida qancha gapirilsa ham, ish olg'a siljimayapti. Mamlakatdagi 200 dan ortiq futbol maktabining faqat 16 tasi o'z stadioni va futbol maydoniga egaligi achinarli holdir. Biz bolalar futboliga etiborni kuchaytirmas ekanmiz, katga futbolda muvaffaqiyatga erishishimiz amrimahol bo'lib qolaveradi.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida zikr etilgan qaroriga muvofiq futbol klublari va sport maktablari uch yil muddatga xamma turdagi soliqlardan ozod qilinib, ularga katta imtiyoz berilgan edi. Afsuski, klub va stadionlar futbolimiz rivoji uchun qilingan bu gamxo'rlikdan hali to'g'ri foydalanmayaptilar. Gazetangizda yaqinda chop etilgan "O'yindan tashqari holat" maqolasida bu muammo ko'tarilib, uning dolzarbligi mutasaddilarga yana bir bor eslatilgan. Undan tegishli xulosa chiqarilmas ekan, futbol bizda hamon zamon talablariga javob bermay qolaveradi.

Sport liboslari va buyumlari ishlab chiqarish dolzarbligini his qilgan holda xorijiy sheriklar bilan ham ish olib borilmokda. Jumladan, Qo'qon nostandart asbob-uskunalar va jihozlar zavodi negizida Germaniyaning "Indiana va DDS GMBX" kompaniyasi bilan qo'shma korxona tuzilmoqda. Ayni vaqtda ishlab turgan korxonalar dastlabki sport mahsulotlarini savdoga chiqardilar.

"Qibray" o'quv-mashg'ulot maskanida kapital tamirlash ishlari nihoyasiga etkazildi. Buning uchun hukumat qarori asosida mablag' ajratildi. Endi "Qibray"da bir yo'la 5-6 komanda o'quv mashg'ulotlarini o'tkazishi mumkin. "Paxtakor" Markaziy stadionini tamirlash ishlari ham oxiriga etkazilayapti. Keyingi navbat "CHig'atoy" sport maskaniga. Mo'ljallangan tamirlash-obodonlashtirish ishlari tugallangandan so'ng, bu erda mamlakatimizda eng iqtidorli futbolchi bolalarningtarbiyalanishi uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo bo'ladi.

- Katta futbolimizga qanday baho berasiz?

- Menimcha, chempionatimiz darajasi bir pog'ona yuqori ko'tarildi. “Neftchi", "Paxtakor", "Navbahor", "So'g'diyona", "Temiryo'lchi", "Nurafshon" kabi komandalar chiroyli o'yinlar namoyish qilishdi.

O'smirlarimizning Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida o'tkazilgan musobaqalarda g'olib chiqishlari, "Paxtakor" va “Neftchi” komandalarining Qozog'iston va Qirg'iziston chempionlarini mag'lubiyatga uchratishlari va nihoyat "Neftchi" MDH chempionlari turnirida faxrli ikkinchi o'rinni egallashi orzu-niyatlarimiz ushalayotganidan dalolat beradi.

Lekin komandalarimizning o'yin saviyasini jahon futbolining bugungi darajasiga chiqarish uchun hali ko'p ishlashga, mahoratni oshirishga to'g'ri keladi. Eng maqtovli komandamiz "Neftchi"ning MDH chempionlari turniri finalidagi yirik hisobdagi mag'lubiyati hammamizga saboq bo'lsin.

Futbolda orzularga o'z-o'zidan erishilmaydi. Buning uchun birinchi navbatda to'liq professionallikka o'tish kerak. Komandalarimiz kuchli bo'lsagina terma jamoamiz o'yini ham yuqori darajada bo'ladi. Komandalarda "yulduz"lar etishib chiqishi uchun esa klublarda ishni yaxshi yo'lga qo'yish lozim. Hozir bizda o'z-o'zini mablag' bilan qoplaydigan klub yo'q. CHempionat o'yinlariga o'rtacha 1,5-2 ming ishqiboz tushgan klublar qanday qilib o'z xarajatlarini o'zi qoplasin?!

O'tgan yili bir komandaning sarf-xarajati 200-250 million so'm atrofida bo'ldi. O'yinlarga eng ko'p (300 mingdan ortiq) tomoshabin to'plagan "Navbahor"ga esa chiptalar sotishdan bor-yo'gi 65 million so'm tushdi, bu eng yuqori ko'rsatkich bo'lib, sarf-xarajatning uchdan birini qopladi, xolos. Boshqa jamoalarda chiptalar sotishdan tushgan pul umumiy xarajatning 15 foizini ham qoplamayapti.

Nima kidish kerak? Birinchi navbatda klublarda tadbirkorlikni keng yo'lga qo'yish lozim. Klublar qoshida kichik korxonalar, do'konlar, ishlab chiqarish cexlari ochish zarur. Hukumat qarorida       ko'rsatilganidek lotereya o'iinlari, shou- koncertlar uyushtirish maqsadga muvofiq bo'ladi. Afsuski, ko'pchilik klublar "ber-ber"dan nariga o'tmayapti. Nolish bilan ish bitmasligini, chetdan kelgan pul iqtisodni ko'tarmasligini esa tushunmaydi.

Xorijda futbol orqali juda katta biznes qilinadi. Agar bizda ishlar to'gri yo'lga qo'yilsa, futbol bu erda ham juda katta foyda keltirishi aniq. Buning uchun bu sohaga tadbirkor va ishbilarmonlarni jalb qilish maqsadga muvofiq bo'ladi. O'zbekiston Respublikasi Konstituciyasidan kelib chiqqan imkoniyatlar, Prezidentimizning tadbirkorlikka keng yo'l ochib bergan qator farmonlari tufayli bevosita futbol sohasida ham katta ishlar kilish mumkin. Mamlakatimizda tuzilgan tadbirkorlikni rivojlantirishga, kichik va o'rta biznesni rivojlantirishga ko'maklashadigan qo'shma korxonalari bilan til topishish, hamkorlik qilish, o'zaro foyda asosida ish yuritish darkor. Agar moddiy rag'batlantirish yaxshi yo'lga qo'yilsa, marketing, menejerlik faoliyatlari amalga oshirilsa, yaxshi o'yinchilarni ushlab turish muammo bo'lmaydi. Komanda chiroyli o'yin namoyish qilgach, stadion muxlislarga to'ladi. So'm tiyindan hosil bo'ladi degandek, ulardan tushgan pul xarajatning bir qismini qoplaydi.

"Neftchi", "Navbahor", "Navro'z", "Yangier", "Temiryo'lchi", "Orol" klublari o'zlari o'ynaydigan stadionlarni sotib olib, foydali ish qildilar. Boshqalar ham shu yo'ldan borsalar maqsadga muvofiq bo'lardi. O'z-o'zini boshqara oladigan professional klubda ish ham unumli kechadi.

- O'tgan yildan boshlab tuman, shahar, viloyatlar hokimlari zimmalariga futbolni rivojlantirish uchun shaxsiy masullik yuklatildi. O'tgan mavsum yakuniga ko'ra ularning bu sohadagi faoliyatlariga qanday baho berasiz?

- Hozirgi iqtisodiy sharoitda hokimlarni shaxsan jalb etmay turib, katta futbolni rivojlantirish mumkin emasligini vaqtning o'zi ko'rsatdi. Fargona, Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahar hokimlarining futbolga etibori salmoqli bo'ldi. Ular futbol federaciyalariga bevosita rahbarlik qilib, joylarda ishlar olg'a siljishi uchun amaliy yordam ko'rsatdilar. Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida esa hali ko'p ish qilinishi lozim.

Birinchi ligada so'nggi ikki pog'onani Andijon viloyati jamoalari egallagani tashvishli holdir.

Toshkent viloyatida ham ahvol ko'ngildagidek emas. Avval olmaliqliklar iqtisodiy qiyinchilik tufayli musobaqadan chiqmoqchi edilar, endi Yangiyo'lning "Mebelchi" komandasi ham shunday vaziyatga tushdi. Ayniqsa, Olmaliq shahrida professional komanda bo'lmasligi tashvishli holdir. 149 ta sanoat korxonasi ishlab turgan bu shaharda 1 komandani ushlab turish mumkinmasligiga ishonish qiyin. O'ylaymanki, viloyat futbol federaciyasining raisi bu muammolarni ijobiy hal etishda jonbozlik ko'rsatadi.

- Agar bu ikki jamoa birinchi liga musobaqasida qatnashmasa, ular o'rniga Zarafshonning "Progress" hamda Urganchning "Dinamo" jamoalari qo'yilishi haqida eshitdik. Unda sport principi buzilmaydimi?

- Yodingizda bo'lsa, yanvar oyida bo'lib o'tgan O'zbekiston futbol federaciyasining ijroiya qo'mitasi yigilishida ham shu masala ko'tarilib, qonun hamma uchun barobar ekanligi, g'alabaga faqat mehnatlar evaziga erishmoq lozimligi to'g'risida aytgan edik. Birinchi ligadan ikki jamoa chiqib ketishi haqida fikr bildirilganda mutaxassislar ular o'rnini "Progress" va Dinamo" bilan to'ldirishni taklif etishdi. Progress" masalasida sport principiga amal qilindi. Yani u o'tgan yili birinchi ligani tark etgan uch jamoa orasida eng yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lgan. Urganchning "Dinamo" komandasi borasida esa...

SHuni hisobga olish kerakki, hozir oliy va birinchi ligamizda faqat Xorazmdan birorta jamoa yo'q, xolos. Vaholanki, viloyatda 6 ta katta stadion (Urganchdagisi 30 ming kishiga mo'ljallangan), hashamatli mehmonxonalar bor. Biz agar hech bo'lmaganda bitta komandani birinchi ligaga qo'ymas ekanmiz, u erda futbol havaskorlik darajasida qolaveradi.

- Hakamlar saviyasi va murabbiylar mahoratini oshirish uchun qanday ishlar bajarilayapti?

— Bu yil O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida ilk bor oliy hamda birinchi liga jamoalari murabbiylarining ikki haftalik seminar- mashg'ulotlari o'tkazilib, unga M. Godik, O. Rixsieva, E. SHaternikov kabi fan doktorlari taklif etildi. Birinchi marotaba murabbiylarga o'z ishini davom ettirish to'g'risida maxsus licenziya (guvohnoma) berildi.

Afsuski, trenerlar o'quviga ayrim murabbiylargina qatnashdilar. Qoida bo'yicha esa, licenziyasiz oliy liga komandalarini boshqarish mumkin emas.

Futbol o'yinlarining qay darajada o'tkazilishi ko'p jihatdan uni boshqarib boruvchi hakamlarga bog'liqdir. Hakamning o'yin davomida bittagina jiddiy xatosi jamoa murabbiysining bir yillik mehnatini yo'qqa chiqarishi hech gap emas. SHu sababli futbol federaciyasi hakamlar va nazoratchi hakamlar faoliyatidagi yo'l qo'yilgan nuqsonlarga nisbatan murosasiz bo'lmoqda. Faqat o'tgan mavsumning o'zida yo'l qo'yilgan xatolar uchun L. Boyzoqov, A. Kulik kabi hakamlar, V. Karoteev, E. Vertogradov, T. Zoirov, R. Kanzafarov, V. Kopanev kabi nazoratchi hakamlar musobaqalardan butunlay chetlatildilar. Bundan buyon ham bupday qoidabuzarlar bilan murosa qilinmaydi. Hakamlarimizning o'z sohalariga vijdonan yondoshish vaqti allaqachon etib keldi.

CHunki mamlakatimiz futbol federaciyasi FIFA va OFK azoligiga qabul qilindi. Endi hakamlarimiz uchun ham turli darajadagi xalqaro uchrashuvlarni boshqarish imkoniyati tugildi. B. Haydarov, 3. Abdullaev, N. Lutfulin, T. Eshonxo'jaev, X. Muxtorov, S. Najafaliev kabi hakamlarimiz xalqaro uchrashuvlarni o'tkazish uchun birinchi nomzodlarimizdir.

Nazoratchi-hakamlar tarkibi ham yangi mutaxassislar bilan to'ldirib borilyapti. Bu yil ular qatoriga respublika toifasidagi hakamlar N. Rahmonov, N. Doronin, M. Otaboev, O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti futbol kafedrasi mudiri R. Nurimov hamda "Paxtakor" komandasi faxriysi, sport ustasi R. Zokirovlar qo'shildilar.

Yaqinda Fargona viloyati futbol federaciyasi tomonidan hakamlarning mavsumga tayyorgarligi yuzasidan o'tkazilgan, 20 dan ortiq yoshlar qatnashgan 10 kunlik yig'inida bu sohada o'z ishining fidoyilari faqatgina Farg'ona, Qo'qon, Marg'ilon kabi shaharlardagina emas, balki Bog'dod, Rishton, Uchko'prik, Oxunboboev tumanlarida ham borligi malum bo'ldi.

- Yaqinda Malayziyada Osiyo futbol federaciyalari vakillarining seminari bo'lib o'tdi, unda O'zbekiston futbol federaciyasi vakillari ham ishtirok etdilar. U erda bizga tegishli yangiliklar ham bo'lgandir?

- Mendagi malumotga ko'ra, seminarda qitada futbolni rivojlantirish, o'quv-mashg'ulot bosqichlarini zamonaviy uslubda o'tkazish, tibbiy xizmat ko'rsatish masalalari ko'rilgan.

Seminar yakunlari bilan tanishib chiqqach, o'tgan yili biz futbolni rivojlantirish to'grisida qaror qabul qilib juda muhim ishni boshlaganimizga, bu borada jahon futboli rivojidagi tamoyillarga mos ish tutayotganimizga amin bo'ldim.

Endigi vazifa futbolga professional yondoshuvni taminlashdan, buning uchun dunyoqarashimizni biroz o'zgartirishdan iborat. O'rinbosarlar tayyorlash usullarini, musobaqalar tizimini yanada mukammallashtirish kerak.

Biz o'tgan yili katta futbolni rivojlantirishga poydevor ko'ydik. Endi hammamiz birgalashib uni tiklashimiz, mustahkamlashimiz zarur. Ana shundagina biz ko'zlagan maqsad - yani jahon futbolida o'z o'rnimizga ega bo'lamiz.

Lekin buning uchun musobaqalarimizda FIFA qonun-qoidalariga to'la amal qilinishi lozim, unda esa har qanday tartib buzish qattiq jazoga sabab bo'ladi.

SHuning uchun murabbiy va hakamlarimiz, o'yinchi va ishqibozlarimiz agar o'z komandalarini sevsalar, o'ta odobli bo'lishlari talab qilinadi. Yana shuni qo'shimcha qilmoqchimanki, respublikamizda futbolga bo'layotgan etibor FIFA va OFK rahbarlarini befarq qoldirmadi. SHu yil 20-30 may kunlari Toshkentda 19 yoshli o'smirlar o'rtasida jahon chempionatining saralash uchrashuvlarini o'tkazishga qaror qilindi. 11-19 aprel kunlari esa shu erda Markaziy Osiyo davlatlari terma komandalarining xalqaro turniri bo'lib o'tadi. Xuddi shu muddatda hakamlarning xalqaro seminari o'tkazilishi ham rejalashtirilgan.

- Endi xalqaro aloqalar ham kengaysa kerak?

- Ha, hozirda Singapur, Tailand, Quvayt, Katar, SHri Lanka, Xitoy, Yaponiya, Koreya mamlakatlari futbol federaciyalari bilan o'zaro aloqa o'rnatilmokda.

Hamkorlik doirasida o'rtokdik uchrashuvlari, birgalikda sport buyumlari ishlab chiqarish, futbolga xizmat qiladigan kichik va o'rta korxonalar ochish va shunga o'xshash rejalar belgilangan. Birgina o'tgan yilning o'zida "Nurafshon" Eronga, "Navbahor" Birlashgan Arab Amirliklariga, "Paxtakor" va o'smirlar terma komandamiz Hindistonga, "Neftchi" Malayziyaga, "Atlaschi" Xitoyga, "Temiryo'lchi" Turkiyaga borib kelganligi ham xorijiy aloqalarning mustahkamlanayotganini ko'rsatadi. Olimpiya terma komandamiz ham Malayziyada o'rtoqlik uchrashuvlari o'tkazib qaytdi.

- Qarorda ko'rsatilganidek futbolni targ'ibot va tashviqot qilish borasida ommaviy axborot vositalarining roli beqiyos. Bu boradagi ishlar Sizni qoniqtiradimi? 

- Qarordan so'ng "O'zbekiston futboli" gazetasining nashr etilayotganligi ayni muddao bo'ldi. Bilishimcha, gazeta jurnalistlari asosan yoshlardan tashkil topgan, yoshlar bor joyda esa shijoat, intiluvchanlik, izlanish, yangilanish bo'ladi. Eng muhimi, gazetada faqat raqamlar va hisobotlar berilmay, balki qarorning bajarilishi, joylarda futbolni rivojlantirish masalalariga oid dolzarb maqolalar berildi. Ishga sovuqqonlik bilan qarayotgan raqbarlar tanqid qilindi.

Mamlakatimizda nashr etilayotgan gazetalarda futbol sohasi keng yoritildi. Jumladan "Xalq so'zi", "Pravda Vostoka", "Toshkent oqshomi", "Oltin vodiy" kabi gazetalarda futbolga keng o'rin berildi, muxlislarni qiziqtiradigan maqolalar chop etildi, ko'plab muammolar o'rtaga tashlandi.

O'zbekiston radiosining mamlakat stadionlarida o'yinlar o'tkaziladigan kunlar uyushtirgan radio yo'qlamalari ko'pchilikka manzur bo'ldi.

Afsuski, bu sohada O'zbekiston televideniesining ishi ko'ngildagidek bo'lmayapti.

Bir vaqtlari mutaxassislar va muxlislar etiborini qozonib kelgan, barcha ishqibozlar sabrsizlik bilan kutadigan ko'p ko'rsatuvlar keyingi paytda deyarli ekranga chiqmaydigan bo'ldi.

O'z navbatida mamlakat futbol federaciyasi sport jurnalistlari bilan hamkorlik qilishga intilmokda.

Bu yildan etiboran sport jurnalistlari ham komandalar bilan birgalikda chet el safariga chiqa boshlaydilar, biz futbol targ'ibotiga bundan keyin ham katta ahamiyat beramiz.

- So'nggi savol: o'tgan mavsumda Sizni eng xursand qilgan va eng ranjitgan voqealar nimalardan iborat bo'ldi?

- AQSHning Las-Vegas shahrida bo'lib o'tgan FIFA ijroiya qo'mitasining yig'ilishida O'zbekiston futbol federaciyasi bu mo'tabar tashkilotga qabul qilinganida behad shodlandim. Federaciyamiz bilan FIFA va OFK orasida to'g'ridan-to'g'ri amaliy aloqalar o'rnatilganligi ham meni mamnun qiladi.

FIFA xalqaro o'yinlar kalendarini 3-4 yil oldindan tuzib qo'yganligi sababli terma komandalarimizning xalqaro o'yinlarda qatnasha olmagaci faqat meni emas, barcha muxlislarni ranjitdi.

Biz xalqaro o'yinlar kalendarini yaqinda oldik. Demak, Xirosimada o'tadigan Osiyo o'yinlarigacha bir qancha uchrashuvlar o'tkazishga imkon yaratildi.

Biz avvalgi suhbatimizda kelajagi buyuk davlatning futboli ham dovrug'li bo'ladi degandik. Ana shu dovrug'li bo'lish hissi esa hammamizni hamjihatlik bilan harakat qilishga davat etadi. Bizning qadimiy obidalarimiz, madaniyatimiz kabi O'zbekiston futboli ham o'z o'yin darajasi, ajoyib bazalari, stadionlari bilan, biroz balandparvozroq bo'lsada, jahonni lol qoldirishi kerak. Futbol orqali ham O'zbekiston obro'siga obro' qo'shishimiz, uning jahondagi nufuzini oshirishimiz lozim.

Har bir tegishli masul shaxs o'z vazifasini sidqidildan bajarib, futbolni rivojlantirishga g'amxo'rlik ko'rsatsagina jahon o'yingohlarida O'zbekiston bayrog'i baland ko'tarilib, futbolchilarimiz g'alabalari sharafiga davlatimiz madhiyasi yangraydigan kunlar tezroq keladi. Ana shunday kunlarni ko'rish, yurtimizning sharafini ulug'layotgan, obro'sini oshirishga imkon qadar hissa qo'shayotgan har bir vatandoshimizga nasib etsin.

- Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!


Suhbatni Abror IMOMXO'JAEV yozib oldi.


P.S. Bu suhbat gazetada chop etilgach, yana ancha shov-shuvga sabab bo'ldi. U “Sport” gazetasining 25-31 martdagi 12-sonida ham berildi. Yuqori doirada ushbu maqola mamlakatning markaziy nashri – “Xalq so'zi” gazetasida ko'chirib bosilishi haqida ham ko'rsatma berilgan ekan. Gazetaning 26 mart kungi 60-sonida u elon qilindi. Faqat “O'zbekiston futboli” gazetasidan oldindi degan ishora yo'q edi. Sarlavhadani keyingi tagso'zni ham “O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, futbol federaciyasi prezidenti Abdulhoshim Mutalov bilan muloqot” deb o'zgartirishgan edi. Eng muhimi, muallifga teginishmagandi va maqola “A. Imomxo'jaev suhbatlashdi” imzosi bilan tugagan edi. SHunisiga ham shukr.

Men uchun eng muhimi – menga chora ko'rilgan “O'yindan tashqari xolat” maqolasining dolzarbligi va haqqoniyligini Bosh vazirning o'zi etirof etgan edi! To'g'ri, ushbu maqola tufayli ishdan ketdim, lekin boshimni tik ko'targan, mag'rur xolda.

SHu tariqa, faoliyatim davomidagi eng dovrug'li maqolam – Bosh vazir bilan suhbat “O'zbekiston futboli” gazetasidagi so'nggi chiqishim bo'ldi. Lekin ishsiz uzoq o'tirmadim. O'zbekiston milliy terma jamoasi va “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Rustam Akramov (rahmatli) “O'yindan tashqari xolat” maqolasi uchun qo'ng'iroq qilib shaxsan minnatdorchilik bildirgan edi. U tufayli ishdan ketganimni eshitib, klubga taklif qildi. “Xorijda har bir klubning matbuot kotibi bo'ladi, bizda bu hali yo'lga qo'yilmagan, shuni sen boshlab bergin” dedi Rustam Akramovich. Men bajonidil rozi bo'ldim va mamlakatimizda futbol soxasida ilk matbuot kotibiga aylandim...    

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика