Moziy yulduzlari: “Ofsaydda tug'ilgan hujumchi”
17 noy 2020 13:41
Yangiliklar
Unda moziy yulduzlari haqida so'z boradi.
Moziy yulduzlari: Dvorkovshinalik qishloqi
Super to'purar futbolchi bo'lish uchun hujumchidan qanday sifatlar talab etiladi? Albatta, jismoniy jihatdan kuchli bo'lish, gavda tuzilishi, tezkorlik, bosh bilan yaxshi o'ynay olish, kuchli va aniq zarbaga ega bo'lish. Ammo, hujumchi raqib darvozasi oldida kerak joyda va o'z fursatida paydo bo'la olishi uning imkoniyatlarini yana ham oshirib yuboradi. Yani, bunda “gol hidi”ni bilib, to'g'ri joy tanlagan holda, darvozaga to'pni to'g'irlab qo'yish kifoya qiladi. Bugungi kichik jussali va bo'ydor bo'lmagan qahramonimiz kuchli zarbalari bilan maqtana olmasa ham, lekin eng kerakli vaqtlarda raqib jamoa darvozasi oldida paydo bo'lar va o'zining nozik zarbasi bilan barcha narsani hal qilib ketar edi. Italiya futboli tarixidagi sermahsullik ko'rsatgan hujumchilardan biri Filippo Inzagi bugungi qahramonimizdir. Muxlislar va mutaxassislar “ofsaydda tug'ilgan futbolchi” deya, tarif beradigan Pippogolning yulduzli faoliyatiga nazar tashlagan holda, pyachencalik shunqorning futbolchilik faoliyatidagi yorqin damlarini siz aziz muxlislarga taqdim etishni joiz bildim.
Pyachencadagi bolalik
Filippo Inzagi 1973 yil 9 avgustda Italiyaning janubida joylashgan Pyachenca shahrida tug'ilgan. Uning otasi Giansarlo Inzagi ham futbol bilan jiddiy shug'ullangan va asosan S Seriyada faoliyat olib borgan. Umuman olganda Pippogol futbolchi bo'lib ulg'ayishida uning otasi Giansarloning o'rni bo'lakcha bo'lgan va aynan uning sayi harakati bilan oilada bir emas ikki farzand millionlar o'yiniga oshufta bo'ldi hamda professional futbolchi sifatida shakllandi. Jumladan, Filipponing ukasi Simeone ham futbolni tanladi va A Seriyada o'zini ko'rsata oldi. Qahramonimizning o'zi esa 11 yoshidan futbol bilan jiddiy shug'ullanishni boshladi. Eng qiziqarlisi esa murabbiylar dastlab uni maydonda darvozabon sifatida o'ynatishadi. Filipponing o'ziga 16 metrlik jarima maydoni torlik qilar, o'zini erkin o'yinchi sifatida tasavvur etardi va hujumda o'ynab ko'proq gol urishni xohlar edi. Pyachencaning toshli ko'chalarida millionlar o'yinining sir-asrorlarini mahorat bilan o'zlashtirgan Pippo 18 yoshida kindik qoni to'kilgan shaharning bosh jamoasi bilan professional shartnoma imzoladi.
Faoliyatining boshlanishi
1991 yildan faoliyatini boshlagan Filippo uchun karerasining starti bolalikda orzu qilganidek ertaknamo bo'lib chiqmadi. “Pyachenca” futbolchini V Seriya vakili “Albinoleffe” klubiga ijaraga berib yuboradi. Inzagi o'zini ko'rsatishi, klubi uchun natija qilishi, tinimsiz gol urishi kerak edi va buni alo darajada bajara oldi. Klubi uchun dastlabki o'yinlarni o'zidayoq bir necha gollarning muallifiga aylandi va yosh bo'lishiga qaramasdan klubning asosiy tarkibi azosiga aylandi. Bu orada unga V Seriyaning boshqa vakili “Verona”dan taklif tushadi va Pippo hech ikkilanmay veronaliklar tarkibiga borib qo'shiladi hamda klub safida raqiblar darvozasiga 13 ta to'p kiritadi. Filippo o'sha yillarda boshqa jamoalarda ijara asosida o'ynashiga qaramasdan huquqiy jihatdan “Pyachenca”ga tegishli edi. 1995 yilda Pippoga “Parma”dan taklif tushadi va mazkur jamoa libosida A Seriyada javlon urishni boshlaydi. Parmaliklar safida 15 ta o'yinda 2 ta gol urishga erishadi va yana klubini almashtirishga majbur bo'ladi. Navbatda esa “Atalanta” edi. Umuman olganda, Filippo o'sha vaqtlarda A Seriyaning o'rtamiyona klublarida sarson bo'lib yurish joniga tekkanligi va “jamadon kayfiyat”dan qutilish uchun ichki birinchilikning kuchli, o'z oldiga yuksak marralar qo'ya oladigan va xalqaro maydonlarda o'ynaydigan jamolaridan biriga o'tishni xohlar edi. 1997 yilda unga mamlakatning eng mashhur “Yuventus” klubi “og'iz soldi” va Pippo hech ikkilanmay turinliklar safiga borib qo'shildi. O'sha transfer keyinchalik Filipponing faoliyatini butunlay o'zgartirib yubordi va mashhurlik sari etakladi.
Aynan o'sha yili Pippogol birinchi bor terma jamoa safiga jalb etildi va o'rtoqlik o'yinida Braziliya terma jamoasiga qarshi “moviy gvardiya” sharafini himoya qildi. Oradan bir yil o'tib mundialda ham ishtirok etdi.
Yulduzli yillar
1998 yili “Keksa sinoralar” safida birinchi marta A Seriya chempionligini qo'lga kiritadi va oradan bir yil o'tib qita miqyosida ham zafar quchib, Intertoto kubogini boshi uzra baland ko'taradi. Filippo o'zining eng yorqin o'yinlarini, yoshlikdagi shijoati-yu, to'purarlik qobiliyatini aynan Turinda namoyish etdi. SHu klubda terma jamoaga chaqirildi, Evropa va jahon miqyosidagi top hujumchiga aylandi. Endi uni navbatdagi manzil kutardi bu – “Milan” edi. Albatta, turinlik ashaddiy futbol tiffozilari Pipponi xoyinlikda ayblashib, “zebralar”ning ashaddiy dushmani “Milan” safiga borib qo'shilishini hazm qila olishmas, unga turli tazyiqlar o'tkazishga xarakat qilishardi. Ammo, qahramonimiz ruhiy tushkunlikka tushmadi va o'zini professionallarcha tutdi. Uning maqsadi futbol o'ynash bo'lib, xayotidagi turli tahdidlarga beetibor tarzda yangi g'alabalarni ko'zladi. U “Milan” safida yangidan-yangi yutuqlarni qo'lga kiritdi, bir joyda to'xtab qolmadi, oldiga qo'ygan rejalaridan chekinmadi va ukrainalik mashhur futbol afsonasi A.SHevchenko bilan ajoyib hujum tandemini qurdi.
2001-2012 yillar davomida “Milan” safida faoliyat olib borgan Filippo Inzagi klub safida umumiy hisobda 202 ta uchrashuvda maydonga chiqib, raqib darvozasiga 73 bor yo'l topa bilgan. SHuningdek, 2 marta A Seriya chempioni, 1 marta Italiya kubogi sohibi, 2 bora ECHL va UEFA superkubogi g'olibi, klublar o'rtasida Jahon chempioni bo'lishga erishgan. Uning eng yirik yutuqlaridan biri esa so'zsiz 2006 yilda Italiya terma jamoasi bilan qo'lga kiritilgan Jahon chempionligidir. Ha, azizlar shunchaki fantastik natijalar shunday emasmi?!
Xayr, Inzagi!
Afsonaviy Pippogol 2012 yilda butsalarini mixga ildi. Uning faoliyatidagi eng so'nggi o'yini “Novara” jamoasiga qarshi kechdi. O'sha bahsdan keyin dunyo futbol fanatlari yana bir mashhur hujum qirolidan “ayrildi” va uning faoliyatini kelajak avlodga namuna sifatida qoldirdi. Kelgusida Filippodan ham kuchliroq, undan sermahsulroq hujumchilar etishib chiqar ehtimol, ammo uning faoliyatini unutmaydigan avlod vakillari, u tomonidan namoyish etilgan ajoyib o'yinlarni o'zgacha entikish bilan yod olishlariga ishonaman.
Inzagi futbolchilik faoliyatini yakunlagandan so'ng o'zini murabbiylik sohasida sinab ko'rdi va dastlab “Milan” yoshlar jamoasini boshqardi. SHundan so'ng, A Seriyaning bir nechta jamoalari boshqaruvi unga ishonib topshirildi. Jumladan, “Milan", “Veneciya”, “Bolonya” va bugungi kunda esa “Benevento” klubini boshqarmoqda.
Amerikalik yozuvchi Xarvi Makkeyning shunday gapi bor : “Orzu - bu orzu xolos. Maqsad esa - harakatlar rejasi va amalga oshirish muddati bo'lgan orzudir!”. Darhaqiqat, bizlar orzu qilamiz, ammo maqsad qo'yish hammamizning ham qo'limizdan kelmaydi. Yuqoridagi iqtibos esa Filipponing xarakteriga juda mos keladi. U hamisha o'z oldiga aniq maqsad qo'yar va uni amalga oshirish uchun tinimisiz mehnat qilar edi. Mehnatlarining samarasini esa uning faoliyatidagi qo'lga kiritgan natijalari ko'rsatib turadi. Ehtimol, bugungi yosh futbol ishqibozlari Pipponing ko'rsatgan o'yinlari bilan yaxshi tanish bo'lmasliklari mumkin, ammo uning o'yinlarini ko'rib ulg'aygan futbol tarafkashlari Inzagining takrorlanmas ijrolarini yaxshi eslashadi. Ha, bu o'sha ofsayd santimetrlari hisobini oluvchi hujum qiroli, bu o'sha – Filippo Inzagi!
Biz seni sog'inamiz Pippo!!!
Farrux Doniyorov tayyorladi
Fikrlar