So’nggi yangiliklar

17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39"Андижон" - "Динамо". Таркиблар билан танишинг  2 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  14 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  25 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  7 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  7

Minbar. "Nasaf" klubi bosh menejeri SHamil Yarulin bilan suhbat Yangiliklar

Minbar. "Nasaf" klubi bosh menejeri SHamil Yarulin bilan suhbat

Saytimizda yangi loyiha - Minbar. Ushbu minbar orqali klublarimiz rahbariyati bilan jamoadagi muammolar va boshqa qator mavzularda suhbat quramiz.
Minbarning ilk mehmoni - "Nasaf" klubi bosh menejeri SHamil Yarulin bo'ladi.


- Malumki, "Nasaf"ga kelishizdan avval "Sevinch" klubida ish yuritgansiz. Ayollar futbolidan katta futbolga kirib kelish qanchalik qiyinchilik tug'dirgan?

- Juda katta farqi bor. Ayollar futboli va katta futbolni o'rtasidagi tafovut katta. O'z vaqtida O'zbekiston bo'yicha 10ta qizni yig'ishni o'zi juda katta muammo edi. U paytda qizlar asosan futbol bilan shug'ullanmasdi. Musulmon bo'lganimiz uchun qizlarga futbol o'ynash taqiqlangan deb aytolmayman-u, bunga biroz boshqacharoq qarashardi. Qizlar futbol asosan erkaklar o'ynaydigan sport turi bo'lgani uchun qiziqishi ham yo'q edi. Reklama ham bo'lmagan. SHu o'rinda Alisher Sultonov va Nuriddin Zaynievga rahmat aytish kerak. Ular butun o'zbek futbolini juda katta qo'llab-quvvatlashdi. SHundan so'ng ayollar futboliga ham bo'lgan etibor ortdi. "Sevinch" klubi bilan futzal bo'yicha Evropa kubogi sohibiga aylandik. Bu natijani nafaqat O'zbekistonda, balki Osiyoda boshqa bir jamoa qo'lga kirita olmagan adashmasam. Bizni ayollar o'rtasidagi futzal bo'yicha Evropa chempionati ochilish marosimiga taklif etishdi. To'g'risini aytganda, bizni o'sha turnirda deyarli hisobga ham olishmagan edi. Bizning qizlar kichkinaginaligi ko'rib, bizga bu qizlarni bozordan terib oldinglarmi degan  hazilomuz gaplarni ham qilishgandi. Keyinchalik hal qiluvchi o'yinlarda Ispaniya hamda Rossiya terma jamoalarini mag'lub etganimizdan so'ng futbolning haqiqiy zavqini shu erda his etdim. Futbol nimaligini o'shanda tushunib etgandim. O'shanda delegaciyamizda 35 kishi bo'lgan bo'lsa, barcha xodimlarimiz deyarli yarim soat o'z ko'z yoshlarini yashira olishmagandi. Ota-onalar futbolda nafaqat o'yinni, balki o'z farzandlarini kelajagini ham ko'ra olishdi. SHundan keyin qizlarni futbolga bo'lgan qiziqishi keskin oshdi. Men "Sevinch"da ishlab yurgan paytimda shu erdan nafaqaga chiqaman deb yurardim. "Nasaf"ga ishga taklif qilishadida deb hech o'ylamagandim. Klub prezidenti meni "Nasaf"ga ishga taklif qilganida, men bu erdagi narsalarni ko'rib shuni tushundimki, men futbolda hech nimani tushunmagan ekanman. Ayollar futboli va erkaklar futboli o'rtasidagi tafovut juda katta ekan. Bu erda umuman boshqacha futbol ekanligini tushunib etgandim. Bu erdagi futbol darajasi juda katta ekan. Futbolga bo'lgan munosabat, ish hajmi va boshqa bir qator jihatlarda keskin farq qilar ekan. Masalan "Sevinch"ni oladigan bo'lsak, u erda bitta maydon, bitta oshxona va yotoqxonasi bor. "Nasaf"ni aytadigan bo'lsak, bu erdagi xodimlar kamida 1000 nafar chiqadi. Bularni nafaqat ishlatish kerak, nafaqat ko'nglini topish kerak, balkim ularga to'g'ri yo'nalishni ko'rsata bilish kerak. Ayollar futboli va erkaklar futbolidagi eng asosiy farqlardan biri shundaki, bu o'yindagi tezlik, umuman futbol ichidagi ob-havo boshqa-boshqa dunyo. Bu erga kelish menga juda qiyin bo'ldi. "Sevinch"da qizlar bilan ishlab biroz zerikardim lekin. "Sevinch"ni hali ham o'zimni klubim deb hisoblayman. Yarim yuragim u erda qoldi. Bu klubda 2007-2012 yillar mobaynida faoliyat yuritdim. Bu ham oz muddat emas. O'z vaqtida Qarshida “Karshi Cup” turnirlarini o'tkazdik. Ko'pchilik hozir ham ko'proq xalqaro o'rtoqlik turnirlarini o'tkazish kerakligini takidlashadi. Ularni qanday o'tkazamiz? Masalan OCHL musobaqasini olsak, bir klubni deyarli uch kun mehmon qilib kutib olishingiz kerak. Bu kabi turnirlarni tashkil etilsa, bir vaqtning o'zida 10-12 jamoa keladi. Ularga mehmonxona, ularning xavfsizligini taminlash zarur. Bu juda qiyin. Keyin ular 2-3 uch kun emas, balki 10 kun yashashadi. Ularga etiborga molik joylarimizni ko'rsatishimiz lozim. Samarqandga oborib qadimiy joylarda ularni aylantirish kerak. Sport ham bir siyosat. Biz qanchalik chiroyli yashayotganimizni ularga ko'rsatishimiz lozim.

- "Nasaf"ga kelganingizdan keyin nima ishlarni amalga oshirdingiz? Yani aytmoqchi bo'lganim, rejada kiritilgan qaysi ishlar bajarildiyu, qaysi ishlar to'xtab qoldi?

- “Nasaf”ga kelganimda klubimiz bo'ynida katta qarzdorlik bor edi. Buni klubga kelib bildim. Agarda buni avvalroq bilganimda, bu erga kelmasdan “Sevinch”dan nafaqaga chiqib ketardim. Oziq-ovqat bo'yicha ham katta miqdorda qarzdorlik bor edi. Vaqtida oylik maoshlar berilmasdi. SHu boisdan birinchi rejamiz qarzdorlikni yopish bo'lgan. Qanchalik qiyin bo'lmasin qarzdorlikdan qutuldik. SHundan so'ng ko'chaga yorug' yuz bilan yuradigan bo'ldik. Keyingi rejamiz stadionimizni qayta rekonstrukciya qilish edi. Stadionning g'arbiy va sharqiy sektorlarini yangi proekt bo'yicha aylanma shaklida ikki qavatli qilib qurishni rejalashtirgandik. Keyin o'yladik, hozirda stadionga 16 mingga yaqin muxlislar sig'adi. Agarda aytib o'tgan ishlarni amalga oshirsak, 20 ming o'rin sig'imga ega bo'lamiz. Lekin hozirgi holatda ham stadionga muxlislar kelyaptimi degan savol tug'iladi? Avvallari OFK o'yinlarida stadion to'lgandir. Biroq hozir oliy liga uchrashuvlarida shularning yarmi ham kelmayapti. Rahbariyat va bosh homiylik bilan gaplashganimizda, hozircha bu ishlarni qilolmaymiz degan qarorga keldik. Stadion ichidagi ofisimizni qayta rekonstrukciya qilishni rejalashtirgandik. Bu rekonstrukciyaga bir milliard so'm sarf etildi. Alyukabontchilarni jalb etib, ofisimizni yangilab oldik. SHu ishlarni amalga oshirgan ishchilarning oylik maoshining o'ziga 70 million so'mga yaqin pul ketdi. Bu qilgan ishlarimiz ham biz uchun yaxshi bo'ldi deb o'ylayman. Bu bizga qanchalik qiyinchilik tug'dirdi yoki yo'q bu haqida aniq bir narsa deya olmayman. Keyin hammada savol tug'ilishi aniq, shimoliy sektor qurilish ishlari nega to'xtab qoldi? Reja bo'yicha bu ishlar tugab bitkazilishi kerak edi.  2012 yilda Vazirlar mahkamasining qarori chiqdi. Agarda 2 milliarddan ko'proq pul qurilishga ajratiladigan bo'lsa, unda bu qurilish ishlari vazirlar mahkamasining ruxsati bilan qurilishi lozim. SHimoliy sektor tomonning qurilish ishlari uchun esa 30 milliard pul mablag'i ketadi. SHu bois bu ishlar to'xtab qoldi. 2009 yilning ikkinchi yarmida “Nasaf” futbol klubi qoshidagi tikuv cexi (rahbari Otabek Hayitov) bir necha yillardan beri jamoa o'rinbosarlari, 1-ligada ishtirok etuvchi “Nasaf-2” va jamoa futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilarni epikirovkalar bilan taminlab kelmoqda. O'tgan yili mamlakatimiz futbol klublari orasida birinchi bo'lib “Nasaf” jamoasi o'rinbosarlari uchun baza (rahbari Ziyohiddin Boboqulov) faoliyatini boshladi. Bu erda yosh futbolchilar uchun barcha kerakli shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Stadion rahbari SHavkat O'rinov boshchiligidagi ahil jamoa bu borada tinimsiz mehnat qilib kelmoqda.

- "Nasaf" klubining yillik byudjeti qanchani tashkil etadi?

- Buning katta siri yo'q. Bu savolga boshqa klublar rahbarlari ham aniq javob berolmasa kerak. Savoldan biroz chetga chiqaman, bu haqida to'liq tushuntirib berishga harakat qilaman. Masalan “Bunyodkor”ni olaylik. Ularni stadioni ham, akademiyasi ham klubga qaramaydi. “Paxtakor”ni olaylik, ularni bitta stadioni bor. Keyin akademiyamiz bor deyapti. Lekin aslida ularda akademiya yo'q. Qaysi manodaki, ular shartnoma asosida ish olib borishadi. Deyarli bu borada xarajatlari yo'q. Endi “Lokomotiv”ni olamiz. Ularning stadionlari alohida, klub alohida. Stadion hisob raqamlari ham alohida. “Nasaf”ning o'z akademiyasi, stadioni, klub qarorgohi, yoshlar jamoasi bazasi bor. Hammasi “Nasaf”ning o'z hisob raqamida turadi. Biz bu borada O'zbekistondagi yagona klubmiz. Bularni hammasini hisobga olsak, odamlar “Nasaf”ga katta pul kelarkan deb o'ylaydi. Byudjetimizdagi pulni yarmini ham jamoa uchun ishlatmaymiz. Asosiy qismi aynan mana shu akademiya, baza, stadion va ishchilarga ketadi. Bularning xarajati juda katta. Masalan “Bunyodkor” bilan o'yinga borsak, ularga telefon qilib bizga shunchadir chipta kerak, bering desak ular bera olishmaydi. Sababiki, ular chiptaga xo'jayin emas. Stadion va klub boshqa-boshqa tashkilot hisoblanadi. Yoki o'sha kuni “Neftchi”ga borganimizda bizning fan klub muxlislarining barchasi chipta sotib olishdi. Lekin biz ular kelganida tekinga chipta tarqatamiz. CHunki barchasi bizning o'zimizga qaraydi. SHu boisdan yillik byudjetimizni juda katta mablag'ni tashkil etadi va buni oshkor qila olmayman. Bu bizning ichki sirimiz.


- Klubni ayni paytda qanday muammolar qiynamoqda?

- Hozir bizni qiynayotgan eng asosiy muammo bu yosh futbolchilarni asosiy tarkibga etishtirib berish muammosi. Agarda yoshlar jamoasida etarli tajribaga ega murabbiy ishlamasa, unda klub akademiyasidan etishib chiqayotgan yosh futbolchilar bir joyda to'xtab qolishadi va asosiy tarkibgacha etib bora olishmaydi. Bu haqida Ro'ziqul Berdiev bilan juda ko'p bosh qotirmoqdamiz. Usmon Toshev murabbiylik qilgan paytida biz Ro'ziqul Berdievni yoshlar jamoasiga ishga olgandik. O'shanda yoshlar jamoamiz umuman boshqacha o'ynardi. Qancha yoshlar asosiy tarkibga kirishgandi. O'yin darajasi ham yuqorilagandi. Keyinchalik yoshlar jamoamizda Bahodir Annamatov, Zafar Xolmurodovni qo'ydik. Zafar Xolmurodovni nega qo'ydik? CHunki u klubning haqiqiy afsonasi hisoblanadi. Nafaqat “Nasaf”ning, balki o'zbek futbolidagi eng kuchli hujumchilardan biri sanaladi. Lekin shuni tushunib etdikki, har doim ham yaxshi futbolchidan zo'r murabbiy chiqmaydi. Yoki aksincha. O'z davrida yaxshi futbolchi bo'lmasada, kelajakda yaxshi murabbiy bo'lishi mumkin. “Nasaf” akademiyasini maqtasak bo'ladi. Mana oltita tarbiyalanuvchilarimiz turli yoshdagi terma jamoalarga jalb etilishdi. Lekin bu natijalar bizni qoniqtirayotgani yo'q. Futbolchilarimiz juda asta-sekinlik bilan o'sib borishmoqda. Masalan Roy Rok yoki Artur Gevorkyanni olaylik. Ularning to'pni o'ziga to'xtatib olish texnikasi, driblingi, tezligi umuman boshqa darajada. Roy Rok evropa futboli maktabida tahsil olgani sezilib turadi. Endi o'zimizni mahalliy futbolchilarni olaylik, ularni maktabi boshqa-boshqa. Ilhom SHomurodov yoki Farruh Sayfievni olaylik, ular to'pni to'xtata olmayapti. Bir o'yinda kamida besh-olti marotaba vaziyatlarga ega bo'lishadi, lekin foydalana olishda oqsashmoqda. Bu hammasi maktabdan. Masalan yoshligida bola ko'paytirish-bo'lishni yaxshi o'rgansa, keyingi oliy talim o'quv yurtida bemalol qiynalmay o'qiy oladi. Biroq maktabda yaxshi bahoga o'qiy olmagan bo'lsa, unda juda qiynalib qoladi. Harakat qilishi yoki intilishi mumkin, biroq juda ko'p qiyinchiliklarga duch keladi. Farruh Sayfiev juda harakatchan, intiluvchan, tirishqoq yigit. Bir o'yinda maydonda qiladigan ish hajmini olsak, u menimcha jahon chempioni bo'lsa kerak. Lekin to'p bilan ishlashda futbolchini maktabi biroz g'arib bo'lgani sezilib qoladi. Sayfiev juda ko'p yuguradi, lekin yugurganda ham foydali ish koefficienti bo'lishi darkor. Bizning asosiy muammomiz, bu futbolchilarga kerakli maktabni bera olmayapmiz. Yana “Sevinch” mavzusiga qaytishga majburman. Bizning qizlarimiz nega birdan kuchayib ketishdi? CHunki biz ular bilan yiliga 4-5 marotaba xorijga yig'in o'tkazardik, turnirlarda ishtirok etardik. Kuchli jamoalar bilan ko'proq o'ynardik. SHu sababdan ularning mahorati oshib bordi. Men shu uchun aytaman, akademiyamiz bollari ko'proq o'zlaridan kuchliroq jamoalar bilan o'ynashlari kerak. O'rtoqlik xalqaro turnirlarda ishtirok etib, toblanishlari lozim. Keyin akademiyaga chetdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etishimiz kerak. Masalan o'tgan yili kelgan germaniyalik Andrey Vaybertni olaylik. Uning ish dasturi umuman boshqacha. Men, Ro'ziqul Berdiev va Vitaliy Ni futbol akademiyamizning ishlaridan hali ko'nglimiz to'lgani yo'q. Biz hali “Paxtakor” futbol akademiyasi bilan raqobat qila olmaymiz. Ularni maktabi umuman boshqa. “Bunyodkor”ning maktabi ham biznikidan farq qiladi. Agarda shularni hisobga olsak, biz ulardan ortda qolmoqdamiz. Bizning akademiya juda sekinlik bilan ko'tarilmoqda. Aynan mana shu muammo bizda “qaynamoqda” desam to'g'riroq bo'ladi.

-Bizda yoshlar futbolidan boshlab  natija talab qilinadi. Lekin yosh futbolchilarning ko'rsatadigan natija emas, balkim ularning o'yin darajasi, tajribasi ortib borishi muhimroq. Jahonning etakchi jamoalari yoshlardan natijani talab qilmaydi. CHunki bu narsa yosh futbolchini yoshligidan erkin harakat qilishiga to'g'anoq bo'lishi mumkin. Keyin xorijga borib kuchli jamoalar bilan o'ynab mahoratini oshirishi kerak dedingiz. Buni amalga oshirish uchun nima xalaqit qilmoqda?

-Bizlar akademiyadan, yoki yoshlar jamoamizdan natijani talab qilmaymiz. Asosiy talab qiladigan narsamiz shuki, bu yiliga asosiy tarkib jamoamizga nechta futbolchi tayyorlab berasan deymiz. Murabbiydan shuni talab qilamiz. Lekin futbolchilarga borib, natija muhim emas desak ham noto'g'ri bo'ladi deb o'ylayman. Biz murabbiyga vazifa qo'yamiz. Ularning asosiy ishi “Nasaf”ga futbolchi tayyorlab berish. “Nasaf” futbol akademiyasi direktori Kucherenkodan ham natija talab qilmaymiz. Biz unga imkon qadar “Nasaf-2” yoki “Nasaf” yoshlari jamoasiga ko'proq futbolchi tayyorlab berishini o'qtirganmiz. Mana ko'p takidlayapmiz, bizda hujumchi muammosi bor deb. Lekin hujumchi degani bu tug'ma istedod degani. U xuddiki g'ichchakchiga o'xshab kuyni chiroyli ijro qilib bera olishi kerak. Darvozabonni hujumchi, yoki aksincha hujumchidan darvozabon yasab bo'lmaydi. Klub prezidenti yoki men yoshlarimizga malum bir miqdordagi o'rinni olasan, yoki mana shu seni vazifang deb aytmaymiz. Lekin turnir jadvalida qaraganimizda, “Nasaf” yoshlari pastki o'rinda bo'lsa, istaymizmi-yo'qmi ko'nglimiz ranjiydi. Bu tabiiy.

- Bizning futbolda rahbar inson yoki futbolga uncha yaxshi tushunmaydi yoki rahbar sifatida ishlay olmaydi. Sizda bu ikki sifat mavjudmi? Yani so'raganim, siz rahbar bilan birgalikda futbolga tushunchangiz qay darajada?

- O'zimga baho qo'ya olmayman. Meni o'ylashimcha, agarda futbolga aloqasi yo'q odam rahbar bo'lsa, unda jamoa natijalar ko'rsata olmasdi. So'nggi yillarda biz sovrinli o'rinlarni egalladik. Buning uchun butun jamoamizga, murabbiylar shtabiga, futbolchilarga, butun klub xodimlariga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Mana bu yili OCHLda ham munosib ishtirok etdik deb o'ylayman. Qaerdadir bizga omad etishmadi desam ham mubolag'a bo'lmasa kerak. O'zbek klublari orasida “Nasaf” nisbatan yaxshiroq o'ynadi. Buni siz jurnalistlar, muxlislar ham ko'p bora takidlashdi. Bu etibor uchun hammaga rahmat. Agarda jamoa va klub shaniga yaxshi gaplar bo'ladigan bo'lsa, unda bunda mening ham o'z hissam bordir deb o'ylayman. Nafaqat O'zbekiston, balki butun Osiyoni olib qaraydigan bo'lsak, hech bir klubning o'rinbosarlar jamoasining o'z bazasi yo'q. Buni men qurdim deb aytmayman, buni butun kollektiv bilan bajardik. Rahbariyat jamoa ishiga aralashmasada, bizlar ularga kerakli sharoitni qilib beryapmiz. Bizning vazifamiz ularga kerakli sharoitni yaratib berish. Rahbar odam futbolga tushunmasada, lekin bu erda ishlaganidan so'ng futbolni tushunishga majbur bo'ladi. Faqatgina ularga oziq-ovqat va boshqa sharoitlarni yaratib berib, oylik maoshini beraman desangiz, unda bu erda ishlay olmaysiz.

- Stadionda muxlislar uchun sharoitni alo deb bo'lmaydi. Stadion ichida kafelar mavjud. Lekin ular deyarli ishlamaydi?

- Biz 2012 yildan boshlab 4-5 martalab elon bilan chiqdik. Klubning o'zi ham kafe ochib uni yuritishi qiyin masala. Siz futbol bilan shug'ullanisizmi, unda faqat futbol ishlarini bajarishiz kerak. Lekin shunga qaramay boshqa ishlar bilan ham shug'ullanamiz. Kofe-breyk, egilik maxsulotlari va ichimliklar bilan ham o'z mutaxassislari ishlashlari kerak. Biz bazi bu erda ishlamoqchi bo'lgan tadbirkorlar bilan gaplashgandik. Biroq ular va xavfsizlik masalalri bilan bog'liq muammolar bo'lganligi sababli bu ishlar amalga oshmay qoldi. Sotuvchilar o'zlarining avvalgi uslublari bo'yicha ishlashga o'rganganlar. Bu erda esa odam ko'p bo'ladi va xavfsizlik birinchi darajada. Yani stakanlar, temir idishlar bilan narsa sotib bo'lmaydi. Ular esa bu sistema bo'yicha ishlay olmadilar. Bizlar ishlamoqchi bo'lgan tadbirkorlarga aytyapmiz, bu erda maxsus idishlar bilan narsa sotish zarur. Bu plastik, qog'ozli ichimlik idishlari bo'lishi kerak. SHu intervyu orqali biz bilan hamkorlikda ishlamoqchi bo'lgan tadbirkorlarga murojaat qilaman. Agarda siz biz bilan ishlamoqchi bo'lsangiz, unda bemalol kelib gaplashib olishingiz mumkin. Sizdan birinchi iltimosimiz, avvalo shu muxlislarni rozi qilib, biz aytgan maxsus idishlar bilan ishni yo'lga qo'ysangiz bas. Ijara haqqi ham u qadar ko'p bo'lmaydi. Agarda kimdadir shu xususida taklifi bo'lsa bemalol. Buni biz qabul qilamiz.


- Tasavvur qilamiz siz futbol muxlisisiz. "Nasaf"ning o'yiniga o'z mashinangizda kelishni istaysiz. Biroq bu erga kelganingizdan so'ng o'z avtoo'lovingiz qo'yishga maxsus joy yo'q. Nega bu muammo haqida hech bosh qotirilmaydi. Bu ham muxlislarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda?

- To'g'ri, yaxshi savol. So'nggi marotaba Saudiya Arabistoniga bordik. Meni xayron qoldirgan jihat shu bo'ldiki, stadion oldida deyarli 45 gektarlik avtomobillar turar joyi bor ekan. Buni ko'rib men xayron qoldim. Har bir muxlis o'z mashinasida futbolga keladi va uni stoyankaga qo'yadi. Bu narsa stadion qurilishi oldidan rejaga kiritilgan bo'lgan. Bizning stadion esa shahar o'rtasida joylashgan. Avtomobillar turar joyi qurish uchun joy yo'q. SHahar rahbariyati bilan bu borada ko'p gaplashganmiz. Lekin yana bir tomoni, xavfsizlik birinchi o'rinda turadi. Agarda tirbandlik yuzaga kelsa, bu yaxshilikka olib kelmaydi. SHu narsalarni ham o'ylash kerak. SHu mavzu borasida shahar rahbariyatiga yana murojaat qilamiz. Lekin ular ham menga aytishadi, qaerdan sizga joy beraylik deb? Bo'sh joy ham yo'qda. Kollej, institut joylashgan oldimizda. Bu narsani avvalo stadionni qurguncha proektda kiritib ketish kerak edi. Lekin bu narsa qilinmagan. Bu savol hali yana ko'tariladi. SHu sayt orqali barcha rahbarlarga murojaat qilmoqchiman, shu masala bo'yicha bizga yordam berishlarini iltimos qilamiz.

- OCHL o'yinlarida va Oliy liganing markaziy bahslarida muxlislar o'yindan ikki yoki uch soat oldin kelsalargina stadionga kirishga muvaffaq bo'lishadi. O'yindan yarim soat avval yoki o'yin payti kelishsa stadionga kira olishmayapti. Vaholanki ularni qo'llarida o'yin chiptasi bo'ladi. Bu kabi holatlar ushbu mavsumda juda ko'p uchramoqda. Muxlis chiptaga pul to'laydi, lekin stadionga kira olmayapti. Qo'lida chiptasi bor ishqiboz qaysi paytda kelishidan qatiy nazar stadionga kirishi shart! Lekin kira olmayotgan muxlislar ham anchaginani tashkil etmoqda. Bu deyarli firibgarlik bilan tengku. Klub muxlisni pulini oladi, lekin uni stadionga kirishini taminlab bera olmayapti. Futbol bu muxlislar uchun. Bu muammo qachon bartaraf etiladi?

- Bu juda xunuk holat. OFK reglamenti bo'yicha muxlislar o'yinga 2 soat vaqt qolganida kirishi mumkin. Undan ertaroq kira olishmaydi. OCHL o'yinlari doirasi oldidan bo'lib o'tadigan mitingda OFKdan kelgan uchrashuv komissari, Qashqadaryo Viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasi boshlig'i ishtirok etishadi. Bir narsani o'ylamoqdaman, shu mitingda keyingi yillar agarda yana ishtirok etsak, jurnalistlarni ham taklif etmoqchiman. Komissar aytadiki, o'yindan ikki soat avval hech bir muxlisni stadionga kirgizmaysan deb. Lekin ikki soat ichida 16 mingga yaqin ishqibozni kirg'izish juda qiyin ish. Keyingi masala, bizlar o'yin chiptasini uchrashuvdan ikki oldin chiqaramiz. Lekin qalbaki biletlar ham juda ko'p chiqib ketmoqda. Bazi muxlislarni Ichki ishlar xodimlari qalbaki bilet bilan qo'lga olishdi ham. Keyin muxlislar ham sal ertaroq o'yinga kelishsa maqsadga muvofiq bo'lardi. O'yinga yarim soat qolganida emas, bir soat avval kelishsin. SHunda muammo bo'lmaydi deb o'ylayman. Uchrashuvga 20 daqiqa qolganida kelgan muxlislarni stadionga olib kirish qiyin bo'lmoqda. Men Ispaniyada bo'lganman, Saudiya Arabistonida bo'lganman. Ularda bu  borada muammo yo'q. Yani ular o'yinga yarim soat, yoki 20 daqiqa qolganida emas, balki bir soat avval stadionga kirib o'tirishadi.

-CHet elda ishqibozlar istagan vaqtida keladi, yani ular asosan uchrashuvga 10-15 daqiqa qolganida kelishadi. Bunga o'zim ham guvohi bo'lganman. Keyin muxlislarga sen buncha vaqtda kelasan, yoki bir soat avval kelasan deb shart qo'ya olmaysiz. Klub bu borada echim topishi kerakku?

- Sizni gapingiz to'g'ri. Lekin bizlar biroz boshqacha bo'lishimiz kerakda. Hozir balki imkoniyatimiz yo'qdir. Balki bir-ikki yildan so'ng bu muammolarni bartaraf etarmiz. Hozirgi kunda muxlislar iloji boricha o'yinga bir soat vaqt qolganida kelishgani maqul. Hozirda stadionimizni xavfsizligi taminlash uchun shu muammolar bo'lib turibdi. Biz imkon qadar yana boshqa variantlarni izlab ko'ramiz. Xavfsizlik eng birinchi o'rinda turadi. Muxlislar ham bizni to'g'ri tushunishlari kerak.

-Qalbaki chiptalar ko'p chiqib ketyapti dedingiz. SHu muammoni bartaraf etish maqsadida “Bunyodkor” stadioniga qo'yilgan turniketlardan qo'ysa bo'lmaydimi?

- Buni ham biz o'ylagandik va shu narsani amalga oshirmoqchi bo'lgandik. Biroq gap pulga borib taqaladi. Agarda ushbu sistemani qo'ymoqchi bo'ladigan bo'lsak, unda 20 ming dollarga yaqin mablag' ketarkan. Hozirgi moliyaviy ahvolimiz bu ishni amalga oshirishga imkoniyat bermaydi.  Kelajakda bu ishni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Bu er “CHelsi” emas, yoki Alisher Usmonov kelib menga pul bermayapti. Bosh homiyimiz SHo'rtangazkimyo majmuasi imkon qadar bizga yordam bermoqda. Buning uchun klub prezidenti Odil Temirovga rahmat aytaman. Ularga ham qiyin, ularni ham to'g'ri tushunishimiz kerak. SHo'rtangazkimyo majmuasi butun Qarshi shahrini qurilish ishlarini olib bormoqda. Rahbariyatimizning imkoniyat darajasini ham to'g'ri tushunishim kerak. Muxlislar masalasi bo'yicha Qashqadaryo Viloyat Ichki Ishlar Boshqarmasi boshlig'i bilan ko'rishdim. Bu borada gaplashib oldik. Ularni ham to'g'ri tushunaman, ularga ham qiyin bo'lmoqda. Keyingi o'yinlarda boshqa muammolar bo'lmaydi deb vada berib, keyin yolg'onchiga aylanib qolmoqchi emasman. Keyingi uchrashuvlarda muammolar imkon qadar kamroq bo'ladi. Lekin aniq vada beramanki, bu masalada bosh qotiramiz va ishlaymiz. Keyingi mavsumlardan boshlab hammasi yaxshi bo'ladi.

- Stadionda kirishda nafaqat muxlislarda, balki jurnalist va CIP sektoriga chipta olgan muxlislarda ham muammolar etarli. OFK va PFL reglamentiga muvofiq OAV xodimlari stadionga kiraverishda muxlislar bilan to'qnash kelmasliklari ko'rsatilgan. Lekin bunga bu erda rioya etilmaydi. SHuningdek, bazi paytlari 13-sektor muxlislar bilan to'lgan paytda, qolgan ishqibozlar CIP sektorga kirolmay qolmoqda. Sababi, kirish joyi bitta. Xavfsizlik nuqtai nazaridan olib qaraganda, xavfsizlik xodimlari to'g'ri qilishadi. Yani to'lgan sektorni kirish joyi berkitiladi. Nega OAV xodimlari uchun ajratilgan “Media-tribune”va CIP sektoriga chipta sotib olgan muxlislar uchun alohida kirish joylari yo'q?

- CIP sektoriga alohida kirish joylari quriladi va bu borada stadion direktori ishlarni boshlab yubordi. Keyingi yildan boshlab bunaqangi muammolar kelib chiqmaydi. Jurnalistlar esa asosiy kirish joyi orqali kiraverishadi. Keyin muxlislarga murojaatim bor, Sizlardan iltimos, barcha o'zi sotib olgan chipta bo'yicha joyiga o'tirsin. Jurnalistlar uchun ajratilgan lojaga muxlislar kirib olishadi, yoki boshqa odamni joyini band etishadi. SHu ham ko'shimcha muammolarni keltirib chiqaradi. Barchani nazorat qilib bo'lmaydi. Oramizda shunaqangi ishqibozlar ham borda. Bu hammasi madaniyatdan bo'lsa kerak. Keyin o'yin kunlari jurnalistlar uchun ajratilgan loja tomon umuman bu sohaga aloqasi bo'lmagan odamlar kirib ketaveradi. Siz qaerdan siz deb so'rasam, men bu joyda ishlayman, men bu tashkilotdanman deb kirib ketaverishadi. Hamma o'z joyiga o'tirishi kerakku. Xizmatga kelgani xizmatda bo'lishi kerak. Futbol ko'rgani kelgan muxlis o'z joyida o'tirish kerak. Jurnalistlar uchun ajratilgan lojaga faqat OAV xodimlari bo'lishi zarur. SHundagina kelishmovchiliklar kelib chiqmaydi. Qonun hamma uchun barobar. Biz IIB xodimlari bilan birgalikda ishlaymiz. Barchamiz bu borada hamjihatmiz. Menimcha, keyingi o'yinlarda hammasi yaxshi bo'ladi.

- "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev so'nggi yillarda rahbariyat tomonidan jamoa oldiga hech bir aniq vazifa qo'yilmay kelayotganini takidlab o'tdi. "Nasaf"dek klub nega jamoa oldiga vazifa qo'ya olmayapti? Yoki ularga sharoit qilib berishga ko'zi etmaydimi rahbariyatni?

- Men ham bu erda Ro'ziqul Berdiev singari ishchiman aslida. Lekin rahbariyatga kiraman. Hamma o'z moliyaviy imkoniyatidan kelib chiqib ish qiladi. Bizga hozir murabbiy mana bu futbolchilar kerak, hujumchi, darvozabon, himoyachi kerak, olib berasan desa biz buni qilolmaymiz. CHunki sharoitimiz bunga yo'l qo'ymaydi. Jamoaga qachon pul bo'lishini aniq bilsanggina o'shanga qarat tarkib tuzasan. Bizni baxtimizda yangi mavsum oldidan Kablash “So'g'diyona”da edi. Biz so'nggi pallada uni jalb etdik. Avvaliga uning o'yinlarini ko'rib, o'zimizcha zo'rku deb maqtandik. Lekin aldandik. Undan tashqari ham biz yana ikkita-uchta hujumchi olishimiz kerak edi. Murabbiy to'g'ri aytmoqda, agarda uning qo'li ostida o'ziga kerakli futbolchilar bo'lmasa qanday qilib chempion bo'la olamiz deydi. Keyin men ham bizda tarkib kuchli emasligini ko'rib turibman, shunda qanday qilib ularga vazifa qo'ya olamiz? Homiylik tomonidan mablag' bilan taminlanib, vazifa qo'yishmasa biz nima qila olamiz? Hozirgi kunda futbolchilar o'z oldiga aniq bir maqsad va vazifa qo'ygan jamoalarga yo'l olishmoqda. Mana bu yili “Olmaliq” o'z oldiga vazifa qo'ygan. SHu boisdan ularga hozir istalgan futbolchi o'tishi mumkin. 2012 yildan boshlab “Nasaf”ga avvalgidek etibor yo'q. Homiyimiz bo'lmish SHo'rtangazkimyo majmuasiga ming rahmat. So'nggi pallada ular bizni tashlab qo'yishmadi va imkon qadar yordam berib kelishmoqda. Homiyligimiz Toshkentda “Bunyodkor” stadionini qurib bitkazdi. Bu ham oson ish emas. Yangi direktor kelganidan so'ng ahvolimiz biroz yaxshilandi. Buning uchun Odil Temirovga ming rahmat. Odil Temirov endi asta-sekin futbolga qiziqishni boshladi. Lekin shuni unutmaslik kerakki, biz tepaga ham chiqmadik, pastga ham sho'ng'imadik. Jamoa bir tekisda o'ynamoqda. Mana yaqindan boshlab vazifa qo'yish boshlandi.

(P.S.Intervyuning ertasi kuni SHamil Yarulin bizga shuni malum qildiki, endilikda jamoa oldiga bosh vazifa qo'yilgan. Klub bosh menejerining gaplariga ko'ra, "Nasaf" prezidenti jamoa oldiga oltin medallarni qo'lga kiritishni bosh vazifa etib tayinlagan.)




- Siz klub menejeri sifatida jamoa natijalaridan qoniqyapsizmi?

- To'g'risini aytaman, yo'q. Osiyo chempionlar ligasida juda katta harakat qildik. Harajat qilmadik, faqat harakat qildik. Agarda harajat bo'lganida, balki harakatlarimiz samara berarmidi. Lekin hozir hech kimdan xafa bo'lmasligimiz kerak. Mana o'sha yaponiyalik hakamdan ranjigandek bo'lyapmiz, ammo o'zimiz o'ynashimiz kerak edi. Ilhom SHomurodovni hujumchi deb hisoblaymizda. Ammo kim nima desa-desin, lekin u “Nasaf” darajasidagi hujumchi emas. Agarda SHomurodov “So'g'diyona”ga o'tadigan bo'lsa, u jamoaning haqiqiy etakchisiga aylanadi. Man uni tanqid qilmoqchi emasman, shunchaki “Nasaf” yangi darajaga chiqdi. To'rtta-beshta futbolchimiz bor, mayli ism-sharifini aytmayman. Ular o'z ustida qattiq ishlashlari kerak. Roy Rok, Artur Gevorkyandan o'rnak olishlari lozim. Kerak bo'lsa, murabbiy kelib menga SHamil aka man bu futbolchini qo'yib yubordim, bizga to'g'ri kelmadi desin. Lekin Ro'ziqul Berdievni ham tushunsa bo'ladi, Ilhom SHomurodovdan tashqari hech kim bo'lmasa qanday uni qo'yib yuboradi? OCHLda guruhdan chiqishimiz kerak edi. Keyin “Olmaliq”dan mag'lubiyatga uchramasligimiz lozim edi. “Metallurg” bilan uchrashuvda imkoniyatni boy berdik. Hakamlar golimizni inobatga olishmadi. Lekin baribir o'zimiz o'ynashimiz kerak edi. Mana shu ko'rsatgan natijalarimiz meni qanotlantirmadi.

- “Nasaf” klubi transferlar orqali pul ishlab olishni ko'zlaganmi? Umuman klubga futbolchilar bo'yicha rasman takliflar kelib turibdimi?

- Yosh futbolchilarimizdan Islom Kenjaboev, Aziz G'aniev, Odil Hamrobekovlar bor. Agarda istasak, ertagayoq ularni ikki qo'limizdan olib ketishadi. Lekin biz yoshlarimizni evropaga olsagina ularni bizga maqul kelmaydigan narxda ham berib yuborishimiz mumkin. CHunki ular u erda futbolchi sifatida o'sishadi va keyinchalik bizga bepul ijaraga qaytib kelishadi. Ammo ichki chempionatimiz jamoalariga ularni sotish bizga maqul emas. Bu noto'g'ri yo'l. Bu yo'l bilan biz kerakni mablag'ni ham ishlab ololmaymiz, ham bu futbolchining o'ziga ham foyda keltirmaydi. Bizni transfer siyosatimiz shuki, agarda futbolchini sotsak, faqat evropaga sotamiz. Aks holda ularni o'zimizda o'ynatamiz. Akademiyamiz avvalo asosiy tarkibimizga futbolchi etishtirib berishi lozim. Agarda shundan ortib qolsagina qolgan futbolchilarni sotishimiz mumkin. Lekin biz masalan legionerlarni sotib olaversak, unda akademiya nimaga kerak bizga degan savol tug'iladi. Akademiya hech bo'lmasa 20 foiz bolalarni bizga bersa, shularning 5 foizini sotsak bo'lardi. Hozir sanab o'tgan futbolchilarimiz hech bo'lmasa Sardor Rashidovdek bo'lsaydi. Agarda meni qo'limda Sardor Rashidov bo'lganidami, men uni evropaga sotib yuborardim. Masalan Germaniyaga. Ikki yildan so'ng qaytardi o'zimizga. Qaytganda ham haqiqiy “yulduz” bo'lib qaytardi. Lekin “Nasaf”da Sardor Rashidovdek iqtidor egalari yo'q.

- "Nasaf" yoshlar jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Zafar Xolmurodov istefoga chiqarildi. Buning sababi nimada? Xolmurodov qo'l ostida "Nasaf" yoshlari yomon natijalar qayd etishmayotgan edi.

-Bu erda hech qanday sir yo'q. Zafar Xolmurodov o'z arizasiga binoan ishdan ketdi. Zafar Xolmurodov yaxshi murabbiy bo'lib etishishi hali ochiq savol. U zo'r futbolchi bo'lgan, lekin bu unga yaxshi murabbiy bo'lishi uchun etmasligi mumkin. Zafar Xolmurodov o'zi ham buni yaxshi tushunib turibdi. Keyin Xolmurodovning shaxsiy muammolari ko'p. Agarda oilada muammolar tug'ilaversa, unda ishingizga ham bu o'z tasirini o'tkazmay qolmaydi. Xolmurodov shaxsiy muammolari tufayli ketdi.

- Zafar Xolmurodov “Nasaf”ning afsonasi hisoblanadi. Jamoa tarixidagi eng yaxshi to'purar futbolchiga hayrlashuv uchrashuvi naryoqda tursin, stadiondan munosib tarzda ham kuzatib qo'yilmagan. Bunga munosabatingiz qanday?

- Men kelganda Zafar Xolmurodov futboldan ketgandi. Ko'chada yurardi. Biz Ro'ziqul Berdiev bilan birgalikda uni ishga taklif qildik. Uning o'zi aytdi, men murabbiy bo'lolmayman, mendan murabbiy chiqmaydi dedi. Avvaliga uni Berdiev o'ziga yordamchi qilib oldi. Keyinchalik unga yoshlar jamoasini berdik. Meni fikrimcha, uch yil futbol o'ynamagan futbolchini qanday qilib kuzatib qo'yish mumkin? Bu meni shaxsiy fikrim. Endi kech bo'lgandi. Biz Ro'ziqul Berdiev bilan Zafar Xolmurodovni futbolga qaytardik. Qolgan ishni menga qadar ishlagan rahbariyat yoki murabbiylar qilishi kerak edi deb o'ylayman. Biz imkon qadar Xolmurodovni obruyini oshirishga harakat qildik. Uni murabbiy sifatida shakllantirmoqchi bo'ldik. Lekin odamni o'zi istamasa qolgani bekor. O'ziga bog'liq bo'lgan ishni inson o'zi qilishi lozim. Yana qaytarib aytaman, Zafar Xolmurodovni hech kim bu erdan haydamagan.

-“Nasaf”ning Ko'chma Televizion Stanciyasi bor edi. Qarshidagi futbol uchrashuvlari jonli efirda ekran yuzini ko'rardi. Bu narsa futbol muxlislariga qulaylik yaratib berayotgan edi. Biroq so'nggi yillarda KTS ko'rinmay qoldi. SHu masalaga oydinlik kiritib o'tsangiz?

- Oldingi rahbariyatimiz shu uskunalarni sotib olib berishgan. Bu juda qulayliklar yaratgandi. Nafaqat futbol o'yinlari, balki yurtimizdagi katta tadbirlarni ham bizning KTS tasvirga tushurgan. Buning uchun bizga bir qator maqtov aytishgan, rahmat aytib xatlar yo'llashgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan bizning KTS va “Bunyodkor”ning KTS MTRKga berilsin deb Vazirlar mahkamasining qarori chiqarildi. MTRK bizga vada berdiki, “Nasaf”ning Qarshidagi barcha o'yinlari, “Sevinch” futbol klubi uchrashuvlari tasvirga olinib, jonli efirda ko'rsatiladi deb aytishgan edi. Lekin hozircha bu ishlar amalga oshmadi. Bu masala hali ko'rib chiqiladi. Hozircha jimlik.

- “Nasaf”dagi qaysi futbolchining o'yini sizga ko'proq manzur bo'ladi?

- Umuman olganda hammasi yaxshi. Hech kimni ajratib bo'lmaydi. Agarda Artur Gevorkyanni aytsam, barcha biladi uning zo'rligini. Futbolchini nafaqat o'yini, balki odamgarchiligi, muomalasiga qarab ham yoqtirish mumkin. Jamoamizdagi futbolchilarni ajratib bo'lmaydi. Ro'ziqul Berdiev yig'gan jamoa bu bir katta oila. Bazi futbolchilar o'zimga ukamdek, o'g'limdek desam ham bo'ladi. “Nasaf”da yomon futbolchilar yo'q. Ularni yalqov ham deb bo'lmaydi. Vaqti bilan Farruh Sayfievni manziliga etirozlar bildirib turaman. Lekin Sayfiev gollarni ham urib qo'yadi. Sayfiev juda harakatchan, tirishqoq yigit. Eldor Suyunovni olsak, bu bola Berdiev bilan meni ko'z oldimda katta bo'ldi. Unga hech qanday etiroz bo'lishi mumkin emas. Suyunov “Mashal”dan kelganida asosiy tarkibga ham kirmas edi. Mana hozirda terma jamoa darajasidagi futbolchi bo'lib etishdi. Maqsud Karimov olaylik, qaerlardan kelib bizda o'ynamoqda. Xorazmdek uzoq joydan kelib “Nasaf” sharafini himoya qilmoqda. Bu o'zimizni yigit. SHu boladan kelajakda zo'r murabbiy etishib chiqadi deb o'ylayman. Gapni to'g'ri gapira oladi, muomalasi ham joyida. Jamoa ichida “avtoritet”. SHuhrat Muhammadiev biroz xomroqdir. Lekin uning texnikasi juda yuqori. Agarda o'z ustida mehnat qilsa, u kelajakda juda zo'r futbolchi bo'lib etishadi. Lekin futbolchining dushmani jarohat uni biroz to'xtatib qo'ygandi. Hamza Karimov bilan Botir Qoraev olsak, ularga ming rahmat. Ular boshqalarga haqiqiy o'rnak bo'lishmoqda. Agarda Botir Qoraev va Hamza Karimov bo'lmaganida, Odil Hamrobekov shu darajaga chiqarmidi? Kim biladi. Yoshlar tajribali futbolchilardan o'rnak olishadi. Bu futbolchilar jamoamiz “oqsoqqollari” hisoblanishadi. Keyin Ilhom Yunusov ham jamoamizning eng tajribali futbolchilaridan biri sanaladi. Uni “tiko” deymiz. Yunusov besh daqiqaga bo'lsa ham maydonga tushsa, o'yinga yangi ob-havo kiritib beradi. Vaqti bilan shartnoma tuzayotganda futbolchilar asosan manga shuncha oylik berasiz deydi. Lekin “Nasaf” shu narsani ko'rmadim. SHu sababdan bularni barchasini hurmat qilaman. Buning uchun Ro'ziqul Berdievga katta rahmat. Men ko'p murabbiylarni bilaman. Masalan men faqat ser Aleks Fergyussonni hurmat qilaman. U jamoani noldan olib chempionlik darajasigacha olib chiqdi. Endi Mourino olaylik, unga rahbariyat istagan futbolchini olib beradi va u keyin chempion qiladi. Lekin u ishni noldan boshlamagan. Joze Mourino kimni xohlasa unga klub prezidenti shu futbolchini sotib olib beradi. Endi Berdievni olaylik, unga juda qiyin. Ro'ziqul Berdiev “Nasaf”da ishni noldan boshladi. U menga mana bu futbolchini olib berasiz demadi. O'zbekistonda ham menga bu futbolchini olib berasiz deb aytadigan murabbiylar juda ko'p. Masalan Oliy ligada shunday jamoa borki, ularning tarkibida butun terma jamoa futbolchilari harakat qilishmoqda.

- Bu yildan boshlab chempionatimizda kelishilgan o'yinlarga qarshi jiddiy kurash boshlandi. Ochiqroq gapiradigan bo'lsak, shu ishlagan faoliyatingiz davomida kelishilgan o'yinlarga duch keldingizmi?

- Ochig'ini aytaman, shunaqangi toifadagi o'yinlarni sezganmiz. Lekin qo'l bilan ushlamaganingizdan keyin birovni ayblolmaysiz. Rosti bu toifadagi uchrashuvlar bo'lganini sezganman. Lekin bu yilgi murabbiylar o'rtasida bo'lib o'tgan majlisdan so'ng ko'pchilik juda xursand bo'ldi. SHu davr mobaynida qilgan ishlarimiz rasvo bo'ldida. Mana bu yilgi “Metallurg”ga qarshi uchrashuvimizni ko'rmagan odamlar “Nasaf” o'yinni sotdi deyishi ham mumkin. Lekin biz halol o'ynab kelyapmiz. Eski davr bilan yashaydigan bo'lsak, bu o'yinni sotganga chiqarishardi. Lekin barchaga rahmat, hozir halol o'yinlar bo'lmoqda. 2012 yillarda bizni uy uchrashuvlarimizda muxlislar tashrifi keskin kamayib ketdi. Kimdir artistlarni chaqirish kerak dedi. Lekin bu narsalar ishqibozlarni qaytara olmaydi. 1970 yillar Qarshi shahridagi “Mehnat” o'yingohida futbol bo'lardi. O'shanda Bloxin va boshqa bir qator futbol yulduzlari kelishardi. O'shanda biz futbol uchun emas, ularning nomlari uchun stadionga tushardik. Futbolga qaerda tushunardik. O'sha shaxslarning o'yinini ko'raman deb stadionga oshiqardik. Futbolni muxlislar uchun o'ynash kerak. Bizlar hozirda faqat natija yo'lida o'ynaymiz. Vaqti bilan maydonda yotamiz, vaqtni cho'zamiz. Bizda bitta futbolchi bor. Salgina tegib ketsangiz ham yiqilaveradi. SHu futbolchini ko'p so'kaman. Nima demoqchiman, bizlar chiroyli futbol ko'rsatishimiz kerak. Bizlar muxlislarni tarbiya qilishimiz kerak. Ishqibozlar Eldor Suyunov, Ilhom SHomurodovning o'yinini ko'rish uchun, ulardan dastxat olish uchun tashrif buyurishlari kerak. SHunga ularni o'rgatishimiz lozim. Muxlislar madaniyatini ko'tarishimiz zarur. O'sha kungi OCHL doirasidagi “Al Ahli”ga qarshi bahsdagi bitta kichkina tosh bizga 6 ming dollarga tushdi. Futbolni teatrga aylantirishimiz kerak. “Nasaf” agarda mag'lub bo'lsa, men bir-ikki kun ko'chaga chiqa olmayman.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.


SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.

Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика