So’nggi yangiliklar

00:06Мората ижтимоий тармоқлар ҳақида: "Родри қолганлардан хотиржамроқ"  0 23:09Фирмино ва Махрезнинг голлари туфайли "Ал Аҳли" йирик ғалабани тантана қилди  0 23:04Элит ОЧЛ. Остон Ўрунов жамоаси дурангга рози бўлди  4 23:00"Ал Ҳилол" - "Истиқлол"  2 22:42Эшитдик-да! "Пахтакор"нинг Эрон клубига қарши ўйини Тожикистонда ўтиши мумкин  6 22:13"Арсенал"ни тарк этаётган Эду Гаспар бирданига 3та клубни бошқаради ва маоши 3 баравар ошади  1 21:35"Ал-Райян" бош мураббийи: "Дастлабки турларда Саудия "гранд"ларига қарши ўйнадик. Икки жамоа учун ҳам очколар жуда-жуда зарур"  3 21:17Аморим "Манчестер Сити"га қарши баҳс ҳақида: "Агар "Спортинг" ютса кимлардир МЮга янги Фергюсон келяпти дейди"  2 19:52Бруну Фернандеш: "Тен Хагдан кечирим сўрадим"  4 19:211 ой олдин "Насаф"га мағлуб бўлган мураббий "Рома"да Шомуродовнинг янги устозига айланиши мумкин  6 18:52МЮ афсонаси: "Манчестер Юнайтед" - мутлақо ўртамиёна жамоа"  1 18:25Дербида кучлар тенг келди ГАЛЕРЕЯ  0 17:5619 ёшли тўпурар ва бошқалар — Суперлигада 23-турнинг энг яхшилари  3 17:30Эшитдик-да! "Металлург" ва "Қизилқум"га таъқиқ қўйилади, "Нефтчи" ва "Навбаҳор" ҳам жазоланиши мумкин  8 17:03Ўзбекистон МТЖнинг ноябрь ойидаги йиғин учун тахминий таркиби  58

Men – mundial mergani yoxud JCH tarixidagi to'purarlar Yangiliklar

Men – mundial mergani yoxud JCH tarixidagi to'purarlar

Quyidagi satrlarga ko'z yugurtirib, tarixni bir yodga oling va o'tgan jahon chempionatlarini eslang!

Biri-biridan qiziqarli o'tgan turnirlarda kimlar to'purar bo'lganini bilib oling...

JCH-1930: Gilerme Stabile (Argentina; 2-o'rin) - 8ta gol


Aslida, Gilerme ilk bor tashkil etilgan jahon chempionatida bundan ham ko'proq gol urishi mumkin edi. Biroq u Argentinaning Franciya terma jamoasiga qarshi o'tgan guruhdagi birinchi o'yinini o'tkazib yuborgan. Negaki, Stabile asosiy tarkib futbolchisi hisoblanmas, terma jamoaning mohir hujumchisi Roberto CHerroning jarohat olishigina Stabilening ikkinchi turdan maydonga tushishiga zamin yaratgandi. Muhimi, Gilerme ketma-ket gol ura boshladi va uning gollari Argentinaning finalga chiqishiga katta yordam berdi. Biroq o'sha davrning eng kuchli termasi bo'lgan Urugvayni mag'lub etishni Albiseleste uddalay olmadi.

 

JCH-1934: Oldrjix Needli (CHexoslovakiya; 2- o'rin) - 5ta gol


To'rt yillik tanaffusdan so'ng tashkil etilgan ikkinchi mundialda ham to'purarlik maqomi musobaqa g'olibi emas, final ishtirokchisiga nasib qildi. Darvoqe, buning ham o'z tarixi bor. Gap shundaki, 70 yildan ko'proq vaqt davomida JCH-1934da to'rttadan gol urgan uch nafar futbolchilar - chexoslovakiyalik Needli, italiyalik Skyavio va germaniyalik Konenlar to'purar sifatida etirof etib kelindi. Biroq 2006 yilga kelib FIFA Oldrjix yarim finalning Germaniya terma jamoasiga qarshi o'yinida ikkita emas, uchta gol urganini rasman tasdiqladi. SHu tariqa, Needli JCH-1934ning tengsiz to'purariga aylandi. Achinarlisi, bu quvonchli xabardan zavq olish Oldrjixga nasib etmadi: u olamdan o'tgandi.

 

JCH-1938: Leonidas (Braziliya; 3-o'rin) - 8ta gol


qora brilliant  laqabi bilan tanilgan Leonidas Braziliyada Pele davriga qadar eng kuchli hujumchi sanalar, o'z mamlakati shanini 37 o'yinda himoya qilib, ularda 37ta gol urgandi. 1938 yilgi mundialda Leonidas to'rtta uchrashuvda ishtirok etib, ularda 8ta gol uradi. qizig'i shundaki, selesao ustozi Ademar Pimenta yarim finalning Italiya termasiga qarshi o'yinida Leonidasni maydonga tushirmaydi. Bu borada mavjud bo'lgan ikki taxminning biriga ko'ra, o'yindan oldin hujumchi jarohat olgan. Ikkinchi taxminda aytilishicha, murabbiy bu raqibni osongina mag'lub etishni rejalashtirgani bois, Leonidasni finalga asrab qo'yadi. Xullas, yakunda Braziliya yarim finalda mag'lub bo'ladi. Leonidas esa uchunchi o'rin uchun SHveciya termasiga qarshi o'yinda gollari sonini ko'paytirib olgan.

 

JCH-1950: Ademir (Braziliya, 2-o'rin) - 8ta gol


Braziliyaliklar 1950 yilgi mundialda faqat va faqat chempionlikni mo'ljal qilishgandi. CHunki bu JCH aynan Braziliya mamlakati mezbonligida o'tgan. Ammo ming afsuski, chempionat yakunida mezbonlarning umidlari chippakka chiqdi va sovrinni yana urugvayliklar ilib ketishdi. Braziliyaliklarga hatto  Ademirning 8ta goli ham yordam bermadi.

 

JCH-1954: SHandor Kochish (Vengriya, 2-o'rin) - 11ta gol

SHunisi qiziqki, JCHlarning aksariyat to'purarlari negadir chempion bo'la olishmagan. SHandor Kochish ham ana shunday hujumchilardan biri. Aslida, o'sha yili mundial g'olibligi vengriyaliklarga nasib etishi kerak edi. CHunki ularda juda kuchli jamoa shakllangandi. Misol uchun, guruh bosqichida GFR termasini 8:3 hisobida tor-mor qilishdi. Kochish esa bu o'yinda poker qayd etdi. Biroq taqdirning hazilini qarangki, aynan nemislar finalda Vengriya termasidan o'ch olib, chempionlikni nishonlashdi.

 

JCH-1958: Jyust Fonten (Franciya, 3-o'rin) - 13ta gol

Otasi francuz, onasi ispan bo'lgan bu futbolchi JCHlardagi mahsuldorlik bo'yicha yaqqol rekordchi hisoblanadi. Aftidan, endi bu natijani takrorlash hech kimga nasib qilmasa kerak. To'g'ri, hozirgi zamonda Messi va Ronalduga etadigan futbolchi yo'q. Ammo ular Fontenning rekordini yangilash uchun mundialda aytaylik, Fiji yoki Gibraltar kabi terma jamoalarga qarshi o'yin o'tkazishlari zarur. Xullas, Jyust Fonten deyarli bir o'zi Franciyani yarim finalga olib chiqdi. Ammo Pele boshchiligidagi Braziliya uch ranglilar yo'lini to'sib qo'ydi.

 

JCH-1962: Garrincha va Vava (Braziliya, 1-o'rin); Leonel Sanches (CHili, 3-o'rin); Drajan Erkovich (Yugoslaviya, 4-o'rin); Florian Albert (Vengriya, chorak final); Valentin Ivanov (sobiq ittifoq, chorak final) - 4tadan gol.


CHili mezbonlik qilgan bu galgi mundial jamoatchilikka yaqqol to'purar hujumchini taqdim etmadi. Lekin boshqa tomondan, chempionat to'purarligi biryo'la olti nafar (!) futbolchiga topshirildi. Bu ham bir syurpriz axir...

 

JCH-1966: Eysebio (Portugaliya, 3-o'rin) - 9ta gol


Futbol vatani mezbonlik qilgan ushbu chempionat finalida Angliya va GFR termalari to'qnash kelishdi. Ammo mundialning qahramoni sifatida portugaliyalik Eysebio dong taratdi. qora Pantera laqabiga munosib ko'rilgan futbolchi guruh bosqichida amaldagi chempion hisoblangan Braziliya darvozasiga ikkita gol urib, Peleni musobaqadan chiqarib yubordi. CHorak finalning KXDRga qarshi o'tgan o'yinining 25-daqiqasida portugaliyaliklar 0:3 hisobida yutqazishayotgandi. Biroq keyinchalik Eysebio ketma-ket gollar urib, pokerga erishadi va yakunda Kolumb avlodlari bronza medallariga ega chiqishadi. Etiborlisi, uchinchi o'rin uchun o'tgan o'yinda Eysebio yaqin do'sti bo'lgan afsonaviy Lev Yashin darvozasiga penaltidan gol uradi. Rivoyatlarga ko'ra, mohir darvozabon do'stidan to'pni u qayoqqa tepishini so'ragan va hatto savolga to'g'ri javob ham olgan ekan. Ammo baribir, qora Panteraning zarbasini qaytarish Lev Ivanovichga nasib qilmaydi...

 

JCH-1970: Gerd Myuller (GFR, 3-o'rin) - 10ta gol


Jahon futboli tarixidagi afsonaviy hujumchilardan biri Meksikadagi mundialda raqiblar darvozasiga 10ta to'p kiritadi. Biroq oxir-oqibatda, yana o'sha qora anana davom etadi: eng yaxshi hujumchi faqat uchinchi o'rin bilangina cheklanadi.

 

JCH-1974 : Gjegoj Lyato (Polsha, 3-o'rin) - 7ta gol


Lyatoning tarixi Gilerme Stabilening sarguzashtlari bilan deyarli bir xil. Zero u ham aslida asosiy tarkib azosi hisoblanmasdi. Biroq Polsha termasining faxri bo'lgan Vlodzimej Lyubanskiy saralash o'yinlarining birida jiddiy jarohat olgach, Lyato katta sahnada paydo bo'ladi va mundial davomida Argentina, Gaiti, SHveciya va Braziliya terma jamoalari darvozalarini aniq nishonga oladi.

 

JCH-1978: Mario Kempes (Argentina, 1-o'rin) - 6ta gol

Ko'rib turganingizdek, to'purar futbolchining jahon chempioni bo'lishi uchun yarim asr vaqt kerak bo'ldi. JCH-1978 vaqtida Mario Argentina terma jamoasidagi yagona legioner hisoblanar, aniqroq aytganda, u Ispaniyaning Valensiya klubi sharafini himoya qilardi. Final o'yini arafasida Kempes gollari soni borasida gollandiyalik Rensenbring va perulik Kubilyaslardan ortda qolayotgandi (ularda 5tadan gol bor edi). Lekin argentinalik hujumchi hal qiluvchi o'yinda Gollandiya darvozasiga ikki marta gol urib, raqiblarini dog'da qoldirdi.

 

JCH-1982: Paolo Rossi (Italiya, 1-o'rin) - 6ta gol


Paolo Rossi ham Kempes singari, final o'yinida o'zini ko'rsatib, shaxsiy sovrinni oltin medal yoniga qo'shib qo'yadi. GFR darvozasiga urilgan so'nggi gol bo'lmaganda, to'purarlik maqomi Karl-Xaync Rummeniggega nasib etishi aniq edi. Hayratlanarlisi, Rossi chempionatdan ikki yilcha muqaddam kelishilgan o'yinlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, diskvalifikaciyaga uchragan va ayni mundial arafasida jazo muddati tugagandi. Ikki yil o'yin amaliyotisiz qolgan futbolchi mundialda shunday hunarlar ko'rsatadiki, asti qo'yaverasiz. Aytgancha, 1982 yilgi Oltin to'p ham xuddi shu amaliyotsiz futbolchiga nasib qilgan!

 

JCH-1986: Gari Lineker (Angliya, chorak final) - 6ta gol


Hozirgi davrning eng mashhur tahlilchilaridan biri yaqin o'tmishda ajoyib to'purar hujumchi edi. Lineker 1986 yilgi mundialda sermahsullik ko'rsatib, to'purar bo'ladi-yu, inglizlar termasi chorak finalda qolib ketadi. Kim biladi deysiz, agar o'sha mashum o'yin va Maradona ijrosidagi Ilohiy qo'l sahnasi bo'lmaganida, Lineker bundan ham ko'proq gollar urarmidi?..

 

JCH-1990: Salvatore Skillachi (Italiya, 3-o'rin) - 6ta gol


Salvatorening sarguzashtlari ham ajoyib: u Italiya termasi uchun jami 7ta gol urgan va ularning faqat bittasigina boshqa musobaqaga to'g'ri kelgan. Aslida, Italiya termasi ustozi Vichini JCH-1990 arafasida Yuventus vakiliga uncha ishonch bildirmayotgandi. Ammo Skillachi eng muhim pallada Avstriya darvozasiga g'alaba to'pini kiritdi-yu, u yog'i bir tekis ketaverdi: CHexoslovakiya, Urugvay, Irlandiya, Argentina, Angliya termalari darvozabonlari Salvatorening zarbalariga dosh berisholmadi...

 

JCH-1994: Oleg Salenko (Rossiya, guruh bosqichi); Xristo Stoichkov (Bolgariya, 4-o'rin) - 6tadan gol


Xristo Stoichkov o'sha paytlari Barselonaning yulduzi edi va Bolgariya termasining yarim finalgacha etib borishida uning xizmatlari katta. Biroq Salenkoning eng yaxshi to'purarlar poygasida paydo bo'lib qolishi ham ajoyib voqea bilan bog'liq. Negaki, u Kamerun termasiga qarshi o'tgan o'yinning o'zida naq 5ta golni o'z nomiga rasmiylashtirgan. Muhimi, mundiallarning bir o'yinida shuncha gol urish hali hech kimga nasib qilmagan.

JCH-1998: Davor SHuker (Xorvatiya, 3-o'rin) - 6ta gol


To'g'risini aytish kerak, 1998 yilgi mundialda Xorvatiya termasi haqiqiy mo'jiza ko'rsatdi. Negaki, yangigina tashkil topgan mustaqil davlatcha termasining shunday yuksaklarga parvoz qila olishi mumkinligi hech kimning tushiga ham kirmagandi. SHuker esa u paytlari bejizga Madridning Realida to'p surmasligini barchaga isbotladi.

 

JCH-2002: Ronaldo (Braziliya, 1-o'rin) - 8ta gol


Yana bir hayratlanarli voqea: Ronaldo mundialgacha bo'lgan so'nggi ikki yilni futbolsiz o'tkazadi. Zero u tizzasidan og'ir jarohat olgandi. Biroq Ronaldo JCH arafasida tuzalib, safga qaytdi va Luis Felipe Skolarini mundialda albatta, naf keltira olishiga ishontirdi. Buni qarangki, Fenomen vadasida turdi! Yoshi kichik futbol muxlislari ishonmasliklari mumkin, Braziliya va Germaniya terma jamoalari ishtirokidagi o'sha final o'yini boshlanishi arafasida FIFA turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida germaniyalik darvozabon Oliver Kan tan olinganini rasman malum qiladi. Ammo Ronaldo hal qiluvchi bahsda kimsan - xuddi o'sha Kan darvozasiga bir emas, ikkita gol urib, ushbu mukofotning haqiqiy egasi aslida kim ekanini ko'rsatib qo'yadi. FIFAdagilar salgina shoshishgan, chog'i.

 

JCH-2006: Miroslav Kloze (Germaniya, 3-o'rin) - 5ta gol


Aslini olganda, Kloze JCH-2002 vaqtida ham raqiblar darvozasiga beshta gol urgan, biroq Ronaldoga eta olmagandi. Keyingi mundialda Miroslav yana shuncha gol urib, JCHlardagi umumiy gollar hisobi bo'yicha braziliyalik hujumchidan o'tib ketadi.

JCH-2010: David Vilya (Ispaniya, 1-o'rin); Uesli Sneyder (Gollandiya, 2- o'rin); Tomas Myuller (Germaniya, 3- o'rin); Diego Forlan (Urugvay, 4-o'rin) - 5tadan gol


JAR mamlakati mezbonlik qilgan va hamyurtimiz Ravshan Ermatovga shuhrat keltirgan navbatdagi JCHning to'purarlar poygasida do'stlik g'alaba qozonadi. Yani sovrindorlar qatoridan joy olgan to'rttala jamoa to'purarlar ro'yxatiga bir nafardan futbolchisini joylashtiradi. Nima ham derdik, mundiallar tarixidagi eng adolatli natija.

 

JCH-2014: Xames Rodriges (Kolumbiya, chorak final) - 6ta gol


Braziliyada o'tgan so'nggi mundialning Oltin butsa sovrini kolumbiyalik Xames Rodrigesga nasib qilishini ko'pchilik kutmagandi. Biroq yigitcha shunchalik hayratlanarli o'yinlar namoyish qildiki, natijada uning qarshisida Madridning Real klubi eshiklari ochildi. Xamesning JCHdagi gollari hali ko'pchilikning yodida. Ayniqsa, Urugvay darvozasiga kiritilgan to'p...

Maqola so'nggida shuni eslatishni istardik: JCHlar tarixida hali hech bir futbolchi ketma-ket ikki marta Oltin butsaga ega chiqmagan. Rossiyada o'tadigan JCH-2018 arafasida esa biryo'la ikki futbolchida shunday imkoniyat yuzaga kelmoqda - Tomas Myuller va Xames Rodriges. Ko'ramiz, balki shu futbolchilarning biri yangi tarixni - o'z tarixini yaratar?...


I.RAHIMOV tayyorladi

Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика