So’nggi yangiliklar

00:45Испания - Швейцария  0 00:45Хорватия - Португалия  4 23:29Ўзбекистонлик ҳакамлар ЖЧ-2026 саралаш учрашувида ишлайди  1 23:01Алдервейрелд ваҳима касаллиги туфайли Бельгия терма жамоасини тарк этганини айтиб берди  0 21:09Аморимга трансферлар учун тен Хагга нисбатан камроқ пул беришади  3 20:45Эшитдик-да! "Нефтчи" икки мураббийга жавоб бермоқчи  11 20:31"Бавария" стадионидаги чим U15 жамоаси майдонига юбориляпти  7 20:28"Қизилқум"нинг икки футболчисига бир қатор клублар қизиқмоқда  2 19:54Саудия Арабистонида можаро авж олди. Айрим легионерлар маош олишмаяпти  6 19:28Футзал бўйича Олий лига. "Максам-Чирчиқ" "Металлург"дан устун келди  0 19:07Ўзбекистон U-15 терма жамоаси Тошкентда йиғин бошлади  0 18:48КХДР термаси бош мураббийи: "Ўзбекистонга қарши алоҳида стратегиямиз мавжуд"  48 18:31Жамшид Болтабоев чиндан ҳам "Нефтчи" билан келишиб олдими? Футболчининг ўзи жавоб берди  10 18:12"Ливерпуль" Салоҳга муносиб ўринбосар топди  5 17:45"Сити" Ҳоландни Премьер-лигадаги энг кўп маош олувчи футболчига айлантирмоқчи  4

Mayli-da, kimgadir yoqsa, yoqmasa Yangiliklar

Mayli-da, kimgadir yoqsa, yoqmasa

Bir necha kun muqaddam Superliganing navbatdagi bahorini qarshi oldik.

O'zbek futboli deganda, ko'pchilikning qarashida terma jamoaning jahon chempionatiga chiqa olmagani-yu, ular uchun atalgan o'zbek so'kishlar enciklopediyasidagi so'zlarning madh qilinishi tushuniladi. Vaholanki, boshqa jamoaviy sport turlarimiz qayd etayotgan natijalar haqida tasavvurga ham ega emas. Qolaversa, tishkovlagichni tishlarining orasiga qistirib, og'ziga keladiganini gapiradigan akaxonlarimizning ko'pchiligi o'zi istiqomat qiladigan viloyat yaki tuman shanini himoya qiladigan klubning natijalaridan bexabar. Albatta, jamoasi mag'lubiyatga uchraganda ham stadionga tashrif buyurib, suyukli klubining dardiga sherik bo'ladiganlar bundan mustasno. 

Coca Cola Superligasining navbatdagi bahorini ham qarshi oldik. Dastlabki tur natijadlariga ko'ra, o'zbek xalqining naqadar mehmondo'st ekanligiga guvoh bo'ldik. Yani, o'tkazilgan etti uchrashuvning oltitasida mehmonlar mezbonlarning borini supuprib ketishdi. Faqatgina "Navbahor" klubi "Mehmon mehmonni sevmas, Mezbon hammasini sevmas", maqoliga rioya qildi.

Joriy mavsumning dastlabki turiga avvalgilariga qaraganda kamroq qorako'z tashrif buyuribdi. Bazi uchrashuvlarda chinini aytganda esnoq tutgan bo'lsa, ayrim uchrashuvlar hakam hushtagi jonli ijroda kuylagunga qadar kresloda o'tirishga majbur qildi.


METALLURG – NEFTCHI

Dastlabki uchrashuvlardan biri Bekobodda bo'lib o'tdi. Hamma lash-lushini olib, Turkiyaga jo'nagan bir pallada "Uyda yolg'iz" qahramoniga aylangan "Metallurg" "arazi"ni "Neftchi"ga qarshi o'yinda to'kib-sochdi. 

Luisma Ernandes shogirdlari dastlabki o'yinni bo'sh o'tkazishdi, biroq ularning o'z maydonidagi yirik mag'lubiyati meni taajjubga solgani yo'q. Qolaversa, Toshkent viloyati jamoasining kelajagidan qayg'urmayman. To'g'ri, "Metallurg" nafaqat "Neftchi", balki chempionatdagi eng kuchsiz deya hisoblanishi mumkin bo'lgan jamoalarga ham istalgan hisobda yutqazishi mumkin, biroq jamoa baribir Superligada qolishni uddalaydi. Qolgandayam, o'ninchi o'rindan pastga tushmaydi. Bekobodliklarning shu jihatiga qoyil qolmasdan iloj yo'q. 

"Neftchi" esa haqli g'alaba qozondi, biroq ularda ham etarlicha muammolar borligini guvohi bo'ldik. Levchenko shogirdlari raqib darvozasiga atigi uchta aniq zarba berib, maksimal foydalandi. Himoyada esa ularning baxtiga raqib straykerlari vaziyatlarni dafn qilib qo'ya qolishdi. SHunga qaramay, farg'onaliklar raqibni yaxshi o'rganishgan. "Metallurg" esa "otrabotka" topshirishi kerak bo'ladi. Ularni oldinda vodiyning yanada qo'rqinchliroq klubi, yuqorida takidlaganimizdek mehmon ekan izzat qilib o'tirmaydigan "Navbahor" kutib turibdi. "Neftchi" futbolchilari ham Ronaldino singari kulishlari shart emas, ular kelgusi turda mamlakatning amaldagi chempionini qabul qiladi.


PAXTAKOR – OLIMPIK

"Olimpik"ning esa "Paxtakor" ustidan qozonilgan g'alabasidan xursandman. Bu bilan "Paxtakor"ni yomon ko'raman yoki aksincha, yosh jamoaning fanatiman degan qarashlardan yiroqman. SHunchaki, o'tgan yili alanga olgan yigitlarning shijoati so'nmaganidan mamnunman. Yani, "Olimpik" poytaxt klubi o'rnida "Navbahor" yoki "Nasaf"ni mag'lub etganida ham kayfiyatimni o'zgartirmasdim. Biroq Kapadze shakllantirayotgan jamoada ham remont qilish kerak bo'lgan jihatlar mavjud ekanligi ko'zga tashlandi. Jumladan, Nazarov o'rniga 2,5 ga 7 metrli darvoza qo'riqchisiga aylangan Abdunabiev sal qolmasa Kariusning holiga tushishi tayin edi. Yaxshiyamki, baxtiga uning jamoasi choyxona qilishga arzigulik natija qayd etdi. Kapadze o'tgan yili shogirdlarini hali yosh ekanligini, shakllanish uchun vaqt talab etishini ko'p bora takidlardi. Biroq endilikda bu gapning changi ko'kka sovurilishi hech gap emas, chunki yigitlar ulg'ayshdi hamda Superliga muhitini his qilib bo'lishdi.

"Paxtakor" esa "Olimpik"ga qarshi bahsda go'yo Mersga qarshi O'zAvtomotors kabi harakatlandi. Qolaversa, nazdimda, "sherlar" safida markaziy hujumchi etishmadi. CHeranning hujum ortida samarasi ko'proq tegadi, Rashidov ham o'z joyida foydaliroq o'yin namoyish etishi, shubhasiz. SHackixdan bir narsa uchun — yoshlarga qo'rqmasdan imkoniyat taqdim eta olishidan xursandman, o'tgan mavsum Fayzullaev hamda Azmiddinovni yangidan kashf qilgan bo'lsak, joriy mavsum ularning soni oshishidan umidvormiz. "Paxtakor"ni kelgusida turda yana bir jiddiy sinov kutib turibdi, klub dastlabki turda yirik g'alabani tantana qilgan "Neftchi" maydoniga safar uyushtiradi.


SO'G'DIYONA – BUNYODKOR

Odamzod biror kishiga ko'ngil qo'ysa hamda ayriliq degan dardga mubtalo bo'lsa, o'sha bevafoni yoinki boshqa tarifga mos kishini uzoq vaqt miyasidagi fleshkasidan o'chira olmaydi. "So'g'diyona" ham OFK kubogidagi mag'lubiyatini hamon unuta olmayapti. Yorqin Nazarov shogirdlari o'z muxlislari qarshisida kechgan bahsda atigi bitta aniq zarba yo'llashning imkonini topa olishdi. Bundan tashqari, jizzaxliklar o'zining asosiy hujumchisi SHohro'z Norxonovdan ayrildi. Kelgusi o'yinlarda ham shu taxlitda o'yin namoyish etsa, "bo'rilar"ning qolgan tishlari ham ko'zmunchoqqa aylanishi hech gapmas.

"Qaldirg'ochlar"ning parvozi esa qay darajada yuqori ekanligini keyingi turda OKMKga qarshi bahs ko'rsatib beradi.


NAVBAHOR – QIZILQUM

"Navbahor" o'z oldiga o'tgan yilgidan-da yuqoriroq maqsadlarni qo'ydi, tarkib jihatdan ham sezilarli kuchayishga erishdi. SHu bois, namanganliklarning raqobatchilariga joriy mavsum oson bo'lmaydi. "Lochinlar" yuksak qoyalar sari parvozga shaylanganliklarini dastlabki turdayoq isbotladi — Navoiyning "Qizilqum" klubi yirik hisobda taslim etildi. Biroq yana bir narsa meni ko'pincha hayratga soladi va achinishga majbur qiladi — "Qizilqum" klubining etakchi, umuman, ko'pgina klublarga qarshi o'yinlarida darvozabon yoki himoyachi antiqa xatolarga yo'l qo'yadi. O'tgan yili Nesterovday posbonda ham shu kabi hoalt kuzatilganidan so'ng jamoa Kurtua kelsa ham shu holga tushsa kerak degan tasavvur uyg'ongandi. "Navbahor"ga qarshi bahsda ham burchak zarbasidan so'ng to'pni bemalol qaytarishi mumkin bo'lgan Ilyosov to'pni o'tkazib yubordi, joy tanlashda adashdi, mayli, uchinchi gol yuzaga kelishida xato pas berdi, bu ham mayli, to'pni egallab olgan Iskanderovning pasidan so'ng chala podkat tashlagan SHukurillaev, so'ngra oyog'iga to'p tekkan Tolmasov "bexosdan" to'pni o'tkazib yubordi. Mayli. 88-daqiqada Iskanderovning markazdan oldinga uzatgan yana bir pasidan so'ng yana oyog'iga cho'zmagan (balki cho'zsam etmaydi deb o'ylagandir) Tolmasovdan, so'ngra oyog'ini cho'zib ham to'pga teginolmagan Mamatxo'jaevdan to'p "noxosdan" (hadeb bexosdan deyaveramizmi) o'tib ketdi. SHunday vaziyatdan esa Sobirjonov qurg'ur foydalana olmadi. Mayli-da, kimgadir yoqsa, yoqmasa.


NASAF – ANDIJON

Qarshidagi bahs esa misoli "Tinch Don"ni eslatdi. Jamoalar gol urishi tugul, darvozaga aniq zarba bergunga qadar mizg'ib olishga ulgurdim. "SHum bola" filmidagi qahramonning "Qurg'on ham yondi, ombor ham yondi" deganidek, "Nasaf"da ham Norchaev ketdi, Lima va Stanoevich jarohatda, yangi kelganlar esa hali to'liq moslashib ulgarmagani ko'zga tashlandi. "Andijon" esa uchrashuv uchrashuv davomida bor-yo'g'i bitta aniq zarba yo'lladi, aniq bo'lgandayam, unutilmas zarbaga aylandi. "Nasaf" o'yin davomida nisbatan ustunlikka ega bo'ldi, futbolchilar uzun paslarning ko'pini maromiga etkazdi, ammo qisqa paslarga kelganlarda qoshlarni chimirishga arzigulik harakatlar ko'p bo'ldi. Qolaversa, "Andijon" psoboni ham ikki bor jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi. "Nasaf" kamchiliklarini barataraf etmasa, kelgusi bahsda "Turon"dan ham syurpriz qabul qilib olishi mumkin. "Andijon" esa "Surxon" maydoniga safar qiladi hamda ilk turdagi muvaffaqiyat tasodif emasligini isbotlashga harakat qiladi.


SURXON – OKMK

Menga birinchi bo'limdagi "Surxon" yoqdi. Ushbu taymda Sergey Arslonov shogirdlari olmaliqliklarga qaraganda yaxshiroq taassurot qoldirdi. Biroq ikkinchi bo'limda "uchar tulporlar" taqasidan judo bo'ldi, hatto raqib jamoa darvozasi tomon birorta zarba yo'llay olmadi. Qosimov shogirdlari esa tanaffusda dakkining "dodasini" eshitgan bo'lsa, ajabmaski, ikkinchi bo'limda himoyadagi xatolarni berkitishga muvaffaq bo'ldi. O'sha birinchi bo'limdagi "Surxon" o'z yurishida davom etsa va ikkinchi bo'limda o'sha jamoani qidiruvga bermaydigan bo'lsak, yaxshi natijalar qayd eta olishiga shubhalanmayman. Termizliklar kelgusi turda kimsan "Nasaf" maydonidan 3 ochko bilan qaytagan "Andijon"ni qabul qiladi. "Surxon" o'z maydonidagi so'nggi 4 o'yinda vodiy jamoasiga yutqazmagan. Biroq bu safarga bahsda ancha ter to'kishiga to'g'ri keladi. OKMK esa "Bunyodkor"ga qarshi bellashadi. "Madanchilar" so'nggi bor 4 yil muqaddam poytaxt klubga yutqazgan. SHunga qaramay, Jizzaxdan o'zlari ko'zlagan natija bilan qaytgan yosh "qaldirg'ochlar"ga qarshi bahs shiddatli ruhda o'tishi kutilmoqda.


TURON – BUXORO

Mana shu juftlik ko'pchilik etiboridan chetga qolgan bo'lishi mumkin, ammo mening diqqatimga magnitlarini ishga tushirdi. Superliga sog'inchi bilan qaytgan ikki klubning dastlabki turda qoniqarli natija qayd etishi muhim ahamiyat kasb etardi. Qolaversa, ikki klubning Pro-ligadagi hisob-kitoblari ham mavjud edi. Uchrashuvda "Buxoro"ning ikkinchi bo'lim boshidayoq bir kishi kam bo'lib qolganiga qaramay, shijoatini so'ndirmadi. SHaxsan Iminovning bellashuv davomida say-harakatlari ijobiy taasurot qoldirdi. "Turon" esa g'alabani o'zlari raqiblariga "tortiq" qilib yubordi. Asosan standart vaziyatlarga tayangan klub bundan unumli foydalandi. Biroq ikkinchi golni o'z posbonining ibora bilan aytganda poliz mahsulotini tushirib yuborgani qimmatga tushdi. Yaypanliklar 2-turda Qarshiga safar uyushtiradi. "Nasaf" esa birinchi o'yindagi mag'lubiyatining alamini kimdan olishni bilmasdan tishlarini qayrab turibdi. "Buxoro"ni esa qo'shni viloyat safari kutib turibdi. "Qizilqum"ga qarshi kechadigan bahsda ko'hna shahar jamoasi odatdagi o'yinini yo'qotmasa, bemalol ochko qo'lga kirita oladi deb o'ylayman.


Reyting: -3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика