Intervyu. Marko Kampfe: "Bernd SHtangeni 20 yildan beri bilaman"
06 sen 2018 13:18
Yangiliklar
Intervyu. Marko Kampfe: "Bernd SHtangeni 20 yildan beri bilaman"
Futbolchilarimiz “Milliy” stadionda Suriya termasiga qarshi bahs olib borishadi. Suriya terma jamoasi ayrim sabablarga ko'ra ikkiga bo'lingan holda Toshkentga tashrif buyurdi. Jamoaning bir qismi 4 sentyabr kuni erta tongda Istanbul - Toshkent aviareysi orqali etib kelgan bo'lsa, bosh murabbiy hamda qolgan futbolchilar shu kuni kechki payt tashrif buyurib, poytaxtimizdagi "Lotte City Hotel Tashkent Palace" mehmonxonasiga joylashishdi.
Mehmonxonga borganimda suriyaliklar ustozi Bernd SHtangega yordam berib kelayotgan murabbiylardan biri Marko Kampfe bilan tanishib qoldim. O'zaro tanishuvdan so'ng Marko terma jamoada jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lib ishlayotganini aytdi. Bernd SHtange germaniyalik mutaxassis emasmi, murabbiylar shtabiga ham o'z vatandoshlarini taklif etgan ekan. Tanishuvdan so'ng Marko Kampfeni suhbatga tortdim.
- Suriya terma jamoasida qachondan beri ishlayapsiz?
- Yozning birinchi oyidan beri. Jahon chempionatidan oldin Suriya Avstriyada o'quv-mashg'ulot tashkil etgandi. Bu mening yangi joydagi ilk mashg'ulotim bo'ldi. SHartnomaga ko'ra men faqat FIFA kunlarida terma jamoaga yordam beraman, boshqa payt Germaniyaga qaytib klubdagi ishimni davom ettiraman.
- Bernd SHtangening sizni ishga taklif etishi qanday ro'y berdi?
- Men bungacha Germaniyaning uchinchi divizioni vakili “Xalleches FK”da ishlab kelayotgandim. Bahorda chempionat yakuniga etganidan so'ng shartnomam tugadi. SHundan so'ng janob SHtangedan qo'ng'iroq bo'ldi va o'zi bilan birga ishlashni taklif etdi. Malumot uchun, biz SHtange bilan bitta shaharda istiqomat qilamiz va bir-birimizni qariyb 20 yildan beri bilamiz.
- Hozir suriyalik futbolchilarning jismoniy holati qay darajada?
- O'rtacha desam bo'ladi. CHunki arab davlatlarida milliy chempionat endi boshlandi. Hali ko'p o'yinchilar yuqori formaga kirib olgani yo'q.
- Sizningcha, suriyalik va siz bilan ishlagan germaniyalik futbolchilarning jismoniy holati orasida farq bormi?
- Jismoniy holat bo'yicha farq har doim bo'lgan. Hozir terma jamoada suriyalik futbolchilar uch toifaga bo'lingan: Evropada o'ynayotganlar, arab klublarida o'ynayotgan futbolchilar va Suriyaning o'zida to'p tepayotgan futbolchilar. Farq qaysi tomonlama bor? Futbolda boy va kambag'al klublar bo'ladi. Boy klublarda jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiylar ishlaydi va ular futbolchining jismoniy holatini nazorat qilib borishadi. Puli kam klublar esa ko'pincha bunday murabbiyga ehtiyoj sezmaydi. SHu bois Suriya yig'inida qatnashayotgan hamma futbolchining jismoniy holatini zo'r deya olmayman. Legionerlar va Saudiya Arabistoni klublarida o'ynayotgan futbolchilarda bu borada muammo yo'q, lekin mahalliy o'yinchilar bilan ko'proq ishlashga to'g'ri kelyapti.
- Demak, boshqalar bilan ko'proq ishlash kerak bo'ladi.
- Ha, shunday. Lekin men mashg'ulot paytida futbolchi ajratmayman va hammaga bir xil yuklama berishga harakat qilaman. CHunki jamoada 20-22 futbolchi shug'ullanadi va har bir o'yinchi bilan alohida ishlashning imkoni bo'lmaydi. Mashg'ulot paytida murabbiy bergan yuklamalarga qarab futbolchining jismoniy holatini ko'rib olish mumkin. Men faqat darvozabonlar uchungina alohida dastur ishlab chiqishim mumkin, chunki ular alohida shug'ullanadi.
- Zamonaviy futbolda jismoniy holat birinchi darajaga chiqqan, to'g'rimi?
- To'g'ri, hozir hamma erda baquvvat futbolchilar kerak. Lekin jismoniy tayyorgarlikni hamma har xil tushunadi. Bu men uchun futbolchining faqat zalga borib mashq qilishi degani emas. Futbol avvalo aqliy o'yin, o'yinchilar maydonni ko'rish qobiliyatini yaxshilashlari lozim. SHu bois men faqat jismoniy mashqlar berish bilan cheklanib qolmayman. Kerak bo'lsa, o'yinchilarni maydonni qanday ko'rishga ham o'rgataman.
- Germaniyada jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy bo'lish qiyinmi?
- Bizda o'qish juda qattiq, hammasi nazorat ostida. O'qib bo'lgach ish topish yanada murakkab. Masalan, men zo'rg'a uchinchi-to'rtinchi divizion klublaridan ish topganman.
- Germaniya terma jamoasi o'yiniga qarab aksar futbolchilarning baquvvat ekanini ko'ramiz. Ular bo'ydor va chidamli. Buning asosiy sababi nimada? Gap vitaminlardami?
- Yo'q, vitaminlarda emas. Hamma gap futbolchiga yoshlikdan to'g'ri etibor berishda. Bizda skauting tizimi juda rivojlangan. Birorta bolakay murabbiy ko'ziga tushdimi, doim etiborda bo'ladi. Germaniyada murabbiylar futbolchilarni muntazam kuzatib yurishadi va ularning holidan xabar olib turishadi. Men shunday o'ylayman: hadeb shug'ullanish muhim emas, futbolda eng muhimi iqtidor. CHunki iqtidor bo'lmasa, qancha shug'ullanganing bilan baribir futbolchi chiqmaydi. Aytaylik, men har kuni jismoniy mashqlarni bajarishim mumkin, lekin to'p tepishga layoqatim bo'lmasa yaxshi futbolchi bo'la olmayman.
- Nima deb o'ylaysiz, o'ta iqtidorli futbolchi Messiga jismoniy mashqlar qanchalik kerak?
- Mashg'ulot hammaga kerak. Messi baquvvat bo'lish uchun shug'ullanmaydi. CHunki uning gavdasi shundoq ham kichik. U jarohat olmaslik uchun jismoniy mashqlarni bajaradi. Odatda futbolchilarga ikki xil holatda jismoniy mashqlar kerak bo'ladi. Birinchisi, baquvvat bo'lish uchun. Ikkinchisi, jarohat olmaslik uchun. Futbolda jarohatlardan qochib faoliyatni uzoq davom ettirish mumkin. Jarohat olmaslik uchun jismoniy mashqlarni bajarishga to'g'ri keladi. SHu bois ham Messi jarohat olmaslik uchun shug'ullanadi.
- Toshkentga kelganingizdan so'ng dastlabki taassurot qanday bo'ldi?
- Aeroportdan chiqishimiz bilan yoqimli havoni tuydim. Soat ertalab olti edi. Havo toza, ko'chada mashina kam ekan. Yo'llar keng va ozoda. Toshkent birdaniga menga yoqib qoldi. Lekin aeroportda dilni xira qilgan voqea ham bo'ldi. Biz vaqtida viza ololmay bir soatcha qolib ketdik, bu esa menga yoqmadi. Qolaversa, atigi bir haftalik viza uchun 40 evro to'lashga to'g'ri keldi. Menimcha, bu juda qimmat bo'lsa kerak. Qolgan barchasi joyida.
X.Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar