"Lokomotiv"ning asosiy darvozaboni va "Spartak" jokeri - Toshkentda o'tkaziladigan O'zbekiston va Rossiya U-20 terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuvga mehmon jamoadan kimlar tashrif buyuradi?
27 mar 2023 17:41
Yangiliklar
"Lokomotiv"ning asosiy darvozaboni va "Spartak" jokeri - Toshkentda o'tkaziladigan O'zbekiston va Rossiya U-20 terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuvga mehmon jamoadan kimlar tashrif buyuradi?
Ertaga O'zbekiston va Rossiya U-20 terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv o'tkaziladi. Mazkur bahs katta qiziqishlarga sabab bo'lmoqda: Osiyoni yaqinda zabt etgan chempionlarni Evropa jamoasi bilan solishtirish qiziq jarayon hisoblanadi.
Yaqin vaqtgacha rossiyaliklar qanday tarkibda tashrif buyurishi malum bo'lmagandi. Oddiy qilib aytganda, U-19 va U-21 termalariga ega Rossiyada U-20 jamoasi mavjud emasdi.
Mart oyi so'ngida Rossiya U-19 terma jamoasi Minskdagi yig'inga yo'l oldi va u erda ikkita o'yin o'tkazishni rejalashtirgandi. O'zbekiston yoshlar terma jamoasi 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo kubogini qo'lga kiritgach, terma jamoamizning rossiyalik tengdoshlariga qarshi maydonga tushishi haqida malumot paydo bo'ldi.
Natijada, 28 mart kuni Rossiya U-19 terma jamoasi taqvimida Belarus U-19 va O'zbekiston U-20'ga qarshi ikkita o'yin paydo bo'ldi. Terma jamoa katta murabbiyi Ivan SHabarov rossiyaliklar Toshkentda qanday tarkibda o'ynashiga oydinlik kiritdi:
- Seshanba kuni Rossiya yoshlar terma jamoasi bir vaqtning o'zida Minsk va Toshkentda ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi. Qanday qilib jamoa ikki qismga ajraldi?
- O'zbekistonda 2003, Belarusda esa 2004 yilda tavallud topgan futbolchilar maydonga tushishini inobatga olgan holda yoshi kattaroq yigitlarni Toshkentga jo'natib, kichiklarini Minskda qoldirish qaroriga keldik. Menimcha, ikkala tarkibning o'yin sifati taxminan bir xil, yigitlar orasidagi yagona farq ularning yoshi hisoblanadi.
Faqatgina kuni kecha Rossiya U-19 terma jamoasining yakuniy tarkibi malum bo'ldi:
Bogdan Moskvichyov – “Zenit” yoshlar jamoasi darvozaboni;
Yuriy Koledin - o'ng qanot himoyachisi, "Zenit" tarbiyalanuvchisi, yaqinda Sankt-Peterburg jamoasi (FNL-2 ligasi)dan "Zvezda"ga ko'chib o'tdi;
Matvey Lukin - CSKA yoshlar jamoasining markaziy himoyachisi, "armiyachilar"ning asosiy tarkibida ikkita o'yin o'tkazgan;
Ilya Kirsh – “Zenit” yoshlar jamoasining markaziy himoyachisi;
Artyom Beskibalniy - "Strogino" chap qanot himoyachisi (FNL-2 ligasi);
Ivan Pyatkin - "Spartak" yoshlar jamoasi tayanch yarim himoyachisi;
Daniil Zorin - "Spartak"ning hujumkor yarim himoyachisi, ham yoshlar jamoasida, ham asosiy jamoa safida to'p tepadi (joriy mavsum 4 o'yinda maydonga tushib, bitta gol urdi);
Pavel Melyoshin - hujumchi, "Spartak"ning yoshlar va asosiy jamoasida o'ynaydi (13 o'yin, 3 gol);
Ilya Rodionov - "Zenit-2" yarim himoyachisi (FNL-2 ligasida ishtirok etuvchi "Zenit" farm-klubida to'p tepadi);
Ivan Zazvonkin - "Dinamo-2"ning hujumkor yarim himoyachisi;
Daniil Xudyakov – jamoaning eng qimmat futbolchisi (transfer narxi 2,5 million evro), yaqin vaqtgacha Moskvaning “Lokomotiv” klubida asosiy darvozabon edi;
Ruslan CHobanov - "Krasnodar" yoshlar jamoasining tayanch yarim himoyachisi;
Igor Dmitriev - FNL-2 ligasida qatnashuvchi "Leningradec" klubi vingeri (joriy mavsumda 19 ta o'yinda 4 ta gol va 8 ta golli uzatma qayd etdi);
Stanislav Bessmertniy - "Dinamo-2" himoyachisi;
Kirill Nikishin - "Lokomotiv" yoshlar jamoasi hujumchisi, asosiy tarkibda Rossiya kubogi doirasidagi ikki uchrashuvda maydonga tushgan.
Ko'rib turganingizdek, jamoaning deyarli barcha futbolchilari Rossiya Premer-ligasidan tashqarida — yo Rossiyaning uchinchi divizionida (asosan, farm-klublar safida), yoki o'z klublarining yoshlar jamoalari safida to'p tepadi. Jamoamizga keladigan bo'lsak, ko'plab futbolchilar O'zbekiston chempionatida debyut qilishgan.
Bo'lajak uchrashuvga bo'lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
Nikolay Egorichev tayyorladi.
Fikrlar