So’nggi yangiliklar

01:16Моуринью бошчилигидаги "Фенербаҳче" ЕЧЛ саралашидан чиқиб кетди  4 01:05"Манчестер Юнайтед" расман Нуссаир Мазрауи трансферини эълон қилди  1 00:44Расман: Маттейс де Лигт – "Манчестер Юнайтед" футболчиси!  5 00:25Футзал. Ўзбекистон терма жамоаси ўртоқлик ўйинида Анголага йирик ҳисобда ютқазди  6 23:58Анчелотти Винисиусга берилган миллиард евролик таклиф ҳақида гапирди  2 23:30Элит лига гуруҳ босқичининг сўнгги иштирокчиси ҳам аниқланди!  6 23:06Футзал. ЖЧ-2012. Илк ўзбек ҳаками, кетма-кет иккинчи марта финалга чиққан Ўзбекистон мураббийи, фалаж ҳолатда қаҳрамонга айланган Фалькао ва либосидаги юлдузлардан маҳрум этилган Бразилия ҳақида ҳикоя қиламиз  0 22:14Қизлар ўртасидаги ЎФА U-17 чемпионатида 29:0 ҳисоби қайд этилди  6 21:51Яна 9 йил? "Челси" асосий футболчиси билан 2033 йилга қадар келишув имзолайди  0 21:26"Ювентус" асосий дарвозабони билан шартномани бекор қиладими?  0 20:55"Навбаҳор", "Локомотив" ва "Металлург"нинг ғалабасиз серияси қачон тугайди? — Суперлиганинг 15-тури ҳақида  4 20:44Расман: "Барса" Араухони АПЛ клубига сотди  5 20:21"Челси" португалиялик "омадсиз" учун 65 млн евро таклиф қилди  2 19:46Расман: "Боруссия Дортмунд" Максимилиан Байер билан шартнома имзолади  1 19:24Луис Диас "Манчестер Сити" билан беш йиллик шартнома борасида келишиб қўйди  2

Janob Berdiev, nahotki uyalmaysiz? Yangiliklar

Janob Berdiev, nahotki uyalmaysiz?

Osiyo chempionlar ligasining 4-turida to'rttala jamoamiz to'rt ochko ishlashni uddasidan chiqishdi.


Bu degani har bir jamoamiz o'rtacha bir ochkodan ishlashdi degani. Ishqilib yakunda birorta jamoamiz o'z guruhida 4-o'rinda qolib ketmasa bo'lgani. Aslida uchinchi o'rin ham qoniqarli emas. Guruhlardagi vaziyat haqida sal avval tanishib chiqdingiz. Men bu haqda yozmoqchi emasman. Har yili OCHL vaqtida matematika fanini eslashdan to'g'risi charchaganmiz. Lekin jamoalarimiz nuqul ushbu darsni yodga olishni, murabbiylarimiz esa matematika orqali o'z bilimlarini sinovdan o'tkazishni juda ham xush ko'rishadi chog'i. Har yili shu bular takror bo'laveradi.


Ushbu turda dastlabki o'yinni biznikilardan "Nasaf" boshlab berdi. Ushbu o'yinni bevosita stadiondan kuzatish maqsadida Qarshiga safar qildim va voqealar rivojini "Markaziy" stadiondan tomosha qildim. SHu bois ushbu bellashuv haqida atroflicha to'xtalmoqchiman. O'yindan bir kun oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev faqat natija uchun o'ynashlarini alohida takidlagandi. Natija deyilganda g'alaba nazarda tutilgandi.
Uchrashuv kuni Qarshi shahridagi "Markaziy" o'yingohga muxlislar tashrifi shu qadar ko'p ediki, stadion o'yin boshlanishiga 3 soat qolganida to'lib toshgandi. Soat 15:00dan boshlab muxlislar kirishiga ruxsat etilgach, chamasi 30-40 daqiqa ichida stadion liq to'lib qolganini sezmay ham qoldim. CHunki media-centrga kirib, kichik maqola yozib chiqqunimcha stadion tribunalari 16000 ming tomoshabin bilan to'ldirib bo'lingandi.


Jonkuyar va fidoiy ishqibozlar o'z suyuklilari o'yinini tomosha qilish va ularni qo'llab-quvvatlash maqsadida o'yin boshlanishini 3 soatdan oshiqroq vaqt mobaynida kutib turishdi.
Rosti, bunaqasini yaqin 5-6 yil ichida ko'rmagandim.

SHu muxlislar haqqi-hurmati "Nasaf" shu kuni g'alaba qozonishga majbur edi! G'alaba shart bo'lgan o'yinda qimmatli ikki ochko yo'qotildi.

O'yin haqida bevosita to'xtaladigan bo'lsak, uchrashuv debyutini "Nasaf" yuqori shasht va ishtiyoq bilan boshladi. O'yinning 2-daqiqasidayoq "ajdarlar" sardori Artur Gevorkyan Muhammadievning pasidan so'ng o'ziga qulay vaziyat yaratishga urindi va chamasi 17-metrlar masofadan darvozani ishg'ol etishni ko'zladi. Ammo uning Xalifa Ababakar qo'riqlayotgan darvoza tomon tepgan zarbasi raqib posboniga ortiqcha qiyinchilik tug'dirgani yo'q. SHu tariqa shiddatkorona boshlangan futbol qolgan 88-daqiqa davomida aytarli qiziqarli kechgani yo'q. Aksiga olib "Nasaf"ning yuqori ishtiyoqi hayajon va ichki bosimda qolgan futbolchilarning "qaltiroq" o'yinlariga aylanib ketdi.

"Nasaf" tashkil etgan maqsadsiz va bir xil uslubdagi hujumlarni "Al Jayish" deyarli qiyinchiliksiz bartaraf etaverdi. Qatarliklar birinchi bo'limda aksariyat vaziyatlarda "Nasaf"ga ko'ra tashabbusga egalik qilishdi. Ularning hujumdagi "trio"si imkon qadar "Nasaf" darvozasi tomon xavf solishga urindi. Ammo Azamov boshchiligidagi himoya qo'rg'oni ishonchli o'ynadi. Uchrashuv davomida "Nasaf"da golga tortadigan yaqqol bir vaziyat kuzatilmadi. CHunki jamoa raqib darvozasi oldida vaziyat yaratishda muammolarga duch keldi.


SHu kuni "Nasaf"ga nima etishmadi?

1) Murabbiyning o'yinga ishlab chiqqan puxta va aniq bir rejasi yo'qligi etishmadi.
2) Har qanday murabbiyda bo'lishi kerak bo'lgan "A" va "B", yani birinchisi o'xshamaganda o'yinni tubdan o'zgartirish maqsadida tayyorlab qo'yiladigan ikkinchi reja etishmadi.
3) Futbolchilarga sovuqqonlik, dadillik etishmadi.
4) Ruhiy tayyorgarlik.
5) Gol.

Gol etishmagani tabiiy. Lekin shu yuqoridagi to'rtta holatdan hech bo'lmaganda bittasi bo'lganida gol bo'lishi mumkin edi.

O'yindan keyin Ro'ziqul Berdiev tarkib tanlashda adashmaganini va Bobir Abdixoliqovni zaxirada qoldirib xato qilmaganini takidladi. Matbuot anjumanida o'yinni sharhlab borgan Dilshodbek To'xtabekov Bobir Abdixoliqov tushganidan so'ng "Nasaf"ning hujumlari sal bo'lsa ham xavfli tus olganini aytib, Azamat Allaniyazovni boshlang'ich tarkibda qo'yib adashdim deb o'ylaysizmi, degan savoliga yo'q deya javob qaytardi. SHuningdek, Berdiev o'yin uchun futbolchilarga rahmat aytgani va hujum chizig'i vakillarining ishtirokidan qoniqmaganini aytib o'tdi. Yana Berdiev "Nasaf" hali guruhdan chiqish uchun imkoniyatini yo'qotmagani va agarda guruhda qolib ketsa ham bundan uyalmasligini takidladi. SHuningdek, asosiysi sharmanda bo'lmadik va bu narsa uyatli emas deya qo'shimcha qilindi. Hamma o'zicha haq.

Natijaga avvalo murabbiy javobgar!
Uning tarkibida yuqori darajalagi hujumchilar yo'qligi, qolgan jamoalarga nisbatan solishtirganda sharmanda bo'lmayotgani - bu jamoalarimiz uchun yaxshi natijaga aylanmoqdami?  
Menimcha, Berdiev guruhdan chiqolmasak bundan uyalmaymiz deb noto'g'ri gapirdi.
Agarda "Nasaf" guruhda qolib ketsa, bu Berdievning OCHLdagi to'rtinchi urinishidagi to'rtinchi "proval"i bo'ladi. Agarda shu natijadan murabbiy uyalmasa, unda hech bo'lmasa raqiblar osongina o'rganib olayotgan hozirgi taktikasiga zaxira sifatida ikkinchi varianti yo'qligidan uyalmaydimi?
Bu birinchi yoki ikkinchisi emasku. "Nasaf" OCHLda O'zbekiston bayrog'i ostida qatnashmoqda, har yili guruhda qolib ketayotgani o'zbek futbolining ziyoniga ishlamoqda.

Ha, Berdievning tarkib borasidagi muammolari, hujum chizig'ida yuqori malakali futbolchining yo'qligi, zaxiradan ayni paytda o'yinni kuchaytirib yuboradigan futbolchisining yo'qligini ham bilamiz. Yaqinda intervyu chog'ida hujumchi haqida so'raganimda, bu savoldan charchagani va klubning imkoniyati yaxshi hujumchining olib kelishga etmasligini aytishdan charchaganini takidladi. Keyin hozirgi qo'l ostidagi futbolchilaridan ko'ngli to'qligi va natija uchun javobgar ekanini yoddan chiqarmaganini aytdi. Har yili rahbariyat bilan mavsum oldidan qanday kelishsa ham, o'zaro muzokaraga kelishmoqdami, demak murabbiy mavjud futbolchilar bilan o'z oldiga qo'yilgan yuqori maqsadlar sari kurashishga tayyor.
Keyin, Berdiev OCHL oldidan jamoaning vazifasi va maqsadi guruhdan chiqish ekanini aytgandi. Musobaqa o'zining qizg'in pallasiga kirgan paytda tarkibdagi futbolchilar haqida eslashdan va ularning mahorati borasida fikr bildirishdan ko'ra, murabbiyning ishini tahlil qilish to'g'ri. CHunki hali aytganimdek, natija uchun barcha joyda murabbiy javobgar!



"Nasaf" "Al Jayish"ga qarshi o'yinda deyarli hech narsa ko'rsata olgani yo'q. Stadionga kirgan muxlislar yaqin orada hech ham jamoadan bu kabi norozi bo'lib ketishmagandi. Hamma nima bo'ldi "Nasaf"ga deya qo'l siltab chiqib ketdi. Raqib guruh peshqadami va mag'lubiyatsiz kelayotgani tushunarli. Lekin bu bahona bo'la oladimi?
"Al Jayish"ning eng kuchli chizig'i - hujum. Raqibning eng zaif nuqtasi bu himoya edi. Lekin "ajdarlar" ularning zaif nuqtasidan foydalanishga deyarli urinib ham ko'ra olishmadi. Keyin, o'yinga Berdiev qanday reja tuzganiyu, nimani ko'zlaganini bilmadim-u, ammo uning o'ylab qo'ygan rejasi umuman ish bermadi. Demak o'yin davomida boshqa variant, yani "B" rejasini ishga solish kerak bo'lardi. Ro'ziqul Berdievda ikkinchi reja yo'qligidanmi, jamoa 90 daqiqa davom etadigan futbolni bir xil tempda, hech qanday o'zgarishsiz o'tkazdi va tabiiyki hech narsaga erisha olmadi. Yana bir jihat, "Al Jayish" o'z jarima maydonchasi oldida deyarli qoida buzmay harakatlandi. CHunki Sabri Lyamushi juda aqlli, u shogirdlariga jarima maydonchasi hududida qoidani buzmasliklari kerakligini yaxshilab uqtirgan. "Nasaf"ning ko'plab gollari aynan standart vaziyati orqali, yani maydonda ko'rinish bermasada jarima zarbalari orqali o'z ishini uddalashi mumkin bo'lgan Gevorkyanning imkoniyatlarini yaxshilab o'rgangan va bilgan. Sabri Lyamushi "Nasaf"ni ipidan ignasigacha o'rgangani sezilib turardi. Asosan qanotlar orqali hujum qilishda odatlangan "ajdarlar"ning "qanoti"ni ham "yopib" qo'ya oldi shu kuni "Al Jayish".
Terma jamoa ixtiyoriga kelgan paytida Sardor Rashidovga Lyamushi "Nasaf"ni o'rganish chog'ida sizdan biror bir malumot so'radimi deganimda, Sardor shunday javob bergandi: "Mendan hech narsa so'ragani yo'q. Murabbiylarimiz raqibni o'rganish chog'ida faqat o'zlari malumot to'plashdi va "Nasaf"ni sinchiklab o'rganishdi".

Rostan ham, Sabri Lyamushi bir necha yillardan buyon deyarli bir xil o'ynab kelayotgan "Nasaf"ni bemalol zararsizlantira oldi. "Al Jayish"ning "Nasaf"dan qo'lga kiritgan to'rt ochkosida legionerlaridan ham ko'ra murabbiyining zukkoligi katta o'rin tutdi.
Natija o'ynash mana bundoq bo'ladi, janob Berdiev.
"Al Jayish" Qarshidan o'z missiyasini amalga oshirib ketdi. Biz esa Qatardagi o'yinda ham "qo'rqoqligimiz" tufayli uchrashuv so'nggida bir ochkoni ham qo'ldan chiqargandik. Omad evaziga bo'lsada, "Al Jayish" o'z niyatiga etgandi. O'sha Dohada o'tgan o'yinni eslaylik, "Nasaf" oldinga borishi mumkin bo'lgan vaziyatlarda ham to'pni maqsadsiz bir-biriga oshirib o'tirib, vaqtni o'tkazmoqchi bo'lgandi. Bu esa yakunda xom rejaning ish bermasligini yana bir bor isbotlagandi.
"Nasaf" birinchi va ikkinchi turda "Al Ahli" bilan tengma-teng o'ynagandi. Futbolchilar erkinroq, "dux" bilan o'ynashgandi. O'sha "dux" qaergadir ketib qoldi. Jamoada ichki bosim bordek tuyulmoqda. Stadionga kelgan muxlislar qarshisidagi hayajon emas, ichki bosim, qandaydir qo'rquv bilan futbol o'ynayotganliklari bilinib qolmoqda. Futbolni zavq olish uchun o'ynash kerak avvalo. Qachonki futbolchi o'zini maydonda erkinroq tutsa, o'shanda o'ylagan rejasi ish berishi mumkin. Ikkinchi turda stadion to'la muxlislar qarshisida "Al Ahli"ni mag'lubiyatga uchratgan, yoki Jiddada garchi yutqazgan bo'lsada, bemalol futbol o'ynagan "Nasaf"dan 3-4 turlarga kelib asar ham qolmagandek. Murabbiylar shtabi shu jihatga ham alohida etibor qaratishsa maqsadga muvofiq bo'lardi.

Hozir Berdievni tanqid qilyapman, chunki tanqidga yarasha o'yin va gap qilindi. Kerak paytda maqtalgan murabbiy endi tanqidlardan to'g'ri xulosa chiqarsa, keyingi o'yinlarda o'sha xatolarni takrorlamasa, o'ylaymanki, hozir ham o'z qo'lida bo'lib turgan vazifani uddalashi mumkin. Avvalo murabbiy ikkinchi variant va futbolchilarning bosimni engib o'tishiga, ularni maydonda erkin harakat qilib, erkin fikrlashiga yordamlashishi kerak. "Nasaf"da yuzaga "panika"ni yo'q qilish faqat murabbiyning qo'lidan keladi. Ishoning, Berdiev qo'l ostida ham yuqori darajali futbolchilar etarli. Hujum chizig'idagi tanlov ham Berdievniki. Hozir tarkibdagi muammolar, jarohatlangan futbolchilar haqida gap ochishning vaqti emas. CHunki mavsum oldidan bu narsalar aniq edi va kamiga murabbiy mavsum oldidan selekciya ishlari haqida berilgan savolga ko'nglim to'ldi deya javob bergandi.


"Nasaf"ga hozir "dux" kerak!
Zero jamoalarimizning guruhdan chiqolmasligi odatiy holga aylanib qolayotgani kishini albatta ranjitadi.

O'zbek murabbiylaridan faqat bir mutaxassis hech qachon aybni futbolchilarga yuklamasdi, barcha xatoni va kamchiliklarni o'z bo'yniga olardi.Faqatgina o'sha murabbiy hozirga qadar shirin bo'lib turgan guruh bosiqichidan keyingi "qaynoqqina" kechadigan pley-off o'yinlarini bizga taqdim etgan. Nahotki undan boshqa murabbiylarimiz bu ishni uddalay olishmasa? Biz ulardan musobaqa g'olibligini emas, hech bo'lmasa guruhdan keyingi bosqichga chiqishlarini so'rayapmiz.

"Nasaf" - "Al Jayish" uchrashuvidan keyin Evropa chempionlar ligasi yuzasidan bir futbolchi bilan telefonda suhbatlashib qoldim va gap tabiiyki "Nasaf" hamda "Bunyodkor" jamoalarining o'sha kungi o'yiniga ham borib taqaldi. O'shanda futbolchi "Nasaf"ning nursiz o'yini va "Bunyodkor"ning sharmandali mag'lubiyati haqida: "Bilasizku, bizning murabbiylar orasidan faqatgina birgina mutaxassis uchun OCHLda guruh bosqichi muammo emas...", deb kuyunib gapirdi. Bu gapga qo'shilmaslikning iloji yo'q. Lekin bu yili kamida yana ikkita murabbiy bu ishni uddalashiga ishongimiz keladi. Qo'ldan kelmaydigan ish emasku, uddalasa bo'ladi. Ishlash va izlanish kerak.

Uyalish ham kerak...!


SHahboz Beg'amov

Reyting: +29   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика