So’nggi yangiliklar

19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  1 19:20Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 0:1 (матнли трансляция)  3 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   1 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  40 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16 14:27ПРО-Лига. "Бухоро" - "Арал": Асосий таркиблар маълум!  0 14:15Эшитдик-да! Усмон Тошев ЎФАни тарк этди  14

Jamshid Asadov: "Mehribonlik uyi bolalari ko'pchilik o'ylaganidek bezori emas" Yangiliklar

Jamshid Asadov: "Mehribonlik uyi bolalari ko'pchilik o'ylaganidek bezori emas"

Xabaringiz bor, 10-18 may kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida butun dunyo mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o'rtasida jahon chempionati o'tkazildi.

Ushbu musobaqada qatnashgan 12ta jamoa orasida O'zbekiston ham bor edi. Jamshid Asadov boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi jahon chempionati debyutanti bo'lishiga qaramay, dastlabki ishtirokidayoq oltin medallarni qo'lga kiritdi.

CHempionlarimiz Toshkentga qaytib kelgach, jamoa bosh murabbiyi Jamshid Asadovdan intervyu oldik.

- Jamshid, avvalambor sizni va jamoangizni mehribonlik uylari o'rtasida bo'lib o'tgan jahon chempionatidagi g'oliblik bilan tabriklaymiz. Keling, shu o'rinda o'z haqingizda malumot berib o'tsangiz.
- Tabrik uchun rahmat. Men - Asadov Jamshid, 2015 yil Toshkent davlat Jismoniy tarbiya institutini bitirganman. Sport psixologiyasi fakultetida tahsil olganman. Oliygohni tugatgach dastlab sport maktabiga ishga kirdim. U erda biroz muddat ishlagach, yozgi tatil paytida meni tarbiyachi sifatida bolalar dam olish maskaniga jo'natishdi. Oromgohga borib bildimki, bu oddiy lager bo'lmay, mehribonlik uyi bolalari kelib dam oladigan joy ekan.

Xullas uch oy yozda shu erda bolalar bilan ishladim. Taqdir taqozosi bilan keyinchalik mehribonlik uyiga ishga taklif etishdi. Boshida 22 va 23-sonli mehribonlik uylarida yarim stavkadan ish boshladim. Ikki oydan so'ng 23-sonli mehribonlik uyi rahbari meni to'liq ishga taklif qildi. Ko'proq mana shu erdagi bolalarga o'rganib qolganim uchunmi taklifni o'ylab o'tirmay qabul qildim. 2015 yil 23-sonli mehribonlik uyida futbol jamoasini tashkil qilgan bo'lsam, Xudoga shukr hozirgacha o'z faoliyatini davom ettirib kelyapti va yaqinda Rossiyada bo'lib o'tgan jahon chempionatida chempion bo'lib qaytdik.



- Futbol jamoasini tashkil qilish qiyin bo'lmadimi?
- Ochig'i, oson kechgani yo'q. CHunki men imkon qadar professional jamoa tuzishni maqsad qilgandim va bu yo'lda ancha ter to'kishga to'g'ri keldi. Avvaliga boshqa mehribonlik uylari o'rtasida bo'lib o'tgan futbol musobaqalarida qatnashib yurdik. Keyinchalik sekin-asta tajriba to'plab “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Spartak” klublari tarbiyalanuvchilari bilan ikki bor turnir tashkil qildik. Va ikkalasida ham g'oliblikni qo'lga kiritdik.

Qolaversa, futbolimiz va futzal yulduzlarimiz ishtirokida bir nechta uchrashuvlar tashkil qildik va ular bizga bir nechta master-klass o'tab berishdi. Albatta, bu ham koni foyda bo'ldi. SHu o'rinda takidlab o'tishni xohlardim, 2015 yil futbol jamoasini tuzgan bo'lsak, shu paytdan beri Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubi bilan o'zaro hamkorlik qilib kelyapmiz va buning uchun klub bosh direktor o'rinbosari To'labek Akramovga katta rahmat aytsam arziydi.

- Bir kun kelib bu jamoa jahon chempionatida o'ynashini hech tasavvur qilganmidingiz?
- To'g'risi, boshida o'ylamagan ham. Maqsadimiz birinchi navbatda bolalarni chiniqtirish, qolaversa sport bilan oshno tutinishlariga zamin yaratish edi. Yaxshi bilasiz, futbolni ko'pchilik sevib o'ynaydi, shu bois men ham o'zim ishlayotgan mehribonlik uyidagi ko'ngli yarim bolalar bekor yurmasin deb futbol jamoasi tuzishni niyat qilgandim. Keyin esa maqsad jiddiylashib professionallik sari qadam tashlay boshladik.

2017 yilning boshida O'zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes yosh futzalchilarni saralab olish maqsadida ko'rik tashkil qilgandi. SHunda men ham shogirdlarimdan etti nafarini olib ko'rikka bordim. O'shanda Mendes ikki nafar futbolchimizni tanlab olgandi. Keyinchalik shu o'yinchilarimiz “Olmaliq” va “Lokomotiv”ga o'tib ketishdi. Jahon chempionatida qatnashishimizni esa hech kutmagandim. Bu ham biz uchun bir imkoniyat bo'ldi deb o'ylayman.

- Qo'l ostingizdagi futbolchilarga qanday tarif bergan maqul: havaskormi yo professional?
- Men bu bolalarni havaskor futbolchilar deya olmayman. CHunki ularning barchasi binoyidek futbol o'ynay oladi. Ammo professional bo'lishdan hali ancha uzoqmiz. SHu bois yarim professional degan maqulroq. To'g'risi, barcha o'yinchilar xuddi o'zimning ukalarimdek bo'lib qolgan. Biz - bir olamiz. Jahon chempionatiga ketishdan oldin zayavka berganimizda futbolchilarning barchasi 23-sonli mehribonlik uyidan edi. Ammo musobaqada yosh chegarasi qo'yilgani uchun to'rt nafar futbolchimiz zayavkadan o'ta olmadi. SHundan so'ng boshqa mehribonlik uylaridan selekciya qilishga to'g'ri keldi va o'zim biladigan boshqa bolalarni chaqirdim. Qolgan bir oy ichida yangi jamoa shakllantirishimga to'g'ri keldi.


- Albatta, jahon chempionati bu - alohida mavzu. Lekin ungacha bo'lgan jarayon qanday kechdi?
- Biz 11 aprel kuni yig'ilib, 23-sonli mehribonlik uyida o'quv-mashg'ulotlarni boshladik. Bir oy davomida kuniga ikki mahaldan shug'ullandik. Bolalarga yaxshilab tushuntirdim: oldimizda bir oy bor, mana shu bir oy ichida tayyor bo'lishimiz kerak, kuniga ikki mahal mashg'ulot bo'ladi, ha, og'ir bo'ladi, lekin chidashga majbursizlar, chunki jahon chempionati oddiy musobaqa emas.

Men bilardim, jahon chempionatida boshqa jamoalar bir-ikki yillab tayyorgarlik ko'rishini. Bizda esa atigi bir oy bor edi. Men ham ko'rib turgandim, bolalar qanchalik qiynalayotganini. Bazan rahmim kelib ketgan paytlar bo'ldi. Inson sifatida mashg'ulotlarni to'xtatsam bo'lardi, lekin murabbiy sifatida bunday qila olmasdim. Rossiyaga ketish oldidan “Lokomotiv” o'rinbosarlariga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdik. SHu o'rinda “Lokomotiv” futbol maktabida ishlayotgan Jamshid Saidovga ham o'z minnatdorchiligimni bildiraman. U kishi bo'sh paytlarida oldimizga kelib bolalarni shug'ullantirishda amaliy yordam berdilar. Bu men uchun ham, yosh futbolchilar uchun ham maroqli bo'ldi.

- Musobaqaga tayyorgarlik chog'ida nechta futbolchi qatnashdi?
- To'qqiz nafar. Musobaqa reglamentiga ko'ra, o'yinlar kichkina maydonda o'tkaziladi va jamoalar ettiga etti o'ynaydi. Yani, bir darvozabon va olti futbolchi. SHuningdek, ikkita futbolchi zaxirada qoladi. O'yinlarning bir taymi 15 daqiqadan iborat.


- Bu jamoa bilan ishlashni boshlaganingizda qiyinchilik kuzatildimi, aytaylik, bolalarda baribir biz futbolchi emas-ku nima keragi bor shuncha yugurib degan xayol bo'lgan bo'lishi mumkin.
- To'g'risi, shunaqa paytlar ham bo'ldi, buni yashirmayman. Futbolchi bo'lish oson emas, bu katta mashaqqat talab etadi. Qiyin mashg'ulotlarga o'tganimizda bir-ikkita bolalar aytgandi: Jamshid aka, men bajara olmayapman, baribir mendan futbolchi chiqmaydi deb. Lekin men darhol ulardan voz kechganim yo'q. Sekin-asta tushuntirib ishlashga undadim. CHunki bolalarda salohiyat borligini bilardim. Vaqt o'tib hozir o'sha bolalar qo'l ostimda o'ynayapti va jahon chempionatida aynan erinchoqlik qilgan bolalar ishtirok etib chempion bo'lib qaytishdi.

Bu hayotda mehnatsiz zavq yo'q. Buni bolalarga ozgina bo'lsa-da singdira olganimdan xursandman. Men nimani xohladim? Garchi bu bolalar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bo'lsa ham o'zlarini xuddi futbolchi singari his qilsin. Yurish-turishi, gap-so'zidan sportchi ekani bilinib tursin. Jahon chempionatiga borganimizda tashkilotchilar ham aytdi: O'zbekiston terma jamoasi o'zini juda sipo tutar ekan, ularning tarbiyasiga qoyil qoldik deb. To'g'ri, kundalik hayotda futbolchilarimizning barchasi ochiqko'ngil va muloyim, lekin maydonga chiqqach hamma “jangchi”ga aylanadi. Menga shogirdlarimning shu xarakteri yoqadi.

- Navbatdagi savol og'ir botsa oldindan uzr so'raymiz. Bizda mehribonlik uyi bolalari deganda ko'pchilikning xayoliga bezori, urushqoq, gapga kirmas bolalar keladi. SHu tomonlama olib qaraganda ular bilan ishlash qiyin bo'lmadimi?
- To'g'ri savol berdingiz. Bizda haqiqatan ham mehribonlik uyi desa odamlar boshqacha tushunadi. Ammo shu o'rinda bir narsani aytib o'tishni xohlardim: shunaqa fikrdagi odamlar mehribonlik uyida tarbiya topayotgan bolalar aslida qanaqa bo'lishini bilmaydi.

Boshida o'zim ham shunaqa o'ylaganman, hozir gap tasir qilmaydigan bolalar ichiga tushib qolsam kerak deb o'ylagandim. Lekin ular bilan ishlay boshlagach tasavvurim keskin o'zgardi. To'g'risini aytsam, bu bolalardagi qiziqish, ko'zi yonish va astoydil mehnatni boshqa bolalarda ko'rmadim. Balki ko'ngli yarim bo'lgani uchunmi, bu bolalar har bir ishni sidqidildan bajaradi, ular dangasa emas - mehnatga chanqoq.

Siz aytgan narsa o'rtoqlik uchrashuvlarida ko'p kuzatildi. Boshqa jamoalar bilan o'ynaganimizda bizga boshqacha ko'z bilan qarashardi: bular mehribonlik uyi bolalari bo'lsa, to'p tepishni bilarmikan degan manoda. Bazilar esa bizni juda qo'pol futbol o'ynaydi deb tasavvur qilar ekan. SHunda men raqib jamoalar murabbiylariga aytdim: shogirdlarimning futbolga qiziqishi, harakati hech kimdan kam emas, ular qo'pol futbol o'ynamaydi, sizlar qanday to'p tepsangiz, biz ham shunday o'ynaymiz.


- Endi jahon chempionati haqida malumot berib o'tsangiz?
- Bu musobaqa shu paytgacha ochiq turnir sifatida o'tkazib kelingan bo'lib, bu yildan birinchi marta jahon chempionati maqomi berildi. Omadimiz bor ekan O'zbekiston nafaqat o'z tarixida, balki mehribonlik uylari o'rtasida bo'lib o'tgan jahon chempionatining dastlabki g'olibiga aylandi. Bu jahon chempionati ham xuddi katta mundial singari har to'rt yilda bir marta o'tkaziladi.

Jahon chempionati qaysi mamlakatda tashkil etilsa, musobaqadan bir oydin oldin o'sha erda mehribonlik uylari orasida jahon chempionati o'tkaziladi. Demak, keyingi musobaqa to'rt yildan so'ng Qatarda bo'ladi. Hozircha faqat biz jahon chempioni sifatida keyingi musobaqaga licenziya oldik. Qolgan ishtirokchilar kimlar bo'lishini tashkilotchilar hal qiladi.

- Moskvada o'tkazilgan musobaqaga taklif qanday yuzaga keldi? Umuman jahon chempionatining bosh tashkilotchisi kim?
- Buyuk Britaniyadagi “Street Child” (“Ko'cha bolasi”) bolalar jamg'armasi musobaqaning asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Bu jamg'arma Rossiyaning “Megafon” kompaniyasi bilan hamkorlikda ushbu musobaqani o'tkazdi. Kimlar qatnashishini Buyuk Britaniya hal qiladi.

To'g'risini aytsam, biz tasodifan jahon chempionati ishtirokchisiga aylanib qoldik. Albatta, harakat bor edi, lekin birinchi marta qatnashishimizga ruxsat berishlarini so'rab xat yozganimizda rad javobi kelgandi. SHunday so'ng hech bo'lmasa konkursdan tashqari bo'lsa ham o'ynaylik deb yana xat yozdik. Lekin yana rad javobi berildi. SHunda noumid shayton deya baribir kutishda davom etdik. Va nihoyat bu orada Ruminiya terma jamoasining Moskvaga bora olmasligi malum bo'lib qoldi. Natijada 8 aprel kuni musobaqada qatnashish uchun rasmiy taklif oldik. 11 apreldan esa tayyorgarlikni boshladik.

- Safarga borib kelish xarajatlari kim tomonidan qoplandi?
- Hammasi turnir tashkilotchilari tomonidan: samolyot chiptasi, mehmonxona, umuman hammasi yuqori saviyada o'tdi. Kutib olish, joylashtirish, o'yinlar, taqdirlash. Ochig'i men bunday etiborni kutmagandim. O'yinlar haqida gapiradigan bo'lsam, biz kuchli guruhga tushgandik. Pokiston shu paytgacha o'tkazilgan ochiq turnirlarda juda yaxshi qatnashgan ekan. Rossiya ham kuchli, ham mezbon edi. SHunda ko'pchilik O'zbekistonga juda qiyin bo'ldi deb bizni mensimay boshladi.

Ayniqsa, Pokiston turnirga xuddi professional jamoa sifatida tashrif buyurgan ekan. To'qqiz nafar futbolchidan tashqari bosh murabbiy, yordamchisi, shifokor, massajchi. Murabbiylar shtabini ko'rib lol qoldim. Qiyin raqiblar sifatida ham shu ikki jamoani ko'rsatgan bo'lardim. SHunday bo'ldiki, Rossiya guruhda qolib ketdi. Biz bilan Pokiston keyingi bosqichga chiqdi. CHorak finalda Nepal raqibimiz bo'ldi va ularni 2:1 hisobida mag'lub etdik. Yarim finalda Burundi jamoasidan 1:0 hisobida ustun keldik. Finalda esa yana Pokiston ro'baro' keldi.


- Pokiston shunchalik kuchli ekanmi?
- Ha, ancha kuchli. Qolaversa ularda yoshi katta bolalar ham bor edi. Futbolchilari tinmay yuguradi, charchoq yo'q. O'yinlar har kuni o'tkazilgani bois jamoamiz toliqib qolgandi. Hartugul finaldan bir kun oldin dam berishdi, bu esa bizga qo'l keldi. U erda bizni O'zbekiston elchixonasi vakillari befarq qoldirishmadi, finaldan oldin bizni mehmonga chaqirishdi, musobaqa haqida suhbatlashdik.

Elchixona vakillari jamoamizga omad tilab, finalda g'alaba albatta O'zbekistonniki bo'lishini aytishdi. Finalga chiqqanimizni eshitib juda ko'pchilik hamyurtlarimiz turli sms-xabarlar, video-roliklar yuborishdi. Bizga omad tilaganlar orasida Odil Ahmedov, Aziz Haydarov, “Lokomotiv” futbol klubi vakillari, “Olmaliq” futzal jamoasidan xodimlar borligini ko'rib juda quvondik. Bularni o'yindan bir kun oldin barcha futbolchilarga ko'rsatdim, bizga etibor yuqori finalni yutmasak bo'lmaydi deb alohida uqtirdim. Pokiston bilan kechgan final bahsida 1:1 qayd etildi, penaltilar seriyasida esa 4:3 hisobida zafar quchdik. Finaldan keyingi hissiyotlarni esa ikki og'iz gap bilan aytishim qiyin.

- Hakamning final hushtagi chalingach birinchi galda xayolingizga nima keldi?
- To'g'risini aytsam, birinchi navbatda ko'z o'ngimda ona Vatanimiz - O'zbekiston gavdalandi. Men bir zumgayoq chempion bo'lganimizdan so'ng o'z yurtimizda qanaqa bayram bo'layotganini his etdim. Toshkentga qaytib borganimizda qanday kutib olishlari, bizni olqishlashlari birma-bir ko'z oldimdan kechdi. Finalni yutdik, lekin xursand bo'lish o'rniga hamma futbolchilar yig'lab yubordi, albatta bu quvonch ko'z yoshlari edi. SHu o'rinda bizga muxlislik qilgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu yutuq bilan tabriklab qolaman.

X.Xoliqov va N.Saydullaev suhbatlashishdi.  


Reyting: +59   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика