Ivica Olich: “Faoliyatimda eng muvaffaqiyatli davr “Bavariya”da o'tgan”
20 apr 2017 21:00
Yangiliklar
Ivica Olich: “Faoliyatimda eng muvaffaqiyatli davr “Bavariya”da o'tgan”
“Futbol” nashriga bergan intervyusida xorvatiyalik futbolchi faoliyati va Rossiyadagi damlari xususida savollarga javob qaytardi.
- 37 yoshdasiz va ikkinchi bundesligada o'ynashga rozi bo'ldingiz. Bu qanday amalga oshdi?
- Aslida o'tgan yozda “Gamburg” bilan shartnomam yakunlangan paytda faoliyatimni tugatishga tayyor edim. Keyin menga yaqin do'stim va murabbiy qo'ng'iroq qilib, “Myunxen-1860” uchun yana bir mavsum futbol o'ynay olishimni so'radi. Quyi ligada o'ynay olmasligimni aytdim, ammo u meni ko'ndirdi. Tinimsiz qo'ng'iroq qilaverdi va oxiri suhbatga rozi bo'ldim. Myunxenga keldim va qoldim.
- Hozir ham futboldan avvalgidek zavq olyapsizmi?
- Bilmayman. Hozir bu men uchun unchalik muhim emas. Rahbariyatga dastlab yarim yil o'ynab ko'rishimni aytdim. Agar tizzam pand bermasa, mavsumning qolgan qismida qolishimni takidladim.
- CSKAda o'ynagan paytingiz qanday yodda qolgan?
- Bizda eng yaxshi jamoa bor edi. Bizga qarshi kuchli raqiblar maydonga tushardi, biroq ularning saviyasi CSKAnikidek bo'lmagan. SHu sababli to'rt yil chempionlik uchun oson kurash olib borganmiz. Keyin “Zenit” kuchaydi, “Rubin” ikki marta chempionga aylandi, “Lokomotiv” vaqti-vaqti bilan kuchayib turdi. Hammasi murakkablashdi. Hozir barchasi boshqacha. CSKA 2-3 yil qatorasiga oltin medallarga ega chiqmasligi mumkin. Bu yil jamoaga yanada qiyin bo'ladi.
- Yangi stadionga tashrif buyurishni vada bergansiz.
- Germaniyada mavsum mayda tugaydi. Imkonga qarab bahor oxirida biror uchrashuvga borishim mumkin.
- CSKAdagi eng yoqimli lahza qaysi?
- Bir vaziyatni butun umr esimda saqlayman. UEFA Kubogini yutgan kunimiz. G'alabamizga ko'pchilik ishonmagandi. Lissabonda stadion “Sporting” muxlislari bilan to'lgandi. Bosim kuchli edi. Biz ularni dog'da qoldirdik. Bu faoliyatimdagi eng katta muvaffaqiyatdir.
- Evgeniy Ginerni qanday eslaysiz?
- Faoliyatimdagi eng yaxshi prezident! Juda hissiyotga beriluvchan inson, deyarli har uchrashuvni ko'rardi. Jamoani 15 yil mobaynida yuqori saviyada ushlab turish oson emas. Giner buni uddaladi. U klubni oyoqqa turg'azdi. SHu sababli CSKA har mavsum chempionlik uchun kurashadi.
U juda yaxshi ruhlantira olardi. Futbolchilarning har mashg'ulotda borini berishlari muhim sanalardi. Bazida mashg'ulotlari og'ir o'tardi, ammo hammasi meyorida edi. O'yingacha ikki kun qolganda hech qachon yuklama bermasdi.
- O'shanda jamoa yaxshi o'yinchilar ko'p bo'lgan. Men uchun eng yaxshisi Daniel Karvalo edi. U shunchaki ajoyib edi!
- Jamoaviy muhim uchun kim javob bergan?
- Vasiliy Berezuckiy. U hazilkash. Bu uning o'yiniga tasir qilmasdi: maydonda jiddiy va masuliyatli yigitga aylanardi.
- Rossiya futbolidan qanday taassurotlar qolgan?
- Turli maydonlar. Bir kun suniy qoplamali maydonda o'ynasak, keyin tabiiy chim ustida to'p tepardik. Bu juda qiyin! Ko'nikish, to'pning qanday sakrashini bilish qiyin. SHerigimga to'p oshirishda ham qanday zarba berishni bilish og'ir bo'lardi.
- Uzoq masofa to'ydirib yuborganmi?
- Bu qiziq edi. Rossiya – jahondagi eng katta mamlakat! U juda chiroyli. Moskvada yashaganim sababli boshqa shaharlarni ko'rishga imkon bo'lmagan.
- Grozniyga kelgan ko'pchilik xorijliklar ko'chalarda qurollangan odamlar sonining ko'pligidan hayron qolishgan.
- Tanish murabbiyim ilgari “Terek”da ishlagan va u erda yashash oson emasligini aytgandi. Ko'chalarda sakkizdan keyin odam ancha kam bo'lardi. Meni Tomskka safarimiz hayratga solgan. U erga 5-6 soatcha uchdik. Borganimizda atrof 2-3 metr qor bilan qoplangandi. SHaharda kichik bir mehmonxona bo'lib, bizga kam xonalar berishgandi. Stadion kichik, maydon dahshatli bo'lgandi. Umid qilamanki, hozir u erda yaxshi tarafga o'zgarish bor.
- “Spartak” bilan derbilar ham yodingizdadir? O'zingizni qizil-oq libosda tasavvur qila olasizmi?
- Yodimda. Aytgancha, CSKAga qadar “Spartak”dan taklif bo'lgan. Men chempionlik uchun kurashishni tanlaganim sababli CSKAga o'tganman. Zaxirada o'tirib qolsam boshqa jamoaga ijaraga ketgan bo'lardim. Asosiy tarkibda o'ynash doim muhim edi. SHuning uchun “Bavariya”dan ketgandim.
- Germaniyaga ko'chib o'tgandan keyin nima noodatiy bo'lgan?
- Bundesligaga 2006 yilgi jahon chempionatidan so'ng o'tgandim. Nemislar yangi stadionlar qurishgan, sharoitlar zo'r va futbol muhiti sezilib turardi. Qachon o'ynashingdan qati nazar maydondan ajoyib holatda bo'lardi. Yana stadionlar to'la edi. Muhit bunday bo'lganda uch ochko uchun kurashishni o'ylaysan xolos.
- Ikkinchi bundesligada o'yinlar keskinroqmi?
- Albatta! O'yin uslubi o'zgacha. Ikkinchi ligada uch jamoa haqiqiy futbol o'ynaydi – “SHtutgart”, “Gannover” va “Nyurnberg”. Qolganlar standartdan keyin gol urib, butun o'yin himoyada o'ynashlari mumkin. Oyoqqa ko'p tepishadi. Hakamlar kartochkalarni ko'proq ko'rsatishadi.
- Lui van Gal bilan ishlagansiz va uni hayotingizdagi eng asosiy murabbiy deb atagansiz.
- SHunday. “Bavariya”ga kelganimda u bosh murabbiyga aylangan. Darhol muammo paydo bo'ldi: hujumda raqobatchilar ko'p edi. Miroslav Kloze, Mario Gomes va Luka Toni. Van Gal menga asosiy tarkibga kirishim qiyin bo'lishi va jamoa bir hujumchi bilan o'ynashini aytdi. Ehtimol, u ketishimni istagandir. Lekin men qolishga qaror qildim va jahondagi eng katta klublardan birida tarkibga kirish uchun kurashdim. Italiyada 2-3 hafta mashg'ulot o'tkazganimizdan so'ng Lui shunday ishlashda davom etsam, menda imkon yuzaga kelishini aytdi. Va men o'sha mavsum Bundesligada boshqa hujumchilardan ko'proq maydonga tushdim. CHempionlar ligasida deyarli to'purarga aylandim. Finalda “Inter”ga yutqazdik, ammo Germaniya chempionati va Kubogida zafar quchdik. O'sha mavsum faoliyatimdagi eng yaxshisi bo'lgan. Van Galdan ishonchi uchun minnatdorman.
- CHempionlar ligasi finalini esladingiz. Bunday mag'lubiyatni boshdan kechirish oson bo'lmasa kerak.
- O'shanda bizda Riberi o'ynamagandi. “Inter” yaqqol kuchli bo'lgandi. SHu sababli mag'lubiyat haqqoniy edi.
- Bu faoliyatingizdagi eng og'ir mag'lubiyat emasmi?
- SHunday. Eng alamlisi – CHempionlar ligasi finalida “CHelsi”ga qarshi o'yin. O'shanda Drogba oxirgi daqiqalarda gol urib, hisobni tenglashtirgan. Biz kamida besh to'p kiritishimiz mumkin edi. Yakunda penaltilar seriyasida yutqazdik. O'sha uchrashuvni bir oy eslab yurgandim.
- Bu davr Germaniyadagi faoliyatingiz paytida eng yaxshisimi?
- Ha. O'shanda “Manchester Yunayted”ga gol urganman, Messi bilan to'purarlar bahsida raqobatlashganman. “Lion”, “Yuventus” darvozalarini ishg'ol qilganman. Yana “Gamburg”dagi davrimni ham esga olaman. Unda nemis futboli bilan tanishuvim kechgan.
- O'shanda myunxenliklarning eng yaxshi bo'lmagan davrlari edi. Hozir jamoa Germaniyada mutloq hukmron. Bu qanday amalga oshdi?
- Hammasi juda oddiy. “Bavariya” safida Germaniya chempionatining eng yaxshi futbolchilari o'ynamoqda. Biror futbolchi o'zini ko'rsatgan taqdirda keyingi mavsumni Myunxenda boshlash ehtimoli juda yuqori. Masalan, Robert Levandovski ularga yoqdi va “Bavariya” hujumchini tarkibiga qo'shib oldi. Xummels va Gyotce haqida ham shunday deyish mumkin. Bu chempionlar siyosati. Kimnidir sotib yuborishgan taqdirda o'rniga darhol o'yinchi topib qo'yishadi. Pep Gvardiola kelgach, Kroosni “Real”ga sotdi va o'rnini Tiago Alkantara bilan to'ldirdi.
- Siz bilan birga o'ynagan futbolchilar orasida eng kuchlisi kim?
- Eng yaxshisi – Frank Riberi.
- “Bavariya”da eng hazilkash ham umi?
- SHunday. U senga qarab ho'l getralarni otib qolishi yoki turli hazillar o'ylab topishi mumkin edi. Mashg'ulotdan keyin yuvinib chiqqanda biror libos yoki mashina kalitini topa olmasligini ehtimoli bo'lardi. Bunday holatlarda bemalol unga murojaat qilish mumkin edi.
- Feliks Magat bilan ham ishlagansiz. Uning mashg'ulotlari rostdan juda og'irmi?
- Bu aniq! Uning mashg'ulotlari shunchalik qiyin ediki, kun yakunida tezroq yotib, uxlashni xohlardik. Biror yoqqa borishga kuchimiz qolmasdi. Eng qiyin yuklamalar yig'inlarda bo'lardi: kuniga 2-3 martalab shug'ullanardik.
- Qanday mashqlar eng qiyin o'tardi?
- Tog' bo'ylab kuni bilan velosipedda yurishga majbur qilardi. Eng qiziq holat bir mag'lubiyatdan keyin sodir bo'lgan. Ertasi kuni u juda asabiy bo'lib, bizga bir oz yugurishni taklif qilgan. Qancha yugurganimizni bilmayman. Juda tez yugurgandik. Bunday mashg'ulotdan so'ng barcha suv ichishni istardi, ammo Magat suvni tortib olib qo'ygandi. Unga qarshi biror narsa demaganmiz, chunki yana yugurishga majbur qilardi.
- Germaniya stadionlarida ishqibozlar to'la. Ular muxlislarni qanday xursand qiladi?
- Hammasi madaniyatga bog'liq. Dam olish kunlari uchrashuvlar o'tadi. SHu sababli butun oila bir kun oldin faqat o'yin haqida o'ylashga tushadi. Xorvatiyada bolalarni muxlislar tufayli stadionga olib bora olmaysan, ammo Germaniyada bunday emas. “Bavariya” va “Borussiya” Dortmundda o'ynagan taqdirda ham yonma-yon o'tirgan raqib ishqibozlari o'rtasida hech narsa sodir bo'lmaydi. Xotirjam muhit odamlarni stadionga chorlaydi.
- Ammo Germaniyada ham ketma-ket mag'lubiyat qayd etilgan taqdirda muxlislar norozi bo'lishadimi?
- O'tgan mavsum “SHtutgart” Bundesligadan tushib ketdi. Ishqibozlar tribunada tik turib olib, hushtak chalishdi, urushishdi. Maydonga tushishni istashgan paytda policiya ularni qaytarib qoldi. Biroq Germaniyada muxlislar o'zlarini juda madaniyatsiz tutishmaydi. “Myunxen-1860”ning hozir ahvoli yaxshi emas, biroq men bemalol shahar ko'chalari bo'ylab sayr qilishim mumkin. Muammo bo'lmaydi.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar