Islom Ahmedov: “So'nggi 2 yilda futbolimiz o'sishdan to'xtab qoldi”
20 iyu 2014 13:14
Yangiliklar
Islom Ahmedov: “So'nggi 2 yilda futbolimiz o'sishdan to'xtab qoldi”
- Islom aka, seminar haqida batafsil malumot bersangiz. Bu gal qanday masalalar kun tartibida bo'ldi?
- OFKning Technical Study Group (TSG) nomi bilan yuritiluvchi guruhi bo'lib, O'zbekistondan men va Usmon Toshev uning azosi hisoblanamiz. Bu guruh azolari OFK bayrog'i ostida o'tkaziladigan barcha nufuzdagi musobaqalar - JCH saralash bahslari, Osiyo chempionati, OCHL va OFK kubogi o'yinlarini doimiy ravishda kuzatib, tahlil qilib borishadi. Har bir musobaqaga OFK tomonidan ikki kishi jo'natiladi. Masalan, Kuala-Lumpurdagi yig'ilishimizda meni oktyabr oyida Myanmar davlatida yoshlar (U-19) o'rtasida o'tkaziladigan Osiyo chempionatiga borishim tasdiqlandi. Har bir mutaxassis o'zi ko'rgan o'yinlarni chuqur va keng qamrovda tahlil qilib, yakuniy hisobotni OFKga taqdim etadi.
- Bu guruhni tashkil etishdan qanday maqsad ko'zlangandi?
- OFK qoshidagi tahlil guruhi avval ham bo'lgan. Bunday ishchi guruhlar barcha qita konfederaciyalari, shu jumladan FIFA va UEFAda ham bor. Guruh azolarining asosiy vazifasi o'yinlarni ko'rib, chuqur tahlil qilib, Osiyo futboli qay yo'sinda rivojlanyapti, qaysi yo'ldan ketyapti, qanday kamchiliklar bor, dunyo futbolidan qay jihatlarda ortda qolyapmiz, hamma-hammasi haqida malumotlarni to'playdi. Keyin bu xulosalar OFK tomonidan barcha davlat federaciyalariga tavsiya sifatida jo'natiladi. Murabbiylar esa aynan shu tavsiyalar asosida o'z klublari va terma jamoalarida ish olib borishadi.
- Bu gal Kuala-Lumpurda qitamiz futbol tahlilchilari nimalarga ko'proq urg'u qaratishdi?
- Osiyo futboli saviyasini ko'tarish haqida bahs va munozaralar bo'ldi. Hamma o'z kuzatishlari asosida fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- Qita, xususan, O'zbekiston futboli saviyasini qanday ko'tarish mumkin?
- SHuni aytishim mumkin, Osiyoda futbol yildan-yilga o'sib boryapti. Biz safar chog'ida Malayziya chempionati doirasidagi bir nechta o'yinlarni tomosha qildik. Ishonch bilan aytishim mumkin, bu mamlakat chempionatida ham qiziqarli va shu bilan birga shiddatli uchrashuvlar soni etarli ekan. Klublari saviyali legionerlarni xarid qilishni boshlabdi. Endi O'zbekiston misolida gapiradigan bo'lsam, Maksim SHackix bu savolga mendan avval javob berib ulguribdi. Men yaqinda Inter FUTBOL gazetasida aynan SHackix bilan uyushtirilgan intervyuni o'qidim. U futbolimiz haqida o'zining xolis bahosini beribdi. Xorijda bir necha yil to'p surgan futbolchining fikrlariga qo'shilmay ilojim yo'q. Maksning fikrlariga qo'shimcha tarzda shuni aytishim kerak, O'zbekiston futbolida o'z ishining professionallari ishlashi lozim. Men faqat murabbiylarni nazarda tutmayapman. Barcha jabhalarda o'z ishining ustalari ishlamas ekan, sohada natija bo'lmaydi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat.
- Agar mintaqalar bo'yicha ko'rib chiqadigan bo'lsak, O'zbekiston futboli hozir Osiyoda qanday mavqega ega?
- So'nggi ikki yillikni tahlil qilib chiqish asnosida shunga amin bo'ldimki, O'zbekiston futboli taraqqiyot, o'sishdan to'xtab qoldi. Buning sabablari haqida men ko'p bora gapirganman. Lekin ijobiy tomonga o'zgarishni ko'rmayapman. Endi mintaqalarga kelsak, OFK tomonidan JCH-2018 saralash bosqichiga o'zgartirish kiritildi. Kelasi mundialning saralash bosqich bahslari juda ham qiziqarli o'tishini hozirdanoq taxmin qilish mumkin. Osiyoda futbol tenglashib boryapti. Yaxshi tayyorgarlikka ega bo'lgan terma jamoa 2018 yili Rossiyaga boradi. Malayziyada zamonaviy futbol namoyish etishayotgan ekan, demak, 2-3 yildan keyin yuzaga keladigan raqobatni tasavvur qilish qiyin emas. Afg'oniston terma jamoasi Janubiy Osiyoda etakchilikni o'z qo'liga oldi. Tojikiston Estoniya bilan tengma-teng o'ynadi. Yildan-yilga qiyinlashib boraveradi. JCH final bosqichiga chiqish endi oson bo'lmaydi.
- Turli xalqaro seminar va yig'inlarda ishtirok etasiz. Xorijlik mutaxassislarning futbolimiz haqidagi fikrlari qanday bo'lyapti?
- Ular natijalarimizdan hayron qolishyapti. Klublarimizning OCHLdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan taajjubga tushishyapti. Milliy terma jamoamizning JCH-2014 saralash bosqichidagi ishtiroki va alamli tarzda mundialdan chetda qolib ketganligini keng muhokama qilishmoqda. To'g'risi, xorijlik hamkasblarimning savollariga javob berishga qiynalaman. Bizni qiynayotgan muammolarimiz haqida ro'y-rost gapira olmaymanku!
- Bu muammolarning echimi bormi? Mutaxassis sifatida qanday fikrdasiz?
- Kamchiliklar haqida matbuotda tinmay yozishyapti. Lekin hozircha bundan foyda bo'layotganini ko'rmayapman.
- Islom aka, yaqin kunlarda Markaziy Osiyo mintaqaviy futbol federaciyasini tashkil etilishi haqida aytildi. Bu federaciyaga Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari Eron ham kiritiladi. Birlashgan federaciya kelajagini shaxsan siz qanday ko'ryapsiz?
- Bu biz uchun chinakam chorlov bo'ladi. Sababi, mintaqadagi terma jamoalar bilan tez-tez uchrashib turish imkoniyati yuzaga keladi. Biz o'zimizni hamisha ulardan bir bosh baland, deb hisoblab kelganmiz. Endi bu so'zlarni amalda isbotlash kerak. Mamlakatlar futboli o'rtasidagi tafovut bu jarayonda yaqqol ko'zga tashlanib qoladi. O'ylaymanki, bu o'zgarishlar har bir davlat federaciyasida o'z ishiga professional tarzda yondoshishni yuzaga keltiradi. SHu bahona haqiqiy mutaxassislar, o'z ishining ustalari yuzaga kelsa, bundan faqat xursand bo'lardim va bundan o'zbek futboli ko'proq foyda ko'rardi.
- Yuqorida Malayziya futboli haqida ijobiy fikrlarni bildirdingiz. Bu mamlakatda bolalar futboliga qay tarzda etibor qaratilyapti?
- Yaqinda Malayziya futbol federaciyasining texnik direktori etib evropalik mutaxassis tayinlandi. Tabiiyki, Evropa futboli andozalari asosida ishlar yo'lga qo'yiladi. Nafaqat bolalar futbolida, balki terma jamoalar yo'nalishida ham ijobiy o'zgarishlar bo'lishi kerak.
- Evropalik mutaxassisni O'zbekiston futboliga taklif etilishi qanchalik foyda keltirishi mumkin?
- Buning uchun birinchi galda futbolimiz xo'jaligida tartib yuzaga kelishi, mutaxassislar joy-joyida ishlashi lozim. Hozirgi sharoitda xorijlik mutaxassisni olib kelsak, havoga pul sovurilgan bo'ladi.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Fikrlar