Intervyu. Xurshid Xodjaev: "Olmaliq"da uchinchi o'rinni egallash uchun imkoniyat bor"
17 avg 2017 12:29
Yangiliklar
Intervyu. Xurshid Xodjaev: "Olmaliq"da uchinchi o'rinni egallash uchun imkoniyat bor"
Birinchi davra qahramonlaridan biri bo'lgan posbon Viktor Kumikov jamoasi sharafini munosib himoya qilmoqda. Xodjaev birinchi davrada 11ta o'yinda maydonga tushib o'z darvozasidan atiga 2 bor to'p olib chiqdi va 9ta o'yinni "quruq" o'tkazdi. "Olmaliq"ning tanaffusga etakchilar orasida chiqib ketishiga aynan ushbu darvozabonning xissasi katta bo'ldi. Biz tizzasidagi jarohatni davolayotgan futbolchi bilan suhbatlashishga qaror qildik.
- Avvalo futboldagi birinchi murabbiylaringiz haqida gapirib bersangiz.
- O'zim Qo'qon shahrida tug'ilganman. Yoshligimdan futbolga qiziqishim kuchli bo'lgan. Birinchi murabbiylarim Rifat Hasanov hamda Narimon Asanov bo'lishgan. Narimon aka futbolchi bo'lib etishishimda juda katta rol o'ynaganlar. Ulardan doim minnatdorman.
- Ko'plab klublarda o'ynagansiz. Barchasini bir boshidan sanab bera olasizmi?
- Ilk professional shartnomamni 2005 yilda Toshkentning "Paxtakor" klubi bilan tuzganman. Bu jamoa o'rinbosarlari safida ikki yil faoliyat olib borganman. 2007 yilda ikkinchi ligada o'ynayotgan "Qo'qon-1912" sharafini himoya qilganman. 2008 yilda esa "Bunyodkor-Qo'qon" jamoasida o'ynaganman. 2010 yilgi mavsumni "CHust-Paxtakor"da, 2011 yilni Bahrom Hakimov boshchiligida "Erqo'rg'on" klubida o'tkazganman. 2012 yil "Neftchi" safida oliy ligada debyut qilganman. 2013 yilning ikkinchi davrasida Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi "Guliston" klubiga o'tganman. Biroq qo'lim singani bois bu jamoada maydonga tusha olmagandim. Keyin "Navbahor"ga o'tganman. Bu klubda ham ikki yil faoliyat olib bordim. 2016 yilgi mavsumda "Andijon" sharafini himoya qildim. Bu yil boshidan "Olmaliq" futbolchisiman.
- Yuriy Vazgenovich qanday murabbiy edi? Unga qanday tarif berasiz?
- Yuriy Sarkisyanga ikki og'iz so'z bilan tarif berib bo'lmaydi. Uni "Neftchi"da barcha "ota" deb atardi. Sarkisyan har tomonlama ko'pni ko'rgan va tajribali murabbiy edi. Jamoasi doim g'alaba uchun maydonga tushardi, futbolchilarga sharoitlarni yaratib qo'yib keyin talab qilardi Vazgenovich. U bilan birga ishlab zavq olganman.
- Lekin negadir Sarkisyan jamoada faqat bosh murabbiy ishlashini xohlar va yordamchi murabbiylar bo'lishi unchalik xushlamasdi...
- To'g'ri o'sha paytda jamoada darvozabonlar murabbiyi bo'lmagan. SHunga qaramay Sarkisyanning o'zi barchasini nazorat qilardi. SHaxsiy fikrim har bir klubda har bir chiziq uchun murabbiylar kerak deb o'ylayman. Bu murabbiylar bosh murabbiy bilan futbolchilar o'rtasidagi ko'prik bo'lishlari lozim deb hisoblayman.
- O'zingiz bilan o'ynagan qaysi darvozabonlardan tajriba olgansiz?
- 2011 yil Andrey Baklanov bilan birga o'ynaganman. Uni juda hurmat qilaman. Uning o'yinlarini kichkinaligimda ko'rib havas qilardim. Bu posbondan ko'p narsalar o'rganganman. "Neftchi"da 15 yil o'ynagan tajribali Hislat CHilmatovdan ham ko'p narsa o'rganganman. Bundan tashqari hozir Akbar To'raev bilan bir jamoadamiz. Undan ham ko'p narsa o'rgansa bo'ladi.
- Xorij posbonlari orasidan kimlarga havas qilasiz?
- Yoshligimdan "Bavariya"ning muxlisiman. Oliver Kanning o'yinlari meni o'ziga rom qilgandi. U mening futboldagi kumirim bo'lgan. Hozirda Noyer ajoyib o'ynayapti. Umuman nemis darvozabonlar maktabi dunyoda birinchi raqamli bo'lsa kerak: ter SHtegen, Leno, Trapp hammasiga yuqori baho beraman. Buffon, De Xea va Oblakni Noyer bilan bir darajada deb hisoblayman. Ular zamonaviy futboldagi eng kuchli posbonlar hisoblanishadi.
- "Olmaliq"qa kelishingiz qanday ro'y berdi?
- Muxtor Qurbonov taklifiga binoan jamoaga keldim va birinchi yig'idan so'ng "Olmaliq" bilan shartnoma tuzdim.
- Viktor Kumikovga qanday tarif berasiz?
- Kumikov 24 soat futbol bilan yashaydi desak ham bo'ladi. Raqibni juda ham sinchkovlik bilan o'rganib chiqadi. Barcha kuchli va kuchsiz tomonlarini ko'rib chiqadi. Taktik tomonlama kuchli murabbiy. Maydonga tushgan futbolchilar qatiy tartib ostida harakat qilishlari lozim. Jamoada uning qo'li albatta seziladi. Kuchli strateg.
- O'tgan yil "Andijon" safida oxirgi beshta uchrashuvda to'p o'tkazmadingiz va bu yil boshida yana 4ta uchrashuvda quruq o'ynab golsiz seriyangiz 811 daqiqaga etdi. Ketma-ket golsiz o'yinlarga qanday erishdingiz?
- Bu mavsumda 9ta o'yinda gol o'tkazmaganim jamoaning yutug'i deb bilaman. Jamoamiz himoyaga katta etibor qaratdi va shuncha bahsda gol o'tkazmaslikka loyiq edik. Ko'plab uchrashuvlarda albatta omad ham yordamga keldi.
- Ammo ikkinchi davraning dastlabki ikki uchrashuvda jamoa bitadan bo'lsa ham gol o'tkazdi. Bundan tashqari uydagi "quruq" seriyaga barham berildi.
- Bu o'yinlarni uydan tomosha qildim. "Buxoro" bilan o'yinda birga bir vaziyatda gol o'tkazdik, "Bunyodkor"ga qarshi uchrashuvda yaqin masofadan to'p kiritildi. Bu gollarda Akbar To'raevning aybi yo'q deya olman. "Qaldirg'ochlar" bilan uchrashuvda To'raev bir necha bor jamoamizni qutqarib qoldi va yaxshi o'yin o'tkazdi. Birinchi davrani ham yaxshi boshlay olmagandik, ikkinchi davrani ham shunday boshladik. "Olmaliq" bu ikkala o'yinda ham yutishi mumkin edi. Ammo ko'rgan bo'lsanglar "Buxoro" bilan uchrashuvda birinchi bo'limda penalti ura olmadik, "Bunyodkor" bialn esa tengma teng o'ynay oldik.
- Qaerda va qanday qilib jarohat oldingiz?
- 30 iyul kuni "Qizilqum" bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tizzam bilan noqulay yiqildim. SHukurki jarohat juda og'ir emas. SHifokorlarning taxminiga ko'ra bir-bir yarim oydan so'ng safga qaytaman. Tezroq qaytishga va formaga tushishga harakat qilaman.
- Birinchi davrada shaxsan siz uchun eng og'ir o'tgan o'yin qaysi bo'ldi?
- To'g'risini aytaman bironta o'yinda oson bo'lgani yo'q. Hech bir bahsda raqiblarni yirik hisobda mag'lub etmadik. Har bir o'yin og'ir o'tdi. Agar bittasini tanlash kerak bo'lsa "Nasaf" bilan uchrashuvni tanlardim. Sababi bunga qadar g'alaba yo'q edi, bosim ham yuqori edi. O'sha uchrashuvdagi g'alabadan keyin ketma-ket omadli o'yinlar kuzatildi.
- Nega aynan darvozabon bo'lgansiz?
- Sport maktabiga borganimdayoq darvozabonlikni tanlaganman. Bo'yim sheriklaridan ko'ra balandroq bo'lgan. Murabbiylar menda darvozada turishga qiziqishni yanada kuchaytirishgandi. 1999 yilgi ECHL finalidagi "Manchester Yunayted" - "Bavariya" o'rtasidagi o'yinda Oliver Kanning harakatlari menga juda qattiq tasir qilgan va darvozabonlikka sevgim uyg'ongan.
- Terma jamoaga chaqiruv olish barcha futbolchining orzusi. Nima deb o'ylaysiz sizni ham termaga chaqirisharmikin?
- To'g'ri aytdingiz terma jamoada o'ynashni barcha istaydi va orzu qiladi. Uning eshiklari barcha uchun ochiqligini bilaman. Bizning ishimiz o'z klubimizda yaxshi o'ynash, qolgani murabbiylarga bog'liq. Ammo hozirgi kunda terma jamoaga chaqirilayotgan posbonlar kuchli hisoblanishadi. Lobanov, Nesterov, Suyunov va Zuhurov bor ekan bu chiziqda muammo bo'lmasa kerak.
- "Olmaliq" bu mavsumda oliy ligada uchinchi o'rinni olish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Agar keyingi o'yinlarda yutib o'zimizga kelib olsak bu kamida imkonsiz ish emas. Uchinchi o'rin uchun 60 foizga imkoniyatimiz bor deb o'ylayman. Raqobatchilarimiz yutqazishmoqda, qaysidir turda ikki raqobatchimiz durang o'ynamoqda. Bu yilgi chempionat juda ham qiziqarli kechmoqda, buni hamma bilib turibdi. Hozir 15-o'rindagi jamoa etakchi jamoani safarda qiynab qo'yishi ham mumkin. Omadimiz kelsa yuqori o'rinlani olamiz.
Narzulla Saydullaev
Fikrlar