Intervyu. Xayrulla Karimov: "Jahldor bo'lsam ham ko'nglim bo'sh"
08 fev 2018 12:36
Yangiliklar
Intervyu. Xayrulla Karimov: "Jahldor bo'lsam ham ko'nglim bo'sh"
Karimov "Bunyodkor" klubi murabbiylar shtabida ishlamoqda. Biz tajribali himoyachi va yosh murabbiy bilan suhbat qurishga qaror qildik.
FUTBOLGA KIRIB KELISHI HAQIDA
Otam futbolning ashaddiy muxlisi edik. Men kichkinaligimda ularga qo'shilib Jahon va Evropa chempionatlarini tomosha qilganman. To'raqo'rg'onda 3-sonli "Ibrat" nomli maktabda o'qishni boshlaganman. 7-sinfgacha shu erda, undan keyin 1-o'rta maktabda o'qiganman. Ushbu maktabda futbol to'garagi ochilgandi. To'ychivoy aka Ibragimov degan odam 1978-1979 yillarda tug'ilgan bolalarni yig'ib bir jamoa tuzgandilar. Bitta sinfdan 10 nafar bola birga futbolga qatnay boshlaganmiz. Har kuni o'qishga va mashg'ulotlarga borardik. Ushbu jamoa tezda yaxshi natijalarga erishgandi. Xatto vaqt o'tib o'zimizdan katta bolalardan iborat jamoalarni ham yutishni boshlaganmiz. Tuman, viloyat miqiyosiga chiqdik. Amet Memet degan murabbiyni taniysizlar, uning ham o'z jamoasi bo'lardi. 1992 yoki 1993 yillarda "Navbahor" uy o'yinlari tanaffusi vaqtida Memet jamoasi bilan o'ynardik. Boshida raqib bizni mag'lub etardi. Keyin-keyin ularni ham yutishni boshlaganmiz. "Navbahor"ning o'yini vaqtida biz katta futbolchilarga to'p olib berib turardik.
Maktabni bitirgach 20 nafar boladan 2 nafari futbolda qoldi xolos. Har kim o'z yo'lidan ketdi. 1978 yilda tug'ilgan bolalar Respublika olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi Namanganga kelib yig'in o'tkazdi. To'ychivoy aka kelib o'zingni sinab ko'rmaysanmi degandilar. Qo'shnim Anvar Soliev mendan oldin ushbu jamoa yig'iniga qatnab turganini bildim. Soliev bilan gaplashib men ham mashg'ulotlarga qo'shildim. Ushbu jamoada Vyacheslav Ponamaryov, Leonid Koshelev, Oleg Sobirov, Vitaliy Jalilov kabi futbolchilar o'ynashardi. Men 4 kun jamoa mashg'ulotlarida bo'ldim. Namangandagi yig'in oxirida Viktor Trofimovich va Guram Grigorevich degan murabbiylar Soliev ikkalamizga avgust oyida Toshkentga borishimizni aytishdi. Hujjatlarimizni yig'ib avgust oyida poytaxtga kelib ROZK bilim yurtiga o'qishga kirgandik.
FUTBOLCHILIKDAGI ARMONI
Har bir futbolchida terma jamoasi bilan birga Jahon chempionatida o'ynash yoki CHempionlar ligasini yutish kabi orzular bo'ladi. Men ham mana shunday yutuqlarga erishishni istardim. Terma jamoa bilan bir necha bor saralashlarda qatnashdik. "Bunyodkor" bilan OCHL yarim finaliga qadar bordik. O'zimdan futbolda iz qoldirishni istardim. Ozmi ko'pmi bunga erishdim deb o'ylayman.
QO'POL O'YINLARI HAQIDA
Men bilan gaplashmaganlar meni "o'zini katta oladi", "boshqalarni mensimaydigan" inson deb o'ylashadi. Ammo suhbatdosh bo'lganlar yoki meni yaqindan biladiganlar bunday emasligini juda yaxshi bilishadi. Xayrulla Karimov maydonga tushsam hamma narsani unutadi, yutqazishni yomon ko'raman. To'p uchun kurashda qo'rqsangiz jarohat olasiz, agar qo'rqmasangiz hech qachon jarohat olmaysiz. To'g'ri vaqtida qo'pol ham o'ynayman, lekin bu narsa hech qachon qasddan bo'lmagan.
QIZIL KARTOCHKALAR
Ravshan Ermatov menga eng ko'p qizil kartochka ko'rsatgan hakam bo'lsa kerak. U futbolchi bo'lganida birga o'ynardik. Uni juda yaxshi bilardim. Hozir ham ko'chada do'stmiz, ammo maydonda u hakam, men futbolchi edim. To'p uchun kurashlarda to'pga emas raqib oyog'iga tepib yuborganimda ko'p bor qizil kartochkalar bergan. Eng alamli qizil kartochka esa Marat Ismoilov tomonidan "Paxtakor" bilan o'yinda berilgan deb o'ylayman. Uchrashuvdan so'ng o'sha vaziyatni ko'rib chiqqanmiz va qizil kartochka yo'qligi malum bo'lgan. O'sha bahsda yutqazgandik, shu bois alam qilgan. Ammo men hech kimdan kek saqlamayman va hozir barchasi unutilgan.
ENG KATTA MUKOFOT PULI HAQIDA
Oldin "Neftchi" - "Navbahor" o'yini bo'lsa unga hech qanday mukofot puli kerak emasdi. Haqiqiy derbi edi. Agar keyingi tur "Neftchi" bilan o'yin bo'lsa bugungi o'yin tugamay turib o'sha o'yin haqida o'ylashni boshlardik. Xuddi shunday vaziyat "Paxtakor" va "Bunyodkor" o'rtasidagi o'yinlarda ham bo'lardi.
Rahbarlar o'z vaqtida katta muokofot pullari berishgan, xatto bitta mashinani pulini ham berishgan. Lekin o'yindan oldin hayolingiz pulda bo'lsa o'sha o'yinni 99 foiz yutqazasiz. Agar yutsangiz maza qilasiz, xalq ham xursand bo'ladi, siz ham moliyaviy tomonlama rag'batlantirilasiz. Mana shu haqiqiy zavq.
Ronaldinoning o'yinlarini ko'rganmiz to'g'rimi? U maydonga tushib doim kulib, chiroyli fintlar qilib yurardi. Ana shu futbolchi futboldan zavq olardi.
ENG ASHADDIY DERBI HAQIDA
Bir yili "Bunyodkor" - "Paxtakor" uchrashuviga "Barselona" sobiq prezidenti Joan Laporta kelgandi. O'sha o'yinga tayyorgarlik juda kuchli edi. Ikkala jamoa tarkibida ham etakchi futbolchilar bor edi. "Paxtakor"da Odil Ahmedov, Aleksandr Geynrix, "Bunyodkor"da legionerlar bor edi. Uchrashuv boshlanishi bilan maydonda haqiqiy jang bo'lgandi. Raqib bilan juda keskin kurash kechgan. O'sha bahsdan keyin Laportaning fikri so'ralganida u xayron qolganini aytgan ekan. Bugun futbol emas gladiatorlar jangi bo'ldi, O'zbekistonda mana shunday futbol o'ynashlarini umuman kutmagandim degandi. Ana o'sha yillarda haqiqiy derbi bo'lardi.
QACHON MURABBIY BO'LISHGA AXD QILGANI HAQIDA
Namangan hokimi Xayrulla Bozorov jamoaga yordam berishimni so'raganlari uchun 2017 yil boshida "Navbahor"ga borib keldim. Yozda "Bunyodkor"ga qaytdim va shu klubdan boshqa joyda ishlay olmasligimni tushunib etgandim. Baxtiyor Boboev kelib murabbiylikka harakat qilgin, yoshlarga ham joy bo'shatish kerakligini aytgandilar. Istalgan yoshi katta futbolchiga yoshlarga joy bo'shatib ber deyishsa xursand bo'lmaydi. Faoliyatini tugatishni hech kim istamaydi. Ammo keyin bir o'zim qolib o'ylab ko'rib ularning gaplari to'g'riligini tushunib etdim. Faoliyatim ajoyib o'tdi, ko'plab sovrinlarga ega chiqdim. O'tgan yil murabbiylar uchun C va B licenziyalariga o'qidim. Xudo xohlasa bu mavsum A licenziyasi uchun o'qish rejada bor.
SOCH TURMAGI HAQIDA
Sochimni o'stirish bu kimgadir taqlid qilish yoki o'ziga xos stil yaratish emas. SHunchaki bazi vaqtda mashg'ulotlar va o'yinlar bilan bo'lib ancha vaqt sochimni oldirmadim. Sartorosh esa sochingizni o'stirib ko'ring dedi. Barchasi tasodif tufayli bo'lgan. Ko'pchilik meni Puyolga o'xshash uchun shunday qilgan deydi, bunday emas. Oldin ikki haftada bir marta soch oldirardim, hozirda esa bir yilda ikki yoki uch marta boraman. Vaqtdan ham yutaman.
OLDINGI VA HOZIRGI FUTBOL HAQIDA
90 yillarda yosh bola bo'lganmiz. “Navbahor” misolida olsak internatdan Viktor Jalilov meni, Anvar Soliev va Azam Hafizovni jamoaga taklif qilgandilar. O'shanda jamoa safida Farhod Magametov, Oleg SHackix, Gennadiy Denisov, Saydullo Tursunov, Tohir Madrahimov, Farhod Musaboev. O'sha paytda oliy ligada ko'proq tajribali futbolchilar o'ynashardi. Yoshlarga hozirgidek ko'p imkoniyat berilmasdi. Yosh futbolchilar juda kam bo'lishardi va juda kam o'ynashardi. Hozirda esa yosh futbolchilar juda ko'pchilikni tashkil qilmoqda. Oldinlari klublarimizning o'rtacha yoshi 32-33 bo'lgan bo'lsa, hozir adashmasam 25-26 yosh.
Oldingi davrda yulduzlar ko'p edi. Oliy liga o'yinlariga kimdir Mirjalol Qosimovni ko'rish uchun stadionga borgan, kimdir Igor SHkvirinni, yana kimdir Oleg SHackixni ko'rish uchun borardi. Farg'onada Lebedev, Mamotov desa muxlislar oqib kelardi. Ko'pchilik o'sha paytda haqiqiy yulduzlar, masterlar ko'p edi. Hozir ham bor, ammo yulduzlar juda kam.
YOSH FUTBOLCHILAR HAQIDA
Yosh futbolchilar qanday buzilib ketishmoqda? Klub rahbari yaxshi o'ynagan yosh futbolchining yoniga kelib “Meni jamoamda o'yna, qancha pul kerak bo'lsa beraman” deydi. Bo'ldi u yosh futbolchi faqat pul haqida o'ylaydi. Jamoalarda maydonga tushgan futbolchilarga bir xil mukofot puli beriladi, men yoshligimda esa mukofot pulining yarmini olardik. Xafa bo'lmasdik, maydonga tushganimizdan xursand bo'lardik. Hozir yosh futbolchiga kamroq pul bersangiz nima bo'ladi? O'sha paytda nima uchun kamroq pul berishganini keyin tushundim. Mayli yosh futbolchilar yulduz bo'lsin, bunga qarshimasman, lekin mehnat qilishdan to'xtab qolishmasin. Nega Messi yoki Ronaldu barcha sovrinlarni yutsa ham keyingi o'yin yanada ko'proq kuch bilan o'ynashadi? Mana ular haqiqiy yulduzlar.
Bugungi kunda agentlar ko'payib ketmoqda. Deylik “Bunyodkor” akademiyasida 300-400 nafar bola o'qiydi to'g'rimi, davlat shu bollarga sharoit yaratib berdi to'g'rimi, ularni “Bunyodkor” tarbiyalanmoqda. O'sha futbolchiga klub xo'jayin bo'lishi kerak deb o'ylayman. Bu faqat “Bunyodkor” emas “Paxtakor”, “Mashal” yoki “Nasaf”da ham shunday bo'lishi kerak. Agentlar esa yaxshiroq o'ynay boshlagan futbolchining yoniga kelib men bilan ishlaysanmi seni xorij klubiga o'tkazaman deb boshini aylantiradi. O'sha futbolchini 3-4 yil tarbiyalagan klub yoki akademiya esa hech nimasiz qoladi. Bu to'g'ri emasku.
NIMA UCHUN XORIJDA O'YNAMAGANI HAQIDA
"Mashal"da o'ynagan paytimda boshqa futbolchilarga xorij klublari qiziqayotgani haqida gap so'zlar chiqardi. O'shanda nega menga hech kim qiziqmaydi degan o'y o'tardi. Yillar o'tib menga ham qiziqish bo'lganini bildim, rahbarlar bu o'yinchi o'zimizga kerak xorijga sotmaymiz deb javob berishgan ekan. Lekin faoliyatimdan afsuslanmayman. Doim yuqori maqsadlarni qo'ygan klublarda o'ynaganman. Bir necha marta chempion bo'ldim va kubok sohibiga aylandim.
ENG NOQULAY HUJUMCHI
Har xil hujumchilar bo'ladi. Biri tezkor, biri texnikasi kuchli boshqasi bo'ydor bo'ladi. Aleksandr Geynrix bilan ko'p to'qnash kelganman. U juda ayyor edi, to'p uchun kurashda sal oyog'im tegsa chiroyli yiqilardi va jarima to'pi ishlardi. Too'g'ri yiqilishni ham bilish kerak, shu bois unga qarshi o'ynash men uchun og'ir edi. Kurashga kirishadigan baquvvat hujumchilarga qarshi esa maza qilib o'ynardim.
BAXTIYOR VA RUSTAM ASHURMATOV HAQIDA
Baxtiyor Ashurmatovdek himoyachi bo'lish uchun o'ta kuchli xarakter kerak, mard bo'lish kerak. U inson bilan birga o'ynaganman. U ham jahl bilan futbol o'ynardi. Baxtiyor OCHL doirasidagi qaysidir o'yinda oyog'idan jarohat olgan va 10 daqiqacha o'ynagan. SHifokorlar uning oyoq suyagi singanini aytishgach men uning o'rniga zaxiradan maydonga tushgandim. Tasavvur qiling singan oyoq bilan maydonda chopishni! Rustam Ashurmatov esa tog'asiga o'xshagan himoyachi bo'lish uchun mehnat qilishdan to'xtamasligi lozim. U ham, men ham tug'ma himoyachi emasmiz. Agar yanada ko'proq mashg'ulot qilsa bunga erishsa bo'ladi. Istalgan futbolchida yulduzlik kasalligi bo'ladi, menda ham bo'lgan, tan olaman. Agar Rustam Yulduzlik kasaliga chalinmasa, agar chalinsa ham tezda o'zini qo'lga ololsa foyda bo'ladi. Kun kelib Rustam tog'asidek bo'la olsa bu nafaqat "Bunyodkor" uchun, balki O'zbekiston terma jamoasi uchun juda katta foyda bo'ladi.
SAMVEL BABAYAN HAQIDA
Samvel Babayan haqidagi savolga javob bermoqchi emasman. Har bir murabbiy yutsa zo'r, istalgan murabbiyni oling agar jamoa yutaversa murabbiy zo'r deydi. Har qanday murabbiy terma jamoadami yoki klubdami qaerda ishlasa ham yutishni xohlaydi. Yutqazishni ham bilish kerak, 0:5 hisobida yutqazishingiz mumkin, lekin bor kuchingizni maydonda tashlab chiqib ketishingiz mumkin.
YAXSHI MURABBIY BO'LA OLMASLIKDAN QO'RQMAYDIMI?
Baribir bir kun kelib boshlash kerak. Boshlamasangiz yuraverasiz. Lekin qachon shuni ichiga kirsangiz qiyinchiligini bilasiz. Barcha murabbiylarim menga doim og'ir kasb ekanligini aytib kelishgan. Qancha kuching etsa futbolchi bo'lgin, murabbiylik haqida o'ylama deyishardi. Murabbiy hamma narsaga javob beradi, yutsa ham, yutqazsa ham. Futbolchi mashg'ulot qiladi va uyiga ketadi. Murabbiy esa qachon mashg'ulot o'tkazish, qaysi jamoa bilan o'ynash, rejalar tuzish va jamoadagi futbolchilar bilan til topishishni bilish kerak. Yaxshi futbolchidan yaxshi murabbiy chiqmaydi degan gaplar bor. Lekin Zidan va Gvardiola buning teskarisini isbotlab qo'yishdi. Bir yildan buyon murabbiy bo'lib ishlayapman, ammo juda qiyinligini bildim.
INTERVYU HAQIDA
To'g'risi intervyu berishga qiziqmayman. Gaplashgim kegan odam bilan gaplashaman, yo'q desam shu inson xafa bo'ladi deb boraman. Tashabbus o'zimdan chiqmaydi, sizlar xurmat qilibsizlar men ham sizlarni xurmat qilaman. Bu ham ishimizning bir bo'lagi.
NAMANGAN FARZANDI SIFATIDA AKTOBEDAGI FOJEA HAQIDA
Jahldor bo'lsam ham ko'nglim juda bo'sh. Ikki bolaning otasi gapirdilar, to'raqo'rg'onlik ekanlar. Bitta oiladan ikki farzand ekan. Yigitlar otasiga siz endi ishlamang endi siz dam oling biz ishlaymiz deb xorijga yo'l olishgandi. Atayin ro'yxatni ko'rib chiqdim, Deyarli barchasi Namangandan va ko'pchilik 1998-1999 yillarda tug'ilgan yosh yigitlar. Fursatdan foydalanib mana shu o'tganlarning oilalariga hamdardlik bildiraman. Barchaning oxirati obod bo'lsin.
Qizil kartochkalar "hukmdori" bilan oppoq suhbat VIDEO
Narzulla Saydullaev va SHahboz Beg'amov suhbatlashdi
Fikrlar