Intervyu. Ronaldino: “Maradona hayratlanarli ishlarni bajarardi”
27 dek 2015 21:00
Yangiliklar
Intervyu. Ronaldino: “Maradona hayratlanarli ishlarni bajarardi”
- Bolalikda raqib darvozasiga bir o'yinda 23 gol urganingiz rostmi? O'sha raqib shunchalik kuchsiz edimi?
- Ha, men shuncha urganman, o'sha bolalar esa dahshatli edi! Ular faqat jismoniy tarbiya darslarida futbol o'ynashgan xolos. Men esa unda yoshlar jamoasida o'ynardim. Lekin buni 5-sinfga o'tish arafasida bajarish unchalik oson bo'lmagan.
- Qaysi futbolchini yoqtirgansiz? Kimgadir o'xshashni istaganmisiz?
- Ular ko'pchilik edi. Akam Assish, Rivelino, Romario, Ronaldo, Rivaldo. Diego Maradona boshqacha futbolchi bo'lgan. Uni kuzatib hamisha zavq olardim. U eng yaxshi o'ynovchi hujumchi edi. Uning to'p bilan muomalasini ko'rib rohatlanardim. Maradonaning texnikasi juda yuqori edi, boshqa hech kimda bunday holatni ko'rmaganman. U darvozaga tezlik bilan dribling ishlatgan holda yaqinlashardi! Men uning to'p bilan qilgan ishlarini apelsin bilan ham bajara olmagan bo'lardim.
- Bo'lg'usi futbolchi sifatida 1994 va 1998 yilgi jahon chempionatlari qanday taassurot qoldirgan?
- Braziliyaning AQSHdagi g'alabasi futbolchi bo'lish haqidagi qarorimga ishonch bergan. O'shanda katta futbol o'ynashim kerakligini tushunganman. Futzalni ham juda yaxshi ko'rardim. 1994 yil bir futbolchi jamoa uchun qanchalik ko'p ishni amalga oshirganini tomosha qilganman. Romario Braziliya uchun shunday ishni uddalagan. Usiz turnirni yutish qiyin bo'lardi. 1998 yil esa 2002 yildagi turnir haqida o'ylashni boshlagandim. Terma jamoada o'ynash to'g'risida 15 yoshimda, 17 yoshgacha futbolchilar termasida o'ynaganimda o'ylardim. 1998 yilgi finaldagi mag'lubiyat o'yinchilar uchun fojia emasdi, biroq muxlislar uchun haqiqiy kulfat bo'lgandi.
- “Ronaldino” laqabi sizga bolalikdan oshno bo'lganmi yoki faoliyatingizni boshlagandan keyinmi?
- Mengacha Ronaldo bor edi. Yaqinlarim hech qachon meni Ronaldino deb nomlashmagan. 1999 yil terma jamoa uchun chiroyli gol urganimda mashhur sharhlovchilardan biri Ronaldino Gausho deb aytgan, chunki Riu-Grande-du-Sul shtatida tug'ilgandim. O'sha inson Ronaldoni ham Ronaldino deb aytgandi. U haqiqiy ayyor edi!
- “PSJ”ga o'tguningizgacha sizga boshqa klublardan ham qiziqish bo'lganmi? “Gremio” bilan sudlashuv qanday tasir qilgan?
- Ha, boshqa klublar ham bo'lgan, biroq hozir ularni eslay olmayman. Bu faoliyatimdagi eng og'ir davr edi va ularni unutishni xohlayman. Deyarli 2 oyni yolg'iz o'zim trenajyor zalida shug'ullanib o'tkazganman. O'sha vaqtni eslashni yoqtirmayman, to'g'risi.
- Franciyada o'ynashdan qanday xotiralar qolgan? “PSJ”ning hozirgi muvaffaqiyatlaridan xursandmisiz? Jamoa ECHLda g'olib chiqishga qodirmi?
- Eng yorqin xotira “Marsel” bilan o'yindan qolgan. Ularga qarshi har safar gol urardim. “Velodrom”dagi bellashuvlardan birida to'p kiritganman va o'shanda uzoq muddatdan keyin safarda g'alaba qozonganmiz. “PSJ”ga nisbatan boshqacha mehrni his qilaman, chunki bu klub Evropadagi birinchi jamoam bo'lgan. U erda 2,5 yil o'ynaganman. Hozirgi voqealarni kuzatib boraman, albatta. O'yinlarni 90 daqiqa ko'rmasman, lekin kamida gollarni ko'rib boraman.
- Eng mashhur gollaringizdan birini urishda, 2002 yilgi mundialda Devid Simenning darvozadan uzoqqa chiqqanini ko'rganmisiz?
- Ha, uning darvozadan 5 metrlar chiqqanini ko'rdim. Rostdan darvozaga zarba berganman, lekin to'p borib tushgan joyga emas. Simenni ajoyib zarba bilan dog'da qoldirishni xohlaganman va o'sha golim faoliyatimdagi eng chiroyli gollardan biriga aylangan. Inglizlarga qarshi bahs 2002 yilgi chempionatda men uchun eng yaxshisi bo'lgan. Golli pas oshirdim va gol urdim, keyin qizil kartochka oldim. Belgiya ustidan nimchorak finaldagi g'alaba ham o'ta muhim bo'lgan, lekin Angliyani engish jamoaga ishonch bergan. Biz finalga chiqish haqida jiddiy o'ylashni boshladik, chunki favoritlar erta chiqib ketishgandi.
- O'sha chetlatishdan so'ng Skolari qanday munosabat bildirgan? Finalni o'tkazib yuborish yoki jamoa sizsiz unga chiqa olmasligi haqida o'ylaganmisiz?
- U meni qo'lladi va o'sha holat saboq bo'lishini aytdi. Skolari meni bolaligimdan biladi. “Gremio”da u menga otamdek bo'lgan. Hozir uning bandligi tufayli ko'p muloqot qilmaymiz, lekin haligacha o'zaro iliq munosabatdamiz. Finaldagi o'rnim uchun bezovta bo'lmaganman. Meni almashtiruvchi Edilson Turkiya bilan uchrashuvda xet-trik qilib yubormasa bo'ldi edi (kuladi). Hal qiluvchi o'yinga diqqatni jamlashim zarur edi, xotirjamlik kerak bo'lgan. Asosiy tarkibdagi o'rnimdan xavotir olmaganman.
- Rostdan ham darvoza to'sinini “Nayk” reklamasida bo'lgandek jarima maydoni chizig'idan nishonga olasizmi?
- Albatta! Buni har dam olish kunlari uyimdagi maydonda amalga oshiraman.
- 2002 yil jahon chempionatidagi g'alabani qanday nishonlagansiz?
- Nishonlashdan keyin uzoq vaqt uxlaganman. G'alabani samolyotda nishonladik, keyin Rioda, ona shahrimizda, yana va yana. Uyga Ronaldoning otasi bilan birga qaytgandik. Agar jahon Kubogini yana bir marta yutganimda uni yanada ko'proq nishonlagan bo'lardim. CHempion bo'lganimni 2 oydan keyin to'liq his qilganman. Bunday baxt futbolchiga bir bor nasib qilishi mumkin.
- 2003 yil “MYU”ga o'tishga yaqin bo'lganmisiz? 2011 yil sizni “Blekbern”ga ham unashtirishgandi?
- “MYU” bilan kelishuvga juda yaqin kelgandik. Ungacha Sandro Rossel “Barselona” prezidenti bo'lsa, meni jamoasiga o'tishga ko'ndirgandi. O'sha paytda manchesterliklar bilan kelishayotgandik, lekin Rossel qo'ng'iroq qilib, saylovda yutganini aytdi. Vadani bajarish kerakligi uchun “Barselona”ga o'tdim. SHartnoma tez hal qilindi. To'g'ri qarorga kelganman deb o'ylayman. Braziliyaliklar hamisha “Barsa”ni yoqtirishgan, jamoa tarixida ularning o'rni katta. U erda maydon va uning tashqarisida baxtli edim. Haligacha shaharni sog'inaman. 5 ajoyib mavsumni o'tkazdim, u erda iqtidorli hujumchilarni sevishadi. “Blekbern”ga kelsak, muzokaralar bo'lgan, lekin Braziliyaga qaytishni istaganman.
- ECHLning 2004/2005 yilgi mavsumida “CHelsi”ga urgan golingiz faoliyatingizdagi eng chiroylisimi?
- O'sha gol esda qolarli bo'lgan, lekin yana bir qator chiroyli to'plar kiritganman. Gol faqat mahorat emas, balki malum paytda o'yin taqdirini o'zgartirib yuborishi mumkin bo'lgan voqeadir. Yoshlar jamoasida muhim gollar urganman. Ular bo'lmaganda terma jamoada erta debyut qila olmasligim mumkin edi. Venesuela urgan chiroyli golim sababli kelajagi porloq futbolchiga aylanganman. Faoliyatimda “PSJ” va “Barsa” safida ham chiroyli to'plar kiritganman.
- “Barsa” futbolchilarining kamdan-kamiga “Santyago Bernabeu”dan olqishlar olish nasib etgan. Ulardan biri bo'lganingiz uchun faxr sezasizmi? O'sha o'yindan qanday taassurot qolgan?
- Ha, bundan faxrlanaman. O'sha vaziyatda barchasini darhol tushunmaganman – gol urdim va uni nishonladim. Eslashimcha, o'z vaqtida Maradona “Real” ishqibozlaridan shunday olqish olgan. Menga ikki karra yoqimli bo'lgan. Mengacha Maradona bunga sazovor bo'lgan oxirgi o'yinchi edi. Bizda Maradona bilan o'xshash tomonimiz borligi haqida gapirishgandi. Ajoyib xotira!
- CHempionlar ligasida “Arsenal” bilan finalni qanday eslaysiz? O'yin tugashiga 15 daqiqa qolganda 0:1 hisobida yutqazayotib, yutishingiz mumkinligini sezganmisiz? O'sha jamoada Xenrik Larsson qanchalik muhim edi?
- U barcha tarafdan ajoyib edi. Uzoq vaqt mobaynida Xenrik biz uchun 12-o'yinchiga aylangan. Uning tajribasi bizga ustunlik bergan. Yutishimizga ishonchimiz katta edi, lekin zafar quchish osmon bo'lmasligini bilardik.
- “Barsa”ni tark etish qanchalik qiyin bo'lgan? Ketishingiz sabablaridan biri Messining paydo bo'lishi bilan bog'liqmi?
- Qiyin bo'lmagan – shunchaki ketish kerak edi. “Milan” haqida yaxshi gaplar aytgan Frank Raykardning gapiga quloq solganman. Boshqa takliflar ham bor edi, lekin “Milan”ga ketishni xohlaganman. Leo bilan bog'liq holat OAVning o'ylab topgan gapi. Men unga hamisha ijobiy o'rnak bo'lishga intilganman, xuddi Ronaldo menga qilganidek. Messi tortinchoq, lekin ajoyib futbolchi ekani ko'rinib turardi. Bir ko'chada yashardik. U va uning oilasi bilan juda yaxshi munosabatda bo'lganmiz. O'shandayoq futbolchi sifatida uning mendan kuchliroq ekanligini sezardim.
- Siz qarshi o'ynagan eng yaxshi futbolchi kim?
- Paolo Maldini, ajoyib o'yinchi. Uning o'yinini ko'rib, hayratlanmaslikning iloji yo'q. Ayniqsa, u bilan bir jamorada bo'lganingda.
- “Elastiko” – yoqtirgan fintingizmi? Kim texnik ustunroq – Ronaldomi yoki siz?
- Ha, u eng yoqimli fintim. Uni asosan futzalda ishlatishadi, lekin men katta futbolga moslashtirganman. Hamisha to'p bilan o'ynashni yoqtirganman. O'zimni doimo to'p bilan xotirjam sezardim. Ronaldo esa men uchun qahramon va u mendan yaxshiroq bo'lgan.
- “Milan”da jamoa Evropadagi o'rnini yo'qotayotganda bo'lgansiz. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?
- Bu shunchaki jamoadagi avlodlar almashinuvi edi. Tez orada “Milan” yana cho'qqiga qaytadi. Klubda infratuzilma fantastik: jahonda “Milan”da o'ynashni xohlamaydigan biror futbolchi yo'q.
- Faoliyatingizda eng yaxshi murabbiy kim bo'lgan?
- SHubhasiz, Raykard. U jahondagi eng yaxshilardan biri va top-klublarda ishlashga arziydi. Ishonaman, tez orada u biror terma jamoani boshqaradi. Jahon chempionligi uchun kurashadigan termalardan birini. U men uchun eng yaxshi narsalarni qilgan, chunki nimalar kerakligini juda yaxshi bilgan. Uning boy tajribasi qo'l ostida shug'ullangan har bir futbolchiga asqotgan.
- “Milan”ni “A” seriyaning eng yaxshi assistenti sifatida tark etgansiz. Nega?
- Braziliyaga qaytish va Rioga qaytishni xohlardim. SHu bilan birga futbolni tugatish uchun vatanimga qaytishni istamasdim ham. CHempionatni rivojlantirish uchun “Flamengo”da o'ynadim. SHu sababli “Gremio”ga qaytmadim, chunki hali u erga qaytishning vaqti kelmagandi.
- Yaqingacha “Libertadores Kubogi”da g'olib bo'lmagandingiz. Uning etishmasligi tufayli qayg'urganmisiz?
- SHubhasiz. “Atletiko Mineyro” bilan muvaffaqiyatim faoliyatimdagi eng yaxshilaridan biri. Klub 1971 yildan beri biror musobaqada yutmagandi. Jamoaning sodiq muxlislari bunga arzirdi. Musobaqa g'alabamiz bilan yakunlandi va ajoyib kechdi. Endi Braziliya chempionatnii yutsam, sovrinlar kollekciyam to'liq bo'ladi.
- Tasavvur qiling, uyingizda yong'in boshlandi va faqat bir medalni qutqarib qola olasiz. Qaysi birini tanlaysiz – JCH-2002, ECHL-2006 yoki “Libertadores”-2013?
- Qanday dahshat! Ularning har biri muhim. Mundial medali muhim, lekin eshikka qay biri yaqin bo'lsa, o'shani olgan bo'lardim. Agar barchasi eshik yaqinida bo'lsa, hammasini olardim (kuladi).
- “Atletiko Mineyro” muxlislaridan tashqari yana qaysi klub ishqibozlarini etirof etasiz?
- Talabchan muxlislari bor klublarda o'ynaganman. “Gremio” birinchi jamoam bo'lgani sababli boshqacha bo'lgan, braziliyalik ishqibozlar o'ta talabchan, ular kuchli bosim yuzaga keltirishadi. “PSJ” muxlislari yovvoyi va shovqin hosil qilishadi. “Barselona” muxlislari esa asabiy edi, chunki men o'ynagan paytda ular CHempionlar ligasidagi g'alabani esdan chiqarib bo'lishgandi. “Milan”da maydonda va tribunalarda shou edi. Eng yaxshi ishqibozlarni tanlashim qiyin.
- Neymar 2002 yilgi tarkibdan o'rin olarmidi?
- Aytish qiyin. Ajoyib o'yinchilarga hamisha tarkibdan o'rin topiladi. Neymar shundaylardan biri. To'g'ri, 2002 yil safimizda ajoyib futbolchilar ko'pchilikni tashkil qilardi. Bu savolni Skolari ixtiyoriga qoldirgan maqulroq.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar