Intervyu. Joffrey Kondogbiya: “Milan” ko'proq pul taklif qildi, lekin futbolda bu eng muhimi emas”
05 avg 2015 00:16
Yangiliklar
Intervyu. Joffrey Kondogbiya: “Milan” ko'proq pul taklif qildi, lekin futbolda bu eng muhimi emas”
Uni tarkibiga qo'shib olish uchun “Inter” 37 million evrodan ayrilishiga to'g'ri keldi. Klub tarixida u eng qimmat 2-futbolchiga aylandi. Bungacha Kristian Veri 45 million evroga xarid qilingandi. Hatto, Ronaldo ham atigi 27 millionga tushgan. Kondogbiya “Ekip” nashri bilan suhbatda nima uchun “A” seriyani tanlagani, “Milan” bilan kelishuvning buzilishi va terma jamoadagi faoliyati haqida savollarga javob qaytardi.
- Oxirgi oyda hayotingizda muhim voqealar ro'y berdi. Ota bo'ldingiz, keyin yangi jamoaga ko'chib o'tdingiz, yangi mamlakatga keldingiz.
- Haqiqatdan ham, shunday. Barchasi juda tez sodir bo'ldi. Albatta, oilamni futboldan alohida ko'raman. Hammasi shu tariqa yakunlanganidan qoniqdim. SHunga o'xshash payt 2 yil oldin “Sevilya”dan “Monako”ga ko'chib o'tganimda yuzaga kelgandi. Demak, biror narsani yangilik deya olmayman.
- Ko'rinishingiz xotirjam. Lekin “Inter” bilan shartnoma tuzgach, muxlislarning kutib olishiga hissiyotli tarzda javob qaytardingiz.
- Omma oldida birinchi bor bunday holatga yo'l qo'ydim (kuladi). Bu haqiqiy javob edi. Seni iliq kutib olishayotganini ko'rganingda ularga shunday javob qaytarging keladi.
- “Inter” yig'in boshladi va o'zingiz uchun qanday yangiliklar ochdingiz?
- Franciya bilan taqqoslaganda farq katta. Bu erda talab ko'proq va faolroq ishlashga to'g'ri keladi. Masalan, shu hafta mobaynida 3 soatlik mashg'ulotlar bor va unda juda ko'p yugurishimiz kerak. Bunday vaziyatga “Sevilya”da duch kelgandim, ammo bu erda ko'proq ishlayapmiz. Mashg'ulotda barcha mayda narsalargacha o'ylab chiqilgan. Taktika borasida eng yuqori darajagacha ishlayapmiz.
- “Inter” 8-o'rinni egallab, CHempionlar ligasiga yo'llanma olmagan va tanlovingiz kutilmagan bo'lganini aytishsa, nima deysiz?
- Ha va yo'q. “Ha” – bu jamoa to'g'risida oxirgi yillarda ko'p gapirishmadi. “Yo'q” – “Inter” Evropa darajasidagi superklub. Klub haqida bir, ikki yoki uch mavsumdan kelib chiqib fikr bildirish kerak emas. Mavqeni eslash lozim. Misol sifatida “Borussiya”ni keltirish mumkin. Jamoa so'nggi mavsumni yaxshi o'tkazmadi, biroq u baribir buyuk jamoa. “Inter” bilan ham shunday. “Monako”da tanlovimni muhokama qilishdi, bu oddiy holat. Men nima uchun bunday qarorga kelganimni bilaman. Qaror loyiha, murabbiy va shaxsiy kechinmalardan kelib chiqib qabul qilinadi.
- O'tishingizda Roberto Manchini qanday o'rin tutdi?
- Uning xizmati 50 foizdan ko'proq. U loyiha, o'yin, meni qanday rolda ko'rayotganini aytib o'tdi. U bilan ko'p narsalarni muhokama qildik.
- Jamoadagi o'rningiz haqida u aynan nimani gapirdi?
- Nimani eshitishni istayotgan bo'lsam, o'shani (kuladi). Ko'p futbolchilar o'tishdan avval murabbiy bilan gaplashmasdan xatoga yo'l qo'yishgan.
- Nima uchun bu o'tishni oldinga tashlangan qadam deb hisoblaysiz?
- Tushuning, tanlov har bir odamning shaxsiy ishi. Atrofdan qarayotgan odamlar meni 100 foiz bilishmaydi. Men Italiya chempionati, uning talabchanligi, taktik keskinligi nima ekanligini bilaman va faoliyatimning hozirgi pallasida bu menga juda muhim.Taktik tarafdan o'sishga erishishni istayman, kuchliroq bo'lishimga ishonaman. Texnika va jismoniy jihatdan ko'p narsalarga erishdim. Albatta, bular ustida ham ko'p ishlayman. Hozir menga taktik bilimlar etishmayapti. Bunga erishsam, yanada kuchliroq bo'laman.
- SHartnoma tuzishdan oldin Pol Pogba bilan maslahatlashdingizmi?
- Yo'q, Patris Evra bilan muloqot qildim. Biz “Inter” to'g'risida emas, Italiya futboli haqida gaplashdik. Bu chempionat nima bera olishini muhokama qildik. Bu suhbat katta ahamiyatga ega bo'ldi. Evra Italiyada o'ynasang, futbolda boshqa hech narsa bilan seni ajablantirib bo'lmasligi to'g'risida gapirib berdi. Uning aytishcha, bu erda barcha jihatlar bo'yicha o'sish mumkin – taktika, ish hajmi. Eng qiyin mashg'ulotlar Italiyada. Undan keyin barchasi osonroq bo'ladi. Ko'plab futbolchilar aynan “A” seriyada o'zlarini ko'rsatishgan - Zidan, Anri. Pogba haqida gapirsak, shubhasiz, u istalgan chempionatga ko'nikib keta oladi.
- “Inter” rahbariyati sizga klub avvalgi mavqeiga qaytishi uchun barcha ishni qilishni kafolatladimi?
- Maqsadlarsiz klubga o'tmagan bo'lardim. “Inter” kimni sotib olganiga boqib, shubhani yo'q qilish mumkin. Hozir xulosa qilishga erta, lekin bunday tarkib bilan biz sovrin uchun kurashishimiz kerak.
- “Milan” rahbarlaridan biri Adriano Gallini siz jamoaga o'tishga rozilik berganingiz, biroq keyin fikringizni o'zgartirganingiz haqida aytdi.
- Bunday bo'lmagan. “Milan” bilan muzokaralar olib borganim to'g'ri, biroq Gallianiga hech qanday rozilik bildirmaganman. “Milan” ko'proq pul taklif qildi, lekin Manchini eng muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Har ikki klub nima ro'y berganini, kim menga qancha taklif qilganini yaxshi biladi. “Milan” o'z taklifi moliyaviy tarafdan foydaliroq bo'lganini, lekin men klubni tashlashda boshqa jihatga etibor qaratganimdan xabardor.
- Klubni almashtirish uyda o'tadigan Evropa chempionatidan avval sizga salbiy tasir qilishi mumkinligidan xavotir olmaysizmi?
- Agar yaxshi o'ynasang Evropa chempionatiga borasan, aks holda televizor qarshisida qolasan. Hammasi oddiy. Klubni almashtirish bilan bog'liq aloqani ko'rmayapman. Asosiy tarkib o'yinchisi bo'lib, yaxshi harakat qilsam, terma jamoada paydo bo'laman.
- Yangi chempionat va jamoaga ko'nikish uchun vaqt kerak bo'ladi, shunday emasmi?
- Bunda bahona qidirishga haqqim yo'q. Agar ko'nika olmasam, demak, juda yaxshi emasman. Kuchli futbolchilarda moslashishga vaqt ketmaydi. Krishtianu Ronaldu “Real”da o'zini ko'rsatishi uchun oylar kerak bo'lganmi? Yo'q. Demak, faqat o'zimdan shikoyat qilishim mumkin bo'ladi.
Behzod NAZAROV tayyorladi.
Fikrlar