So’nggi yangiliklar

02:20Евро-2024. Бельгия - Румыния 2:0, Де Брюйнега дарвозабондан ассист  0 02:13Бердиев "Турон" бош мураббийига айланди  4 01:50Бельгия Руминияни мағлуб этди ва турнирдаги илк ғалабасини қўлга киритди. Гуруҳдагиларнинг барчасида учтадан очко бор  8 01:34Роналду 7та узатма билан Евро тарихидаги энг яхши ассистент бўлди  6 00:54Мбаппе Франциянинг "Падерборн"га қарши машғулот ўйинида ниқобда ҳаракат қилди ва иккита гол урди  5 00:25Евро-2024. Туркия - Португалия 0:3, Турклар кулгили автогол уришди  3 00:05Начо Саудиянинг "Ал Қодисия" клубида тиббий кўрикдан ўтди. "Реал" ҳимоячиси икки йиллик шартнома имзолайди  4 00:04Александр Крестинин: "Динамо"га қарши кечган учрашувдан анча тартибли футбол ўйнадик. Рақиб камроқ хато қилди ва ғалаба қозонди"  2 23:40"Сўғдиёна" жамоаси ёрдамчи мураббийи: "Иван Бошкович таркиб ва тактика танлаб берди. Ёзги трансферлар ойнасида таркибда катта ўзгаришлар бўлмайди"  4 23:30Евро-2024. Грузия – Чехия 1:1, Шик Грузиядан ғалабани тортиб олди  1 23:20Эндрик "Реал" ҳақида: "Дунёдаги энг катта клубга ўтяпман. Катталаридан бирига эмас, энг каттасига"  12 22:57Евро-2024. Туркияни йирик ҳисобда ютган Португалия кейинги босқич масаласини ҳал қилди   101 22:28"Челси" испан клуби учун Галлахернинг нархини пасайтирмади  2 22:15Суперлига. "Динамо" - "Андижон" 1:1  0 22:10Суперлига. "Локомотив" - "Сўғдиёна" 1:2   0

INTERVYU. Ikrom Aliboev: “Janubiy Koreyada oson o'yinlar yo'q” Yangiliklar

INTERVYU. Ikrom Aliboev: “Janubiy Koreyada oson o'yinlar yo'q”

Mohir yarim himoyachi Ikrom Aliboevning Janubiy Koreya chempionatida to'p tepayotganiga bir yil bo'ldi.

Xabaringiz bor, Aliboev poytaxt klubi “Seul” azosi hisoblanadi. Bu yil Key liga 29 fevraldan boshlanishi lozim edi, biroq koronavirus sabab o'yinlar qoldirildi. Natijada Aliboev dam olib ketish maqsadida Toshkentga keldi. SHuningdek, o'z formasini ushlab turish uchun “Lokomotiv” bilan mashg'ulot o'tkazdi. Biz esa paytdan foydalanib undan intervyu oldik. 


- Koreyadagi faoliyat qanday ketyapti? 

- Hammasi yaxshi. Ajoyib desa ham bo'ladi. U yoqda sharoit, futbolchilarga etibor zo'r. O'tgan yil Koreya chempionatida 38 o'yindan 35tasida maydonga tushdim. Uchta o'yindan birini jarohat va yana ikkitasini sariq kartochkalar tufayli o'tkazib yubordim. Murabbiylar va muxlislar ishonchini oqlashga harakat qildim va qaysidir manoda bunga erishdim. Hozircha koronavirus tufayli yangi mavsumga start berilgani yo'q. Faqat Osiyo chempionlar ligasida ikkita o'yin o'tkazib, har ikkisida maydonga tushdim.


- O'tgan yil “Seul” Key ligada 3-o'rinni egalladi. Bu klub rahbariyatini qanchalik qoniqtirdi? 

- Jamoa undan oldingi yil 11-o'rinni olib pley-offda ishtirok etish orqali kuchlilar orasida o'rnini saqlab qolgandi. Yangi chempionat oldidan bir nechta o'zgarishlar ro'y berdi. Murabbiy almashdi, mahalliy futbolchilar va legionerlar qo'shib olindi, shunga yarasha maqsad ham jiddiy ko'rinish oldi. 

11-o'rinni olgan jamoaning o'tgan yil 3-o'rinni qo'lga kiritishi albatta ijobiy ko'rsatkich. Bundan rahbariyat ham, futbolchilar ham, jamoamiz muxlislari ham xursand bo'lishdi. Murabbiyimiz juda qattiqqo'l va talabchan bo'lib, bronza medallarga ega chiqishda uning hissasi katta. Bizga rahbariyat tomonidan oltilikka kirish vazifasi qo'yilgandi.

 

- Yangi mavsum 29 fevraldan boshlanishi kerak edi, lekin virusni deb o'yinlar o'tkazilmayotganidan xabarimiz bor. Umuman koronavirus koreyaliklarga qanday tasir qildi? Odamlar vahimaga tushganmi? 

- Biz yashayotgan joyda hech kim vahima qilgani yo'q. Kasallik tarqalishi to'liq Seulga etib kelmadi. Faqat boshqa shaharda keng tarqalyapti. Adashmasam, bir hafta ichida koronavirus yuqtirib olganlar 1000tadan oshdi, boshida esa 30 kishi edi. Lekin men koronavirus vahima qiladigan narsa deb o'ylamayman. Hamma o'z gigienasi va salomatligiga qarab yursa bu kasallik yuqmaydi. 


- CHempionat qoldirilganidan so'ng murabbiy nima dedi? 

- Hech kim mashg'ulotlarni bekor qilgani yo'q. Biz ishlashda davom etdik. Faqat men anchadan beri uyda bo'lmaganim uchun bir necha kunga ruxsat berishlarini so'radim. Klub rahbariyati besh kunga ruxsat berdi. Toshkentga kelganim bilan u yoqda har kunlik mashg'ulotlar davom etyapti. 


- Key liga qachon boshlanishi haqida gap-so'z bormi? 

- Dastlab mart o'rtalarida deyishdi. Lekin kundan kunga koronavirus xavfi oshib bormoqda va mart o'rtasida ham boshlanmasa kerak. Hozircha chempionat nomalum muddatga qoldirilgan.

 

- Xitoyda Superliga may oyida start oladi deyishyapti. Janubiy Koreyada ham shunday bo'lishi mumkinmi? 

- Mumkin. Agar cho'ziladigan bo'lsa, Key liga formatiga o'zgartirish kiritiladi deyishyapti. Key ligada 12 jamoa kurash olib boradi. Jamoalar ikki davra o'ynab bo'lgach, uchinchi davra ham o'tkaziladi va shundan so'ng klublar ikkita oltitalikka bo'linib, musobaqaning pley off bosqichini o'tkazishadi. SHunda jamoalar o'zaro uch martadan o'ynaydi. Lekin chempionat cho'ziladigan bo'lsa, faqat ikki davrali bo'ladi deyishyapti.


- Siz uchun musobaqa formati qiziqmi? 

- Men uchun juda qiziq. Masalan, 6-o'rindagi jamoa ham kuchli uchlikka kirib olish uchun qulay imkoniyatga ega bo'ladi. Bu o'rinda yuqori o'rindagi jamoa aytaylik, ikkita bahsda yutqazib pastga tushib ketishi mumkin. Bu format hushyorlikni yo'qotishga aslo yo'l qo'ymaydi. To'g'risi, 35ta o'yinda maydonga tushib birorta oson bellashuv o'tkazmadim. Hammasi o'ziga yarasha qiyin kechdi. 


- Biz ham shunga o'xshash formatda chempionatni o'tkazib ko'rdik. “Oltin ochkolar” deyildi, lekin negadir bu bazi muxlislarga yoqmadi. 

- Yoqmaganining sababi kuchli oltilikka kirib olganlar jamoalarning aksari kurashmay qo'ydi. Faqat chempionlik uchun ikki-uch jamoa harakat qildi, xolos. Qolganlar chempionatni shunchaki tugatib qo'yishdi. Lekin Janubiy Koreyada “oltin ochkolar yo'q”. Ochkolar doim saqlanib qoladi va shuning evaziga o'yinlar qiziq o'tadi.

 

- Seulga birinchi borgan paytingiz taassurot o'zgacha bo'lganmi? 

- Albatta. Boshqa davlat, boshqa shahar, boshqacha odamlar. Futbolga etibor ham o'zgacha, o'zbek futbolidan ancha farq qiladi. Ularda ko'proq yugurish kerak bo'larkan. SHuningdek, jismoniy holatda ham gap ko'p. To'psiz harakat va to'psiz yugurish juda qadrlanadi. 


- Key ligani bizning chempionat bilan solishtirganda farq kattami? 

- Tashkiliy ishlar, maydonlar holati bo'yicha ular birmuncha oldinda. Bizda ham stadionlarga katta etibor berilyapti. Lekin ularning futboli judayam o'sib ketgan deb o'ylamayman. Bizning futbolchilar aqlliroq, texnika tomonlama ham ortda qolmaymiz. Faqat fizika tomonlama ular ko'p yuguradi. Boshqa ustun jihati yo'q. 


- Janubiy Koreya nima uchun har doim jahon chempionatiga chiqadi degan savolga ularning chempionati javob beradimi? 

- Ha, chempionat darajasi bu savolga javob bera oladi. Aytib o'tganimdek, u erda oddiy o'yin ko'rmadim. Hech qaysi g'alaba osonlik bilan qo'lga kiritildi deya olmayman. Birinchi o'rindagi jamoa bilan oxirgisi o'rtasidagi bahs ham ancha shiddatli kechadi. SHuning evaziga futbolchilar o'yindan o'yinga o'sib boradi.

 

- Koreyalik muxlislar haqida fikringiz? 

- U erda har bir jamoaning muxlislar klubi bor. Ishqibozlar safar o'yinlariga doim borishadi. Ularga alohida sektor ajratiladi. Stadionlarga muxlislar tashrifi ko'p, o'yingohlar deyarli to'ladi. U erda eng ashaddiy ishqibozlar darvoza ortidagi tribunadan joy oladi.

 

- Muxlislarning o'zini tutishi qanaqa? Tortishuv va janjallar bo'lib turadimi? 

- Yo'q. Ular doim o'z jamoalarini qo'llab turadi. Futbolchilar bir-biriga nisbatan hurmatda bo'ladi va qo'pol o'yinlarni ko'rmaysiz. Janubiy Koreyada etibor faqat futbol o'ynashga qaratilgan. Hakam qoida buzilganini bildiruvchi hushtak chaldimi, unga etiroz yo'q. Bundan tashqari ikki yildan beri VAR tizimi ishlab kelyapti va kameralar har bir harakatingizni kuzatib boradi. 


- Bilamizki, siz xarakter jihatdan qiziqqon va o'yinga kirishib ketuvchansiz. Xarakter pand bergan holat bo'ldimi? 

- Ha, pand berdi. Bitta o'yinda qizil kartochka oldim. Natijada keyingi uchrashuvni o'tkazib yubordim. Klub esa moddiy jarima qo'lladi.  


- Jamoa mag'lub bo'lsa muxlislar haqorat qiladimi? 

- Yo'q, bunaqa holatni umuman ko'rmadim. Biz yutqazgan o'yinlardan keyin ishqibozlar qarsak chalib kuzatib qo'yishdi. Aytdim-ku, u erda futbolni juda sevishadi va futbolchilarni ham qadrlaydilar. Natija qanday bo'lmasin, har bir o'yindan keyin muxlislar jamoaga minnatdorchilik bildiradi.

 

- Derbilar haqida gapirib bersangiz? 

- “Seul”ning eng ashaddiy raqibi “Suvon Samsung” bo'lib, o'zaro qarama-qarshiliklar nihoyatda shiddatli kechadi. Bu o'yinni bemalol “Real” - “Barsa” to'qnashuviga qiyoslash mumkin. Bu ikki jamoa o'ynaganda uchrashuv nomi Super Match deb ataladi. Ularga qarshi uch marta maydonga tushsak, uchta Super Match o'ynaymiz. Pley-off bosqichida yana birga tushib qolsak, Super Matchlar to'rttaga etadi. Derbini yoritish uchun ko'plab OAV vakillari keladi. O'yinga etibor har doimgidan yuqori bo'ladi. Lekin shunday uchrashuvlarda ham muxlislar o'zini yaxshi tutadi.

 

- O'tgan yil “Suvon”ga qarshi bahslar qanday yakun topdi? 

- Qizil kartochka tufayli birinchi o'yinni o'tkazib yubordim. Dastlabki bellashuvni raqib maydonida o'tkazdik va men Super Matchni tomoshabinlar orasida kuzatdim. Dastlabki o'yinda 1:1 hisobi qayd etildi. Avvaliga raqib jamoa hisobni ochdi. Keyin bahs oxirida penalti belgilandi, biroq penaltidan gol ura olmadik. Ikkinchi taymga qo'shib berilgan daqiqalarda jarima to'pi belgilandi. 

Jamoadoshlarim jarimani to'g'ri amalga oshirmay to'pni bir-birlariga oshirgan holda jarima maydonchasi ichiga kirib borishdi. Bu erda yana qoida buzildi va hakam yana penalti belgiladi. Keyin esa gol urib hisobni 1:1 qildik. Ikkinchi bahsda 4:2 hisobida zafar quchdik. O'sha uchrashuv “Seul” tarkibidagi eng yaxshi o'yinlarimdan biri bo'ldi. Ikki bor golli to'p uzatdim. Uchinchi uchrashuv yana ularning maydonida kechib, 2:1 hisobida g'alaba qozondik.

 

- Seulga birinchi borganda qanday qiyinchiliklarga duch kelgandingiz va hozir qaysilari ortda qoldi? 

- Asosan ikkita muammoga duch keldim: til va ovqatlanish. Janubiy Koreyada ingliz tili ko'p ishlatilmaydi, ularda ikkinchi til yo'q hisobi. Ovqatlari ham boshqacha. Ishonasizmi, hozirgacha eya olmayman. SHu bois uyda o'zimizning milliy taomlarni pishiramiz.

 

- Uyda kim ovqat qiladi? 

- O'tgan yil bir tanishimni o'zim bilan olib ketgandim. U kishi koreyschani bilgani uchun til tomonlama yordam berdi, ham uyda taom tayyorladi. Natijada qiynalmadim. Jamoaga kirishib ketish borasida ham qiyinchilik ko'rmadim. Ha, yana bir qiyin tomoni futbolchilarning ismini o'rganishga ketdi. CHunki ko'pchiligining oti bir-biriga o'xshash.

 

- “Seul” bazasida futbolchilar uchun taom tayyorlansa kerak? 

- Yo'q. Ikki mahal mashg'ulot o'tkazsak ham bazada ovqat qilishmaydi. Hamma uyidan ovqatlanib keladi. Bazamiz ikki qavatli bo'lib, birinchi qavatda ikkita echinish xonasi, trenajyor zali, tibbiy xona va tashqarida uchta maydon bor. Bitta maydonda o'rinbosarlar shug'ullansa, ikkitasida asosiy tarkib mashg'ulot o'tkazadi. Bundan tashqari bitta suniy maydon ham bor. Ikkinchi qavatda esa murabbiylar xonasi, futbolchilarga dam olish xonalari va kofe-choy ichish uchun joy mavjud.


- Klub bazasi stadiondan uzoqmi? 

- Ancha uzoq. O'yindan bir kun oldin mashg'ulot o'tkazib bo'lgach, hammamiz mehmonxonaga yig'ilamiz. O'yin bo'ladigan stadionga faqat o'yin kuni boramiz. Osiyo chempionlar ligasi o'yinidan bir kun oldin rasmiy mashg'ulot o'tkazgandik. Ichki chempionat bahslariga doim bazada tayyorgarlik ko'ramiz. 


- Klub sizga qanday sharoit yaratib bergan? 

- Seulda tirbandlik nihoyatda yuqori. SHahar ko'chalarida mashinada deryali yurib bo'lmaydi. Seulga yaqin joyda Gengido degan tuman bor. Bu xuddi o'zimizning Qibrayga o'xshaydi. Agar tirbandllik bo'lmasa 15 daqiqada shaharga etib olish mumkin, yo'qsa bir soat yo'lga ketib qoladi. Mashg'ulot bazamiz Gengidoda joylashgani uchun men bazaga yaqinroq joydan uy tanladim. 

CHunki har kuni shahardan kelib ketishning o'zi emas. Hozir uyimdan bemalol bazaga 5 daqiqada etib boraman. Bu esa men uchun juda qulay. Klub engil mashina bilan ham taminlagan. “Xyunday” rusumli avtomobildan foydalanaman. Qiziq tomoni, o'zimizda haydovchilik guvohnomasi olgandim-u, lekin hech mashina haydamaganman. Mashina haydashni Koreyaga borib o'rgandim.


- Til bo'yicha muammo hal bo'ldimi? 

- Endi baribir koreys tilini o'rganishga harakat qilyapman. Inglizchani ozmi-ko'pmi bilaman. O'tgan yil uch marta matbuot anjumaniga kirgan bo'lsam, ingliz tilida o'z fikrimni tushuntirdim. 


X.Xoliqov suhbatlashdi. 

(Davomini kuting...)

Reyting: +15   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика