Intervyu. Farhod Bekmurotov: “Andijonlik muxlislarni ikki og'iz gap bilan tasvirlab bera olmayman”
17 may 2016 17:12
Yangiliklar
Intervyu. Farhod Bekmurotov: “Andijonlik muxlislarni ikki og'iz gap bilan tasvirlab bera olmayman”
O'tgan yil oliy ligada debyut qilgan 19 yoshli futbolchi Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi "burgutlar" safida deyarli barcha o'yinlarda to'liq harakat qilmoqda. Biz muxlislarning istagiga ko'ra Farhod bilan suhbatlashishga qaror qildik.
- Suhbatimizni yoshlik haqida boshlasak...
- O'zim asli Andijon viloyati SHahrixon shahrida tug'ilganman. 5-sinfgacha oddiy maktabda o'qigandim. Keyin murabbiy Mahmud Matkarimovning tavsiyasi bilan 33-ixtisoslashgan futbol maktab internatiga o'qishga kirganman. U erda Alisher Abdurazzoqov menga futbolning ilk sir asrorlarini o'rgatgan. Aynan shu kishi birinchi murabbiyim hisoblanadi.
- Futbolga qanday qiziqib qolgansiz?
- Yoshlikda maktabda, ko'chada futbol o'ynab yurardik. Birinchi ligada “SHahrixon” klubi ishtirok etib yurganida bolalar bilan bu jamoa o'yinlarini qoldirmay borardik. Stadion uyimizga juda yaqin edi. Xatto mashg'ulotlariga ham borardik. Minglab muxlislar “SHahrixon”ning o'yinlariga tashrif buyurardi.
- "Andijon"ga qanday qilib kelib qolgansiz?
- 2014 yilda “Andijon” jamoasi birinchi ligadan oliy ligaga qaytgandi. O'rinbosarlar safiga yosh futbolchilar kerak bo'lganida Nozim Mullaohunov meni ham taklif qilgandi. Birinchi yil “burgutlar” safida yoshlar tarkibida o'ynab yurdim.
- Oliy ligadagi debyut o'yin va ilk golingizni eslay olasizmi?
- Albatta. O'tgan yil Samarqandda “Dinamo” bilan bahsda debyut qilgandim. Adashmasam uchrashuv oxirida 12 daqiqaga zaxiradan maydonga tushgandim. Oliy ligadagi ilk uchrashuvni Edgar Gess qo'l ostida o'tkazgandim. Murabbiy menga imkon berganini, o'zimni ko'rsatishimni aytgandi. Biroq o'sha bahsda yutqazib qo'ygandik. O'z o'yinimdan qoniqmagandim. Murabbiy menga etiroz bildirmagan edi. Keyingi bahslarda yanada yaxshiroq o'ynashim kerakligini o'zimga o'zim aytgandim. Qizig'i aynan “Dinamo” bilan Andijondagi uchrashuvda debyut golimni urgandim (kuladi). Gol urganimdan juda ham quvongandim.
- O'sha golingiz "Andijon"ni oliy ligada olib qolgandi...
- To'g'ri o'sha golim jamoaga bir ochko keltirgandi. Ammo menimcha oliy ligada qolish vazifasini Farg'onada "Neftchi" ustidan qozonilgan g'alabadan keyin deyarli hal qilib bo'lgandik deb o'ylayman. Nima bo'lgan taqdirda ham biz oliy ligada qoldik va bundan xursandman.
- O'tgan mavsumni Gess boshchiligida boshlab, Kovshov bilan tugatdingiz. Bu murabbiylar haqida nima deya olasiz?
- Edgar Gess juda talabchan, qattiqqo'l. Tajribali murabbiy, lekin u bilan negadir omadimiz kelmadi. Kovshov bosh murabbiy bo'lganida esa aksincha ko'p o'yinlarda omad "Andijon"ga kulib boqdi. SHunday qilib oliy ligada qolishga erishdik.
- Oilangiz haqida gapirib bering.
- Bizni sportchilar oilasi desa bo'ladi. Dadam yoshligida qo'l to'pi bilan shug'ullanar edi. Onam esa engil atletikaga qatnashardi. Ukam, Farruh Bekmurotov ham futbolchi. Ayni paytda "Andijon" yoshlar jamoasida o'ynamoqda. Singlim esa bu yil maktabga chiqdi. Balki u ham keyinchalik sportchi bo'lar.
- Bu yil "Andijon"ni Baxtiyor Ashurmatov boshqarmoqda. U qanday murabbiy ekan?
- Baxtiyor Ashurmatov yaqinda futbolni tugatib murabbiylikka o'tganini barcha biladi. Bu unga juda katta yordam bermoqda deb o'ylayman. Yigitlar bilan tezda chiqishib keta oladi va futbolchilarni ruhlantirishda tengi yo'q. Baxtiyor Azamovich yoshlarni doim qo'llab-quvvatlab turadi. Mag'lubiyatdan keyin albatta jahli chiqadi. Biroq futbolchilarni aybdor qilmaydi. Ko'pincha aybni o'z bo'yniga oladi. Xato va kamchiliklarni ko'rsatib beradi, lekin futbolchiga urishib yoki so'kib tarbiya bermaydi.
- "Andijon"ning bu yilgi maqsadi qanday?
- Bilasiz oxirgi yillarda "Andijon" oliy ligada qolish uchun kurashib kelmoqda. Yil boshida futbolchilar bilan kelishib autsayderlar safini tark etishni va kamida 10talikdan o'rin olishni maqsad qilib qo'ydik. Nega undan yuqori o'rinlar emas? Sababi o'tgan yil oliy ligada qolish uchun kurashgan jamoa bilan birdan OCHL yo'llanmasi uchun kurashamiz desam ko'pchilik meni ustimdan kulishi mumkin. Vaziyatga real baho berib shu o'rinni aytayapman. Biroq 10-o'rin biz uchun eng yuqori natija bo'lib qolishi kerak emas. Har bir o'yinda g'alaba qozonaversak yanada yuqori o'rinlarga chiqaveramiz.
- Qaysi futbolchilarga qarshi o'yinlarda qiynalgansiz?
- Birinchi turda "Paxtakor" bilan o'yinda Jamshid Iskanderovga qarshi o'ynash qiyin bo'ldi. Bundan tashqari "So'g'diyona"ga qarshi bahsda Muzaffar Muzaffarov menga ko'proq tashvish tug'dirgandi.
- Boshqa klublarda do'stlaringiz bormi?
- "Mashal" yarim himoyachisi SHahzod SHaymanov, "Olmaliq"dan Diyor Turopov bilan yaqinmiz. Bilasiz SHahzod 2 yil oldin "Andijon"da o'ynab ketgandi. SHu o'rinda Ibrohim Otaxonovga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ibrohim aka jamoaga kelgan kunimdan hozirga qadar menga katta yordam berib keladilar. O'zlarining qimmatli maslahatlarini berib boradilar.
- EVRO-2016da chempionlikka bosh davogar kim? Qaysi jamoa sensaciya bo'lishi mumkin?
- CHempionlik uchun asosiy davogar Ispaniya. Bundan tashqari amaldagi Jahon chempioni Germaniya ham kubokni qo'lga kiritishi mumkin. Menimcha Belgiya terma jamoasi Franciya yashil maydonlarida sensaciya qila oladi. Mana Angliyada "Lester" hech kim kutmaganda chempion bo'ldi-ku.
- "Lester" haqida gap ochdingiz. Siz bunga qanday munosabatda bo'ldingiz?
- Bu supersensaciya bo'ldi. Angliyadek kuchli chempionatda g'olib bo'lish uncha muncha klubning qo'lidan kelmaydi. "Lester" jamoviy ruh evaziga g'olib bo'ldi deb o'ylayman. "Lester"ning o'yinlarini TV orqali tomosha qilib bordim. Ayniqsa Jeymi Vardi juda kuchli futbolchi ekan.
- Real olib qarasak O'zbekistonda ham shunday sensaciya ro'y berishi mumkinmi?
- Bo'lishi mumkin. Lekin buning uchun o'sha jamoa birdam bo'lib har bir bahsda o'z kuchini ko'rsatishi kerak bo'ladi. Oliy ligamizda kuchli klublar juda ko'p. To'g'risi bunday bo'lishi juda qiyin lekin "hech qachon, hech qachon demang".
- Qaysi xorij klubiga muxlislik qilasiz?
- Maktabda o'qib yurganimda televizor orqali "Real" o'yinlarini ko'rib yoqib qolgandi. O'shanda Zinedin Zidan keyinroq Kaka harakatlarini qiziqib ko'rardim. Ayni paytda Toni Kroosning o'yinlariga havas qilaman.
- Evropa chempionlar ligasi finalida kim yutadi?
- Albatta "Atletiko" juda kuchli jamoa. Murabbiyi ham o'ta ayyor. Fernando Torres va Grizmann kabi futbolchilarga ega. Biroq "Real" doim o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yadi. Mavsumni sovrinsiz tugatish juda jamoaga yarashmaydi. SHu bois Zidan shogirdlari bu yil nasib qilsa Evropa chempionlar ligasida g'olib bo'ladi. Ortga yo'l yo'q. Agar "Real" finalda g'olib bo'lsa barcha omadsizliklar unutiladi.
- Andijonlik muxlislarga qanday tarif bera olasiz.
- Andijonlik muxlislarni ikki og'iz bilan tasvirlab bera olmayman. O'zbekistonda bunday muxlislar yo'q. Haqiqiy 12-o'yinchi bo'lishadi. Har bir o'yinda bizni juda qizg'in qo'llab-quvvatlab turishadi. Safarlarda ham bizni yolg'iz qoldirishmaydi. Bunday muxlislar uchun "Andijon" har bir turda g'alaba qozonishi shart.
Narzulla Saydullaev
Fikrlar