Intervyu. Abramov nima deganini eslay olmagan o'yinchi. Futbolchilar, xususan o'z aybini ham tan olgan hujumchi.
14 dek 2016 14:18
Yangiliklar
Intervyu. Abramov nima deganini eslay olmagan o'yinchi. Futbolchilar, xususan o'z aybini ham tan olgan hujumchi.
O'z vaqtida "Nasaf"da porlab chiqqan istedod sohibi Kenja To'raevni o'zbek futbol muxlislari ichida tanimagan ishqiboz bo'lmasa kerak.
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi hamda O'zbekiston olimpiya terma jamoasi safida o'zining yorqin o'yinlari bilan ko'pchilik mehrini qozongan Kenja To'raev jarohati tufayli ko'pchilik kutgan darajaga chiqa olmay qolgandi.
Qarshining "Nasaf" jamoasi safida olgan jarohati uning keyingi faoliyatiga ham o'z tasirini o'tkazmay qolmadi. Jarohatlar girdobida tushib qolgan hujumchi orada "Nasaf"dagi o'rnini boshqa raqobatchilariga boy berdi va terma jamoa murabbiylari etiboridan ham chetga qola boshladi. Oxirgi yillarda ikkita og'ir jarohatni boshdan o'tkazgan Kenja To'raev uchun o'tgan mavsumning ikkinchi qismi samaraliroq kechdi.
Avvaliga yil boshida o'zi uchun qadrli bo'lib qolgan jamoa "Nasaf"ni tark etan Kenja To'raevning "SHo'rtan"dagi faoliyati omadli chiqmadi. shu bois "Nasaf"ning sobiq azosi ikkinchi davrani Qashqadaryoning boshqa bir jamoasi hisoblangan "Mashal" safiga borib qo'shildi.
Biz Kenja To'raev bilan kuni kecha ko'plab mavzularda suhbatlashdik va o'zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
- Futbolga kirib kelishingizga sababchi bo'lgan insonlar haqida to'xtalib o'tsangiz...
- Futbolga qadam qo'yishimga akam bilan amakim sababchi bo'lishgan. Akam hamda amakim futbolni haqiqiy shinavandalari bo'lishgan. 2000 yili meni futbol maktabiga olib kelishgan. Alisher va Jasur Ibragimov degan murabbiylar qo'l ostida shug'ullanganman.
- "Nasaf" jamoasida qay tariqa paydo bo'lgansiz?
- 2005 yili meni "Nasaf" yig'iniga chaqirishgan. O'shanda yoshlar jamoasida hozirgi kunda klubda sport direktori lavozimida ishlab kelayotgan Vitaliy Ni murabbiylik qilardi. Ni 10 nafar yosh futbolchilardan 4-5 kishini jamoaga olib qolgandi. O'shalar ichida men ham bor edim. "Nasaf"ga kelib qolishim tarixi Vitaliy Ni bilan bog'liq.
- Oliy ligadagi debyut o'yiningizni eslaysizmi?
- Ha, albatta. 2006 yilgi mavsumda "Samarqand" jamoasiga qarshi uchrashuvda o'z debyutimni nishonlaganman. O'shanda jamoaga Bahrom Hakimov boshchilik qilardi. SHu mutaxassis qo'l ostida Oliy ligada debyut qilganman.
- Katta futbolga kirib kelishingizda, sizni Kenja To'raev bo'lib tanilishingizga qaysi murabbiyning hissasi katta deb ayta olasiz?
- Bahrom Hakimov, Fomichyov, Borisov kabi mutaxassislarning xizmati katta bo'lgan. Aynan shu murabbiylarning katta ishonchi tufayli Kenja To'raev bo'lib tanilganman.
- Kenja To'raev 2006 yili porlab chiqdi. SHundan so'ng ko'pchilikning etiboriga, nazariga tushdi. O'sha paytlari O'zbekiston yoshlar terma jamoasiga jal etildingiz. AHmad Ubaydullaev qo'l ostida Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli qatnashdilaringiz. O'sha musobaqa haqidagi taassurotlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz...
- Toshkentda o'tgan saralash bosqichida muvaffaqiyatli qatnashdik va Osiyo chempionatiga yo'l olgandik. BAAda bo'lib o'tgan qita chempionatida muvaffaqiyatli qatnashdik, deya olaman. O'shanda biz finalda BAA bilan duch kelgandik. Ammo o'sha hal qiluvchi bahsda g'alaba qozona olmagandik.
- Finalda aynan siz gol kiritgandingiz. Finalda urilgan goldan so'ng qanday hissiyotlarni boshdan kechirgansiz?
- U payti ancha yosh bo'lganmiz va hissiyotlar, ehtiroslar bo'lmagan.
- O'rtada London Olimpiadasi yo'llanmasi qo'yilgan O'zbekiston - BAA o'rtasida kechgan o'yinda nimalar ruy berganini qisqacha tasvirlab bera olasizmi?
- Bu hech esdan chiqmaydigan o'yin bo'lib qolgan. G'alaba bizni Londonda bo'lib o'tadigan Olimpiada olib chiqardi. Bor kuchimizni g'alaba sarflash uchun maydonga tushgandik. Nimadirlar sabab bo'lib o'shanda tayyor g'alabani qo'ldan chiqargandik. O'zimizning xatolar va vaziyatlarni ko'kka sovurganimiz bizga pand bergandi. O'shanda ham Ahmad Halil darvozamizga gol urgandi. Bir qadam qolganida biz emas, BAA OTJ maqsadiga erishgandi. Buni uddan chiqarib bo'lmaydi.
- Nimadirlar sabab bo'lib dedingiz. Abramov biz bilamiz jamoani ruhan o'yinga juda yaxshi tayyorlay oladi. Ammo o'sha bellashuvda og'zimizdagi oshni oldirib qo'ygandik. O'yinda ham, hisob borasida ham ustunlikka ega bo'lib turib tashabbusni to'liqligicha raqibga topshirib qo'yilgandi. Aynan qaysi sabablar tufayli bunday bo'lgandi?
- Aniq sababini bilmadim. Menimcha, zaxiradan tushgan futbolchilarimiz o'yinni o'zgartirib yuborgan. Fozil Musaev himoyada tushgandi. O'zgarishlar biroz xato bo'lgandi.
- O'yindan so'ng kiyinish xonasida Vadim Abramovning futbolchilarga qarata aytgan gaplarini eslay olasizmi?
- Yo'q, eslolmayman.
- O'shandan keyin Olimpiya terma jamoamizdagi iqtidorli va istedodli deb qaralgan futbolchilarning ko'pchiligi yuqori darajaga chiqa olmadi. Xususan sizning o'yiningizda ham pasayishlar kuzatildi. Buni qanday izohlaysiz?
- Menga keladigan bo'lsak, 2012 yili birinchi turda "Olmaliq" bilan o'yinda olgan jarohatimdan so'ng uzoq muddatga safdan chiqqandim. Undan keyin yana o'ynadim va 2014 yil ham og'ir jarohat oldim. Oxirgi 3 yilda ketma-ket ikki marotaba og'ir jarohat olganim menga pand berdi. Boshqa sababini bilmadim.
- Kenja To'raevning jarohat moyilligi bormi? Jarohatlarni to'qnashuvda olganmidiz yoki mashg'ulotlar jarayonida noto'g'ri yo'nalishda shug'ullanish natijasimi bu?
- Bu to'qnashuvlar sabab deb o'ylamayman. "Nasaf"da oxirgi yillarda ko'pchilik jamoadoshlarimning jarohatdan boshi chiqmay qoldi. "Nasaf"da jarohat tufayli safdan chiqadigan bitta man emasdim. Deyarli 10-15 nafar futbolchi ketma-ket jarohatlanmoqda. Mashg'ulotlar jarayonida qandaydir xatolikka yo'l qo'yilayotgan ham bo'lishi mumkin. Aniq bir narsa deyish qiyin. Boshqa jamoalarga nisbatan faqat "Nasaf"da bu kabi og'ir jarohatlar ko'p uchramoqda.
- "Nasaf"dagi faoliyatingiz siz uchun qanday kechdi: Yaxshi, o'rtacha yoki muvaffaqiyatli?
- Jarohatim bo'lmasa bundanda yaxshi kechishini taxmin qilishim mumkin edi. Umuman olib aytganda esa, faoliyatimdan qoniqdim. Yaxshi natijalarga erishdik. Jamoa erishgan yutuqlaridan ozgina bo'lsada hissam qo'shilganidan xursandman. Jamoa bilan OFK kubogida zafar quchganimizni unutib bo'lmaydi. "Nasaf" bilan kumush va bronza medallarini qo'lga kiritdim. Qarshiliklar tarkibi har doim kuchli bo'lgani tufayli raqobat kuchli edi. "Nasaf"dagi faoliyatimni bemalol yaxshi o'tdi, deya olaman. Bu jamoaga yoki klubga hech qanday etirozim yo'q. Jamoadan ketishni esa o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun o'zim so'raganman. Albatta ko'p yil o'ynagan jamoadan ketish menga og'ir bo'ldi.
- "Nasaf"dan so'ng "SHo'rtan"ga o'tgandingiz. Jamoa o'tgan mavsumning birinchi davrasini muvaffaqiyatsiz o'tkazdi. Murabbiy esa o'shanda bazi futbolchilar ichki muhitni buzayotganini ko'p marotaba takidlagandi. "SHo'rtan"da nimalar sodir bo'ldi?
- Meni "SHo'rtan"ga Aleksandr Volkov taklif etgani uchun borgandim. Volkov menga jamoaga yordam ber, deb chaqirgandi. O'shanda boshqa jamoalardan ham takliflar bor edi. Ammo men Volkovni gapidan so'ng "SHo'rtan" variantiga to'xtalgandim. Lekin Volkovning "SHo'rtan"dagi faoliyati juda qisqa bo'ldi. Mavsum boshlanmasidanoq Volkov "SHo'rtan"ni tark etdi. Uning o'rniga esa Zoir To'raqulov keldi. Aleksandr Volkovga ishonib borgandim va shartnomaga qo'l qo'yib bo'lingandi. Keyin esa kelishuvni buzib boshqa jamoaga ketish yaramasdi.
To'raqulov qo'l ostida yomon o'ynamadik, yaxshi harakat qildik. Ammo hech omadimiz kelmagani sabab yutolmadik. SHundan so'ng jamoaga sport direktori bo'lib ishlab kelgan Ixtiyor Karimov bosh murabbiy bo'ldi. Keyin Ixtiyor Karimov menga umuman etibor bermay qo'ydi. Avval Ixtiyor Karimov bilan yaxshi edik, salom-alik joyida edi. Bilmadim keyin nima bo'ldi, bosh murabbiy hattoki imkon ham bermay qo'ydi.
- Ikkinchi davrada "Mashal"ga o'tdingiz. Bu jamoaga sizni kim taklif etgandi?
- "Mashal" menejeri Ilhom Qurbonov meni jamoaga chaqirdi. Davralar oralig'ida "Olmaliq"da shug'ullanib yurgandim va bu klub rahbariyati bilan og'zaki kelishuvga erishgandik. Ammo shundan so'ng Ilhom Qurbonov telefon qilib jamoaga taklif etdi. Ikkinchi davra boshlanishiga 5-6 kun qolganida "Mashal" safiga borib qo'shildim.
- Muborakliklar tarkibida nisbatan samarali harakat qildiz. "SHo'rtan"da birinchi davrada 1ta gol urgandingiz. "Mashal"da esa 7 marotaba gol kiritishga muvaffaq bo'ldingiz. Etiborga molik jihati, ushbu jamoa tarkibida faoliyatingizdagi ilk xet-trikni ham nishonladingiz. O'ziz o'yiningizdan ko'nglingiz to'ldimi?
- "Mashal"ga ikkinchi davra boshlanishiga sanoqli kunlar qolganida borganim sabab, jamoaning taktik uslubiga va o'yiniga kirishib ketish biroz qiyin bo'ldi. Dastlabki bahsda 20 daqiqa harakat qildim. Keyin "Metallurg"ga qarshi bellashuvda maydonga tushmadim. Aleksandr Xomyakov esa menga albatta imkoniyat berishini aytib o'tdi. SHundan so'ng "Bunyodkor" bilan o'yinda maydonga tushdim va ishlar yaxshi tarafga qarab ketdi. Avvaliga aytib o'tganimdek, jamoaga ko'nikib va moslashib ketishimga biroz vaqt kerak bo'ldi. "Mashal"ning o'z taktika va falsafasi mavjud. O'zbekistonda 5ta himoyachi bilan o'ynaydigan yagona jamoa "Mashal" hisoblanadi. SHu tariqa jamoaga moslashib ketdim va o'yindan-o'yinga sport formamni yaxshilab bordim.
- Kelajakda Kenja To'raevni yana terma jamoada ko'rishimiz mumkinmi? Yana terma jamoa murabbiylarining etiborini qozona olishga ishonasizmi?
- Agarda o'yinni yaxshilab borsam va gollarni urib tursam, albatta terma jamoada paydo bo'lishim mumkin. Bunga ishonaman. Har bir futbolchining maqsadi terma jamoa safida to'p tepish.
- Yangi mavsumda ham "Mashal"da qolasizmi?
- Hozircha bu nomalum. SHartnoma yil yakuniga qadar mo'ljallangan. Jamoa 15 dekabr kuni yig'iladi va 28 dekabrga qadar yig'in o'tkaziladi. O'shanda barcha masalalarga oydinlik kiritiladi.
- Hozirgi kunda boshqa jamoalardan ham takliflar bo'lmoqdami?
- Ha, takliflar bor. Aynan qaysi jamoalardan bo'layotgani esa sir bo'lib qolgani maqul. CHunki hozir hech narsa aniq emas. SHu bois aynan qaysi jamoalardan takliflar bo'layotganini oshkor qilmaganim maqul.
- Kenja To'raev endi porlab chiqqan paytlari va terma jamoalarda o'ynab yurgan kezlarida xorij klublaridan takliflar bo'lganmi?
- SHaxsan menga hech bir jamoa taklif bilan chiqmagan. Bahrom Davlatov o'sha paytlari takliflar bo'layotganini aytardi va tayyorlanib tur degandi. Ammo hech bir aniq taklif bo'lmagan.
- Toshkent jamoalaridan chorlovlar bo'lmaganmi?
- "Bunyodkor", "Paxtakor" va "Lokomotiv" jamoalaridan ham takliflar bo'lgan. Lekin u vaqti "Nasaf"dan keta olmasdim. Qashqadaryoning o'sha paytdagi hokimi rahmatli Nuriddin Zaynievning hurmatlari tufayli "Nasaf"dan ketmaganman. CHunki meni "Nasaf" jamoasining asosiy tarkibiga kirishimga ham rahmatli Nuriddin Zaynievning xizmatlari katta bo'lgan. Aynan shu kishi Bahrom Hakimovga meni asosiy tarkibda o'ynatishni aytgan.
- O'zbekistonda iqtidorli va istedodli futbolchilar talaygina. Yoshlar miqiyosida, o'smirlar tarkibida tez porlab chiqadigan yulduzlarimiz juda ko'p. Ammo ular katta futbolga kirib kelishi bilanoq yo'qolib qolishmoqda. Buni sizning misolingizda yoki boshqa bir do'stlaringiz misolida ham ko'rishimiz mumkin. Buning sababi nimada deb o'ylaysiz?
- To'g'risini aytsam, O'zbekistonda ko'plab futbolchilarimiz yulduzlik kasaliga uchrashadi. Ular mashhurlik yukini to'g'ri ko'tara olishmaydi. Men shunday deb hisoblayman.
- Futbolimiz yildan-yilga o'syapti, degan gaplarga qo'shilasizmi?
- "Bunyodkor" va "Paxtakor" ayni kuchaygan davrda futbolimiz haqiqatdan ham kuchli edi. O'shanda jamoalarimiz OCHLda ham yaxshi natijalar qayd etishgan. Jamoalarda sifatli va yuqori darajadagi legionerlar to'p tepishgan. Hozir esa ko'proq yoshlarga etibor qaratilmoqda. SHu bois natija jihatdan ancha pastladik.
- O'zbekistonda so'nggi 10 yillikdagi eng yaxshi murabbiy deb kimni ko'rsata olasiz?
- Menimcha, Vadim Abramov. Bu meni shaxsiy fikrim. Futbolchilardan esa Odil Ahmedovni tanlagan bo'lardim.
- Qaysi futbolchiga havas qilasiz?
- Ueyn Runi.
- Muxlislik qiladigan jamoangiz nomi?
- "Manchester Yunayted" ishqiboziman.
- Hozirgi beradigan savolim g'alati tuyulishi mumkin. Lekin buni so'ramasam bo'lmaydi. O'zbekistonda futbolchilar yoshini kichraytirish uchrab turadi. Mish-mishlarga qaraganda, Kenja To'raevni ham yoshi kichraytirilgan emish. Bu qanchalik rost?
- Hamma har xil gapiraveradi. Biz oilada 10 kishimiz. Mendan oldin esa 1987 yilda tug'ilgan akam bor. Men bilan birga o'qigan do'stlarim va tanishlarimning barchasi 1989 yilda tavallud topganimni bilishadi. Hujjatda qaysi yilda tug'ilganim ko'rsatilgan. Mish-mishlar esa bo'laveradi.
- Futboldagi orzuingiz nima?
- O'zbekiston terma jamoasi safida Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritish va mundialda o'ynash.
- Hozirgi kunda terma jamoamiz Rauf Inileev, Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoalardan nimasi bilan farq qiladi?
- Ayni paytdagi futbolchilar ancha kuchli. Tarkibdagi deyarli barcha legioner sanaladi. O'sha Osiyo Kubogi-2011dan so'ng ko'plab futbolchilarimiz legionerga aylanishdi. Abramov qo'l ostida o'ynagan futbolchilarimizning ko'pchiligi o'sha musobaqadan keyin xorijga yo'l olishdi.
- O'yin taraflamachi?
- O'yin taraflama? O'zingiz ham ko'ryapsizki. To'g'risini aytsam, bilmadim. Murabbiyni tanlagan taktikasi. Qanday o'ynashidan qatiy nazar televizor orqali o'yinlarni ko'rib, jamoamizga muxlislik qilib o'tiramiza. Lekin tan olish, o'yin Vadim Abramov boshchilik qilgan davrdagidek emas.
- Hozirgi kunda O'zbekistondagi eng iqtidorli yoshlar deb qaysi futbolchilarni ko'rsata olasiz?
- Eldor SHomurodov, Jaloliddin Masharipov. Bu mavsumda Sardor Mirzaev yaxshi o'ynadi.
- O'tgan mavsumda qaysi jamoa sizni hayratlantirdi?
- "Lokomotiv" jamoasi. Ko'p yillardan buyon chempion bo'lolmay kelayotgan edi. Ammo bu yili ular ajoyib o'yin ko'rsatishdi va ikkala frontda ham cho'qqiga ko'tarila olishdi.
- "Nasaf"dek katta jamoada to'p surgansiz. Keyinchalik mana "SHo'rtan" va "Mashal" klublarida o'ynadingiz. Bu jamoalar o'rtasidagi tafovut qanchalik katta?
- "Nasaf"da avvalo mavsum oldidan aniq vazifa qo'yiladi. Qolgan barcha taraflama ham o'rtadagi tafovut katta.
- O'zbekiston chempionatida yildan-yilga muxlislar tashrifi pasayib ketmoqda. O'tgan mavsum ham ko'plab jamoalarimizning o'yinlari deyarli bo'm-bo'sh stadionda o'tdi. Bunga nima sabab bo'lmoqda?
- Aniq bir narsa deyish qiyin. Balki biz futbolchilarning ham bunga aybi bordir. Futbolchi sifatida muxlislarga yoqadigan, ularga manzur keladigan o'yinni ko'rsata olmayotgandirmiz. Futbolchilarning harakatlari ularga maqul kelmayotgani ham tomoshabinlarning tashrifini pasayib ketishiga bitta sabablardan biri bo'lsa kerak.
SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fikrlar