Hamidjon Aktamov: “Futbolchilarimning maydonga oyog'i qaltirab tushishiga yo'l qo'ymayman”
17 fev 2017 14:40
Yangiliklar
Hamidjon Aktamov: “Futbolchilarimning maydonga oyog'i qaltirab tushishiga yo'l qo'ymayman”
Klub bu yil o'tgan mavsumdagi natijasini yanada yaxshilash ilinjida. Bu yo'lda klub menejeri Hamidjon Aktamovning qilayotgan mehnatlari esa katta. Biz jamoaning o'rtoqlik o'yini chog'ida o'zi bilan bafurja suhbatlashishga kelishib olgandik. SHuning uchun “Qizilqum” istiqomat qilayotgan “Grand atlas” mehmonxonasiga bordik va u erda Hamidjon G'ulomovich bilan uchrashdik.
- “Qizilqum” o'tgan yili jiddiy transferlarni amalga oshirdi va yakunda 6-o'rinni egalladi. Bundan viloyat rahbarlari qanchalik qoniqish hosil qildilar?
- Viloyatimiz hokimi yoki homiylarimiz bizga 6-o'rinni emas, balki 3-o'rinni olishinglar kerak edi, degan gaplarni aytishmadi. Lekin bu natija ham o'ziga yarasha ahamiyatga ega bo'ldi. Bungacha “Qizilqum” asosan oliy ligada jon saqlab qolish uchun kurashib kelardi. Rahbarlarimiz bizni tanqid qilishmadi, aksincha rahmat aytishdi. Bundan keyin yanada yaxshiroq ishlashda davom etishimizni aytishdi. Baribir futbolda barqarorlikni saqlab turish juda qiyin. Hamma vaqt yutishning iloji yo'q. Biz bu yil iloji boricha barqarorlikka intilayotgan jamoani yarata oldik. Bunda viloyatimiz rahbariyati katta yordam berishdi. Klubni qaytadan tamirdan chiqardik. Maydon sifati yanada yaxshilandi.
- Siz doim maksimal natijaga intilishni yaxshi ko'rasiz. SHunday ekan, o'zingizdagi istak va xohishni jamoangizga qanchalik singdira olyapsiz?
- Futbolchilarga doim aytaman: kim bilan o'ynashimizdan qatiy nazar maydonga noumid bo'lib chiqmaymiz. Tarkibimizdagi o'yinchilar yaxshi klublarda o'ynagan, ko'pni ko'rgan yigitlar. To'g'ri, akademiyamiz yo'q va shu bois o'zimizdan chiqqan futbolchilar kam. Agar akademiyamiz bo'lganida Navoiy viloyatidan ham ko'proq iqtidorli futbolchilar chiqqan bo'lardi. SHuning uchun tayyor o'yinchi izlashga majburmiz. Lekin rahbarlarimiz kelajakda “Qizilqum”ning akademiyasi barpo bo'lishiga vada berishyapti. Xarakterim shunaqaki, xayotda ham yutqazishni yomon ko'raman. Nima qilay, xayot shu ekan-da, deb ko'nib ketavermayman. Osonlikcha jon taslim qilmayman (kuladi). Doim maqsadimiz g'alaba qozonish. Baribir insonda o'z oldiga qo'ygan maqsadi bo'lishi kerak-ku! Bugungi raqib “Paxtakor” yoki “Bunyodkor” bo'lsa, futbolchilarimning oyog'i qaltirab maydonga tushmasliklari kerak. Men bunga yo'l qo'ymayman. Biz uchun mehmon yoki mezbon degan tushuncha yo'q. Axir hammamiz bitta vatanda yashaymiz-ku! Vodiy, voha hamda poytaxt ham O'zbekiston! Hammamiz bitta mamlakatning himoyasidamiz. Ayrim odamlar “Qizilqum”ni uy jamoasi deb atashardi. Bu nima degani? Axir biz O'zbekiston jamoasimiz-ku, hammamiz shu yurtning farzandlarimiz, to'g'rimi? SHu bois ham har qanday maydonda faqat g'alaba uchun o'ynaymiz. Aynan shu narsalarni futbolchilarga tushuntirib bera olaman. Mening gaplarimni ular to'g'ri qabul qilishadi va jonini jabborga berib o'ynashadi. “Qizilqum”ning o'yinlarini kuzatgan bo'lsangiz, doim oxirigacha kurashamiz. Bunday vaziyatda o'yinchida jarohat bo'lsa ham u klubi uchun jon kuydiradi. Masalan, Vohid SHodiev bir oy oldin oyog'ini operaciya qildirdi va endi mashg'ulotlarga qo'shildi.
- Sizga hamisha maksimal natija uchun kurashishni yoqtirishingiz haqida bejizga aytmagandim. Balki sizga hozirgi beradigan savolim biroz mubolag'a bo'lishi mumkin. Ammo barcha imkoniyat hamda ishtiyoqni hisobga olganda, bugungi kunda jamoangiz chempionlik uchun kurashishga tayyormi?
- Savolni boshqacha qilib menga qaytaryapsiz (kuladi). General bo'lishni orzu qilmagan askar, askarmi? Albatta, biz ham chempionlikni xohlaymiz. Ammo vaziyatga real qarashni ham bilish kerak. CHempion bo'lishga va Kubokni qo'lga kiritishga harakat qilamiz. Maqsadimiz har doim davlatning pulini behuda sarflash emas. Biz ham natija ko'rsatishni juda-juda istaymiz. Masalan, “Buxoro” klubini hurmat qilaman. Oxirgi paytlarda Navoiy va Buxoroning jamoalari o'sishga erishishdi. Ammo ular o'rtasidagi o'yinlarda derbi degan atama yaqindan qo'llanila boshlandi. Ikkala jamoaning muxlislari bitta. SHunchaki, Buxoro bilan Navoiyning futboli ko'tarilayotganiga ular xursand. Bu esa futbolimiz o'sayotganidan darak beradi. “Buxoro” o'tgan yili 4-o'rinni oldi. Ularda ham akademiya mavjud emasligi sababli boshqa joylardan yaxshi futbolchilarni olib kelishdi. Biz ham yaxshiroq o'rinlarni egallashni xohlaymiz. Bu albatta chempionlik bilan bog'liq. Ammo yutqazgan paytlarimizda rahbarlarimiz va homiylarimiz bizni tanqid qilmaydi. Yutqazgan kunimizning ertasiga viloyat hokimi qo'ng'iroq qilib, nega taziyaga kelgan odamdek tushkun kayfiyatda yurasanlar, bu bilan xayot tugab qolgani yo'q, yaxshisi tabiat qo'yniga chiqib, futbolchilarni boshqatdan tayyorlagin deb aytadi va bu bilan bizni qo'llab-quvvatlaydi. Agarda yutqazgan paytlarimizda hokim keskin tanqid qilib, noroziligini bildirganida balki natijalarimiz yanada pastlab ketgan bo'larmidi?! Aytmoqchimanki, rahbarimiz bizga katta yordam berdi, ruhiy tomondan ham juda yaxshi qo'llab-quvvatladi. NGMK bosh direktori Sanoqulov bizga katta yordam bermoqda. Buning uchun barchalaridan minnatdormiz.
- Darhaqiqat, “Qizilqum” klubiga viloyat hokimi hamda homiylar har tomonlama moliyaviy tomondan ham ko'mak berib turadilar. Lekin hadeb ularning yordamiga qarab kolmasdan “Qizilqum” o'zini-o'zi mablag' bilan taminlash yo'llarini ham ko'ryaptimi?
- Ha. SHahar markazidan Navoiytog'metallurgiya kombinati bizga issiqxona ajratib bergan. Bu bilan ishlab chiqarishni yo'lga qo'yamiz. Futbolni tugatgan sobiq o'yinchilarni ish bilan taminlashimiz mumkin. Bundan topadigan daromadimizni futbol uchun ishlatishimizga yo'l ochib berishyapti. Bundan maqsad jamoamizga ajratiladigan mablag'dan tashqari o'zimizni-o'zimiz pul bilan taminlashdir. Issiqxonada meva-sabzovotlar ekiladi. Asosan aholi turmush tarzi uchun extiyoj seziladigan mahsulotlar etishtiriladi. Bu bilan biz ham moliyaviy jihatdan yanada barqarorlikka erishishni ko'zlaganmiz. Hadeb homiylarining puliga qarab qolmasdan o'zimiz ham izlanishimiz kerak. Ammo bilasizmi, futbolni bermud uchburchagi deb hisoblayman. CHunki unga kirgan narsa yo'q bo'lib ketadi.
- Yana bir gap: oxirgi paytlarda siz bizni katta transferlarga o'rgatib qo'ydingiz. To'g'risi, bu yilgi qishki yig'inda ham “Qizilqum”dan navbatdagi etiborga molik transferlarni kutayotgandik. Lekin nima uchun bunday ishga qo'l urmayapsiz? Yoki zerikdingizmi?
- Yo'q. Lekin har olti oyda o'yinchi almashtiraverish jamoaning zarariga ishlashi mumkin. Bitta futbolchini taklif qilganida u kamida bir yarim yoki ikki yil to'p surishi kerak. SHukrki, hozirda safimizdagi barcha chiziqlarimizdan ko'nglimiz to'q. Georgiy Kvesieshvili yaxshi futbolchi. Ammo uning oilaviy sharoitlari tufayli aytgan ayrim shartlari bizga to'g'ri kelmadi. Yovanovichga kelsak, o'yin taktikamizni o'zgartirib ko'rishni xohladik. Ha, u o'tgan yili gollar urdi, jamoaga yordami tegdi. Umuman olganda, o'zgarishlar yana davom etadi. Ushbu qishki yig'inimizda ikkita legionerni ko'rdik, ammo ular yoqmadi. SHu kunlarda esa Artur Gevorkyan safimizga qo'shiladi.
- Bu albatta biz uchun yangilik bo'ldi. U faoliyatini Malayziya chempionatida davom ettirishi haqida eshitgandik. Gevorkyan bilan muzokara jarayoni murakkab kechmadimi?
- Yo'q. Artur Gevorkyanning o'yini oldindan menga yoqardi. U muxlislarga yoqadigan o'yin ko'rsatardi. Navoiylik muxlislarimiz ko'pincha menga ushbu o'yinchiga ham taklif bilan chiqishimni iltimos qilishardi. SHu kunlarda jamoamizga qo'shiladi.
- Talablari katta bo'lmadimi?
- Yo'q, hammasi joyida bo'ldi.
- Yodingizda bo'lsa, o'tgan safar gaplashganimizda Yovanovich talablarini oshirib yuborgani sababli u bilan hamkorlikni uzaytirmadik degandingiz. Ikkala o'yinchining o'zaro talablarini solishtirganda farqlari qanchalik ko'rindi?
- Futbolchilarni ham to'g'ri tushunaman. Ular shu yo'l orqali pul ishlab topishadi. Lekin o'zimizdagi o'yinchilar talablarni osmonchalik aytishmaydi. Yovanovich ham bizga o'zining talabini aytdi. U o'tgan yili olayotgan puliga bu yil ozroq qo'shib berishimizni so'radi. Men esa byudjetimizni hisobladim. Bu mavsumda ushbu o'yinchi yangi taktikamizga tushadimi-yo'qmi, shunga ham qaradim. Doim ham bitta taktikada o'ynayvermaslik kerak. Bu Gevorkyanning Yovanovichdan arzon ekan degani emas. Lekin u chempionatimizda ancha yillardan beri o'ynayapti. Bilaman, futbolchilarga pul kerak, oilasini boqishadi. Ammo futbolga ham xiyonat qilmasliklari lozim. Lekin biz ham sharoitimizga qarab ish tutamiz. Agar cho'ntagimda 100 so'm pul bo'lsa, u 120 so'm so'rasa qanday qilib beraman?
- Mansur Saidov nega ketib qoldi?
- Saidov yaxshi futbolchi, uni juda hurmat qilamiz. U Navoiydagi yig'inda yaxshi ishladi. Toshkentda ham shug'ullanayotgandi. Biroq uning oilaviy sharoiti tufayli ketishga qaror qildi. O'yin bo'lsa-yu, ammo xayoli oilasida bo'lsa! SHuning uchun Mansurning o'zi to'g'ri tushuntirib, uzr so'ragan holda ketishni xohladi. Ammo biz o'zi bilan kelishganimizdek, barcha sharoitlarni yaratib bergandik. SHunchaki, o'zining tashabbusi bilan “Qizilqum”da qolishni istamadi.
- Oldingi suhbatlaringizning birida aytib o'tganingizdek, o'tgan yili “Qizilqum” vodiy klublarining kushandasiga aylandi. CHunki safarda vodiy jamoalarini mag'lub eta oldinglar. Hattoki, “Neftchi”ni ham...
- Ha, shunday. “Neftchi”ning stadioni ajoyib. Ammo biz bilan o'yinda stadionda bor yo'g'i 200 nafar atrofidagi tomoshabin bor edi xolos. Stadioni juda chiroyli, barcha talablarga javob beradi. Maydoni ham zo'r. Qisqasi, o'yingoh zamonaviy va muhtasham. Ammo muxlis yo'q! Men shu narsaga achinib gapirgandim. Men ularni yutdik deb maqtanganim yo'q. Andijon va Namanganga borsak ham stadionlar deyarli ishqibozlar bilan to'lardi. Vodiydagi o'tkazgan to'rtta o'yinimizdan faqat Qo'qondagi stadion muxlislar bilan to'ldi. Qolgan uchala klubning ishqibozlari esa keskin kamayib ketgan.
- Siz doim ochiq-oydin gapirishni yoqtirasiz. Biz ham oshkoralik bo'lishini xohlaymiz. O'zimizda futbolchilarning transferlari borasida ularning summalari aksariyat holatlarda oshkor etilmaydi. Siz esa shu haqida aniq raqamlarni ayta olasizmi?
- Nasib bo'lsa, birinchilardan bo'lib bu narsani yo'lga qo'ymoqchimiz. Jamoamizda nechta o'yinchi bo'lsa hammasining shartlari har xil. Ommaga uniki palon so'm, buniki piston so'm deb ayta olmayman. Qachonki, biz ham futbolchini chetga sotsak, rasman transfer narxini oshkor qilamiz. Men futbolchi bilan kelishuv haqida bir marta gaplashaman va qo'l tashlashamiz. O'yinchilar gapimning ustidan chiqishimga ishonadilar. Doim bergan lafzimni bajaraman.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Fikrlar