So’nggi yangiliklar

01:39Расман: Ўткир Юсупов — "Фулад" футболчиси!  4 01:32"Арсенал" Рафиньянинг трансфери бўйича "Барселона"га кўп миллионлик таклиф тайёрлайди  0 01:05Париж-2024. Ўзбекистон - Миср 0:1, Ҳимоядаги хато қимматга тушди  6 00:53"Атлетико" ва Испания терма жамоаси собиқ футболчиси фаолиятини якунлади  0 00:15РПЛ. Эсанов ҳаракат қилаётган "Акрон" меҳмонда "Факел"ни ишончли ҳисобда мағлуб этди  15 23:35Тимур Кападзе: "Иккала ўйинда ҳам ютишимиз мумкин эди"  103 23:01Расман: "Атлетико" Испания терма жамоаси футболчиси билан шартнома имзолади  1 22:29"Навбаҳор" назорат учрашувида йирик ҳисобда ғалаба қозонди. Қувватовдан норасмий дебют, Никабадзедан хет-трик  10 21:31"Манчестер Юнайтед" форварди ПСЖга ўтиши мумкин  5 21:05Париж-2024. Ўзбекистон иккинчи турда Мисрга ютқазди ва гуруҳдан чиқиш имкониятини йўқотди  848 20:53Париж-2024. Испания терма жамоаси биринчи бўлиб плей-оффга чиқди  7 20:22"Манчестер Юнайтед" испаниялик футболчига қизиқмоқда  1 19:56"Барселона" Уильямс учун кутилганидан 4 млн. евро кўп пул тўлаши керак  2 19:22ФИФА Аргентинанинг эътирозига жавоб берди  5 18:52Ҳусниддин Ғофуров - "Қўқон-1912" футболчиси  3

Futbolchilarni o'zlariga qo'yib bering, Janob! Yangiliklar

Futbolchilarni o'zlariga qo'yib bering, Janob!

Kecha "Buyuk Xitoy devori"ni zabt etay deganimizda "qulab" tushdik.

Nima uchun? Bizga dirijyor etishmadi. Ha, yuksak marrani zabt etishda eng muhim jihat so'nggi pallada vaziyatni nazorat qila olish va jarayonni boshqarish. Lekin, biz kecha buni uddalay olmadik.

Tarkib borasida sizga aytar so'zimiz bor, Janob!

Terma jamoa postiga kelganingizdan keyin eng to'g'ri qaroringiz kechagi bahsda darvozaga Ignatiy Nesterovni qo'yganingiz bo'ldi. Agar, Ignat bo'lmaganida kecha birinchi bo'limdayoq yutqazib bo'lgan bo'larmidik. Markaziy himoyada Anzur Ismoilovning sherigi nima uchun deyarli o'yin amaliyotiga ega bo'lmayotgan Egor Krimec bo'laveradi? Klubida joriy mavsum bor yo'g'i ikkita o'yin o'tkazgan Krimec doimiy asosiy tarkibda tushaveradi, u hatto zaxirada o'tirib ham terma jamoada raqobatni his qilmaydi. "Nasaf"da himoya chizig'ini boshqarishda juda yaxshi taassurot qoldiradigan SHerzod Azamov "Paxtakor"da ham ishonchli o'yinlarini davom ettirmoqda. Azamov Qarshida hozirgidan ham yaxshiroq o'ynagan. Undagi progressni kuzata turib, hali yanada o'sib borishini taxmin qilish qiyin emas. Hozir, SHerzod Azamov tezlik, o'yinni o'qiy olish, to'psiz bo'sh zonaga ochilish borasida Krimecdan kuchli bo'lsa borki, aslo kuchsiz emas. Eng muhimi, unda doimiy o'yin amaliyoti bor.

Ana endi, Janob sizning eng katta xatoingiz bu o'ng qanot himoyaga Islom To'xtaxo'jaevni qo'yganingiz. Islomga hurmatni saqlagan holda o'ng qanot uning joyi emasligini aytaman. Uni hatto markazga qo'ysangiz ham hozirgi paytda Egordan ko'proq foyda berishi mumkin. Lekin, nima uchun g'irt markaziy himoya bo'lgan To'xtaxo'jaevni o'ng qanotda tushiraverasiz? Bunday g'alati qarorlarni bas qilishingiz uchun sizga yana qancha vaqt yoki nechta mag'lubiyat kerak? Kecha xitoyliklar asosan Islomning zonasidan hujum qilaverishdi. Tarkibda Akmal SHorahmedov bor bo'lgan bir paytda Islomni o'ngga qo'yaverish qanchalik to'g'riligini Xitoyga qarshi bellashuvda yana bir bor ko'rdik. Yoki, nega SHuhrat Muhammadievga imkon berilmaydi? Agar, uni himoya planida eng kuchli emas deyiladigan bo'lsa, qolganlar ham buni uddalay olmayaptiku baribir. Bugungi kunda O'zbekistonda hujumni kreativ qarorlar bilan kuchaytirish, xilma-xillashtirishda SHorahmedov va Muhammadiev eng kuchlilari. Lekin, o'sha joyda Islom qo'yilaveradi. Qachongacha? Hatto, Islom ham qiynalib ketgan bo'lsa kerak o'ngda.

Hurmatli Janobning yana bir tushunarsiz qarori Yaponiya chempionatida eng yaxshi legionerlardan biri bo'lib turgan Fozil Musaevni umuman o'ynatmasligi. Nega shunday? Hozir uning joyida undan ko'ra yaxshiroq holatdagi o'yinchi yo'q bizda. Birgina Sardor Rashidov taomdan zaxarlanishi qancha vahimani keltirib chiqardi. Aslida esa, terma jamoada bir o'yinchining safdan chiqishi hech qachon ortiqcha muammo tug'dirmasligi kerak menimcha. Nima uchun haqiqiy "toza" vinger terma jamoamizda faqat bitta. U ham bo'lsa, Rashidov. Qolganlar "toza" vinger emas, SHomurodov ham markaziy hujumdan ko'ra vinger joyida foydaliroq va samaraliroq. Bikmaev ham aslida hujumchi. Nega tarkibga Sardor kabi haqiqiy vinger bo'lgan Doston Hamdamov hech chaqirilmaydi? Kreativligi yuqori bo'lgan Doston bizga kerak bo'lishi aniq edi, lekin u faqatgina yig'inlarga chaqirilish bilan cheklanadi.

Ayni paytda Oliy ligada raqiblar darvozasini istagan uslubida nishonga olib yurgan Marat Bikmaevni markaziy hujumda kutgandim. Lekin, u yana qanotga qo'yildi, markazga esa bu ciklda barcha o'yinlarni to'liq o'tkazgan va bitta ham gol urmagan Igor Sergeev qo'yildi. Janubiy Koreyaga qarshi Marat o'ynay olmasligini inobatga olsak, hujumning oldida yana Sergeevni ko'rib qolsak ajab emas. Ayni paytda Rossiya Premer-ligasida o'z klubining asosiy tarkib o'yinchilari hisoblangan Vagiz Galiulin va Vadim Afoninlarning chaqirilmagani ham faqat murabbiyga tushunarli bo'lsa kerak.



Ko'pchilikni yig'latgan Odil!

Xitoyga qarshi o'yinning birinchi bo'limida jamoa murabbiy taktikasi bo'yicha harakat qildi va hech narsa qila olmadi. Nesterovning super seyvlarigina jamoamizni muqarrar gollardan saqlab qoldi. Ikkinchi bo'limda esa murabbiy taktikani o'zgartirganiga ishonmayman. Menimcha, shunchaki o'yinchilarning o'zi o'z o'yinini ko'rsatishni boshlab yuborishdi. CHunki, o'yindan oldingi "ustanovka"ga amal qilinadigan bo'lsa nimagadir erishib bo'lmasligini yigitlar anglashdi nazarimda. Uchrashuvni saytimizda bevosita matnli translyaciya qilib bordim va bunga afsuslandim. CHunki, umrim bir necha kunga qisqargandek bo'ldi. Faqatgina men emas, TV qarshisidagi millionlab muxlislar ham shu narsani boshdan o'tkazganlari aniq.

Kecha jannatim onajonimning tavallud ayyomlari edi. Juda ham alamli mag'lubiyatga qaramay shirinlik va gul olib yuzda tabassum bilan uyga kirib bordim. Onajonimni tabriklar ekanman, rahmat ayta turib mayli qo'yaver o'g'lim, bugun yutmagan bo'lsa keyingi safar yutishadi deb bag'rlariga bosdilar. O'sha onda ich-ichimdan bir nima uzilib tushgandek bo'ldi. Men tabassum bilan kirib bordim, lekin ular baribir mendagi holatni his qilgandilar. Mehmonlar bilan yarim tungacha goh futbol, goh bokschilarimiz haqida suhbatlashib o'tirdik. Lekin, men bu suhbatlarda ancha passiv bo'ldim. Hayolim o'yinda edi, sardorimiz Odil Ahmedovning gaplarida edi hayol.

Mehmonlarni kuzatib qo'ygach, mehmonxonaga kirdim va Odil Ahmedovning o'yindan keyin bergan mikst intervyusini qayta va qayta ko'rib o'tirdim. Yolg'on bo'lmasa, kamida 20 marta tinimsiz ko'rdim sardorimizning gaplarini. Ko'zlarimga yosh keldi. Ahmedovning gaplari go'yo dalda bo'layotgandek edi, shu bilan birga bu ayni paytda futbolchilarimizning holatini ifodalab berdi. Odil gapirayotganda uning yuz ifodasini qayta va qayta kuzating. U oxiri "portladi". SHu "portlash" bizga 5 sentyabr kuni asqotsin deb ishonamiz. Ha, umid qilamiz emas, aynan ishonamiz. CHunki, biz murabbiy faktori asosiy planda bo'lsa shunchaki umid qilib qo'ya qolamiz. Lekin, bu gaplarni futbolchi gapirdi. Biz o'yinchilarimizga ishonamiz, murabbiyga emas. Terma jamoamizni Xitoyga kuzatganimizda ham, Odil Ahmedovning oldiga borib muxlislarga bir og'iz aytar so'zlaringizni gapirsangiz deganimizda u buni rad etmadi. Sardor sifatida muxlislarga murojaat qildi va qo'llab turishlarini so'radi. SHuningdek, Anzur Ismoilov ham muxlislarga ikki og'iz gapini gapirdi. Juda og'ir pallada biz futbolchilarga ishonamiz va ularni qo'llab-quvvatlaymiz. Hozirgi tarkibdagi aksar futbolchilarimiz mundialda ishtirok etishga haqli.



Janobga murojaat

SHu o'rinda Janobga murojaat qilmoqchimiz. 5 sentyabr kuni hech bo'lmasa bir marotaba haqiqiy kuchli tarkibni maydonda ko'raylik, qandaydir simpatiya yoki boshqa narsalarni emas. O'yin amaliyotiga faqat terma jamoada ega bo'layotgan Krimecni emas, ayni paytda yaxshi formada bo'lgan SHerzod Azamovni ko'raylik. O'ng qanot himoyada markaziy himoyachi bo'lgan Islom To'xtaxo'jaevni emas, haqiqiy o'ng qanot "tuz"lari bo'lgan Akmal SHorahmedov yoki SHuhrat Muhammadievni ko'raylik. Tayanch yarim himoyasida nihoyat super formadagi Fozilni ko'raylik. Qanot yarim himoyasida haqiqiy vingerlarni ko'raylik. Eng oldinda esa hech bo'lmasa bo'sh darvozaga gol ura oladigan o'yinchini ko'raylik.



Futbolchilarni o'zlariga qo'yib bering, Janob!

Va nihoyat, Janubiy Koreyaga qarshi o'yinda hammasini futbolchilarning o'zlariga qo'yib bering, Janob! Oxirgi o'yinlarda sizning taktikangiz hech nima bermayabdi, bir safar yigitlarni o'ziga qo'yib bering. Odil va Server yigitlarni ruhlantirib, kerak bo'lsa so'kib bo'lsa ham sizga natija qilib berishadi. SHaxsan o'zim, murabbiyning taktikasiga emas, futbolchilarimizning oriyatiga, g'ururiga ishonaman. Ular or uchun ham, g'urur uchun ham maydonga tushishadi endi. Ularning "o'zligi"ni himoya qilib olishlariga halaqit berib qo'ymang, Janob!


Tolibjon Qosimov

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +200   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика