So’nggi yangiliklar

18:17Илгиз Танташев бригадаси Олимпиада 3-турида ишлайди  0 17:55"Динамо" Майкон Дуглас билан бир ярим йиллик шартнома имзолади  1 17:41Эшитдик-да! "Пахтакор" футболчиси легионерга айланиши мумкин  5 17:31Ўзбекистон U-16 Хитойдаги халқаро мусобақада иштирок этади  0 17:15Расман: Элдорбек Суюнов - “Навбаҳор” футболчиси!  6 16:55"Бунёдкор" Абдунабиев, Итсуки Урата ва Луис Качоррини рўйхатдан ўтказди   0 16:34"Машъал" 4 нафар футболчини таркибга қўшиб олди  1 16:20"Нефтчи" футболчиси БАА чемпионатига йўл олди  3 16:03"Милан" Италия ўсмирлар футболчиси билан шартнома имзоламоқчи  0 15:40Фабрицио Романо: Бугун Эмерсоннинг "Милан"га трнасфери ҳал бўлади  1 14:47Париж-2024. Ўзбекистон эртага Доминикан Республикасига қарши кўк либосда ўйнайди  24 14:29Эндрик "Реал"да 9-рақамда тўп тепмоқчи. Мбаппе 10-рақамни олгач, у ниятига етишига ишонмоқда  1 14:03Пеп "Милан"га имконият бой берилгач: "Ман Сити" бугун яхшироқ ўйнади"  2 13:36Рожерио Микале: "Мисрликларнинг жанговар руҳи Ўзбекистонни мағлуб этишда ҳал қилувчи роль ўйнади"   28 13:14"Барселона" араблардан максимал равишда кўпроқ пул ишлаб олмоқчи  5

Fozil Musaev: Tezroq safga qaytishga harakat qilaman Yangiliklar

Fozil Musaev: Tezroq safga qaytishga harakat qilaman

O'zbekiston milliy termasi hamda Yaponiyaning Jubilo Ivata klubi yarim himoyachisi Fozil Musaev jarohat sabab uzoq muddatga safdan chiqdi.

Aniqrog'i, hamyurtimiz 27 mart kuni bosh jamoamiz safida Kasablanka shahrida bo'lib o'tgan Marokashga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida jarohat orttirib olgandi. Tibbiy ko'rikdan so'ng uning jarohati jiddiy ekanligi aniqlandi.

Afsuski, futbolchi yaqin olti oy davomida maydonga tusha olmas ekan. Takidlash joizki, Musaev terma safida jarohat olgani uchun FIFA «Jubilo Ivata»ga kompensaciya to'lab beradi. Ammo yapon klubi murabbiylarini tovon puli emas, balki etakchilardan birining safdan chiqishi ko'proq tashvishga soldi.

Klubning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida hamyurtimizga hurmat va ehtirom yuzasidan 5,5 daqiqali rolik joylashtirildi. Ushbu videoda Fozilning «Jubilo» safidagi o'yinlari, gollari, muxlislarning olqishlari hamda futbolchilarning 8-raqamli futbolka kiyib, shu tariqa Musaevni qo'llab-quvvatlashgani aks etgan.

Biz milliy jamoamiz tayanch yarim himoyachisi bilan bog'lanib, undan intervyu oldik.

- Fozil, klub shifokorlari jarohat haqida nima deyishyapti? Qachon maydonga qaytasiz?

- Marokashga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvida oyog'imning tizza qismini shikastlab oldim. Afsuski, shifokorlar qo'ygan tashxis natijalari ijobiy bo'lmadi. Jarohat biz o'ylagandan ham jiddiyroq ekani oydinlashdi. 9 aprel kuni klubimizning malakali jarroh-shifokori o'ng oyog'imning tizza qismida jarrohlik operaciyasi o'tkazdi. Endi hammasi reja asosida ketsa, taxminan olti oydan so'ng umumiy guruh mashg'ulotlariga qo'shilsam kerak. Jarohat sportning ajralmas bir bo'lagidir. Bunday holatga tushishni hech kimga ravo ko'rmayman. Lekin futbol - balet emas, unda har daqiqada to'qnashuvlar bo'ladi. Aytmoqchimanki, jarohatlardan hech kim kafolatlanmagan.

- Olti oy uzoq muddat. Bu vaqt oralig'ida futbolsiz yashashni tasavvur qilyapsizmi?

- Ha, buni o'ylasam yuragim orqaga tortib ketyapti. Lekin nachora, qo'limdan hech narsa kelmaydi. Hozir tezroq muolajalarni olib, maydonga qaytish haqida o'ylashim kerak. Balki ana shu ishtiyoq va iroda tezroq sog'ayishimga zamin yaratar?! SHunga umid qilib qolaman. O'ylaymanki, hammasi yaxshilikka. Jamoamiz shifokorlari safga qaytishimga olti oy muddat kerak bo'ladi, deyishyapti. Nasib qilsa, uch oydan keyin yugurishni boshlayman. Hozirda trenajyor zalida reabilitaciya jarayoni davom etmoqda. Fizioterapevt, shifokor yordamida mashg'ulotlar olib boryapmiz. Ammo baribir, to'liq tuzalib, safga qaytishim uchun yarim yilga yaqinroq vaqt kerak bo'ladi. Oldinroq qaytsam, jarohatimni yanada jiddiylashtirib olishim mumkin. SHu sababli tavakkalga aslo yo'l qo'ymaymiz. Klubimiz shifokorlari malakali, ular jarayonni nazorat qilib turishibdi.

- SHu vaqt mobaynida klub ixtiyorida bo'lasizmi yoki muolajalarni Toshkentda davom ettirish imkoniyati ham bormi?

- Yo'q, barchasi shu erda - Yaponiyada o'tkaziladi. Reabilitaciya va tiklanish mashg'ulotlari Jubiloda bo'ladi. Toshkentga borishga hojat yo'q. Yaponiyada eng ilg'or texnologiyalar mavjud, bu hech kimga sir emas.

- Jamoadoshlaringizning sizni qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirgan o'ziga xos akciyasi ko'pchilikning diqqat-etiborini tortdi. Ko'nglingiz tog'dek ko'tarilgandir?

- Albatta. Buning uchun klub rahbariyati, murabbiylar shtabi, muxlislar va jamoadoshlarimga rahmat aytaman. «Jubilo Ivata» prezidenti ham meni har tomonlama qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Bu juda muhim. Darhaqiqat, videorolikni ko'rganimdan so'ng ko'nglim tog'dek ko'tarildi. Ochig'i, buni kutmagandim.

- Milliy jamoamizda yangi davr  boshlanyapti. Murabbiylar shtabi va tarkibda ham o'zgarishlar bo'lmoqda. SHu manoda, Marokashda o'tkazilgan yig'in va uning doirasidagi ikkita o'rtoqlik uchrashuvi haqida nima deya olasiz?

- Jarohat olganimni aytmasak, hammasi yaxshi o'tdi. Bitta uchrashuvda durang qayd etdik. Ikkinchi o'yinda mezbonlarga imkoniyat boy berildi. SHunga qaramay, ikkala bahsda ham munosib o'ynadik, deb ayta olaman. Raqiblarimiz kuchli ekanligini alohida aytib o'tishim shart bo'lmasa kerak. Marokash va Senegal JCH-2018 ishtirokchilari hisoblanadi. Bunday raqiblarga qarshi o'tkaziladigan o'yinlar bizga juda kerak. SHunday uchrashuvlarda futbolchilarning ko'zi pishadi, mahorati yanada toblanadi.

- Kuchli termalarga qarshi kechgan bahslarda futbolchilarda, ayniqsa, yoshlarda biroz bo'lsada hayajonga berilish holati kuzatilmadimi?

- Yo'q, menimcha, bunday holat kuzatilmadi. Yosh futbolchilar ham o'z vaqtida o'smirlar va yoshlar o'rtasidagi jahon chempionatlarida ishtirok etishgan. Xalqaro o'yinlar havosidan bahra olishgan. Ehtimol, ozgina mahorat etishmagan bo'lishi mumkindir, lekin bu vaqt o'tishi bilan to'ldiriladigan holat.

- Temur Kapadze va Mirjalol Qosimov boshchiligidagi mashg'ulotlar qanday kechdi? Avvalgilaridan farq sezildimi?

- Ha, tafovut bor, albatta.

- Xo'sh, farq nimalarda sezildi?

- Mashg'ulotlar ancha qiziqarli tarzda kechdi, ko'tarinki kayfiyatda shug'ullandik. Qolaversa, o'yinga tanlangan taktik sxema ham maqul keldi. Murabbiylar shtabi ko'proq to'pni nazorat qilishga etibor qaratishimiz kerakligini uqtirdi. Mashg'ulotlar ham shunga monand tarzda tashkil etildi.

- Temur Kapadze yosh murabbiy. SHu jihatdan olib qaraganda, ko'pchilikda «Eplab keta olarmikan?» qabilida savollar tug'ilyapti. Bu borada shaxsiy fikringiz qanday?

- Murabbiyni qo'llab-quvvatlash kerak. Boshqa har xil gap-so'zlarga etibor qaratmay, unga ishonish lozim. SHunda hammasi yaxshi bo'ladi. Temur Kapadze katta tajribaga ega, futbolchilik davrida malakali murabbiylar qo'l ostida o'ynagan. Tabiiyki, ulardan o'zi uchun yaxshigina saboq olgan.

- Sizningcha, terma jamoaga xorijdan murabbiy kerakmi yoki o'zimiznikilar ham mundialga chiqish vazifasini uddalasharmikan? Har holda, shu paytgacha mahalliy mutaxassislar buni eplay olishmadi...

- Agar haqiqatan ham kuchli, dunyo tan olgan murabbiy bo'lsa, olib kelish kerak. U kamida o'z termasi bilan jahon chempionatida ishtirok etgan bo'lishi shart. Boshqalar yordam berolmasa kerak. O'sha kuchli mutaxassis atrofida bizning yosh murabbiylarimiz o'z tajribalarini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Bu futbolimizga har tomonlama foyda keltiradi. Menimcha, O'zbekiston FA rahbariyati ham shuni ko'zlab ish qilmoqda. Matbuotda mashhur murabbiylar bilan muzokara olib borilayotgani haqida xabar berilgandi.

- Milliy jamoamiz yanvar oyida o'tkaziladigan Osiyo chempionatida favorit bo'la oladimi? Umuman, bugungi termamizning potencialini qanday baholaysiz?

- Ushbu masalada oldindan bir narsa deya olmayman. Siz aytgan potencial nafaqat milliy, balki boshqa yosh toifasidagi barcha termalarimizda bo'lgan. Hamma gap o'sha potencialni amalda namoyon eta olishda. BAAdagi Osiyo kubogiga ham bosh jamoamiz etakchi maqomida tashrif buyuradi. Lekin ana shu etakchilikni amalda isbotlash lozim. Agar o'sha paytga borib barcha futbolchilarimiz optimal sport formasida bo'lishsa, jarohatlar bizni chetlab o'tsa, chempionlik uchun kurashamiz. Menimcha, jamoamiz oldiga shunday vazifa qo'yilsa kerak.

- Keling, endi klubingiz haqida suhbatlashsak. «Jubilo Ivata» mavsumni biroz omadsiz boshladi. Bu vaqtinchalik holatmikan? Omadsizlikning sabablari nimada?

- CHindan ham, bizga mavsumning ilk turlarida qiyin bo'ldi. Buning o'ziga yarasha sabablari bor. Yaponiya J-ligasining qolgan jamoalari ancha kuchaygan. Raqiblar ham o'z oldiga ulkan maqsadlarni qo'ymoqda. O'ylaymanki, bu vaqtinchalik holat. Turdan-turga jamoamiz o'z o'yinini topib olyapti. Hali oldinda uchrashuvlar ko'p. CHempionat boshida yo'qotilgan ochkolar o'rnini to'ldirib olishga imkoniyat bo'ladi. Afsuski, shunday muhim pallada jamoadoshlarimga yordam berolmayapman. Maydon tashqarisidan o'z jamoang o'yinini tomosha qilish rosa alam qilar ekan.

- Joriy mavsum «Jubilo Ivata» oldida qanday vazifa turibdi?

- Kuchli beshlikka kirishimiz kerak.

- Lekin bu OCHL yo'llanmasini bermaydi-ku!

- To'g'ri. Lekin vaziyatga real qarasak, 5-o'rin ham yomon emas. Ammo bu eng minimum vazifa. «Ishtaha ovqat payti keladi», deyishganidek, balki yakunda kuchli to'rtlikdan ham joy olarmiz. Har doim maqsadni yuqoriroq qo'yaverish kerak.

- Kubok bahslarida-chi?

- Kubokni qo'lga kiritishimiz lozim. Har holda, shunga astoydil harakat qilamiz. Mavsumni kamida bitta sovrin bilan tugatsak yomon bo'lmasdi.

- Taxmin qilib ko'ring-chi, ECHLda kim chempion bo'ladi?

- «Real» kuchliroqdek ko'rinyapti, lekin menga «Liverpul»ning g'olib chiqqani yaxshiroq. CHunki jamoa joriy mavsum hujumkor, muxlislarga xush yoqadigan o'yin namoyish etyapti.

- Evropa Ligasida-chi?

- Bu turnirda Madridning «Atletiko» klubi qolganlardan kuchliroq o'ynadi.

- Fozil Musaev jahon chempionatida qaysi jamoaga muxlislik qiladi va kimning imkoniyatlarini yuqoriroq baholaydi?

- CHiroyli futbol tarafdoriman. Braziliya, Ispaniya va Germaniya termalari favoritlar qatorida etirof etilyapti. Messi sabab Ispaniya va Argentina jamoalari o'yinini o'tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Argentina chempionlik shohsupasiga ko'tarilsa, bundan xursand bo'laman.

- Messi va Ronaldu safiga yangi yulduz sifatida Saloh qo'shildi. Misrlik javohir «Oltin to'p»ga loyiqmi?

- Agar «Liverpul» CHempionlar Ligasini yutsa, u holda «Oltin to'p»­ni Salohga berish kerak.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi "Interfutbol" gazetasi

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика