So’nggi yangiliklar

17:23Кантона Ямалга тан берди  0 16:59"Реал" янги мавсум учун меҳмон либосини тақдим этди  0 16:36Роналдо Эндрикнинг "Реал"даги истиқболига баҳо берди  2 16:11"Испания Еврони ҳақли равишда ютди" — Бензема  1 15:49Бонуччи Калафьорининг "Арсенал"га ўтаётганидан афсусда  2 15:27"Бавария"нинг молиявий аҳволи оғирми?  6 15:00ПСЖ Санчо бўйича таклиф билан чиқди  1 14:37"Навбаҳор" Александр Лобанов билан хайрлашди  19 14:11Меринонинг келажаги яқин орада ҳал бўлади  2 13:47"Барселона" Фати билан хайрлашмоқчи эмас  5 13:23"Арсенал"нинг икки ҳимоячиси мавсумолди тайёргарликни ўтказиб юборади  1 12:58Расман: "Арсенал" "Аякс" дарвозабони билан шартнома имзолади  1 12:33"Сурхон" назорат ўйинида "Олимпик"дан устун келди  4 12:10"Манчестер Юнайтед" 26 ўйинда 32 та гол урган "Арсенал" ёш футболчисига қизиқмоқда  3 11:46Эшитдик-да! "Навбаҳор" қизиқаётган футболчига "Насаф" ҳам таклиф билан чиқди  22

Eldor SHomurodov bilan katta intervyu Yangiliklar

Eldor SHomurodov bilan katta intervyu

Teglar :  Eldor SHomurodov
Yaqinda Championat.asia saytiga tashrif buyurgan rossiyalik sport jurnalisti Igor Rabiner O'zbekiston terma jamoasi va "Roma" hujumchisidan intervyu oldi.

O'zbeklar futbolda islandiyaliklar singari hayqirishadi

O'zbekistonda, yo'q-yo'q, ehtimol butun Markaziy Osiyoda Namangandagidek qaynoq harorat bag'ishlaydigan va sershovqin muxlis bo'lmasa kerak. Agarda mamlakat poytaxti Toshkentda futbol uchrashuviga uch-to'rt ming kishi tez-tez tashrif buyuradigan bo'lsa (poytaxt shaharlarda bo'lgani singari bu erda boshqa ko'ngilochar tadbirlar ham o'tkaziladi), haqiqiy futbol tuhfa etadigan "Navbahor"ning o'yinida muntazam ravishda kamida 20 000 kishi to'planadi. Tribunadagi hayqiruvchi tomoshabinlar esa evropalik muxlislardan ham o'tib tushadi. 

80 yildan ko'proq vaqt ilgari buvim va amakim Ulug' Vatan urushi paytida evakuaciya qilingan bu kabi olis manzildan qo'nim topgan hududlarga kelaman deb o'ylamagandim. Mana endilikda Farg'ona vodiysiga "Roma" hujumchisi Eldor SHomurodovning O'zbekiston milliy terma jamoasi safida Qirg'izistonga qarshi o'yinini jonli ko'rish uchun keldim va bundan juda xursandman.

Negaki, O'zbekiston poytaxtidan qor bilan qoplangan tog'li dovondan avtomobilda to'rt soatdan ortiq yo'l bosib o'tishning o'zi bo'lmaydi. Bu erning insonlari mehmondo'st. Sizni Igor aka deb chaqirishsa yoqimli eshitiladi: O'zbekistonda bu qo'shimcha yoshi katta hamda hurmatli kishilarga nisbatan murojaat qilishda ishlatiladi.

Namanganda Navro'z kubogi uchun o'tkazilgan o'rtoqlik uchrashuvidan so'ng ikki markaziy tribuna tomoshabinlari ham xuddi Evro-2016'dagi islandiyaliklar kabi "U! U! U!" deya hayqirishdi va mezbon jamoaning barcha ishqibozlari qo'llarini yuqoriga ko'tardilar. Ko'pchilik tomonmdan mobil telefon chiroqlarining yoqilishi ham o'zbek futbol ixlosmandlari uchun yangilik emas.

Mana keksa muxlis tribunadan chiqib, bir yarim soat davomida o'z vazifasini sidqidildan bajargan milicionerning qo'lini siqib qo'yadi. Buni yana qaerda ko'rish mumkin? Bu erda ham mezbon, ham mehmon muxlislarning barabanchilari bor. Men matbuot uchun tashkillashtirilgan bir qator yirik monitorlarni ko'rganimda, hayratdan yoqa ushladim. Siz bu narsalarni RPLda topa olmaysiz.

O'yin davomida kulgimni qistagan hodisa sodir bo'ldi: ro'paramdagi tribunadagilar tojikistonlik hakamning bir vaziyatdagi qaroridan norozi bo'lishdi va o'n ming o'zbek bir ovozdan sof ruscha ovozda barchaga malum bo'lgan qo'shtirnoq ichidagi hayqiriqlarni ayta boshlashdi. hakamni noananaviy jinsiy orientaciyada ayblash! Qo'shni sektordagi o'rindiqlarda o'tirganlar hayron bo'lishgancha, "Ular rus tilida nimanidir bilishlari fakt emas, lekin bu mana bunga gap yo'q!" deb qo'yishdi. Darvoqe, Toshkentdagilar rus tilida binoyidek gaplashishadi.

SHunday qilib, qadimgi sovet ananalari Osiyoning markazida hali ham saqlanib qolgan. Hakam ham xalqning bu ovozini yaxshi eshitganiga shubha yo'q. Xo'sh, bunday lingvistik syurprizdan so'ng, 1:1 hisobida davom etayotgan bahsda hal qiluvchi ikkita golini zaxiradan maydonga tushgan Igor Sergeev ismli forvard kiritishi ajablanarli emasmi? Ona tili ilhom bag'ishlamasmikan?

SHomurodov haqida hujjatli film suratga olinmoqda

Qahramonimiz o'yin boshida qirg'izistonliklar tomonidan urilgan golga javob qaytarib, hisobni tenglashtirdi. Ammo buning uchun u ko'p mashaqqat chekdi. Misol uchun, taym oxiriga kelib uning oyoqlariga qattiq zarba berishdi, shundan so'ng u uzoq vaqt o'rnidan turolmadi. Tribunadagilar esa unga qarata "Eldor! Eldor!" deya baqirishdi. U o'rnidan turib, maydon bo'ylab qiyinchilik bilan qadam tashlay boshlaganida rus tilida hayqiriqlar yangradi: "Molodec! Mujik!"

Buni eshitish yoqimlimi?  Ertasiga forvarddan so'rayman.

- Albatta. Meni butun O'zbekistonda yaxshi ko'rishlarini his qilaman.

- Nima uchun?

- CHunki ular futbolni yaxshi ko'radilar. Odamlar Evropada o'ynashimdan mamnun.

Bir necha kun avval Eldor haqida jahon chempionati final bosqichida boshqargan o'yinlar soni bo'yicha jahon rekordchisi – 3 ta turnirda 11 ta o'yin o'tkazgan taniqli hakam Ravshan Ermatov bilan suhbatlashgan edik. Ermatov 2019 yildan buyon O'zbekiston futbol federaciyasining birinchi vice-prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Albatta, SHomurodov mavzusiga to'xtalmay ilojimiz yo'q edi.

– Afg'oniston bilan chegaradosh olis Jarqo'rg'on shahridan "Roma" va asriy Rim shahriga qanday borish mumkin?

- Hozirda bu haqda yosh futbolchilarimizni ruhlantirishi kerak bo'lgan hujjatli film suratga olyapmiz. Ular bazan o'zlariga ishonmaydilar, Eldor esa hamma narsa bo'lishi mumkinligini isbotladi. Agar sizda xarakter, orzuga intilish, o'z ustingizda doimiy ishlash va fidoyilik bo'lsa, bunga erishish mumkin. Uning faoliyati har doim ham bir tekisda o'tmagan, lekin metin iroda doimo u bilan bo'lgan va shu narsa uni hech qachon to'xtab qolishiga yo'l qo'ymagan. Menimcha, bu chegara emas, u hali ham o'sish salohiyatiga ega.

- Rostovdagi bir necha yil SHomurodovning rivojlanishi uchun ko'p narsa bera oldimi?

- Menimcha, ha. Bu uning faoliyatidagi muhim bosqich edi. Rossiya chempionati qiziqarli va harakatlanishga talabchan bo'lib, bu uning yanada o'sishiga yordam berdi, Evropaga ketish uchun tramplin vazifasini bajardi. CHiniqish, karerasidagi keyingi qadamni tashlashni "Rostov"da o'rgandi.

- O'z vatanini hech qaerga tashlab ketmaydigan 90 foiz rossiyalik futbolchilardan ko'ra SHomurodovni ambiciyali futbolchi deyish mumkinmi?

- Men ularni solishtirmoqchi emasman. Aytmoqchimanki, Apennin yarim oroliga borish qarori, keyin esa u erdagi muvaffaqiyatli davr Eldorning hayotdagi qiyinchiliklardan qo'rqmasligini aks etadi. Italiyada bo'lganida, u dunyoning eng yaxshi ligalaridan birida to'p tepadigan futbolchi bu masalaga qanday yondashishi kerakligini anglab etdi. Bu tajriba hozirda terma jamoaga foyda keltiradi.

Ammo hozirda "Roma"da anchadan beri gol ura olmagan va Joze Mourino tomonidan zaxira o'rindig'iga o'rnashgan SHomurodov qiynalmoqda. Terma jamoada gol urishi uning uchun juda zarur edi. Qolaversa, o'yinga Eldorning otasi ham tashrif buyurgandi. Qanday qilib uning ko'nglini og'ritish mumkin? Bu o'zbeklarga xos emas, bu erda kattalarga hurmat degan tushuncha bor.

Ular menga tushuntirganidek, bu erda nafaqat ota-onalar, balki yoshi katta kishilarga ham "siz" deya murojaat qilinadi. SHomurodov oilasida ham shundaymi yoki yo'qmi, Eldorning o'zidan va katta akasi Sanjardan so'rab, darhol "ha" degan javob oldim.

Uning dadasi xotirjam odam. Biz bir qatorda o'tirdik va men uning maydonda sodir bo'layotgan voqealarga, jumladan, o'g'li bilan qanday munosabatda bo'lishini kuzatish imkoniga ega bo'ldim. Eldor shikastlanganida va jarohati qay darajada ekanligi hali noaniq bo'lganida, otasining yuzida biron o'zgarish sezmadim. U tovush chiqarmadi va zo'riqish bilan maydonga tikilib qoldi.

Yozda ona shahriga tashrif buyuradi, mehmonlar hatto uyiga kirishi mumkin 

Men uning dadasi bilan tanaffusda tanishdim. U do'stona fel-atvorgga ega, biroq negadir suhbatdan o'zini olib qochadi. Ammo Sanjar mamnuniyat bilan fikr almashishga tayyor.

— Eldorning Italiyadagi uyiga borganmisiz? — deb so'rayman Sanjardan.

- Ha, dekabr oyida biz butun oilamiz bilan Rimda edik. "Sampdoriya"ga qarshi o'yinga tashrif buyurdik va Eldor gol urdi hamda golni nishonlash uchun biz o'tirgan tribuna yaqiniga keldi.

- Bu uning "Roma" safidagi hozircha so'nggi goli bo'ldi. Uning golsiz seriyani boshdan kechirishi, shuningdek, zaxira o'rindig'iga mixlanishi qanchalik alamli?

- Hammada ham bo'ladigan holat. Hali ham unda imkoniyat bor. "Roma"ga ko'chib o'tgach, jurnalistlarga bergan intervyusida unga oson bo'lmasligini, ammo bardosh berishi va o'z ustida ishlashi kerakligini aytgandi. "Rostov"da ham avvaliga zaxira o'rindig'iga o'tirdi, hatto "Jenoa"da ham. Lekin u to'siqlarni engib o'tdi.

- U Evropaning beshta etakchi chempionatlaridan birida o'ynagan o'zbekistonlik birinchi futbolchiga aylanganini qanday tasavvur qilasiz?

- U har doim kuchli beshlik ligalaridan birida o'ynashni orzu qilgan. Bolaligidan boshlab. U shunday chempionatlarga borishni xohlardi, ammo aynan qaysi mamlakat ekanligi haqida gapirmasdi.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilardi?

- "CHelsi"ga. CHunki amakisi Eldor etti yoshga to'lganida, unga "CHelsi" libosini sovg'a qilgandi. Unga Dide Drogba va Fernando Torresning o'yinlari yoqardi.

- Ilgari o'zbek futbolchilariga malum bo'lmagan cho'qqiga chiqishida unga nima ko'proq yordam berdi?

- Oilaviy futbol muhiti. Eldorning otasi va katta amakisi O'zbekiston quyi ligasida o'ynagan, kichik amakisi Ilhom esa mamlakat chempioni va terma jamoa futbolchisiga aylangan. Eldor bolaligidanoq ularning izidan borgan.

- Odamlar uni qo'llab-quvvatlayotganini guvohi bo'lyapman. Unga hasad qiladiganlar ham bormi?

- Ko'pchilik uni yaxshi ko'radi, tanqid qiladiganlar ham topiladi. Hamma narsa insonning o'ziga bog'liq, lekin menimcha, hasad qiladiganlar yo'q.

— Eldor Jarqo'rg'onga kelsa qanday voqea sodir bo'ladi?

- Bu voqea yiliga bir marta, yozda sodir bo'ladi, biznikida ko'p odamlar yig'iladi. Odamlar suratga tushadi, dastxat oladi. Uning muxlislari bisyor! Uni butun Jarqo'rg'on, hatto butun Termiz ko'rishni istaydi. U o'z o'yini bilan muxlislar qalbidan joy oldi.

- Xo'sh, muxlislar to'g'ridan-to'g'ri uyga kelishlari mumkinmi?

- Bu qancha odam kelishiga bog'liq. Agar ko'p odam bo'lsa, u ularning qarshisiga chiqadi, agar sanoqli odam bo'lsa, ularni uyga taklif qiladi. Surxondaryo maktablaridan ham ko'plab bolalar keladi.

- Eldorning shunday darajaga etishishida ota-onasi va o'sha "Mashal" akademiyasidagilardan boshqa kimga rahmat aytasiz?

- O'zbekiston yoshlar terma jamoasida unga ustozlik qilgan Sergey Lushanga. U "Bunyodkor"ni boshqargan pallalarida Eldorga o'zini ko'rsatish imkoniyatini bergan, unga ishonch bildirgan va yangi darajaga olib chiqqan. Unga imkoniyat berildi va u undan unumli foydalandi. SHundan so'ng O'zbekistonda ko'pchilik bu yigitda iqtidor borligini va u yuqori saviyada o'ynay olishini anglab etdi. Eldor ishonchli qo'llarga, to'g'ri ishlaydigan agentlar qo'liga tushdi va ular uni yanada yuksaltirishdi.

Kattalar futbolida birinchi bo'lib uni hujum markaziga qo'ygan Valeriy Karpinni alohida etirof etish joiz. Karpin unda markaziy hujumchiga xos xislatlar borligini payqadi, unga imkoniyat berdi va natijani guvohi bo'ldi. Umuman olganda, u ko'p narsalarni o'rgatdi - birinchi navbatda, ishga professional munosabatda bo'lishni. U mashg'ulotlarda va o'yin paytida qattiqqo'l xarakterga ega bo'ladi. Maydon tashqarisida esa do'st. Ular hali ham aloqada bo'lib turishadi, bayramlar bilan bir-birlarini tabriklashadi, oyiga bir necha marta yozishadi. SHunday davom etishini nasib etsin!

- Eldor kamtarin odamdek taassurot qoldiradi, shaxsiy fazilatlarini Italiyada ham maqtashadi. Yangi mamlakat uni qandaydir tarzda o'zgartirdimi?

- Yo'q, u avvalgidek qoldi. CHunki u yaxshi tarbiya olgan.

- Uni qattiqqo'llikda tarbiyalashganmi?

- Yo'q. Qolaversa, u 12 yoshida futbol bilan professional tarzda shug'ullana boshlagan, Jarqo'rg'ondan 300 kilometr uzoqlikdagi "Mashal" klubi akademiyasiga borgan. U ota-onadan uzoqda yashab, o'zini qanday tutishni o'rgandi.

- Ota-ona osonlik bilan u erga borishga ruxsat berganmi? O'shanda yoshi ham kichik bo'lgan...

- Ular hamma narsani tushunishardi. Biz futbol oilasimiz. Muvaffaqiyatga erishish uchun esa nimanidir qurbon qilish kerak...

Ayni damda ikkinchi bo'lim boshlanib, tribunaga qaytamiz. Ko'p o'tmay, SHomurodov maydon markazidan birga-bir vaziyatga chiqib boradi, butun stadion o'rnidan sakrab turadi va ... hafsalasi pir bo'lib, "ehh" deya nafas chiqaradi. Eldor darvozabonni ojiz qoldira olmadi.

Lekin O'zbekistondagi futbol muhiti qanchalik ijobiy! Birorta ham g'azablangan kishi yo'q, faqat urolmayotgan golga nisbatan umidsizlik bor. Va nihoyat, Eldor yaqin masofadan zarba berib, hisobni tenglashtirdi. SHundan so'ng, u darhol to'pni ushlab oladi va uni maydon markaziga qo'yish uchun yuguradi. Haqiqiy sardor!

Yon-atrofimdagilarimdan o'rnak olib, SHomurodovning otasiga qo'l uzataman. U tabassum bilan javob qaytaradi. Bu gol uning uchun ham, hamma uchun ham engil nafas olib keldi. "Uzoq vaqt o'ynamasangiz, urilgan gollar juda muhim", - deydi Eldor ertasi kuni menga. Va u sardor uchun terma jamoada gol urish juda muhimligini qo'shimcha qiladi.

2:1 paytida, o'yin tugashiga bir necha daqiqa qolganida O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanec SHomurodovni zaxiraga oldi. Butun stadion o'rnidan turib olqishladi. Eldor almashtirishdan norozilik bildirmadi. Final hushtagi chalingach, uning otasi muxlislar bilan quvonchini baham ko'rdi.

Mxitaryan bilan rus tilida muloqot, Parshivlyukdan tabriklar, Kalachev va Gackandan olingan saboqlar

- O'zbekistonda bo'lganimda dadam doim futbolga borishga harakat qilardi. Ota-onamning yordami men uchun juda muhim. Yomon o'ynasam ham, dalda berib turardi, - deydi Eldor ertaga ertalab terma jamoa mehmonxonasida bir piyola choy ustida suhbat qurganimizda.

- Hozir rus tilida yaxshi so'zlashasizmi?

- Ha, men bu tilda ko'p odamlar bilan gaplashaman. Ayni damda agentim Qahhor Mo'minov Qirg'iziston bilan o'yinga tashrif buyurdi. Rimda esa rus tilida gaplashadiganlar etarlicha. Masalan, Mxitaryan. "Roma"da Geynrix va men bir-birimizga yaqinmiz.

- O'zbekiston - Eron uchrashuvida Serdar Azmun bilan rus tilida bir-biringizni mazax qilganingizni eshitgandim.

- SHunday bo'lgandi. U mendan biroz yomonroq gapiradi. Italiyada esa "Atalanta" bilan o'ynaganimizda, Miranchuk va Malinovskiy bilan biroz suhbatlashdik.

- Ular haqiqatan ham do'stmi?

- Ha albatta.

- "Rostov"dan kimlar bilan suhbatlashib turasiz?

- Karpin bilan gaplashaman, uni shu qishda Dubayda ko'rgandim. Bazida messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda yigitlar bilan yozishib turamiz. Oxirgi marta Pesyakov bilan yozishgandim.

- Siz, o'zbekistonlik yigit sifatida eng yaxshi ligalardan birida o'ynayapsiz, dunyoning eng mashhur shaharlaridan birida yashayapsiz. Aksariyat RPL o'yinchilari esa hech qayoqqa ketishni xohlamaydilar. Nima uchun sizda rus futbolchilaridan ko'ra ko'proq ambiciya bor deb o'ylaysiz?

- Ehtimol, ular tavakkal qilishni xohlamaydilar. Genuyaga kelganimda bu katta tavakkal edi. Yangi, kuchliroq chempionat, o'ynashim yoki olmasligim aniq emas edi. Ammo bolaligimdan men u erda o'ynashni xohlardim.

- Rostovlik yigitlar bilan shu mavzuda suhbatlashganmisiz?

- "Roma"ga o'tganimda Parshivlyuk bilan gaplashganman. U meni maqtadi, to'g'ri yo'lni tanlaganimni aytdi va bu ko'plab futbolchilarga o'rnak bo'lishini takidladi. O'ylaymanki, Rossiyada ko'pchilikda A Seriyada o'ynash mahorati bor. SHunchaki, futbolga nisbatan biroz boshqacha munosabat bor, ko'proq harakat qilish kerak. Siz boshqa narsa haqida emas, balki faqat va faqat mashg'ulot haqida o'ylashingiz kerak.

- "Rostov"dagi dastlabki shartnomangizda oyiga 10 ming dollar olardingiz, ammo Xitoy, Qatar, Saudiya Arabistonida o'n baravar ko'proq pul olishingiz mumkin edi. Rossiya klubini afzal ko'rishingizga nima sabab bo'ldi?

- Rossiyaga kelganimda, pul haqida o'ylamagandim. Avvaliga o'zimni ko'rsatmoqchi bo'ldim. "Rostov"dagi faoliyatim menga ko'p narsa berdi. Asosiylaridan biri bu - professionallik. U erda O'zbekistondagidan ko'ra ko'proq narsaga ega bo'ldim va bu keyingi faoliyatimda ko'p asqotdi.

- Rossiyalik futbolchilardan kimlarni yaxshi do'st deb atagan bo'lardingiz?

- "Rostov"dagi barcha yigitlar ajoyib edi! Parshivlyuk, Pesyakov, Bayramyan va Zaynutdinov menda iliq taassurot qoldirgan.

- "Rostov"dagilardan kimlar sizga futbolchi va shaxs sifatida o'sishingiz uchun ko'proq yordam berdi?

— Men u erga ilk bor ko'chib borganimda, Kalachev va Gackan jamoa etakchilari edi. Ular g'alaba qozonishni xohlashardi, qattiq gapirishardi va har doim yordam berishdi. Lekin "Rostov" birinchi navbatda jamoa sifatida kuchli edi.

- Bilasizmi, Karpin terma jamoa bilan birga "Rostov"ga murabbiylik uchue qaytdi?

- Ha. Ammo qaytagani bilan hali tabriklaganim yo'q.

- Aytgancha, Rossiya terma jamoasining JCH-2022 o'yinlaridan chetlatilishiga qanday qaraysiz?

- Menimcha, bu to'g'ri emas. Sport siyosatdan yiroq bo'lishi kerak.

Karpin va ovqatlanish

- "Rostov"da birga ishlaganingizda Karpin sizga o'rgatgan eng muhim narsa nima edi?

- Psixologik nuqtai nazardan futbolga munosabat. Agar siz yaxshi mashq qilmasangiz, u sizni xonangizga chaqirardi va so'rardi: "Nima bo'lyapti?" U mayda ikir-chikirlargacha qiziqardi - hatto futboldan tashqari muammolar bo'lsa ham. Bu keyinchalik o'yinga tasir qilishini tushuntirardi. Qanday shug'ullansang, shunday o'ynaysan. U hazil qilishni yaxshi ko'rardi, lekin ko'pincha jiddiy qiyofada bo'lardi.

- O'sha paytdagi saboqlar Italiyada moslashishingizga tasir qildimi?

- Ha. Misol uchun, u to'g'ri ovqatlanish haqida gapirardi. Vaqt o'tishi bilan futbolchi uchun bu juda muhim ekanini tushunasiz. Evropada ko'pchilik buni uzoq vaqtdan beri biladi va ular bunga professional tarzda yondashadilar. U Evropa futboli haqida ko'p gapirardi.

- Terma jamoada shirinliklar va kraxmalli ovqatlarni taqiqlangan ekan. "Rostov"da ham shunday bo'lganmi?

- U shakarni taqiqlamasdi. Biz oq qand o'rniga jigarrangidan foydalanardik. Georgich har doim uni kamroq istemol qilishni aytardi. Misol uchun, bir chashka qahvaga ikki qoshiq emas, balki bir qoshiq shakar soling.

- Sevgan taomingiz palov ham man qilinganmidi?

- Bazada, albatta, taqiqlangan. Lekin tashqarida bazan tanavvul qilardim. (Kuladi)

- Hozir sizni qanchalik Italiga moslashganingizni tekshirib ko'ramiz. Palov yoki makaron?

- Palov.

— O'zbekistonning har bir viloyatining o'ziga xos palovi bor. Sizga qaysi biri ko'proq yoqadi?

- To'y.

- Italiyada sevimli taomingizni istemol qila olasizmi?

- Rafiqam uyda tayyorlaganda. Ammo u erdagi mahsulotlar boshqacha va bu erdagidan farq qiladi.

- Uydagi tatil davomida bazi taomlardan emasangiz, ota-onangiz sizdan xafa bo'ladimi?

- Aksincha, ota-onam ham menga maslahat beradi. Ularga ham salomatlik uchun to'g'ri ovqatlanish muhimdir. Ammo onam Italiyada vaqti bunga ko'nikib qolgan bo'lsa-da, dadam uchun ko'nikish juda qiyin bo'ldi.

- "Spartak"da Karpin deyarli har yuz gramm ortiqcha vazn uchun jarima solgan. "Rostov"da ham shundaymidi?

- U jarima solishini aytardi, lekin jazolamasdi. Faqat ortiqcha vazn juda ko'payib ketsa, chora ko'rardi. Men hech qachon jarimaga tortilmaganman.

- Karpindan qo'rqqanmisiz? U bilan ishlash qiyin bo'lganmi?

- Yo'q, u faqat fidoyilik yo'qligi uchun tanbeh berardi. U doimo qo'llab-quvvatlagan va fikrlarini ravon tushuntirgan.

- Karpinning siz haqingizda eslagan eng yorqin hazili qanday?

- "Qiyshiqoyoq" degan. U faqat meni emas, ko'p odamlarni shunday chaqiradi. Mashg'ulotda noto'g'ri harakat qilganingizda, u doimo shunday derdi. Men xafa bo'lmasdim.

- Karpin avvaliga sizni O'zbekistonga qaytarib yubormoqchi bo'lganini aytgan. Bu kulguli emasmi?

— Yo'q, albatta. Tatildan keyin ilk yig'inni o'tkazdik, uyda deyarli hech narsa qilmadim, juda yomon formada keldim. Dastlabki ikki tomonlama o'yinda o'yin o'xshamadi. SHu sababli, ehtimol u shunday fikrga kelgandir. Ammo keyin u menga boshqacha munosabatda bo'lishni boshladi. Bungacha rahbariyat ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishim uchun meni ijaraga bermoqchi edi. "Arsenal" va "Tosno" meni jamoaga olishmoqchi edi. Hatto Mirzov qo'ng'iroq qilib, borish-bormasligimni so'radi. Ammo Karpin meni olib qoldi.

(Qahhor Mo'minov : "Rostov" rahbariyati bilan gaplashdik. Ular "Arsenal" va "Tosno" variantini chindan ham ko'rib chiqayotgandi. Bu 2018/19 yilgi mavsumdagi ilk yig'in edi. Klub uni sotmoqchi emasdi, shunchaki ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lishi uchun ijaraga berish fikrida edi.

Har bir futbolchining o'ziga xos xususiyati bor - kimdir uzoq vaqt vazn tashlaydi, kimdir uyda o'tiradi, bir oy davomida to'xtovsiz ovqatlanadi va keyin bir-ikki mashg'ulotda hamma narsani o'zgacha tus oladi. Eldor muammolarini tezda hal qila oldi.

Ikkinchi yig'indayoq shartnomani yangilash haqida gapira boshlashdi. Uning raqobatdoshi Islandiyaning asosiy tarkib hujumchisi Sigurdarsson edi. Eldor o'sha bahorda "Krasnodar" va "Spartak"ga gol urdi, shundan so'ng ular Sigurdarssonga jamoa izlay boshladilar).

- Tatildan qaytishdagi o'sha holat sizga saboq bo'ldimi?

- Ha, hozir doim mashg'ulot dasturi bilan tatilga chiqaman va shunday qilaman.

- "Rostov"ga vinger sifatida kelgansiz, Karpin sizni markaziy hujumchiga aylantirdi. Yangi poziciyaga o'rnashish qiyin bo'ldimi?

- Yo'q. Terma jamoada bazan markazda ham o'ynardim, bolaligimda ham shu chiziqda to'p tepganman. Hujum markazidagi poziciyani egallashdan oldin Georgich meni hamma nuqtada sinab ko'rdi, hatto yarim himoyachi va o'ng qanot himoyachisi sifatida ham. Ikkita uchrashuvda: kubok bahsida "Syzran" va "Ural"ga qarshi bahslarda o'ng qanot himoyasida o'ynadim. Bu yaxshi natija bermadi va tajriba shu erda tugadi. Lekin kuchsiz jamoa bilan o'ynab, ko'p hujum qilganimiz men uchun foydali bo'ldi, chunki ko'p vaqtimni oldingi chiziqda o'tkazdim.

Avval sigir va qo'ylarni boqing, shundan keyingina futbol o'ynang

— Siz dunyoning istalgan nuqtasida imkonsizdek tuyulgan hayotga erishish mumkinligi haqida ko'pchilikka namuna bo'la olasiz. Afg'oniston bilan chegaradosh o'zbekistonlik yigit qanday qilib A Seriyada to'p tepayotganini tushuntirib bera olasizmi?

- Avvalo Alloh menga so'raganimni berdi. Ammo shunchaki so'rashning o'zi etarli emas. O'z oldingizga maqsad qo'yayotganingizda ko'pincha shubha paydo bo'ladi. Siz ularni engishingiz, maqsad sari intishingiz va boshqa hech narsaga chalg'imasdan olg'a yurishingiz kerak.

- O'zingizga va orzuingizni amalga oshirish imkoniyatingizdan qachon maksimal darajada shubhalangansiz?

- Ulkan shubha menda bo'lmagan. Barchasi ayon: menda vaqt va orzu bor edi, faqatgina intilish qolgandi.

- Eng yaxshi 5 mamlakatdan qaysidir biriga borishni hohlaganmisiz?

— Ahamiyati yo'q. Men faqat "CHelsi"ni qo'llab-quvvatlaganman, bolaligimda tog'am ushbu klubning futbolkasini sovg'a qilgan.

- Drogba familiyasi yozilganmidi unda?

- Yo'q, hech narsa yozilmagan. Aynan "CHelsi" o'yinlarini ko'rganimda, u jamoaning eng yaxshi futbolchisi ekanligi ayon bo'lardi. SHuningdek, u hujumchi. Men hujum poziciyasiga o'tdim, chunki dadam shu chiziqda o'ynagandi. Ammo keyinchalik hujum, yarim himoyada kabi poziciyalarda ham o'ynadi.

- Drogba bilan uchrashganmisiz?

- Yo'q.

- "Roma"da Mourino bilan Dideni qanday qilib super hujumchiga aylantirgani haqida gaplashmadingizmi?

- Yo'q.

- Ota-onangiz sizni qattiqqo'l holatda tarbiyalaganmi?

- Aksincha, ular har qanday vaziyatda meni qo'llab-quvvatlaganlar. Ular doim menga qanday qaror qabul qilishimga imkon berishgan – nima qilish, qaerga borishimga aralashmagan. Kelajak borasida esa futboldan boshqa hech narsa haqida o'ylamaganman.

— Siz Termizdan 40 kilometr uzoqlikda, Afg'oniston bilan chegaradosh mitti Jarqo'rg'onda tug'ilgansiz. Bolalikdagi asosiy xotiralaringiz qanday?

— 12 yoshimga qadar Jarqo'rg'onda yashadim, so'ngra "Mashal" akademiyasiga yo'l oldim. Esimda, sigir va qo'ylarimiz ko'p edi. Menga o'xshagan barcha do'stlarim va ukalarim futbolni sevishardi. Ota-onalar avvaliga mol boqib, keyin stadionga borishga ruxsat berilishini aytishardi. Va bu tuyg'u mening xotiramda qoldi: "Qani, tezroq bo'laylik!"

- Afg'oniston bilan chegaraning yaqinligi vaziyatga tasir qiladimi?

- Yo'q, hammasi tinch. Ota-onam tarbiyamga doim ehtiyotkorlik bilan yondashganlar, qaerda ekanligimni, nima qilayotganimni kuzatishgan.

- Ota-onangiz hali ham siz o'sgan uyda yashashadimi?

- Ha. Dadam bu uyni juda yaxshi ko'radi. Uni o'zi qurgan.

- "Anji" va "Krasnodar"ning sobiq futbolchisi, hozirda O'zbekiston futbol federaciyasi vice-prezidentlaridan biri Odil Ahmedov Sergey Galickiy maslahati bilan o'zining bolalar akademiyasini ochdi. Siz ham shunday g'oyani o'ylab ko'rmadingizmi?

- SHunday fikrlar xayolimga kelib turadi. Kelajakda hammasi yaxshi bo'lib tursa, bu ishni amalga oshiraman.

- Faoliyatingizni yakunlagach, O'zbekistonga qaytasizmi?

- Ha, albatta qaytaman!

— Eshitishimcha, siz ham barcha o'zbek bolalari kabi paxta terishga chiqqanchiz...

- SHunday bo'lgan. O'shanda kichkina edim va biz paxta terishimiz kerak edi, to'rtinchi sinfda norma uch kilogramm edi. Qaergadir bormasdik, asosan, uyimiz atrofiga chiqardik.

- Bir vaqtlar og'irroq bo'lishi uchun paxtaning ichiga tosh solganingiz haqida aytgansiz.

- Ha, bu isbotlangan usul! (Kuladi)

- Bilishimcha, O'zbekistonda ota-onaga, aka-ukalarga "siz" deb muomala qilishadi.

- Ha, shunday. Men shunday gaplashaman.

— Eshitishimcha, maoshingizning katta qismini ota-onangizga yuborasiz.

- Avvallari shunday bo'lgan. Hozir maoshimning bir qismini o'z xarajatlarim uchun qoldiraman. 

- Ota-onangiz Italiyaga tashrif buyurganmi?

Ha, Yangi yil oldidan kelishgandi. Ularning barchasi hayratda qoldi. Rimdan juda ko'p ijobiy taassurotlar olishdi.

— Rim yoki Samarqand?

- Qiyin savolyu Lekin men o'zbekistonlik bo'lganim uchun Samarqand menga doim yaqinroq. Ammo Rim ham juda chiroyli. Darvoqe, genuyaliklar Samarqand haqida ko'p bilishadi. Lekin ular mendan bu haqda so'rashganda, men hali italyanchani yaxshi bilmasdim.

- Sizning farzandingiz bor. Oila sizni qay darajada o'zgartirdi?

- Men uylangach, o'zgarganman deb aytolmayman, lekin farzandli bo'lganimda o'zgacha hissiyotlar paydo bo'ldi. Katta masuliyat hissi shakllandi. Bu hayotimdagi eng muhim voqea. SHu munosabat bilan otam Jarqo'rg'onda qo'chqor so'ydi. Uning uchta katta qo'chqori bor edi, hozir ikkita qoldi.

– O'zbek urf-odatlariga ko'ra, kuyovning kelin bilan chinakam tanishishga doim ham vaqti bo'lavermaydi. Ota-onasi uni tez-tez tanlaydi va to'ydan oldin yangi turmush qurganlar bir-birlarini deyarli tanimaydilar. Siz bilan bog'liq voqea qanday sodir bo'lgan?

- Men kelinni o'zim topdim va sevib uylandim. Do'stimiz orqali tanishdik.

– To'yingiz ikki bosqichda bo'lib o'tdi – Toshkentda va Jarqo'rg'onda. Dastlab bazmda besh yuz kishi ishtirok etgan deyishadi.

Men sizga aniq raqamlarni aytolmayman, lekin juda ko'pchilik kelgandi! (Kuladi.)

Rivaldo qo'limdan ushlab maydonga olib tushdi. Bu lahzani hech qachon unutmayman

- Bolaligingizdan Evropada o'ynashni orzu qilgansiz. Bu orzu sizga qachon tug'ilganini eslay olasizmi?

- Anig'ini eslay olmayman. U asta-sekin vujudga keldi. Futbolchi sifatida o'sishim kerak edi, bundan tashqari, O'zbekistonda hamma bu haqda gapirardi. Ota-onam ham, o'zim ham Evropada o'ynashni xohlardik.

- "Mashal"dan sizdan ancha oldin o'ynagan Rivaldo, Ziko va Skolari murabbiylik qilgan O'zbekistonning etakchi klublaridan biri "Bunyodkor"ga o'tdingiz. Bolaligingizda ulardan dastxat olganmisiz?

- "Bunyodkor" "Mashal" bilan o'ynaganida, Rivaldo maydonga qo'limdan ushlab chiqib kelgan! Bu voqea juda ajoyib edi - dunyoning eng yaxshi futbolchisi meni maydonga olib chiqardi! Men bu lahzani hech qachon unutmayman. Bundan tashqari, suratga tushganmiz.

"Bunyodkor"da o'ynab yurgan paytimda bir taniqli muxlis g'alaba qozonsak, menga va yana ikki futbolchiga yangi IPhone sovg'a qilishga vada bergandi. Biz g'alaba qozondik. U vadasini bajardi.

- Rimda faoliyatingiz davomida yodda qoladigan uchrashuvlar bo'lganmi? Masalan, Franchesko Totti bilan gaplashganmisiz?

- Hozircha yo'q. Bunday uchrashuvlar hali bo'lmagan.

- Qaysi joyga ko'nikish qiyin bo'lgan? O'zbekistondan keyin Rostov, Rostovdan keyin Genuya, Genuyadan keyin Rim...

- Genuya. Birinchidan, o'sha paytda pandemiya davri edi, hammayoq yopildi. Ikkinchidan, Italiyada, umuman Evropada butunlay boshqacha mentalitet mavjud. Qolaversa, bu erning tilini ham o'rganish kerak edi.

- German Tkachenkoning aytishicha, siz Genuyada Rostovdagidan besh-olti barobar ko'p maosh ola boshlagansiz. Yulduzlik davri ham shunday maoshdan boshlanmadimi?

- Bu jarayon men uchun o'zgacha emasdi. Men har doim bunday masalalarda ota-onam bilan maslahatlashaman, ular nima qilishni maslahat berishadi. Agentlar bilan ham menga omad kulib boqdi. Ularsiz qiyin bo'lardi. Ular hamma narsada katta yordam berishdi. Ular bilan shartnoma tuzgach, qanday qilib Evropaga ketish rejasi tuzildi va hamma narsa shu reja bo'yicha davom etdi.

— "Bunyodkor"da o'ynaganingizda agent bilan shartnoma imzolaganmisiz?

- Ha. Menga ularni "Paxtakor" va O'zbekiston milliy terma jamoasini boshqargan Samvel Babayan maslahat berdi.

- Agar o'shanda isroilliklardan o'tib, "Tottenxem" bilan Evropa ligasi saralashida o'ynaganingizda, "Rostov"da qolarmidingiz?

- O'ylaymanki, o'shanda "Rostov"da qolgan bo'lardim. Ammo vaziyat boshqacha tus oldi. O'sha mavsum boshida kichik jarohat oldim, bu esa gol urishimga to'sqinlik qildi. Ammo bu ham "Jenoa"ning qiziqishini so'ndira olmadi.

- Yangi mamlakatda, yangi klublarda hech kim: "Qaerdan kelding?", "Nima, u erda futbol o'ynaysanmi?" kabi gaplarni bilan aytmadimi?

- Yo'q, bunday gap-so'zlar hech qachon bo'lmagan. Hammasi shunchaki yordam berishgan. Avvaliga yigitlar bilan gaplasha olmasligim muammo tug'dirardi, lekin ular til o'rganayotganimni ko'rishdi. Munosabatlarimiz yaxshi bo'lgan.

- O'zingizni qaysidir manoda italyan deb atay olasizmi?

- Bu qiyin, lekin men harakat qilaman. Men allaqachon italyan tilini tushuna boshlaganman. Bu uch oy davom etdi.

- Siz italiyaliklar kabi kiyinishni boshladingizmi?

- SHunday desa ham bo'ladi. (Kuladi)

— Hamyurtingiz Oston O'runov Markaziy univermakdan olingan mashhur suratni elon qilganida qanday munosabatda bo'ldingiz?

- Unga bunday qilmaslikni aytdim. Keyin unga bosim bo'ldi. Ijtimoiy tarmoqlarga o'zim faqat futbol suratlarini joylashtiraman.

- Eshitishimcha, dindor ekansiz. Siz ham musulmonlar kabi besh vaqt namoz o'qiysizmi?

- Ha.

- O'zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ikki marta jahon chempionatiga chiqishga juda yaqin qolgandi, bu safar esa so'nggi saralash bosqichiga ham chiqa olmadi. Sardor sifatida nega bunday bo'lganini tushuntirib bera olasizmi?

- Hozirda avlodlar almashinuvi bo'lmoqda. Yoshlar ko'p, shuning uchun ular o'yin borasida bir qadam orqaga ketishdi. Yangi jamoa qurilmoqda, yangi murabbiy keldi. Biz ushbu vazifani bajara oladigan jamoani yig'ishga harakat qilyapmiz.

- Srecko Katanec bilan munosabatingiz qanday?

- Yaxshi. Bazan biz italyan tilida gaplashamiz - axir u ko'p yillar davomida u erda o'ynagan.

"Yuventus"ga qarshi o'yindan keyin Mourinodan ranjimadim

- Tkachenkoning so'zlariga ko'ra, muzokaralar qatiy bo'lgan, hatto nima kiyish kerakligigacha qayd etilgan.

- Ha. Men har doim top-klublarda qatiy qoidalar borligini bilganman, lekin o'zingiz o'sha jamoadagi futbolchi sifatida his qilsangiz, tuyg'ular boshqacha bo'ladi.

- "Roma" sizni bir mavsum avval "Jenoa"dan ikki yarim baravar qimmatga sotib oldi. Boshqa jamoalardan taklif kelmaganmi? "Yuventus" va boshqa jamoalar sizga qiziqayotgani haqida eshitgandik.

- Biz uchun tanlovda "Roma" eng yaxshi variant bo'lib chiqdi. Bu erda o'ynashimga ishonchim komil edi.

- Hozir ishonchingiz pasaydimi?

- Yo'q. Agar men barchasini to'g'ri qilsam, hammasi yaxshi bo'ladi.

- Klubdagi faoliyatingizdagi qiyin vaziyatni o'zingiz qanday boshdan kechirasiz? Agar tubdan hech narsa o'zgarmasa, keyingi mavsumda "Roma"da qolishni xohlaysizmi? SHuningdek, sizning fikrlaringiz Italiya matbuotida elon qilindi, guyo Rim klubidan noroziday tuyuldingiz.

- Terma jamoa mikst zonasida o'zbek tilida aytganlarim o'shanda italyanchaga noto'g'ri tarjima qilingan. Men "Roma"ni tark etish istagi haqida gapirmadim. Men qolishni va o'zimni isbotlashni xohlayman. SHunchaki, hech bir futbolchi kamdan-kam maydonga tushgani bilan qanoatlanmaydi. Men xavotirdaman, lekin yaxshi holatdaman. Barcha futbolchilarda shunday davrlar bo'ladi. Bu erda asosiy narsa sabr-toqat va mehnat. Keyinchalik hammasi yaxshi bo'ladi. Bu qiyin bo'lishini bilardim, lekin o'zimdan ko'prog'ini kutaman.

- Mourino sizdan voz kechganini his qilmadingizmi?

- Mutlaqo yo'q. Biz avvalgidek ishlayapmiz.

- Temmi Abraham "CHelsi"dan 40 million evroga sotib olingan, bu sizning transferingizdan bir necha barobar qimmatroq degani. Asosan o'rinbosar sifatida maydonga tushishingiz kerakligini anglaganmidingiz?

- Anglagandim. Ammo men "Roma"ga o'tganimda, Abraham hali klubda emasdi. Biz u bilan yaxshi munosabatdamiz

(Qahhor Mo'minov: "Eldor - zaxiradan tushib, foyda keltirish bo'yicha dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Rostovda, Genuyada u zaxiradan maydonga tushardi va o'z mahoratini ko'rsatardi. Qulog'ingizga quyib oling, u hamon "Roma"da ham, butun A Seriyada ham eng yaxshilaridan biri. Maydonda o'tkazgan har bir o'yinida "gol plyus pas" natija ko'rsatadi. Murabbiy necha daqiqa ishonib bildirmasin, u foyda eltiradi. Eldor ko'proq o'ynaganida ko'proq gol urardi. "Rostov" safida 90-daqiqada ko'k rangli rezina qalpoqchada "Krasnodar" darvozasiga boshi bilan zarba berib, darvozaga joylab qo'ygan mashhur golni eslang. O'shanda ham zaxiradan maydonga tushgandi".).

- Fevral oyida siz va Mxitaryan kovid bilan kasallandingiz. Tuzalish jarayoni oson o'tdimi?

- Ha. Bu omikron edi. Uch kun sog'limda muammo bo'ldi.

- "Jenoa"da 61-raqam ostida o'ynardingiz, "Roma"da esa 14-raqamga qaytdingiz.

- Ha, bu raqam bo'sh edi.

- Hozirda kam o'ynayotganingizni inobatga olsak, keyingi mavsumda yana 61-raqamli futbolkani kiyish fikri bormi?

- Yo'q.

- Mourino bilan bir necha yil avval Moskvada tanishgansiz, keyin esa "Roma"da uchrashdingiz. U siz tasavvur qilgan odam edimi?

- Ha, u juda talabchan. SHuningdek, taktik jihatdan juda mohir.

- Malumki, u ganalik yosh Feliks Gyan gol ursa, unga 800 evroga krossovkalar olib berishni vada qilib, turtki bergan.

- Sotib olib berdi ham!

- U sizni shunga o'xshash narsa bilan ilhomlantirmoqchi bo'lmamidi?"

- Yo'q. Gyan ancha yosh, men esa tajribaliroqman. (Kuladi)

- "Yuventus"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng, 3:1 hisobida oldinda bo'la turiib, 3:4 hisobida mag'lub bo'lgach, shaxsan sizni tanqid qilgandi. Buni qanchalik og'riqli his qildingiz?

- SHunday bo'ldiki, zahiradan maydonga tushganimdan so'ng hammasi orqaga qarab ketdi. Uchinchi gol oldidan men xatoga yo'l qo'yganga o'xshayman. SHunday qilib, uning so'zlarida hech qanday noaniqlik yo'q edi. Faqat muxlislarni xursand qilish istagi bor. "Roma" muxlislari shunchaki ajoyib. Har bir o'yinda stadionda dahshatli muhit hukm suradi.

...Navro'z kubogi yarim finalidan keyin uch kun o'tadi va finalda O'zbekiston, xuddi shu Namanganda, tashkilotchilar tomonidan Markaziy Osiyoning uchta jamoasiga sherik bo'lgan Ugandaga kurash olib bordi va g'alaba qozondi - 4:2. SHomurodov xet-trikga erishdi. Oldinda birinchilikni "Dinamo Kiev"ning sobiq hujumchisi Maksim SHacskix egallab turibdi va oraliqdagi gollar soni o'ntadan kam. Eldor bu natijani yangilashi shubha yo'q.

Eldor Rimga nafaqat to'rtta gol, balki ajoyib kayfiyatda qaytmoqda. Unga shubha qilgan Mourinoga, balki "Roma"ning yuqorisida turgan boshqa birovlarga nimalarga qodir ekanligini isbotlaydi.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi

Reyting: +22   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика