Diyor Imomxo'jaev: Tatimagan 222 million. Parijga xush kelibsan, Neymar
03 avg 2017 16:59
Yangiliklar
Diyor Imomxo'jaev: Tatimagan 222 million. Parijga xush kelibsan, Neymar
“Barselona”dek klub og'zida turgan oshni olib qo'yishlariga bundanda yaxshiroq o'xshatish topa olmadim. Mana-man degan yulduzlar libosini kiyishni orzu qiladigan “Barselona” endi Neymar uchun qiziq emas. Demak, taklif yo'q deb bo'lmaydigan edi.
Ko'tarma narx
Yaqin orada qandaydir futbolchining ko'tarma puli evaziga sotib olinganini eshitmagandik. Va nihoyat Neymar misolida buni ko'rib turibmiz. 2016 yil “Barselona” hujumchi bilan shartnomani uzaytirayotganda, ko'tarma narxini 222 million deb kelishishgan. Bu odatda shunday narx bo'ladiki, rahbariyat uni kimdir to'lab berishiga deyarli ishonmaydi. Oradan hech qancha o'tmay, “PSJ” rad qilib bo'lmaydigan taklifni berdi - endi “Barselona”ning qo'lidan hech narsa kelmaydi.
Moliyaviy feyr-pley
“Qashqirlar makoni”da Po'lat va CHaqir chekish mumkish bo'lmagan joyda sigareta tutatib turganida nozir keladi va bu hududda chekish man etilganini tushuntirib, jarima 15 ming ekanini qo'shimcha qiladi. CHekuvchilar hech bir emociyasiz nozirning qo'liga 30 ming tutqazib, birozdan so'ng yana bittadan sigaret chekib, so'ng ketishlarini aytishadi. “PSJ” xo'jayinlari UEFA o'rnatib qo'ygan tartibga mana shunday tupurib qo'yishdi, pul ko'p chunki.
Agar Parij klubi hisob raqamidan 222 million chiqib ketsa, o'sha pulni boshqa futbolchilarni sotish orqali joyiga qo'yish kerak, talab shunday. Biroq “PSJ” kimni sotadi? Birgina Neymarni olib kelish uchun, Kavani, Draksler, Di Mariya, Pastore, Veratti kabi yulduzlarini sotsa ham 222 million to'play olmasligi katta ehtimol. Qolaversa, ularning hammasiga ham yog'lik takliflar yo'q payt.
Arablar boshqa yo'ldan yurdi. Ularning eng kattasi xurmoni g'arj etib tishlab turib, Neymarning qo'liga 222 millionlik chek yozib bermoqchi. Pul o'ziniki, hech kimga hisob bermaydi, shunchaki Neymarni xursand qilishni istadi ko'ngli, tamom. SHarti - futbolchi bu pulga “Barselona”dan o'z transferini o'zi sotib oladi - masala hal. “PSJ” esa UEFA shtab-kvartirasida tushuntirish berib o'tirmaydi. Biz uchun nomalum arabning UEFAga hech qanday aloqasi yo'q.
“Barselona” masalasi hal, Neymarning maoshini “PSJ”ning o'zi to'lashi mumkin. Soatiga 3,5 ming evroni bir amallasa bo'ladi. Biroq Neymar-chi? “Barselona”dek klubni tark etgani uchun u ham nimadir olishi kerakmi? Albatta! Axir braziliyalik futbolchilar pulni juda yaxshi ko'radi. Qatar Sports Investments bunda “PSJ”ni qo'llaydi. Neymar “PSJ”ga kelishi bilan, shu kompaniya bitimiga ham qo'l qo'yadi va JCH-2022 elchisiga aylanadi - rasmiyatchilik uchun. CHaqirishganda samolyotida o'tib kelib tursa bo'ldi. Evaziga esa o'zi istagan summani qurtdek sanab olaveradi.
Braziliya bandasi
Braziliyalik futbolchilar bandasi haqida ham unutmaslik kerak. Alvesh, Neymar, Tiago Silva, Markinos, Lukas Moura va endi Neymar... Rossiyalik murabbiylardan biri “Anji” gullagan davrda bir gap aytgandi: “Agar jamoada 3 ta braziliyalik bo'lsa, ular alohida guruh bo'ladi va boshqarish qiyinlashadi. 4 ta braziliyalik esa biryo'la bandaga aylanadi”. “PSJ” qaerga qarab ketayotganini tushunib olavering. Koutinoni ham asosan Neymar so'rab turganmidi “Barselona”da?
“Barselona”
Alamzada bo'lib qoldi klub. Bir yil avval Neymarni ko'ndirib bering, 26 million beramiz deb otasiga taklif bilan chiqqandi. Ota-ku ko'ndirgan, ammo Neymar 2021 yilgacha o'ynamoqchi emas, “Barsa” esa otaga 26 million bermoqchimas. Masala sudgacha etib borsa ajab emas. Imzoga ko'ndirishdan tashqari, oxirigacha o'ynashiga kafilsiz deyilmagan bo'lsa, “Barsa” yutqazadi, degan bo'lsa, yutadi. Xullas, shunday o'g'ilni dunyoga keltirgani uchun ota ham mazza qilib qoldi. “PSJ” ham ko'ndirib bering deb, ancha-muncha solib qo'ydi bankdagi hisob raqamiga.
Hozir Kataloniya klubi Evropa grandlariga telefon qilib, vaziyatni tushuntiryapti. CHunki “PSJ” ertaga “Bavariya”dan Myullerni, “Yuventus”dan Dibalani xuddi shunday olib qo'yishi mumkin. CHo'chib ketgan bu kabi klublar “Barselona” tomoniga o'tib oldi. Endi futbolchilar bilan shartnoma tuzilayotganda, “PSJ”ga o'tmaysan, degan band qo'shib qo'yishsa, ajablanish yo'q.
Ernesto Valverde
Neymar “PSJ”ga o'tsa yo'qolib qoladimi? Ha, deb javob berishmoqda ko'plab mutaxassislar, jurnalistlar. Biroq haqiqat shuki, buning aksi bo'lib chiqishi ham mumkin. Messi bor jamoada hech bir futbolchi birinchi bo'la olmaydi. Neymar esa soyada yurishdan zerikdi, u Parij klubida birinchi bo'lmoqchi va shu birinchiligiga kattagina pul olmoqchi. 2022 yilgacha shohona hayot kafolatlangan. Mana endi “Oltin to'p” uchun ham, boshqasiga ham alohida kurashish mumkin. To'g'ri-da, taxtda bitta joy bo'lsa, sherikchilik nega kerak. Bunday paytda o'sha sheriklar ham qarama-qarshi raqibga aylanganini ko'p bor ko'rganmiz.
Hozir asosiy yuk Ernesto Valverdega tushadi. Ochig'ini aytsam, betaraf muxlis sifatida bu menga yoqdi. Bu yangi mavsum uchun yaxshigina intriga vada qilinadi degani. Luis Enrike hujumdagi triosiga shu qadar ko'p ishonib qolgandiki, himoyani kuchaytirishni xayoliga ham keltirmay qo'ydi. Valverdeda boshqacha bo'ladi. Deyarli o'sha-o'sha etakchilardan jamoa tuzish varianti yo'qqa chiqdi, endi u uslubni butkul o'zgartirishga majbur. CHunki klubda Neymar bo'lmaydi. O'tgan yil Beyldagi muammolar sabab ko'pchilik o'zi uchun Isko degan nomni kashf qildi. Ajab emas, “Barselona”da ham shunga o'xshash kimdir chaqmoq kabi porlab chiqsa.
Buyuk triosi
Van Basten, Gullit, Raykaard triosi haqida ko'p eshitganman. Har kimning o'zi davri bo'ladi. Va o'sha trioni jonli ko'rgan odamlardan Messi, Neymar, Suares triosi jahonda eng kuchlisi degan fikrlarni ham eshitdim. Biz mana shunday ajoyib sheriklarni ko'ra oldik. Dunyoda hech narsa abadiy emas. SHunday ekan, “Barsa”ning ortda qolayotgan hujum uchligini hali uzoq sog'inamiz va o'z farzandlarimizga bu haqda hikoyalar aytamiz.
P.S. Transfer hozircha yuz foiz aniq emas. Endi buning katta farqi ham yo'q. Anig'i shuki, Neymar endi Messi bo'lolmaydi. Lionelga o'z vaqtida tayyor imzo qo'yilgan bo'sh chek berishgani va unga raqamlar yozishni futbolchining o'ziga qoldirishgani haqida gaplar yurardi. SHunga qaramay, Messi hamon “Barselona”da. Futbol shunday o'yinki, muxlislar Ronaldo, Ibrahimovich, Bekhem kabilar qatorida, jamoasiga sadoqatli bo'la olgan Totti, Jerrard, Maldinilarni ham alohida qadrlaydi. Agar Neymar birinchi guruhni ixtiyor qilgan bo'lsa, uni to'g'ri tushunish va omad tilash kerak, chamamda.
Fikrlar