So’nggi yangiliklar

00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  0 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  1 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  2 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  1 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  7 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  14 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  5 22:05"Ювентус" ўз футболчисини "Борнмут"га 18 миллион еврога сотади  1 21:48"Реал" Кепа эвазига Лунинни "Челси"га қўйиб юборишга тайёр  2 21:31Гвардиола "Реал Мадрид" футболчилари "Олтин тўп"га фаворит эканлигини айтди  11 21:14Франциянинг 6 карра чемпиони профессионал клуб мақомидан маҳрум қилинди  4 20:57УEФА Евро-2024 ўйинларида мухлисларни ирқчилик ва камситувчи хатти-ҳаракатлари учун етти давлатни жаримага тортди  2 20:30Назорат учрашуви. Ўзбекистон U-21 терма жамоаси Суперлига клубига ютқазди  2 20:13Париж-2024. Рақиб футбол жамоаси машғулот майдонига дрон учирган мамлакат ходимлари турнирдан четлатилди  0 19:55Азмун БАА клубига ўтади  13

Diyor Imomxo'jaev: Bo'rilar raqobatlashaversin, terma jamoaga cho'pon kerak Yangiliklar

Diyor Imomxo'jaev: Bo'rilar raqobatlashaversin, terma jamoaga cho'pon kerak

Teglar :  Diyor Imomxo'jaev
Babayan “Obod”ni olsa nima bo'ladi, deb ko'p savol berishdi. Men zo'r bo'lardi, deb javob berishni istardim.

Biz uni qanchalik tanqid qilmaylik, aslida uning kabi kalla futbol uchun kerak.

Millionlar o'yinida faqatgina odil odamlar ishlashi kerak degan gapning o'zi yo'q. O'zimdan tortib, shu maqolani o'qib turgan kishigacha kasb-korida manfaatining ketidan quvadi. Kimdir meni fidoyi deb hisoblashi mumkin. Ammo ochig'ini aytaman, tekinga umuman chiqish qilmagan bo'lardim. Bunda pulning kam yoki ko'pligi keyingi masala. Qarshimda turgan siz ham o'z ishingizni butun umr bepul qilishga rozi bo'lasiz, deb o'ylamayman. Xullas, yashash uchun kurashishimiz kerak. Yaxshi yashash bunda boshqa masala.


Samvel Babayan principlariga doim qarshi turganman, menimcha keyinroq ham shunday bo'lib qoladi. Agar futbolda u va uni qo'llab-quvvatlaydiganlar bo'lmasa, balki meni bu sohada hech kim tanimay ham o'tib ketardi, to'g'rimi? “Paxtakor” qanaqa hisobga yutgani-yu, “Bunyodkor”da nima gapligini aytib yurganim bilan, odamlar og'ziga tushmasdim.

Men bu gaplarni nega aytyapman, futbolga qarama-qarshilik kerak. “El-Klasiko” nega qiziqligini, derbi so'zi ongimizga qanday muhrlanganini sizga eslatishimning o'zi ortiqcha. Oddiy misol, “Paxtakor” va “Bunyodkor” bir-biriga haqiqiy dushman bo'la olgan yillar O'zbekiston futboli oldinga qadam tashlagandek bo'lgandi, yodingizdami? Hozir ana o'shanday raqobatni orzu qilib yotibmiz. 

Raqobat nimaligini siz yaxshi bilasiz. Hozir men 2 ta g'alati misol keltiraman, aybga buyurmaysiz. Tovuq katagidagi tovuqlar uchun kurashadigan xo'rozlar bor va qo'yxonaga go'sht egani kirgan bo'rilarning raqobati bor. Birinchisi haqiqiy petuxizm, ortiqcha gapga o'rin yo'q. Ikkinchisi esa chinakkam raqobat. SHunday gap eshitgandim, qo'yxonaga bitta bo'ri kirsa, 10 ta qo'yni g'ajiydi, 10 ta bo'ri kirsa, 1 ta semizrog'ini talashib, o'shani g'ajishga harakat qiladi. Buning rost yoki yolg'onligi haqida umuman malumotga ega emasman, ammo raqobatni qiziqroq tariflash uchun, ajoyib o'xshatish deb bilaman. 

Hozir Samvel Babayanda hamma qo'yni g'ajib ko'rish imkoniyati bor (bunda hech kim o'zini haqoratlangan his qilishini istamasdim, bu shunchaki misol). CHunki bosh jamoa uning qo'lida. Bir o'zi istagan o'ljasiga yo'l topa olish qudratiga ega. Va Babayanga bo'lgan etiroz ham shuning tasirida ko'payib ketdi. Men maqolalarimda Babayan futboldan yo'qol, deb bong urmaganman. Biroq u terma jamoani tinch qo'yishini istab doim chiqish qilganman. Nega?


Babayan “Paxtakor”ga javob bergan yillari o'zining va klubning manfaatidan kelib chiqib, ko'p ishlarga qo'l urgan deb bilaman. Bunda yaxshi yoki yomonligini chetga surib tursak, bitta klubni ko'tarib turish uchun, bor kuchi bilan harakat qilgan rost. Tasavvur qiling, o'sha vaqtlarda 10 ta klubning 10 ta Babayani bo'lganida chempionatda raqobat qanday bo'lardi. Menimcha dahshatli holat bo'lardi. PFLga tasiridan tortib, boshqalarning o'sishiga halal bera oladigan kuchigacha teng bo'lgan 10 ta Babayan bir-birini tiyib ham turardi ko'p jabhada. Aytib o'tganimdek, qo'yxonaga kirgan 10 ta bo'ri, asosan semizroq qo'y uchun talashadi (kelishvolib 10 ta qo'yni olib chiqib ketishga yo aqli etmaydi yoki g'ururi yo'l qo'ymasa kerak).  

Vaqtida “Bunyodkor” tepasidagilar futboldan ketishiga to'g'ri keldi, qolganlar esa Babayan bilan tengma-teng raqobatlashishga qiynaldi. Mana shunday bir paytda biz o'sha bo'riga eng katta qo'yni berib qo'ya qoldik, hech bir sababsiz. Oqibatda qanday ahvolda ekanimizni siz ko'rib turibmiz.

Men nima demoqchiman. Agar federaciya biz istayotgandek shaffof boshqarilsa, qonunlar, reglamentlar, qoidalar, xullas, hammasi risoladagidek ishlasa va aynan kimningdir manfaati yo'lida xizmat qilmasa, boshlanishiga shuning o'zi etarli. Istalgan klubni olib qarang, Peresdan tortib, A seriya klublarini beadablarcha boshqaradigan italiyalik bemalolxo'jalargacha manfaati ketidan yuguradi, jamoasi uchun har narsa qilishga urinadi. O'z vaqtida Eysebio kabilarning boshiga qop yopib olib ketilgan vaqtlar bo'lgan. Biroq o'sha kuchli beshlikda adolat mezonlari uchun kurashadigan qatlam ham bor. Agent Rayolaga, prezident Peresga, murabbiy Mourinyoga yoki magnat Berluskoniga tayyorgina katta qo'yni shundoq berib qo'yishmaydi. Futbolchilar, g'alabalar, muvaffaqiyatlar uchun kurashmoqchi bo'lgan yuzlab Rayolalar, Pereslar, Berluskoni va Mourinyolar bunga yo'l qo'ymaydi. Uddaburonrog'i, chinakkam raqobatga turib bera oladiganlari davron suradi.  

Babayan “Obod”ni oladigan bo'lsa, uning huquqi qolgan 16 jamoa rahbariniki kabi bo'lishi katta ehtimol. Birorta futbolchisi qolmagan jamoani Samvel katta ehtimol bilan o'ziga itoat qiladigan futbolchilar bilan uch kunda to'ldira oladi. Federaciya va PFL aqlli siyosat yuritib, Babayanga o'xshaganlarning sog'lom raqobati uchun imkon yaratsa, milliy chempionat kuchayishi mumkin, deb faraz qilaylik. Hozir “Bunyodkor” o'ziga kelib qoldi, “Paxtakor” katta kuchga aylanmoqda, “Lokomotiv” ikki-uch yildan beri shundoq ham kuch. Ahmedov “Navbahor”ni oyoqqa turg'azmoqchi, Abramov Farg'onada quloch yozmoqchi, qo'qonliklar futbolga fayz kiritib turibdi va hokazo. Bunga o'sha Babayanning ham bitta klubi qo'shilsa, balki ortiqchalik qilmas. CHunki tovuq katagi uchun kurashnimas, yaxshigina raqobatni o'zimiz istab turibmiz.  

Sanab o'tilganlardan istalgani terma tepasiga kelganida qolganlarning unga itoatli bo'lishi - eng katta xatodir. Babayan Lushchanga bemalol telefon qilib, SHomurodov qancha o'ynashini aytishi, istalgan futbolchini oldiga chaqirib, unga agentlik masalasida og'iz solishi, o'ziga itoat qiladigan futbolchilarni termada asosiy qilib o'ynatishi - o'zboshchimchalikdan boshqa narsa emas. Tasavvur qiling, Angliya termasi ustozi Mourinyoga telefon qilib, Reshford qancha o'ynashi haqida aytsa, kamida “pashel” deb boshlanadigan so'zni eshitadi, to'g'rimi? Hamma murabbiyga kelishib ishlaylik desa, Venger va Kontening kulaverib ichagi uzilardi balki, Klopp troll qilaverib, latifa aytaverib, ovozini o'chirib qo'ya qolardi.


Xullas, ichki chempionatga raqobat kerak deyilsa, Babayanning ustiga chiziq tortib yuborish bilmadim qanchalik to'g'ri. Biroq fikrlash darajasi, Amerika kashf qilishi, birdaniga jurnalistlar-u, barcha murabbiylar bilan ishlab, Osiyo tan oladigan o'yin uslubi yaratishiga ishonishi bilan nom qozongan uning kabi kishining eng cho'qqida turishi, futbolga ichi achiyotgan millionlab muxlislar qalbini o'tmas pichoqda arralashdek gap. Bosh jamoa manfaatlar yo'lida “qurbon” bo'lib ketmasligi kerak. To'g'ri manodagi bo'rilar raqobatini qilaversin, qo'yni semirtirish uchun esa aqlli, tajribali, ilmli cho'pon kerak.

Diyor Imomxo'jaev

Reyting: +94   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика