Denis Ivankov: "Sanjar Quvvatov men bilan ishlagan darvozabonlar orasida eng professionali"
04 jan 2018 12:01
Yangiliklar
Denis Ivankov: "Sanjar Quvvatov men bilan ishlagan darvozabonlar orasida eng professionali"
Uni ko'pchilik yurtimizda o'z sohasi bo'yicha eng kuchli murabbiylardan biri deb hisoblaydi. Denis Ivankov intervyu davomida muvaffaqiyatlari siri, ish olib borish uslubi haqida gapirib berdi hamda o'zi bilan ishlagan darvozabonlarga to'xtalib o'tdi. SHuningdek, futbol maktablarida yosh darvozabonlarni etishtirish borasida alohida ishlash kerakligini uqtirdi.
- Keling, dastlab mavsum yakunlari haqida gaplashsak. “Nasaf” chempionatni ikkinchi o'rinda tugatdi, kumush medallarga sazovor bo'ldi. SHogirdingiz Eldor Suyunov ikkinchi davra arafasida “Paxtakor”ga o'tdi. Uning o'rnini “Nasaf”da yosh darvozabon Umid Ergashev egalladi. Umuman shular haqida...
- “Nasaf”da besh yildan beri ishlab kelayotgan bo'lsam, oxirgi mavsum qiziqarli voqealarga boy bo'ldi. Aytib o'tganigizdek, oliy ligani ikkinchi o'rinda tugatdik. Qolaversa, “Nasaf” eng kam gol o'tkazgan jamoalardan biri bo'ldi. SHunday bo'ldiki, ikkinchi davrada 12ta uchrashuvda g'alaba qozongan bo'lsak, shundan o'n bittasida o'z darvozamizdan to'p o'tkazmadik. Bu birinchi navbatda jamoadagi barchaning xizmati tufaylidir.
Hech kim maydonda bir o'zi jangchi bo'la olmaydi. Darvozabonga himoyachilar, himoyachilarga esa darvozabon yordam berib turadi. Qolaversa, erishilgan yutuqlarda bosh murabbiyimizning ham qo'shgan hissasi beqiyos. Bejizga Ro'ziqul Berdiev 2017 yilning “Eng yaxshi murabbiyi” deb topilgani yo'q. Biz murabbiylar esa o'z ishimizni yanada yaxshi bajarishga harakat qildik. Albatta, Eldor Suyunov ketguniga qadar birinchi raqamli darvozabon edi, lekin Sanjar Quvvatov unga etarli darajada raqobat ko'rsatib kelayotgandi.
Suyunov ketgach, Sanjar o'zini yanada ishonchli his qila boshladi va 11 o'yinda gol o'tkazmadi. Mana endi yana bir yosh darvozabon etishib chiqmoqda, bu - Umidjon Ergashev. U asosiy tarkib bilan deyarli ikki yarim yildan beri ishlab kelyapti va harakatlari chakki emas. Uning kelajagi bor deb o'ylayman, harholda harakat qilyapti, o'z ishiga munosabati ham joyida. Yoshlar doim kattalardan o'rnak olib ishlasa kam bo'lmaydi.
- “Nasaf” boshqa klublarga nisbatan kam gol o'tkazgani uchun sizni, jamoa darvozabonini klub alohida taqdirladimi?
- Yaqindagina bizda mavsum yakunlariga bag'ishlangan banket tashkil qilindi. Unda eng yaxshilarni taqdirlash marosimi ham o'tkazildi. Masalan, Sanjar Quvvatov eng yaxshi darvozabon deb topildi va unga chiroyli Kubok topshirishdi. Lekin mening shartnomamda bonusga oid alohida band yo'q, ammo rahbariyatning chuqur minnatdorchilik bildirgani ham kishini xursand qiladi.
- O'z vaqtida qo'l ostingizda O'tkir Yusupov, Alibek Turopov, Eldor Suyunov kabi darvozabonlar shug'ullanardi. Lekin ular hozir jamoada emas. Darvozabonlar klubni tark etganda ularning o'rnini to'ldirish qanchalik qiyin bo'ldi?
- “Mashal”da ishlaganimda ham, hozir “Nasaf”da ham darvozabonlardan avvalo bitta narsani so'raganman: bir-birlari bilan ahil bo'lishni. Aslida butun jamoa bir oiladek bo'lishi kerak. Lekin men o'zimni darvozabonlar bilan kichkina oila deb hisoblayman. CHunki bizning mashg'ulotlarimiz alohida. Bu - futbol, jamoaga kimdir keladi, kimdir ketadi. Necha yildan beri darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlayotgan bo'lsam, qaysidir darvozabon ketganida biz oiladan kimnidir yo'qotgandek bo'lganmiz, ammo bu hech qachon katta muammo tug'dirmagan.
Suyunov ketgach, Quvvatov darhol uning o'rnini egalladi. Va aytishim mumkin, u Eldorning o'rnini bildirib qo'ymadi. Statistika hammasini aytib turibdi: Suyunov 10ta o'yinda 11ta to'p o'tkazib yuborgan bo'lsa, Quvvatov 20ta o'yinda 7ta gol o'tkazdi. Jamoada har bir darvozabonning o'z o'rni bo'ladi. Masalan, Quvvatov qaysidir klubga o'tadigan bo'lsa, uning o'rnini Ergashev egallaydi.
- Olib boradigan mashg'ulotlaringizni kuzatib deyarli takrorlanmas holatlarga duch kelamiz.
- Menda mashqlar o'zgarishi mumkin, lekin mashg'ulotdan ko'zlangan maqsad o'zgarmaydi. Darvozabonlar zerikib qolmasligi uchun har xil mashqlarni berib boraman, bu ularning o'ziga ham qiziq tuyuladi. Albatta, har bir murabbiyning o'z dunyoqarashi va ish uslubi bor. Menda umuman o'zgarmaydigan narsa bu - o'yindan bir kun oldingi mashg'ulot jarayoni. Yani faqat o'yindan oldingi mashg'ulotni bir xil tarzda o'tkazaman. Lekin hafta davomidagi mashqlarni tez-tez yangilab turaman.
- O'yindan oldin yakuniy mashg'ulotda etiborni ko'proq nimalarga qaratasiz?
- Aytaylik, ertaga o'yin, demak darvozabon bugundan o'zini yaxshi his qilishi shart. Buning uchun esa men ko'proq ular xohlaydigan mashq turlarini beraman, o'zim xohlaganimni emas. Negaki darvozabonlar o'yindan oldin o'zlariga yoqqan mashqlarni bajarishni xush ko'rishadi. Agar darvozabon o'yindan oldingi mashg'ulotda shu etadi, boshqa ishlamasam bo'ladimi desa, men bajonidil deyman va shu zahoti to'xtataman, yani ularning ko'ngliga qarayman.
CHunki o'yinga yaqin qolgan bir paytda har bir darvozabonning ruhiy holatiga jiddiy etibor berish kerak. Masalan, mashg'ulot paytida futbolchilar darvoza tomon to'pni tepishadi, agar Quvvatov barcha to'plarni o'tkazib yuborsa, bundan jahlim chiqadi. Lekin Sanjarning o'zi bunga xotirjam munosabatda bo'ladi. Xavotir olmang, o'yinda bunaqa bo'lmaydi deydi. Suyunovda esa aksi edi. U har bir o'tkazib yuborilgan golda asabiy bo'lardi. Asabiylik unda o'yindan oldin boshlanardi. Mana bu tomonlama Sanjar Quvvatov Eldorga nisbatan ustun deya olaman. SHu bois darvozabonlar uchun eng muhimi o'yindan bir kun oldingi hamda o'yin boshlanishiga bir soat qolganida o'tkaziladigan chigalyozdi mashqlarida charchab qolmaslik, ko'p kuch yo'qotmaslik va asabiy bo'lmaslik. Nima uchun? CHunki darvozabon o'yinga tayyor bo'lmasa, ko'p hollarda jamoa yutqazadi.
- Mashg'ulot o'tkazish tartibini qaerda o'rgangansiz?
- Buning uchun bazi adabiyotlarga murojaat qilganman, o'zim ham nimadir yangilik o'ylab topishga harakat qilaman. Lekin internetga kirib boshqa darvozabonlarning mashg'ulotini ko'rmayman, ko'rsam ham ulardan o'rnak olmayman. Internetga kirib De Xea, Buffon, Van der Sar, xullas hammaning mashg'ulotidan lavhalar topasiz. Biroq men ulardan yoppasiga ko'chira olmayman. CHunki mening qo'l ostimda Buffon yoki Van der Sar yo'q.
Ular jahon darajasidagi darvozabonlar, bizdagilar esa O'zbekiston darajasida, shu bois mashg'ulot o'tkazish tartibi ham farqli bo'lishi kerak. Masalan, men Noyer va Kurtuaga beriladigan yuklamani Sanjar Quvvatovga bersam, bola sinib qoladi. Bundan kimga zarar? Albatta, o'zimizga. Bizda ko'p klublarda darvozabonlar asosan qanday qilib darvozabon bo'lishga o'rgatiladi. Yani, biz ularga talim beramiz, to'g'ri sakrashni o'rgatamiz, to'pni diagonal tepishni ko'rsatamiz. Evropada esa ular tayyor darvozabon. Ularga nimadir o'rgatish shart emas.
- Bizda ko'pchilik futbolchilar kuniga bir-ikki soat shug'ullanadi, keyin bekor yuradi deya noliydi. Bu borada darvozabonlar bilan holat qanday?
- Men hech qachon kuniga bir mahal mashg'ulot o'tkazmayman. Musobaqa davom etayotgan paytda ham, mavsumga tayyorgarlik jarayonida ham. Ko'pincha bir kunda uch mahal mashg'ulot o'tkazaman. Kimlardir aytishi mumkin, bu eskicha metod, hech kim foydalanmayapti deb, lekin bu mening uslubim va undan voz kechmayman. Madomiki bunday mashg'ulot foyda berayotgan ekan, voz kechib nima qilaman. Ertalabki mashg'ulot menda bir soatu 15 daqiqa davom etadi. Bunda darvozabonlar yuguradi, keyin esa reakciyaga ishlashadi. Mashg'ulotni ko'pincha tennis to'plari bilan o'tkazaman.
Bazilar aytadi: tezkorlik, to'pga sakrash ustida kechki payt ishlasa ham bo'ladi-ku deb. Ha, bo'ladi, lekin men uchun reakciya bo'yicha kunduzi ishlashni maqul ko'raman, chunki kechki payt darvozabonlar shundoq ham charchagan bo'ladi va bu narsa ko'p foyda bermasligi mumkin. Ertalab esa miya va organizm tetik paytida ham yaxshi ishlaysan, ham nima mashq bajarganing esda qoladi. Ikkinchi mashg'ulot kunduzgi paytga to'g'ri keladi va unda butun jamoa bilan maydonga chiqamiz. Bunda bosh murabbiy darvozabonlarga deyarli tegmaydi. Uchinchisi esa kechki mashg'ulot bo'ladi, bosh murabbiy bazi taktik harakatlarni sinab ko'rishi mumkin va darvozabonlardan ham foydalanadi. CHempionat davom etayotgan paytda ham qo'l ostimda shug'ullanayotgan darvozabonlar ertalab men bilan alohida mashg'ulot o'tkazishi shart. Etiborni ko'proq to'p bilan o'ynashga qaratishimiz mumkin. CHunki O'zbekistonda 90 foiz darvozabonlarda to'p bilan oyoqda o'ynash muammosi bor.
- Darvozabon oyoqda xuddi maydondagi futbolchi kabi to'p bilan o'ynay olishi kerak deyishadi. Bu shunchalik zarurmi?
- Albatta. To'g'ri, darvozabon to'p bilan fint qilmaydi, undan eng yaxshi futbolchilar bajaradigan tryuklarni kutmang. Lekin darvozabon to'pni to'xtatishni bilishi, to'pni uzata olishi, kerak paytda raqib hujumchisini alday olishi kerak. Bundan tashqari, to'pni uzoqqa aniq tepish mahorati ham zarur. Tavakkal oldinga tepsang, bilginki bu o'z darvozang tomon qarshi hujum bilan tugaydi. SHu bois darvozabon kuchli bo'lishi uchun oyoqlari bilan yaxshi o'ynay olishi shart. SHuningdek, havodan kelayotgan to'plarga vaqtida va to'g'ri chiqish ham muhim omillardan biri hisoblanadi.
- “Qo'qon-1912” bosh murabbiyi No'mon Hasanov matbuot anjumanlaridan birida bizda hujumchilardan ko'ra ko'proq darvozabonlar muammosi borligi haqida gapirgandi. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
- To'g'ri, bizda yaxshi darvozabonlar juda kam, hatto barmoq bilan sanarli. Eng kuchli darvozabon Ignatiy Nesterov deb oladigan bo'lsak, u qaysi klubda o'ynamasin, doim o'zining eng yaxshi jihatlari bilan ajralib turgan. Nesterov mana necha yillardan beri yuqori saviyadagi darvozabon hisoblanadi. Unga o'xshagan yaxshi darvozabonlar etishib chiqishi uchun avvalo futbol maktablarida yosh posbonlarga katta etibor berish kerak. Ko'pincha oliy liga klublariga hali tayyor bo'lmagan darvozabonni olib kelishadi, nachora ular bilan alohida ishlashga to'g'ri keladi.
- Agar tarozi pallasiga qo'yadigan bo'lsak, bizda darvozabonlar kuchlimi yo hujumchilar ko'proq tosh bosadimi?
- Bizda yaxshi hujumchilar ham, yaxshi darvozabonlar ham bor deya olaman. Bilmadim, bu taqqoslash qanchalik to'g'ri, lekin men shuni aytishim mumkin, doim darvozabonlar tomonida bo'laman.
- Malumki, siz mashg'ulot jarayonida ko'p mashqlarni videoga olib ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizga yuklab borasiz. Sizda internetga qo'ymaydigan sirli mashg'ulotlar ham bormi?
- Yo'q. Men bemalol barcha mashg'ulotlarimni ijtimoiy tarmoqqa qo'yishim mumkin va buning sirli joyi yo'q. Nima uchun? CHunki boshqalar ham ko'rsin, fikr bildirsin deyman va agar kimgadir maqul kelsa bundan o'zim ham xursand bo'laman.
- Mashg'ulot o'tkazish dasturingiz qo'l ostingizdagi darvozabonlar saviyasiga bog'liqmi? Yoki hammaga bir xil yuklamalar berasizmi?
- Albatta, bog'liq. Masalan, men bilan endi ishlashni boshlagan yosh darvozabonga birdaniga qiyin mashq berib uni zo'riqtirib qo'yishim mumkin. SHu bois hammasini sekin-asta boshlagan maqul. Bunda mashg'ulotdan ko'ra tushuntirish ko'proq rol o'ynaydi. Masalan, Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov va Umid Ergashev men tuzgan dastur orqali bemalol ishlay olishadi. Ammo jamoaga yangi keladiganlar unday emas. Ularga vaqt kerak. Muammo shundaki, ko'pchilik yosh darvozabonlar birdaniga oliy ligada o'ynab ketishga tayyor emas. Ularning futbol maktablarida jiddiy ishlamagani shundoq ko'rinib turadi. Bu o'rinda mening ishim ularni oliy liga darajasiga tayyorlab borish.
- “Mashal” va “Nasaf”da siz bilan ishlagan darvozabonlar orasida eng professionali kim?
- Sanjar Quvvatov. Hech shubhasiz ayta olaman, Quvvatov ham o'zini tutishi, ham ishiga bo'lgan yondoshuvi sabab men bilan ishlagan darvozabonlar orasida eng kuchlisi.
- Denis Aleksandrovich, mazmunli suhbat uchun rahmat. Keyingi faoliyatingizda omad tilab qolamiz.
- Sizlarga ham katta rahmat. SHu o'rinda fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni kirib kelgan Yangi yil bilan tabriklayman. Hamma sog'-omon bo'lsin. O'zbek futboli bu yil ko'plab yutuqlarga erishishiga tilakdoshman.
Xayrulla Xoliqov va SHahboz Beg'amov suhbatlashdi.
Fikrlar