So’nggi yangiliklar

01:55Роберт Левандовски: "2020 йил "Олтин тўп" топширилмаганини ҳеч тушунмайман"  1 01:24"FourFourTwo" ЕЧЛ финалларида урилган энг чиройли голлар рейтингини тузди  6 01:08Расман: Пеп Гвардиола "Манчестер Сити" билан шартномасини узайтирди  0 00:41Эрлинг Холанд: "Гвардиола энг яхши мураббий, балки тарихдаги энг зўридир"  0 00:14"Челси"нинг "биллур" футболчиси яна сафдан чиқди  0 23:43Нодир Абдураззоқов: "Энди мавсумни чиройли якунлашимиз ва оғзимиздаги ошни олдириб қўймаслигимиз керак"  5 23:19Хави "Интер Майами" бош мураббийи бўладими? Инсайдерлар маълумот беришди  0 22:49АПЛ клублари сўнгги 10 йилликда трансферлар учун қанча ишлатишди?  0 22:22"Ювентус"га "Челси" футболчиси керак  0 21:57Нико Уильямс болалигидаги кумирлари ким бўлганини айтди  12 21:34Максим Шацких: "Черан, Собирхўжаев борасидаги саволлар менга берилмасин. Бу мавзу ёпилган"  24 20:57Миржалол Қосимов: "Натижадан ҳам ўйиндан ҳам қониқдим"  3 20:36Суперлига. ОКМК "Жар"да "Пахтакор"ни мағлуб қилди  6 20:25"Пахтакор" кумуш медаллар учун курашдан чиқди  13 20:06Суперлига. ОКМК ВАР томонидан 13 дақиқа текширилган ҳамда япониялик футболчи томонидан урилган голлар эвазига 11 йилдан сўнг сафарда "Пахтакор"ни мағлуб этди  62

CHinozdagi baliq bozori, Arveladze bilan tushunmovchilik, SHomurodov va Xavi, qoldirilishi kutilayotgan nikoh to'yi – Jasur Yaxshiboev katta intervyu berdi Yangiliklar

CHinozdagi baliq bozori, Arveladze bilan tushunmovchilik, SHomurodov va Xavi, qoldirilishi kutilayotgan nikoh to'yi – Jasur Yaxshiboev katta intervyu berdi

Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida to'p tepayotgan hamyurtimiz Jasur Yaxshiboev chempionatning dastlabki turlaridanoq muxlislar mehrini qozonib ulgurdi.

Uning o'yinlari, texnikasi va driblinglari, qator gollari barchaning etiborini o'ziga jalb qildi. Yaqinda futbolchimiz "Energetik-BGU" klubi rasmiy saytiga katta intervyu berdi. Hozirga qadar gol+pas tizimi bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkichni qayd etib kelayotgan Yaxshiboev intervyu jarayonida yurtimizdagi faoliyati, Toshkent va CHinozdagi hayoti, “Paxtakor”da Arveladze bilan yuz bergan mojaroli vaziyat haqida batafsil gapirdi. 

Darvoqe, bugungi kungacha u 8ta uchrashuvda 6ta golga mualliflik qildi. Bungacha Belarus chempionatining faqat ikki debyutantigina, Nikolay Rindyuk va Andrey Skorobogatko shunday natijani qayd etgandi.

- Nima uchundir sizni ko'pchilik rus tilida yaxshi so'zlasha olmaydi deb o'ylashadi? Balki, o'zingiz bunga batafsil izoh berarsiz...

- Men rus tilini juda yaxshi tushunaman. Bu borada menda muammo yo'q, jamoadoshlarim va murabbiylar bilan bemalol so'zlasha olaman. Biroq, atrofda va ko'pchilikni orasida tortinishim rost.

- Bo'sh vaqtingizni qanday o'tkazyapsiz? Nimalar bilan band bo'lyapsiz?

- Men bo'sh vaqtimda ko'chaga chiqmayman, uyda qolishni maqul ko'raman. Bazan, jamoadoshlarim bilan “Play Station” o'ynayman. Ko'pincha turli film va futbol uchrashuvlarini tomosha qilmoqdaman. Hozirda, Belarusdan boshqa joyda futbol o'yinlari o'tkazilmayapti. Lekin, tarixdagi qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuvlarni olib berishyapti. “Barselona”, “Arsenal” jamoalarining o'yinlarini ko'rish zavq bag'ishlaydi. Futbolchilar mening poziciyamda qanday harakat qilishlarini kuzatishni yaxshi ko'raman.



- Siz sof hujumchi emassiz lekin, sizni bu erda ko'proq forvard o'rnida harakat qilmoqdasiz...

- Minskga kelishimdan oldin yarim himoyachi edim. Anatoliy Ivanovich meni mashg'ulotlarda sinab ko'rdi va markaziy hujum chizig'iga qo'ydi. Menga franciyalik Xatem Ben Arfaning o'yin uslubi yoqadi. U ajoyib driblingga ega. Jamoamda sof hujumchi sifatida o'ynamoqdaman. Endilikda Messining o'yinlarini yanada diqqat bilan kuzataman. Messi erkin ijodkor, gol ham uradi, jamoadoshlarini pas bilan ham taminlaydi. To'pni maydon markazida qabul qilib oladi va erkin harakat qiladi. Mendan murabbiy xuddi shu tarzda o'ynashni talab qilmoqda.

- Belarusda deyarli qish bo'lmadi hisob. Sovuq emasmi?

- Birinchi kelganimda havo juda sovuq edi. Hozirda biroz iliqroq. Ammo, men tashqariga hali ham futbolkada chiqa olmayman. O'zbekistonda hamma allaqachon futbolka va shortikka o'tib olgan.

- O'zbeklar yozning jaziramasidan saqlanish va oftob urishini oldini olish uchun ko'proq choy ichishi rostmi?

- Biz ko'p qahva ichmaymiz. CHoy bizning ananaviy ichimligimiz. O'rta Osiyoda bu qadimdan urfga aylangan. Belaruslar esa ko'pincha chanqoqni qoldirish uchun sovuq choy ichishini sezdim. Bu turli gazlangan ichimliklardan ko'ra foydaliroq.

- O'zbekistonda odamlar yozning eng issiq va qaynoq paytlarini, chillani qanday o'tkazadi? Futbol jamoalarichi?

- Yozda uchrashuvlar va mashg'ulotlar kechqurungi etti yoki sakkizdan so'ng boshlanadi. Odamlar ko'proq salqin joylarga ko'chishadi.

- Siz tug'ilgan va yashagan ona shahringiz CHinoz haqida gapirib bera olasizmi? Eshitishimizga qaraganda juda go'zal joy ekan...

- Hamma u erni baliqchilik shahri deb ataydi. Undan besh kilometr uzoqlikda O'rta Osiyodagi eng uzun daryo Sirdaryo oqib o'tadi. CHinozda mashhur va juda katta baliq bozori bor. Kechki soat sakkizda ochiladi va tonggi to'rtgacha ishlaydi. CHunki, kunduzi havo issiq bo'ladi. Buning oqibatida baliqlar aynib qolishi mumkin. Narxi? Har xil bo'lishi mumkin, masalan bir kilogramm taxminan bir yarim dollar turadi. Baliqlarning ko'plab turlarini uchratasiz. Sazan eng mashhuri. Bozorning narigi tomonida baliqdan shirin va mazali taomlarni pishiradigan kafelar bor. Baliqni ko'z oldingizda pishirib berishadi.

- Bolaligingizda ko'p baliq istemol qilgan bo'lsangiz kerak?

- Yo'g'e. Uyimga yaqin joyda yana bir kichik CHirchiq daryosi bor. Biz u erga borishni, baliq ovlashni va sohil bo'yinda qovurishni yaxshi ko'rardik.

- Jasur, o'zbeklarning milliy taomi osh tayyorlashni bilasizmi?

- O'zim mustaqil bilmasdim. Minskda esa buni sinab ko'rdim. SHanba kuni kechqurun men Mavatu va Atemengeni palovni mazasini ko'rishi uchun choyxonaga olib bordim. Yigitlar uni hech qachon emaganlarini aytishdi. Palov ularga yoqdi. Lekin, O'zbekistonda osh o'ziga xos tamga ega bo'lgan guruchdan tayyorlanadi. Odatda biz asosan mol go'shti qo'shamiz. Turli to'y va marosimlarda esa qo'y go'shtidan ham foydalanamiz.


- O'zbek oshxonasi yoqadimi?

- Albatta! Manti, somsa, sho'rva, lag'mon. Bularning bari menga Minskda etishmayapti. Bu erdagi somsa va sho'rvaning tami O'zbekistondagiga o'xshaydi, ammo palovning emas.

- Bunday taomlar sportchilar uchun juda yog'li va og'ir hisoblanadi. Bu esa zararga ishlashi mumkin...

- Ha. Osh va boshqa taomlarimiz yog'li. Ammo, biz bunga ko'nikib ketganmiz. Bu ortiqcha muammo tug'dirmaydi.

- Ramazon oyi davom etmoqda va siz faqat quyosh botgandan so'ng ovqatlanayapsizmi?

- Hatto suv ham ichish mumkin emas. Qiyin, ammo har kuni ro'za tutamiz. Birinchi hafta eng og'iri. Keyin ko'nika boshlaysiz. Quyosh botgach va og'iz ochilgach ko'p narsalarni eyishingiz mumkin. Lekin, oshqozonga zarar keltirishingiz mumkin. Avval, shokolad, suv va ozgina narsa eb olsangiz, bir-bir yarim soatdan so'ng normal ovqatlansangiz bo'ladi.

- Mashg'ulot va uchrashuvlarga kuch qaerdan topyapsiz?

- Ko'proq uxlasangiz kun bo'yi tetik yurasiz, mashg'ulotlarda ham o'zingizni yaxshi his qilasiz.

- Uydan uzoqda baribir yaqinlaringizni, oila azolaringizni sog'inasiz...

- Qarindoshlarimiz bilan aloqada bo'lib turaman. Oilamizda beshta bola bor. Men eng kattasiman. Ukam va uchta singlim bor.

- Belarus va o'zbeklarning qanday farqlari bor?

- O'z-o'zidan xalqlarimizning mentaliteti boshqa-boshqa. Har bir Sobiq Ittifoq mamlakatida ular o'zgacha.

- Toshkent va Minskni solishtira olasizmi? Toshkentda qanday o'zgarishlar amalga oshirilmoqda?

- Poytaxtimiz ijobiy o'zgarishlar talaygina. So'nggi to'rt yil ichida anchagina o'zgardi. U erda ko'plab osmono'par binolar qad rostlamoqda. Toshkentda "Tashkent Siti" xalqaro biznes markazi ochildi. Uning hududida ajoyib ulkan park ochildi. CHinozda esa asosan kichik uylar bor. Bu erda ilgari ko'p bor urushlar bo'lib o'tgan. Buyuk sarkarda Amir Temur katta tepaliklar qurdirgan. Ular hali ham saqlanib qolingan. Dushman yaqinlashayotganligini kuzatish va uzoqdan ko'rinadigan bayroqlar bilan signal berish mumkin bo'lganligi uchun maxsus tayyorlangan.

- Aytishlaricha O'zbekiston iqtisodiyoti jadal suratlarda rivojlanayotgan ekan.

- Bu rost. Hozir bizda ajoyib Prezident bor. Yildan-yilga yashash yaxshilanmoqda. O'rta Osiyoda O'zbekiston boshqa mamlakatlardan oldinda.

- Mamlakatingiz o'z gilamlari bilan ham mashhur. Uyingizda nechta gilam bor?

- Bizda hammasi bor. Ular har bir xonada polga yozilgan. Gilamsiz, siz o'zbek emassiz. Agarda, gilam yo'q bo'lsa biz o'zimizni qulay his qilmaymiz. U bilan oyoqlaringiz yumshoq va issiq turadi. Gilam ustida bemalol yotishingiz mumkin.

- O'zbekistonda futboldan keyingi o'rinda boks turadimi?

- Aniq va shubhasiz. Bizda ajoyib bokschilar bor. Ularni butun dunyo taniydi. Hattoki, bir nechta Olimpiya chempionlari bor. Braziliyadagi Olimpiyadada uchta oltin medallarni qo'lga kiritishdi. Istalgan boladan qaysi sport turini yaxshi ko'rishini so'rang, futbolchi yoki bokschi bo'laman deydi.

- Sizlarda suniy maydonlar ko'pmi?

- Etarli darajada. Ammo chempionatda unda o'ynalmaydi. O'zbekistonda juda issiq. Agar suniy maydonda o'ynalsa undan battar issiq bo'ladi. Mushaklar uchun ham zararli. Suniy maydonlar kechki payt yig'ilib futbol o'ynaydigan havaskorlar uchun ayni muddao.

- O'zbekistonda nimaning evaziga bunday kuchli futbolchilar etishib chiqmoqda?

- Bizning futbolchilar belaruslik o'yinchilarga qaraganda texnik jihatdan kuchliroq. Ammo, jismoniy tomonlama biz ustun emasmiz. Yaxshi yugurish, kurashishda etakchi emasmiz. Yani Evropada o'ynash uchun texnikamiz bor, ammo kuch etishmaydi.

- Turli yoshdagi terma jamoalaringiz o'smirlar va yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatlarida g'olib chiqishdi...

- Ular doimiy ravishda kichik mundialga yo'llanma olishadi. Ammo, milliy terma jamoamiz hali bunga erishgani yo'q. Doim bitta g'alaba yoki durang etishmay qoladi. Umuman olganda yurtimizda iqtidorli futbolchilar ko'p. Lekin, hammada ham mashg'ulotlar olib borish uchun imkoniyat yo'q. CHekka hududlardagi, viloyatlardagi va qishloqlardagi har bir bolani Toshkentga olib kelishning imkoni yo'q. Buni qandayligini yaxshi bilaman. Mening buvim har kuni poezdda poytaxtga kelardi.

- U-23 Osiyo chempionatida Lyubinko Drulovich qo'l ostida o'ynadingiz. U qanday murabbiy?

- Ajoyib murabbiy. Bir necha yil oldin Serbiya yoshlari u boshchiligida Evropa chempioni bo'lishgan. Inson sifatida ham yaxshi. Murabbiy yaxshi inson bo'lmasa yaxshi futbolchi etishtira olmaydi. Bular chambarchas bog'liq.

- O'zbek futbol yulduzlaridan kimlar bilan tanishsiz?

- “Rostov”da to'p tepayotgan Eldor SHomurodov hozir eng taniqlisi. Xitoyda terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov o'ynamoqda. SHomurodov hozirgacha barqaror o'yin namoyish qilib kelyapti. Ular bilan birga 2018 yil Eron va Urugvayga qarshi o'yinlarda o'ynagandim.

- O'zbek futbolining mashhur kishilari sifatida kimlarni ko'rsata olasiz?

- Mirjalol Qosimov, ushbu mutaxassis qo'l ostida o'tgan yili AGMK jamoasida o'ynadim. Maksim SHackix, “Rotor”da Aleksandr Xackevichga yordamlashmoqda. Jafar Irismetov “Paxtakor”da sport direktori lavozimida ishlamoqda. SHuningdek, taniqli hakam Ravshan Ermatov. U insonni hamma hurmat qiladi. Avvalgi yildan boshlab O'zbekiston futbol associaciyada birinchi vice-prezident bo'lib faoliyat yuritib kelmoqda.


- Osiyo CHempionlar Ligasida qaysi yulduzlar bilan yo'llaringiz kesishgan?

- Ispaniyalik Xavi, Gabi, Alvaro Negredoga qarshi maydonga chiqqanman. Qatarda Uesli Sneyder etakchiligidagi “Al G'arafa” bilan o'ynaganmiz. Xavi yonida uchta o'yinchi yursada, ularni sezmaydi va bitta pas bilan hujumni rivojlantirib yuboradi.

- BATEda o'ynab ketgan Marko Simich bilan bir jamoada to'p tepgansiz. Uni Belarusga qaytishi mumkinligi haqida eshitdingizmi?

- Ha, Marko ajoyib futbolchi. Lekin, hozirda “Paxtakor”da markaziy himoya chizig'ida yaxshi saviyadagi himoyachilar bor. Raqobat yuqori ekanligi bois, Simich gohida zaxirada qolishga majbur bo'ldi. Ehtimol shu sababdan klubdan ketgan bo'lishi mumkin.

- “Energetik-BGU”dagi yana bir o'zbekistonlik futbolchi SHahboz Umarovni AGMKga kelmasingizdan oldin taniganmisiz?

- Ha. U bilan Toshkentdagi futbolga ixtisoslashgan maktab-internatida birga o'qiganmiz. Keyin uni “Paxtakor”ga chaqirishdi.

- "Energetik" sizni “Paxtakor”dan ijaraga olgan. Toshkentga chaqirishmayaptimi?

- Hozircha yo'q. Men Evropaga ketishni istayman. Buning ustiga SHota Arveladze bilan oramizda tushunimovchilik bor. Qaysidir uchrashuvda u meni zaxiraga oldi. Men hafa bo'lib qo'l bermadim. Keyingi uchrashuvlarda esa meni zaxirada qoldirishni boshladi. O'yinning oxirida, besh yoki o'n daqiqa qolganida tushirardi. Bu vaqt oralig'ida nima qilish mumkin? Men o'yin tempimni yo'qotdim. Yaxshi o'ynasam ham baribir shu holat takrorlanaverdi. Hozirgi jamoamda esa murabbiylar menga ishonch bildirishmoqda. Men o'yinlarim orqali buni isbotlashga harakat qilaman.

- Hozirgacha 3ta penalti tepdingiz. O'zbekistonda ham penalti tepib turarmidingiz?

- Umuman tepmaganman. Bu erda mavsum boshlanishidan oldin meni birinchi raqamli penaltichi deb tayinlashdi. Bu men uchun yangi chorlov - buni ham eplay olishimni boshqalarga va o'zimga isbotlash.

- Mavsum davomida nechta gol urmoqchisiz?

- Har bir o'yinda gol yoki golli pas bermoqchiman.

- Mavsum boshlanmasidan oldin mashg'ulotlarda ko'p charchadingizmi?

- Juda. O'zbekistonda bunday yuklamalar deyarli yo'q. SHu bois qiyin bo'ldi. Murabbiylar buni ko'rib bazida xordiq chiqarish imkonini berishardi. "Gorka" degan mashq bor, butun jamoa buni bajarayotganda menga uni o'tkazib yuborishga ruxsat berishardi.

- O'zbekistonga qachon borib kelishni rejalashtirgansiz?

- Yozda boraman deb o'ylagandim. CHinozda to'y qilishni reja qilgandim. Ammo, endi chegaralar yopilgan va kuzga qoldiraman shekilli. Kutishdan boshqa choram yo'q.


energetikbgu.by saytidan Abdulaziz Iskandarov tarjimasi

Reyting: +32   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика