Championat.asia sayti o'quvchilari talqiniga ko'ra yilning eng yaxshi darvozaboni aniqlandi

Narzulla Saydullayev
18 dek 2019, 12:08
Kecha saytimizga 2019 yil O'zbekistonning eng yaxshi darvozabonini aniqlash borasida so'rovnoma joylagan edik.

14 mingga yaqin o'quvchi ishtirok etgan so'rovnomada "Nasaf" posboni Abduvohid Ne'matov 15 foiz ovoz bilan uchinchi o'rinni egalladi. 2001 yilda tug'ilgan posbon 2019 yil Superligada debyut qildi va bu mavsum maydonga tushgan eng yosh darvozabonga aylandi. Ne'matov 17ta o'yinda maydonga tushdi va 18ta gol o'tkazib yubordi. 4ta uchrashuvda raqiblar u qo'riqlagan darvozaga gol ura olishmadi. Hakamlar mavsum davomida Ne'matov darvozasi tomon ikkita penalti belgilashdi. E'tiborlisi ikkala penaltini ham Abduvohid qaytarishga muvaffaq bo'ldi.


Ikkinchi o'rinni esa "Paxtakor" bilan chempionlikka erishgan Eldorbek Suyunov egalladi. Unga 19 foiz o'quvchimiz ovoz bergan. Mavsum avvalini jarohat tufayli o'tkazib yuborgan Suyunov Superligada 11ta uchrashuvda "sherlar" darvozasini qo'riqladi va atigi 3ta gol o'tkazib yubordi. Suyunov 8ta o'yinda o'z darvozasi dahlsizligini saqlab qolishga erishdi.


"Navbahor" posboni O'tkir Yusupov Championat.asia sayti o'quvchilari talqiniga ko'ra O'zbekistonda 2019 yilning eng yaxshi darvozaboni deb topildi. Unga so'rovnomada ishtirok etganlarning 23 foizi ovoz berdi. Yusupov bu mavsum Superligada 24ta o'yinda maydonga tushdi va bu borada yetakchiga aylandi. "Lochinlar" posboni jami 19ta gol o'tkazib yubordi va 8ta uchrashuvda o'z darvozasidan umuman to'p olib chiqqani yo'q. O'tkir chempionat davomida 5ta penaltidan ikkitasini qaytarishga erishdi va bu borada Ne'matov bilan birga eng yaxshi natija qayd etdi.



 

So'rovnomada ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Navbatdagi so'rovnomalarimizni kuting. 

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia