"CA" jurnalisti Xoliqov yig'ilishda og'riqli mavzu haqida dangal gapirdi

3 fev 2018, 18:30
PFL tomonidan o'tkazilgan Superligaga qur'a tashlash marosimidan keyin "International" mehmonasida kichik yig'ilish bo'lib o'tdi.

Unda qur'a tashlash marosimiga tashrif buyurgan klub vakillari, bosh murabbiylar hamda jurnalistlar qatnashishdi.

"Superligada hakamlar kichik follarga xushtakni bezovta qilishmaydi"

Yig'ilishda O'FA Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'i Mamur Saidqosimov so'z olib, hakamlar tomonidan yo'l qo'yilayotgan xatolarni yangi mavsumda kamaytirib, ularni ishiga alohida e'tibor qaratishlarini ta'kidladi. Shuningdek, Mamur Saidqosimov yaqinda Hisobot-saylov konferenciyasida O'FA prezidenti Achilbay Ramatovning hakamlar xususidagi o'rinli etirozlaridan kerakli xulosalarni chiqarishlarini aytib o'tdi.

Shu munosabat bilan Mamur Saidqosimov Superligada yangi mavsumdan e'tiboran kichik, mayda fol, yani bo'lar-bo'lmasga uchrashuvni boshqarib boradigan hakamlar xushtagini bezovta qilmasliklarini murabbiylarga, jurnalistlarga etkazdi. Aynan shu masala bo'yicha Ravshan Ermatov alohida tushuntirish berdi.

FIFA hakami O'FA prezidentining o'rinli etirozlaridan kerakli xulosani chiqargan hakamlar endilikda Superligada elkama-elka kurashlarga yevropada bo'lgani kabi imkon berishlarini ta'kidladi.

Hakamlar alohida yo'nalishni tanlab olishgani e'lon qilindi va murabbiylardan bu o'zgarish bo'yicha futbolchilarga tushuntirish berishlari so'raldi. Shu o'rinda murabbiylar ham bu tashabbusni qo'llab-quvvatlashdi. Xususan "Bunyodkor" bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov so'z olib, maydonda chinakamiga haqiqiy kurash bo'lishi tarafdori ekanligini bildirdi. O'zbekiston Superligasida ham elkama-elka kurashlarga xushtak chalib, o'yinni to'xtatmaslik yaxshi qaror ekani va bu o'z yo'lida chempionatimiz uchrashuvlari tezligini yanada o'sishiga xizmat qilishi aytildi. Muxlislar ham maydonda chinakamiga tezkor futbol va shiddatni ko'rishlari alohida takidlandi. Shuningdek, "Navbahor" bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov hamda Bobur Haydarov so'zga chiqishdi.

Shu o'rinda yig'ilishda ishtirok etayotgan jurnalistlardan ham fikr va takliflar so'raldi. OAV vakillaridan saytimiz xodimi Xayrulla Xoliqov yaxshi tashabbus bilan chiqdi va so'z olib dangal gapirdi.

"Uchga-uch" "oltiga-olti"ga aylanib ketmasin-da!"

- "Qur'a tashlash marosimi yaxshi darajada o'tdi. Yangi mavsumdan boshlab Superligada kuchli o'yinlarni ko'rsak ajab emas. Muddaoga o'tadigan bo'lsam, bu yerda ko'p ham hakamlarni tanqid qilish kerak emas. Ular maydonda bo'layotgan vaziyatni boricha boshqarishga urinishadi. Jurnalistlar va muxlislarning asosiy istagidan biri bu - "Uchga-uch" degan narsalar yo'qolsa. Buyog'iga 4 davrali tizimga o'tiladi, endi bu "uchga-uch" "oltiga-olti"ga aylanib ketmasa bo'lgani. Buni futbol ichidagilar juda yaxshi bilishadi. Agarda mana shu narsalar yo'qolsa, o'yinlar saviyasi, darajasi o'z-o'zidan kuchayadi", - dedi jurnalist Xayrulla Xoliqov.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia