So’nggi yangiliklar

21:05"Манчестер Юнайтед" - "Ливерпуль" 0:3 (Матнли трансляция)  30 21:03КХДРнинг ёпиқ ўтган машғулотидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  2 20:30Бундеслига. "Бавария" ўз уйида "Фрайбург"ни қабул қилмоқда (онлайн ҳисоб)  1 20:10ҚПЛ. "Қайрат" — "Астана" ўйини тақдирини 84-дақиқадаги гол ҳал қилди, Йўлдошев эса...  1 20:00"Ланс" сўнгги дақиқаларда гол уриб, мағлубиятдан қутулиб қолди. Ҳусанов тўлиқ ҳаракат қилди  12 19:40АПЛ. "Челси" ўз уйида "Кристал Пэлас"ни енголмади, "Тоттенхэм" эса сафарда "Ньюкасл"га мағлуб бўлди  6 18:57Палмер – "Челси"даги дебют вақтидан бошлаб топ-5даги энг яхши ассистент. Унда 15та пас бор  1 17:50Конте Осимхен борасидаги хабарни тасдиқлади ва қаттиқ жавоб берди  13 17:21Футболчи "Челси" билан салкам 10 йиллик шартнома имзолашга рози бўлди  2 17:04Франция. "Монако" - "Ланс". Абдуқодир Ҳусанов асосий таркибдами?  3 17:01Футзал бўйича ЖЧ иштирокчиси Ўзбекистонга етиб келди  2 16:47Бу даҳшат! "Наполи"нинг янги футболчисига тўппонча билан ҳамла қилишди  3 16:10"Ливерпуль" футболчиси Салоҳга катта баҳо берди  2 15:40Нико Уильямс нима сабабдан "Барселона"га ўтмаганини айтди  14 15:24"Юнайтед"нинг 60 млнлик футболчиси қайси рақамда ўйнаши аниқ бўлди  4

Bir klub tarixi: "Voha ajdari" Yangiliklar

Bir klub tarixi: "Voha ajdari"

"Championat.asia"da "Bir klub tarixi" rukni davom etadi.

Mamlakatimizning janubidagi viqorli tog'lar, maftunkor tabiat va takrorlanmas manzaralar kishining ko'zini quvontiradi. Sohibqiron yurti azim Qashqadaryoga qadam ranjida qilar ekansiz, mehnatkash va yuzidan nur taraluvchi insonlar taftini his qilasiz. O'ziga hos madaniyati va ananalariga ega hudud aholisining sodda va mehmondo'stligi esa alohida mavzu. Viloyat markazi Qarshi shahridagi o'zgarishlarni ko'rib havasingiz keladi. CHo'l-u biyobonlar ustida qad rostlagan bu kentning tavsifini, shu diyorga bir bora tashrif buyurgan insongina tushunishi mumkin. "Nasaf" futbol klubi esa viloyatning yuzi va bosh jamoasi hisoblanib, charm to'p ixlosmandlarini qalbidan joy egallagan desak mubolag'a bo'lmaydi.



Maktab davrlarimdan futbolga mehrim bo'lakcha. Gazetalar sotib olib, televizorda bo'ladigan futbol dasturlarni qalam bilan belgilab qo'yardim va o'yinlarni intizorlik bilan kutardim. 90 yillar oxirida futbol bellashuvlari asosan haftaning atigi bir kunidagina olib berilar edi. U paytlarda hozirgi kabi internet, futbol saytlari yoki telekanallar degan gap yo'q va bo'lmagan. O'sha davr muxlislari yaxshi eslasa kerak, milliy chempionatimiz o'yinlarini faqat ikkinchi bo'limlari olib berilar edi. Aniq esimda, "Nasaf" ishtirokidagi o'yinlar Husan Temirovning "Qarshi shahridagi "Geolog" stadionidan gapiramiz",- degan jarangdor ovozi bilan boshlanar edi. "Ajdarlar"ning o'yinlari kechagidek ko'z o'ngimda: hujumchi Zafar Xolmurodovning boshi bilan urgan gollari, Ro'ziqul Berdievning paslari, SHuhrat Toshpo'latovning driblinglari, Botir Qoraevning himoyadagi ijrolari, Kamoliddin Kenjaev, Asror Aliqulov, Oleg Qaxxorov va Anvar Berdiev singari futbolchilarning mazmunli o'yinlari xotiramda muhrlanib qolgan. Bugun siz aziz muxlislar bilan vohaning faxri sanalmish "Nasaf" haqida suhbat quramiz.



Klub tarixi

“Ajdarlar” 1985 yil “Geolog” nomi bilan tashkil topgan. 1992 yildan “Paxtachi”, 1996 yildan esa “Dinamo-Nasaf” nomi ostida ichki birinchilik bahslarida ishtirok etgan. 1997 yildan etiboran “Nasaf” nomi bilan milliy birinchiligimizning doimiy ishtirokchisi. Statistik malumotlarga etibor beradigan bo'lsak, o'tgan asrning so'nggi o'n yilligida Oliy liga bahslarida Qashqadaryo viloyatidan faqat Muborakning “Mashal” jamoasi ishtirok etgan. “Gazchilar” 1995 yildan etiboran ketma-ket ikki mavsum milliy birinchilikda ishtirok etgan ersalar, 1997 yilgi mavsumga kelib, o'z o'rinlarini chempionatda “Nasaf”ga “bo'shatib berishdi”. Xullas, viloyatning ikki jamoasi o'rtasida o'ziga hos “rokirovka” amalga oshirildi. Qarshiliklar Oliy ligadagi birinchi mavsumini Viktor Borisov boshchiligida boshlashdi. “Ajdarlar” Oliy ligadagi debyut mavsumida yomon ishtirok etishmadi. Garchi sovrindorlar qatoriga kira olishmagan bo'lsalar ham chempionat finishida oltinchi o'rinni band qilishdi. “Nasaf” o'sha yillarda chempionat gegemonlari “Paxtakor”, “Neftchi”, MHSK, “Navbahor” va “Do'stlik” klublari uchun “bosh og'rig'i” bo'lgan hamda liderlar uchun haqiqiy “chaqilmas yong'oq” vazifasini o'tagan.

1998 yilgi mavsumda jamoa ruliga Viktor Makarov olib kelindi. Mazkur mutaxassis boshchiligida qarshiliklar ikki mavsum milliy birinchilikda ishtirok etishdi. Ammo, yuqori natijalar qo'lga kirita olishmadi. 2000 yilgi mavsumda Bahrom Hakimovning bosh murabbiylik etib tayinlanishi bilan klubda ijobiy o'zgarishlar boshlandi. “Ajdarlar” Oliy ligadagi birinchi medallariga ega chiqishdi. 2001 yilgi mavsum ham klub uchun ancha omadli keldi. Milliy birinchilikda ikkinchi bronza medaliga ega chiqishdi va keyingi mavsumda birinchi marta Osiyo maydonlarida o'z kuchlarini sinab ko'rishdi va Osiyo chempionlar kubogida (hozirgi OCHL) ishtirok etishdi. “Nasaf” Osiyo maydonlarida birinchi bor ishtirok etgan bo'lsa ham mardonavor tarzda yarim finalga qadar etib bordi. Turnirni Ashhobodning “Kopetdog'” klubini ikki o'yin natijasiga ko'ra javobsiz to'rtta gol bilan mag'lub etish bilan boshlashdi. Ikkinchi bosqichda Tojikistonning “Samar-Umed” jamoasi tor-mor etildi va guruh bahslariga chiqishni uddalashdi. Kvartet o'yinlarida qarshiliklarga juda kuchli raqiblar duch keldi. Qarshiliklar Eron chempioni “Istiqlol”, Quvaytning eng kuchli klubi “Al-Quvayt” va BAA chempioni “Al-Vahda” jamoalari qarshiligini sindirishlariga to'g'ri keldi. Birinchi uchrashuvda “Al-Quvayt” jamoasi bilan murosa yo'li tanlangan bo'lsa, ikkinchi bahsda o'sha davrdagi Osiyoning eng kuchli klubi va deyarli Eron milliy terma jamoasi o'zagi hisoblangan “Istiqlol” klubi bilan bahs olib borishdi. Forslarga qarshi o'yinni shaxsan o'zim haligacha eslayman. O'sha bahsda SHuhrat Toshpo'latovning o'ta ayyorlik bilan urgan goli evaziga qarshiliklar hisobni ochishadi. Butun o'yin davomida “Nasaf” har jabhada forslarga imkoniyat berishmadi va o'yinning so'nggi daqiqalaridagina tehronliklar burchak to'pidan gol urishib hisobni arang tenglashtirgan. Guruhning so'nggi o'yini “Al-Vahda” klubiga qarshi bo'lib o'tdi. O'sha bahsda garchi qarshiliklar uchrashuvning birinchi daqiqasida to'p o'tkazib yuborishgan bo'lsalar ham o'zlarini yo'qotib qo'yishmadi. Vohaliklar o'yin davomida avtogol evaziga muvozanatni tiklashdi va birinchi bo'lim so'nggida No'mon Hasanovning 30 metrlardan urgan shedevr goli evaziga g'alabani ilib ketishdi. Yarim finalda J.Koreyaning “Suvon Samsung Blyuuingz” jamoasi bilan to'qnash kelishdi. O'yin ancha shiddatli kechdi va yakunda koreyslar tajriba va mahorat evaziga uchta to'p farqi bilan g'alaba qozondi hamda keyinchalik chempionlikni ham naqd qilishdi. Qarshiliklar uchinchi o'rin uchun kechgan bellashuvda guruhdagi raqibi “Istiqlol”ga qarshi maydonga chiqishdi va mag'lubyatga uchrashdi. Yakunda qitada to'rtinchi bo'lishga erishgan “ajdarlar” Osiyo maydonlaridagi birinchi ishtiroki bo'lishiga qaramasdan o'ziga hos tarix yarata olishdi.

2004 yilgi masumda jamoa bosh murabbiyligiga ukrainalik Oleg Morozov tayinlandi. Ushbu murabbiy qo'l ostida qarshiliklar uchinchi bor bronza medallarini qo'lga kiritishdi. 2005 yildan jamoa boshqaruviga yana Bahrom Hamikov olib kelindi. Vohaliklar 2006 yilda yana bir bronza medallarini qo'lga kiritishdi. Qozog'istonlik Vladimir Fomichyov bosh murabbiyligida esa klub sovrindorlar qatoriga kira olmadi. 2008 yilgi mavsumda klub yangi zamonaviy “Markaziy” stadionida o'yinlarini o'tkazishdi. 2009 yilga kelib klubda ijobiy o'zgarishlar boshlandi. Aynan o'sha yillarga kelib, klub strukturasi tubdan o'zgardi va rahbariyat tomonidan etibor kuchaydi. Rossiyalik Viktor Kumikov boshchiligida qarshiliklar yana sovrindorlar qatoriga qaytishdi. Oliy ligada beshinchi bor bronza medallariga ega chiqishdi va umuman olganda jamoaviy o'yin shakllandi. Viktor Balyutovichning ulkan tajribasi evaziga qarshiliklar milliy birinchilikda raqobatdosh klub sifatida sovrindorlar qatoridan o'rin ola bilishdi.


Klubning mohir hujumchisi Ilhom SHomurodov



We tip our cap to you, Mr. Demyanenko!

Sobiq ittifoq futbol yulduzi va ukrainalik mashhur murabbiy Anatoliy Demyanenkoning klubga kelishi “ajdarlar” uchun yangi tarix sahifalarini ochib berdi. Mazkur murabbiy qo'l ostida jamoa birinchi marta Oliy liga bahslarida kumush medalni qo'lga kiritishdi. Osiyo maydonlarida esa o'zbek futboli tarixida dastlabki bo'lib sovrindor bo'lishga erishdi va hozirgi kunga qadar hech qaysi klubimiz bu natijani takrorlay olmay kelmoqda. Qarshiliklar 2011 yilgi mavsumda OFK kubogi bahslarida finalga qadar etib kelishdi. Hal qiluvchi bellashuvda Qarshi shahridagi “Markaziy” o'yingohda “Al-Quvayt” klubini mag'lub etib, o'zlarining va hozircha o'zbek futboli klublari uchun yagona bo'lib qolayotgan eng yuqori natijani qo'lga kiritishdi. 2012 yil jamoa bosh murabbiyligiga klubning faxriy o'yinchisi va sardori Ro'ziqul Berdiev tayinlandi. Ushbu murabbiy boshchiligida “ajdarlar” to'rt bora bronza, bir marta kushum medallariga ega chiqishdi va uch marta kubok finaliga chiqib, bir marta billur sovrin qo'lga kiritildi hamda superkubok sohibi bo'lishdi. Qolaversa, OCHL bahslarida ham bir nechta mavsumda ishtirok etishdi. 2015 yilgi mavsumda kubok bahslari finalida Toshkentning “Bunyodkor” klubi ustidan g'alaba qozonildi. Jizzaxda bo'lib o'tgan hal qiluvchi bahsda “qaldirg'ochlar”ni mag'lub etgan holda, o'zlarining birinchi billur sovrinlarini qo'lga kiritishdi. 2016 yilgi mavsumda esa superkubok uchrashuvida “Paxtakor”ga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi va klub muzeyini yana bir sovrin bilan bezashdi. 2017 yilda esa “ajdarlar” ikkinchi bor kumush medallarni qo'lga kiritishdi. Kumush medal o'yini uchun kechgan bahsda SHota Arveladze boshchiligidagi “sherlar” to'rtta to'p farqi bilan tiz cho'ktirildi. Joriy mavsumda jamoa asosan o'zining akademiyasida tahsil olgan yosh o'yinchilar bilan mavsumni o'tkazdi va raqobatdosh jamoa bo'lib, muxlislar qalbidan joy ola bilishdi.


2011 yil oktyabr. OFK kubogidagi g'alaba quvonchi.

Klubning erishgan natijalari:
Kumush medal sohibi: (2 marta)
2011 va 2017 yillardagi mavsum.
Bronza medal sohibi: (10 marta)
2000, 2001, 2005, 2006, 2009, 2010, 2013, 2014, 2015, 2016 yillardagi mavsum.
O'zbekiston kubogi sohibi: (1 marta)
2015 yildagi mavsum.
O'zbekiston kubogi finalchisi: (5 marta)
2003, 2011, 2012, 2013, 2016 yillardagi mavsum.
O'zbekiston superkubogi sohibi: (1 marta)
2016 yildagi mavsum.
OFK kubogi sohibi:
2011 yildagi mavsum.
Osiyo chempionlar kubogi:
2002 yilgi mavsumda 4-o'rin sohibi.


Ustoz!

“Ajdarlar” sharafini himoya qilgan va jamoaning yutuqlari uchun jonlarini fido qilgan insonlar bisyor. Jamoaning yaxshi kunida ham, yomon damlarida ham birga bo'lib, klub uchun qo'lidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirgan insonlardan biri shubhasiz bu – Ro'ziqul Berdievdir. Bugun Ro'ziqul Sadullaevich haqida ikki og'iz fikr bildirishni joiz deb bildim. Ro'ziqul aka safdoshlari uchun namunali inson, hamkasblari uchun etuk va qatiyatli mutaxassis hamda shogirdlari uchun sevimli ustozdir! 1971 yil 22 oktyabr sanasida Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tavallud topgan murabbiy futbolchilik faoliyatini “Yangier” jamoasida boshlagan. Mazkur jamoa safida 4 mavsum to'p tepgan va 51 ta uchrashuvda 6 ta to'p kiritishga erishgan. 1997 yildan jonajon “Nasaf” klubi safiga o'tadi va futbolchi sifatida 11 mavsum qarshiliklar safida harakat qiladi. “Ajdarlar”ning yarim himoyasida alishtirib bo'lmas o'yinchi 314 ta o'yinda qatnashib, 65 ta to'p kiritishga erishgan. SHuningdek, qarshiliklarni sardor sifatida maydonga boshlab tushgan. Butsalarini mixga ilgandan so'ng, klub murabbiylari safidan joy oldi va jamoa yoshlar jamoasi murabbiy bo'lib ishladi. 2012 yildan to hozirgi kungacha “Nasaf” jamoasi bosh murabbiy bo'lib faoliyat olib bormoqda va bir muddat terma jamoani ham vaqtincha boshqargan. 2013, 2016 va 2017 yillarda O'zbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan. Ro'ziqul Berdievning shogirdlari doimiy ravishda o'smirlar, yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoalarning tarkibiga jalb etiladi. Bir so'z bilan aytganda Ro'ziqul akaning “ajdarlar” uchun futbolchi va murabbiy sifatida o'rni beqiyosdir. Ayniqsa, yosh o'yinchilarga imkoniyat berishi, doimiy ravishda akademiya tarbiyalanuvchilarni asosiy tarkibga jalb qilib kelishi taqsinga sazovordir. Legioner tanlashda ham o'ta talabchan. Biz ham qarshiliklar ustoziga kelajakda ulkan zafarlar tilab qolamiz.


Ustoz – Berdiev!


“Markaziy” o'yingoh


Qarshi shahrida qad rostlagan “Markaziy” o'yingohi mamlakatimizdagi eng ko'rkam va barcha sharoitlarga ega bo'lgan arenalardan biridir. “Ajdarlar”ning o'y stadioni bo'lgan mazkur sport kopmleksi 2006 yilda qurib bitkazilgan. 21 ming muxlisni o'z bag'riga sig'dira oladi, OAV xodimlari uchun 144 o'rin va oliy toifadagi mehmonlar uchun 900 o'rin mavjud. SHuningdek, maydon to'rt tarafdan 8 ta 1200 lyuksli yoritish moslamalari bilan jihozlangan. O'yingohdan turib bemalol futbol bahslarini yuqori saviyada translyaciya qilish mumkin. Qolaversa, stadionga O'zbekistonda birinchi bo'lib, “o'rgimchak kamera” (SpiderCAM) o'rnatilgan. Maydonga esa “Kentucky bluegrass” kompaniyasi chim yotqizgan. “Ajdarlar” mazkur stadionda birinchi o'yinini 2008 yil 8 avgustda Andijonning “O'zDongJu” klubiga qarshi o'tkazgan. Agar siz Qarshi shahriga mehmonga kelsangiz, albatta mazkur zamonaviy stadionga tashrif buyurishingizni maslahat beraman.


“Markaziy” o'yingoh


Qirol Artur

Qarshilik muxlislar uchun Artur Gevorkyan haqiqiy sardor bo'lgan. Turkmanistonlik futbolchi “ajdarlar” safida o'tkazgan olti mavsumi davomida 140 ta o'yinda maydonga tushgan va 64 ta to'p kiritishga erisha olgan. Artur butun jamoani o'zi bilan etaklab, har qanday holatda ham sardorligini unutmasdi. Bazida jamoaning o'yini chiqmay qolgan damlarda haqiqiy liderga aylanardi va mahorati evaziga barchasini o'zi hal qilib ketaverardi. Eng kerakli va klub uchun hal qiluvchi pallalarda ham sovuqqonlik bilan qaror qabul qilishlari, maydonni ko'ra olish qobiliyati, standart vaziyatlardan unumli foydalanishi va to'pni muhim vaziyatlarda mohirona olib yurishlari bilan muxlislar erkatoyiga aylangan edi. Qarshilik muxlislar uni faxrlanib “Qirol Artur” deya chaqirishgan.

Qirol Artur

“Nasaf” klubi mamlakatimizning eng nomdor jamoalaridan biridir. Klubda bir maromda ishlovchi tizim yaratilgan. Bolalar futbolidan tortib, turli yoshlardagi tarkiblardagi jamoalarga ham alohida etibor beriladi. Jamoa akademiyasi, baza va o'yingohda barcha sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, klubda o'z ishining mohir mutaxassislari mehnat qilishadi. Qilinayotgan ijobiy va samarali mehnat bir kun kelib albatta o'z mevasini bermasdan qolmaydi. Zero, natijalar hamisha aniq reja asosida qilingan mehnatga qarab bo'y cho'zadi. “Ajdarlar”ga ulkan muvaffaqiyatlar tilagan holda, jamoaning g'alabalari davomli bo'lishini xohlovchi muxlislari auditoriyasi bundan ham keng bo'lishini istaymiz.

Etiboringiz uchun rahmat!
Farruh Doniyorov

Reyting: +52   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика