So’nggi yangiliklar

06:45ЛаЛига. "Реал Мадрид" - "Бетис", Мбаппе ЛаЛигадаги биринчи голини урди  0 02:28Ла Лига. "Реал Мадрид" Мбаппенинг дубли эвазига "Бетис"ни мағлубиятга учратди  41 01:50Лига 1. ПСЖ меҳмонда "Лилль"ни мағлуб этди  1 01:46Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" Истанбулда "Бешиктош"га мағлуб бўлди, Турғунбоев эса...  4 01:42А Серия. "Ювентус" ва "Рома" ўртасидаги ўйинда ҳисоб очилмади, Шомуродов 82-дақиқада ўйинга қўшилди  23 01:25"Ман Сити" ўйинчисини "Бенфика"га ижарага берди  1 00:11Тен Хаг "Ливерпуль" (0:3)дан учралган мағлубиятдан сўнг нималар деди?  7 23:19Бир-икки, бир-икки...  11 22:40АПЛ. 3-турнинг марказий учрашувида Салаҳ ва Диас "Манчестер"ни "ёндиришди"  14 22:26Бундеслига. "Бавария" ўз уйида "Фрайбург"ни қийинчиликсиз таслим этди  3 22:25Лига 1. "Монако" - "Ланс" 1:1, Ҳусанов Минамино ва Балогунга қарши  4 22:09Ўзбекистон U-20 жамоаси Хитойдаги мусобақага йўл олмоқда. Сафар олдидан видео репортаж  2 21:55АПЛ. "Ливерпуль" "Олд Траффорд"да "Манчестер Юнайтед"ни йирик ҳисобда мағлуб этди  67 21:33"Спартак" Туркия терма жамоаси футболчиси учун саккиз миллион евро таклиф қилди  2 21:03КХДРнинг ёпиқ ўтган машғулотидан ФОТОГАЛЕРЕЯ  8

Bir klub tarixi: "Qizil iblislar" Yangiliklar

Bir klub tarixi: "Qizil iblislar"

"Championat.asia"da "Bir klub tarixi" rukni davom etadi.

“La-mansh” bo'g'ozidan o'tib, Britaniya oroliga qadam ranjida aylasangiz, qirollik ananalari ufirib turuvchi tumanli diyor bilan yuzlashasiz. Atlantika okeanining mavjli to'lqinlari yuvib turuvchi orolning shimoliy–g'arbiy bag'ri yaqinidagi Manchester shahri esa “ricarlar yurti”ning maftunkor va yirik megapolislaridan biridir. SHahar tabiati va ob-havosining tozaligi bilan albiondagi boshqa “city”lardan ajralib turadi. Aholisi xushchaqchaq, ochiq-ko'ngil va albatta britancha tartib qoidalarga qatiy amal qiluvchi insonlardan iborat. Manchester so'zini eshitgan har bir inson yodiga birinchi navbatda mashxur futbol klubi kelishi turgan gap. Zero, Manchester jumlasi, o'z yonidagi “jufti” Yunayted so'zi bilan yanayam jarangdorroq yangraydi. Bu nomlar biri-biri bilan uyqash bo'lib, g'alabalari, mashxurligi va tarixiyligi bilan butun dunyo fanatlarini yuragidan muqim joy olgan. 141 yillik ulkan o'tmish va oltin harflar ila bitilgan faoliyat. Xullas, bu — “Manchester Yunayted”.

Manchester shahri ko'rinishi

3 asrni ko'rgan “Qizil iblislar”ning faoliyatiga nazar soladigan bo'lsak, jamoada nafaqat Britaniyadagi, balki, dunyodagi eng mashhur futbolchilardan tortib, top darajadagi murabbiylar faoliyat olib borganiga guvoh bo'lishimiz mumkin. “Qizillar”ning erishgan natijalari ham ancha salmoqli. Jumladan, mamlakat birinchi divizionining 7 karra g'olibi, Premer-liga bahslarining 13 mavsumdagi chempioni, 12 bora Liga kubogi sovrindori, 5 ta billur sovrin sohibi, 21 marta superkubok egasi. Qolaversa, ECHLning bir necha bor sohibi, UEFA kubogi va superkubogi g'olibi, klublar o'rtasidagi Jahon chempioni hamda qitalararo kubok g'olibi. Maqtanishga arzigulik yutuqlar, shunday emasmi?



“Glory, Glory, Man United!”

Klub muxlislari esa hamisha o'zlarini jentelmenlardek tutishi bilan nom qozongan. Ular turk muxlislariga o'xshab argessivlik qilishmaydi va italiyalik tiffozilari kabi jahldor emaslar. XX asrning o'rtalarida manchesterlik fanatlar britancha oqsuyaklik ila stadionga tashrif buyura boshlashgan: o'sha inglizcha klassik smoking, qo'ng'irrang babochka va albatta qo'llarida qimmatbaho aso. Ushbu prikid bugungi kunga qadar manchesterlik muxlislarning tashrif qog'ozi bo'lib qolgan. MYU ishqibozlari butun o'yin davomida o'z suyuklilarini ruhlantirgan holda klub madhiyasi “Glory, Glory, Man United!”ni baralla jo'r bo'lib kuylashadi. Quyida sizni manchesterliklarning tarixi bilan yaqindan tanishtirib o'tamiz. Etiboringiz markazida “qizil iblislar almanxi”.

MYU jonkuyarlari


Klub tarixi


“Qizil iblislar” 1878 yilda “Nyuton Xit” nomi ostida bir guruh temiryo'lchi ishchilar tomonidan tashkil etilgan. 1902 yildan etiboran “Manchester Yunayted” nomi ostida faoliyat olib bormoqda. O'sha vaqtdagi jamoa bosh murabbiyi Ernest Mangnelldan birinchi navbatda jamoani yaxshi ijrochilar bilan to'ldirish talab etilgan. Mangnellning bosh murabbiyligida o'tgan 10 yil davomida “qizillar” birinchi divizionda ikki bor chempionlikni nishonlashgan (1908, 1911 yillarda) va kubok bahslarida bosh sovrinni qo'lga kiritishgan (1909 yil). XX asr boshlarida manchesterliklarning eng yaxshi ijrochilaridan bo'lgan Billi Meredit, Gerberd Berjes, Sendi Ternbull va Jimmi Bennister kabi futbolchilar klubning g'alabalariga munosib hissa qo'shganlar. Klubning birinchi uy uchrashuvlarini qabul qilgan “Nord Roud” o'yingohida bo'lib o'tadigan o'yinlar hamisha muxlislar bilan to'lgan va shahar aholisining futbolga mehri boshqacha bo'lgan. Manchesterliklar o'yini 1920 yillarga kelib biroz pasaydi. Jamoa bir necha bor quyi ligalarga tushib ketgan holatlar bo'ldi. Umuman olganda o'sha vaqtlarda ingliz klublarining deyarli barchasida moliyaviy qiyinchiliklar mavjud bo'lgan. 1931 yilga kelib “qizil iblislar” bankrot holatiga tushib qoladi. Klub bu jarayondan bazo'r chiqib keta oldi. Manchesterliklar osmonida “qora bulutlar” suzib yurgan vaqtlar bir necha yillarga qadar cho'zildi. 1945 yilda jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan Ser Mett Basbi klubda aytarlicha o'zgarish qila oldi. Uning qo'l ostida manchesterliklar 26 yil davomida to'p tepishdi. “Qizillar” Basbi boshchiligida 5 marta chempionlik nashidasini surishdi (1952, 1956, 1957, 1965, 1967 yillarda) va 2 bora mamlakat kubogida g'alaba qozonishdi (1948, 1963 yillarda). 1968 yilda esa xalqaro maydondagi birinchi sovrin qo'lga kiritildi. Evropa chempionlar kubogi (hozirgi ECHL) final bahsida Portugaliyaning “Benfika” jamoasi mag'lub etildi.

1902 yilgi “Qizil iblislar”


Mett Basbi davri


1958 yilda esa klub uchun qayg'uli holat yuz berdi. Evropa CHempionlar kubogida Belgradda “Crvena Zvezda” klubi bilan bo'lib o'tgan o'yindan qaytayotgan klub samolyoti Myunxenda halokatga uchraydi va jamoaning to'qqiz nafar azosi vafot etadi hamda omon qolgan o'yinchilar turli darajadagi jarohatlarga yo'liqishadi. 1960 yilda Basbi jamoaga bir nechta kuchli ijrochilarni qo'shib oladi. Denis Lou va Pet Krerand singari yulduzlar jamoaga juda tez ko'nikib ketishadi. Undan tashqari, jamoa yulduzlari Bobbi CHarlton, Bill Foulks, Denis Lou va Denis Vayollet singari o'yinchilar “qizillar”ning qolgan o'yinchilarini ham ruhlantirgan holda, g'alabalar sari boshlashar edi. 1971 yilda Mett Basbi jamoani tark etadi va uning o'rniga jamoa bosh murabbiyligiga kelgan Tommi Doxerti klub bilan aytarli yutuqlarni qo'lga kirita olmadi. Faqatgina, 1977 yildagi Angliya kubogidagi g'alabani hisobga olmaganda boshqa bir titulga ega chiqa bilmadi. Balki, jamoani quyi ligaga ravon bo'lishiga sababchi bo'ldi. 1975 yilda “qizil iblislar” yana kuchlilar safiga qaytganiga guvoh bo'lganmiz. 1981 yilda jamoa “rul”ini qabul qilib olgan Ron Atkinson ham 5 besh yillik faoliyatida ikki bor kubok bahslarida billur sovrinni qo'lga kirita oldi holos (1983, 1985 yillar).

80 yillardagi tarkib


Yangi davr va g'alabalar shukuhi


1986 yilda klub bosh murabbiyligiga shotlandiyalik Aleks Fergyusonning tayinlanishi esa “qizil iblislar” uchun yirik muvaffaqiyatlar bilan esda qoldi. Garchi, shotlandiyalik murabbiy boshchiligidagi birinchi mavsumda klub turnir jadvalinining 11 pog'onasidan o'rin olgan bo'lsa ham, keyingi mavsumlarda o'zlarini har tomonlama ko'rsata bilishdi. 1991 yilda Aleks jamoa uchun xalqaro maydondagi birinchi sovrinini qo'lga kiritdi. Kubok egalari kubogi finalida Yoxan Kroyf boshchiligidagi Kataloniyaning “Barselona” klubini Mark Xyuzning dubli evaziga mag'lubiyatga uchratishdi. UEFA superkubogida esa Belgradning “Crvena Zvezda” klubi mag'lub etildi. 1992 yilda yangi tashkil etilgan Premer-liga o'yinlarida chempionlik masalasi hal qilindi. SHuningdek, o'sha mavsumda mamlakat liga kubogida ham zafar quchildi. XX asrning so'nggi o'n yilligida “qizil iblislar” sharafini himoya qilgan ijrochilar juda ajoyib o'yin ko'rsatishgan. Jumladan, Peter SHmeyxel, Pol Parker, Denis Irvin, Li SHarp, Erik Kantona, Brayan Makkler, Rayan Giggz, Andrey Kanchelskis, Roy Kin, Nikki Batt, Devid Bekxem, Pol Skoulz, Kleyton Blekmor, Garri Uolsh, Garri Nevill, Les Sili va Mark Xyuz singari futbolchilar “qizillar”ning yutuqlariga munosib hissa qo'shishdi. Ketma-ket chempionlik masalasi ijobiy hal qilindi (1994, 1996, 1997, 1999, 2000, 2001, 2003 yillarda). 1999 yilda klub ajoyib mavsumni o'tkazdi. Premer-ligadagi chempionlik va kubokda g'alabaga erishildi. Xalqaro maydonda esa UEFA CHempionlar ligasida “Bavariya” mag'lubiyatga uchratildi va Qitalararo kubok finalida Braziliyaning “Palmeyras” klubidan Roy Kinning yagona goli evaziga ustun kelishdi. Faqatgina, o'sha yilgi UEFA superkubogi bahsida Rimning “Lacio” klubiga imkoniyatni boy berishdi. SHundan so'ng manchesterliklar 2007, 2008, 2009 va 2011 yillarda chempionlikni naqd qilishdi. 2004 yilda mamlakat kubogini qo'lga kiritishdi hamda Angliya liga kubogi va superkubok bahslarida bir-necha bor shohsupaning eng yuqori o'rniga ko'tarila olishdi.

“Bezori” Kantona


Moskva ko'z yoshlarga ishonmaydi


2008 yilgi mavsumda jamoa xalqaro maydonda bir nechta “front”da kurash olib borishiga to'g'ri keldi. O'sha yili “qizil iblislar” ECHL finaliga qadar etib borishdi. Musobaqa finishida Premer-ligadagi azaliy raqiblari Londonning “CHelsi” klubiga qarshi chempionlik masalasini hal qilishdi. Moskvadagi “Lujniki” o'yingohida bo'lib o'tgan uchrashuvda Fergyuson shogirdlari birinchi bo'lib hisobni ochishdi. O'yinning 26 daqiqasida Ronaldu tomonidan kiritilgan golga, birinchi taym oxirida “aristokralar” yulduzi Frenk Lempard javob qaytardi. Bahsning asosiy va qo'shimcha daqiqalarida muvozanat buzilmadi va bosh hakam Lyubosh Mixel jamoalarni lotoreyalar seriyasiga taklif etdi. Penaltilar bahsida manchesterliklardan Karlos Teves, Maykl Karrik, Ouen Xargrivz, Nani, Andersson va Rayan Giggz zarbalarda adashmadi. Aksincha, Ronalduning zarbasi golga aylanmadi. “CHelsi” tarkibida o'n bir mertlik nuqtada Jon Terri va Nikolya Anelka adashdi va “qizil iblislarga” chempionlikni taqdim etishdi. Lotoreyalar seriyasi yakuniga etgandan keyingi jarayonda Ronaldu hammanining etibori tortdi. Uning quvonch aralash yig'isi barchani diqqat markazida bo'ldi. Roni o'sha tunda g'alaba ko'z yoshlari ila Moskvani ishontira oldi va jamoasi bilan ko'hna qitaning eng nufuzli turnirida chempionlikga erishdi. Qolaversa, o'sha yilning kuzida hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshqargan klublar o'rtasida bo'lib o'tgan jahon chempionati finalida Ekvadorning “LDU Kito” klubini Runining yagona goli evaziga mag'lubiyatga uchratishdi. UEFA superkubogi bahsida esa Sankt-Peterburgning “Zenit” jamoasiga imkoniyatni boy berib qo'yishdi.

2008 yilgi finaldan so'ng. “Yig'loqi” Roni kubok bilan


Fergyusonning ketishi, "Special one" va yangi shakklangan “qizillar”


2009 va 2011 yilgi mavsumlarda manchesterliklar yana chempionlik maslalasini ijobiy hal qilishi bilan birga, ECHL finaliga qadar etib kelishdi. O'xshashlikni qarang-ki, ikkala finalda ham “Barselona”ga qarshi maydonga chiqishdi va har ikki uchrashuvda ham mag'lubiyatga uchrashdi. 2013 yilda klubni chorak asrdan ziyodroq boshqargan Aleks Fergyuson tark etdi va jamoani yangi bosh murabbiy Devid Moyesga topshirdi. Undan keyin esa boshqaruvga Lui Van Gal keldi. Gollandiyalik mutaxassis jamoada ikki yillik faoliyat olib bordi va faqatgina mamlakat kubogidagi g'alaba bilan cheklandi. 2016 yili klubni qabul qilib olgan Joze Mourinyu boshchiligida manchesterliklar mamlakat liga kubogini qo'lga kiritdi. 2017 yil UEFA kubogi finalida Amsterdamning “Ayaks” klubi ustidan qozonilgan g'alaba bilan o'z sovrinlari katalogini boyitishdi. SHundan so'ng, “Special one” ham jamoa bilan uzoq ushlanib qolmadi va salbiy natijalar ortidan jamoa bilan xayrlashdi. Bugungi kunda “qizil iblislar”ni klub o'tmishining mashhur ijrochisi Ole Gunnar Sulsher boshqarmoqda. Joriy mavsumda jamoaning ishlari u darajada yaxshi ketyapti deb aytib bo'lmaydi. Klub Premer-ligada 14 o'yinda ishtirok etib, 18 ochkoni qo'lga kiritgan va turnir jadvalining 10 pog'onasidan joy olgan.

Special one


Klubning erishgan natijalari:


Angliya birinchi divizioni chempioni: (7 marta)
1908, 1911, 1952, 1956, 1957, 1967 yillardagi mavsumlarda.
Premer-liga chempioni: (13 marta)
1993, 1994, 1996, 1997, 1999, 2000, 2001, 2003, 2007, 2008, 2009, 2011, 2013 yillardagi mavsumlar.
Angliya kubogi sohibi: (12 marta)
1909, 1948, 1963, 1977, 1983, 1985, 1990, 1994, 1996, 1999, 2004, 2016 yillardagi mavsumlar.
Angliya Liga kubogi g'olibi: (5 marta)
1992, 2006, 2009, 2010, 2017 yillardagi mavsumlar.
Angliya superkubogi g'olibi: (21 marta)
1908, 1911, 1952, 1956, 1957, 1965, 1967, 1977, 1983, 1990, 1993, 1994, 1996, 1997, 2003, 2007, 2008, 2010, 2011, 2013, 2016 yillardagi mavsumlar.
ECHL g'olibi: (3 marta)
1968, 1999, 2008 yillardagi mavsumlar.
Evropa ligasi sohibi: (1 marta)
2017 yilgi mavsumda.
Kubok egalari kubogi g'olibi: (1 marta)
1991 yilgi mavsumda.
UEFA superkubogi g'olibi: (1 marta)
1991 yilgi mavsumda.
Qitalararo kubok sohibi: (1 marta)
1999 yilgi mavsumda.
Klublar o'rtasida Jahon chempioni: (1 marta)
2008 yilgi mavsumda.



Finallar finali

Britaniyalik mashhur bir siyosatchi shunday degan ekan: “Muvaffaqiyat — bu nuqta qo'yildi degani emas, muvaffaqiyatsizlik — bu tamom degani emas: ahamiyatga ega yagona narsa — bu kurashni davom ettirishga bo'lgan jasoratdir”. Mazkur iqtibos Kataloniyada bo'lib o'tgan final o'yiniga naqadar mos kelishiga guvoh bo'lishingiz mumkin. 1999 yil 26 may sanasi Kataloniyaning “Kamp Nou” o'yingohida UEFA chempionlar ligasi final bellashuvi bo'lib o'tdi. “Bavariya” va MYU klublari 90 245 muxlis qarshisida maydonda saf tortishdi. Aleks Fergyusonning “qizil armiya”siga qarshi, Otmar Xitcfeld tomonidan o'ziga hos “recept” tayyorlangan edi. Ushbu bahsda sodir bo'lgan voqealarni muxlislar hamon eslaridan chiqarmagan ersalar ajab emas. O'sha oqshom va o'sha final: ingilizlar quvonchi-yu, nemislarning qayg'usi va stadiondagi anshlag. Uncha-buncha nodir sanat asarlari aks etgan teatrda qo'yilgan spektaklda ham siz bu o'yinda olgan “enegriyani” olmasligingiz tayin. Barchasi, shunchaki — dramatika edi. Italiyalik mashxur arbitr Perludji Kollina jamoalarni chempionlik masalasini hal qilib berishga chaqiruvchi hushtagi yangrashi bilan, xaqiqiy finallar finali boshlandi. O'yining 6 daqiqasi “qizillar”ning novegiyalik himoyachisi Ronni Yonsen inglizlar jarima maydonchasi yaqinida Karsten Yankerga qo'pollik ishlatadi. Vaziyatdan nemislar unumli foydalana bilishdi. “Bavariya”ning eng ayyor ijrochilaridan biri Mario Baslerning yo'llagan zarbasi qarshisida “qizil iblislar” sardori va darvozaboni Peter SHmeyxel ojiz qoldi. Butun o'yin davomida nemislar “hujum yomg'irini” uyishtirishdi. Ayniqsa, myunexliklar futbolchilari Karsten Yanker, Aleksandr Cinkler va Yens Yeremislar tinimsiz inglizlar mudofaasini diqqat markazida bo'ldi. Aniq hisob-kitobni hush ko'ruvchi nemislar maydonni har bir qarich erini to'liq nazoratda ushlashdi va raqibga taktik jihatdan o'yin bermadilar. Qolaversa, kuchli pressing evaziga iloji boricha o'yindagi hisobni ushlab qolishga harakat qilishdi va inglizlarni maydon markazini o'zida kutib, raqib hujumlarini “brak”ga chiqarishga harakat qilishdi. Bu holatdan chiqib ketish uchun Aleks Fergyuson ajoyib ikkita o'zgarishni amalga oshirdi. O'yinning 67 daqiqasida Yesper Blumkvistni Teddi SHeringemga va 81 daqiqada Endi Koulni Ole Gunnar Sulsherga alishtirdi. Ha, bu o'zgarish Serning “dastxati” edi. O'yinning asosiy vaqti tugadi va “Bavariya” hamon oldinda. Hakam tomonidan o'yinga qo'shimcha besh daqiqa qo'shib berildi va hammasi o'shandan keyin boshlandi. “Qizil iblislar” burchak zarbasi ishlab oldi. Barcha “Bavariya” jarima maydoni ichida jam bo'lishdi. Hatto, darvozabon Peter SHmeyxel ham so'nggi najotni izlab, raqib darvozasi oldida izg'ib yurardi. Burchakdan to'p oshiriladi va biroz pala-partishlikdan so'ng Rayan Giggz zarbasi to'g'ri SHeringemning oyog'iga borib tushadi. Teddining nozik zarbasi va Gol! Oliver Kann esa qo'llarini tepaga ishora qilgancha qotib qoladi. Mazkur rakursni to'la hazm qilib ulgurmagan myunxenliklar ikkinchi “zarba”ni qabul qilib olishdi. Yana Bekxemning havolatib uzatib bergan burchak to'pi va bu safar Sulsherning yakuniy zarbasi, hisob 1:2...

Ser Aleks Fergyuson “Kuch bilan emas, ishonch bilan ish tut” iborasi negizida katta mano borligini isbotlay bildi. “Bavariya” futbolchilari maydon markazidan to'pni boshlashi bilan hakamning final xushtagi yangradi. Barcha karaxt ahvolga edi. Ha, taqdir myunxenliklar bilan ochiqchasiga hazillashdi. “Bavariya” futbolchilari yig'idan o'zlarini tiyib tura olishmadi. Himoyachi Samuel Kuffur ko'zlarida yosh bilan maydon chimini mushtlagancha ichki kechinmalarini yashira bilmadi. Lotar Matteus esa taqdirlash marosimida hatto kumush medalni taqishni ham istamadi.
O'sha vaqtlardagi “Bavriya” klubi rahbarilaridan biri Franc Bekkenbauer mazkur bahsni shunday eslaydi: “O'yinning so'nggi daqiqalari davom etayotgan vaqtda men yonimdagi sheriklarimni g'alaba bilan tabrikladim va pastga taqdirlash marosimiga yo'l oldim. Maydonga tushdim va tablodagi hisobga ishonolmadim!”.

UEFA prezidenti Lennart Yuxanssonning ushbu bahs haqida xotirlagan so'zi: “O'yin so'nggida turnir kubogi “Bavariya” klubi lentalari bilan bezatilib qo'yilgan edi. Ammo...”

Ser Aleks Fergyuson esa o'yin xaqida shunday fikr bildirgan: “Jin ursin futbolni..!”

“Qizil iblislar” o'zlarining ikkinchi ECHL g'olibligini ana shunday bellashuvda qo'lga kiritishdi va futbol bahsi so'nggi soniyalarga qadar davom etishini hammaga isbotlab berishdi. “Hech qachon, hech qachon dema!” iborasi naqadar to'g'ri ekanligiga barchani ishontira olishdi.

Kataloniya finalidagi g'alaba aksi


SHotlandcha intizom yohud “Xammurapi qonunlari”


Ser Aleks Fergyusonning “qizil iblislar” ustozligida o'tkazgan 27 yillik faoliyati davomida “temir intizomi” va bir so'zligi bilan nom qozongan. Jamoa sharafini himoya qiluvchi har qanday futbolchiga, u kim bo'lishidan qatiy nazar birinchi galda o'zi o'rnatgan qonunlarga so'zsiz bo'y sunishga majbur ekanligini uqtirar edi. Klubdagi eng mayda detallargacha o'zi hal qilib, shaxsan u tomonidan ishlab chiqigan ichki qonunlar birinchi darajada bajarilishini shogirdlaridan talab qilgan. “Manchester orkestri” faqat serning dirijyorligada “ijro” etilgan va faqat uning “batutta”sida belgilagan ko'rsatmasi evaziga hal qilingan. Bir so'z bilan aytganda shotlandiyalikning talablari oldida “Xammurapi qonunlari”gi bandlar ham “xijolat” bo'lgan. “Qariya”ning qo'lida ne-ne yulduzlar o'ynamagan va kimlar “qayta tarbiyalanmagan” deysiz. Jumladan, “bezori” francuz Erik Kantonadan tortib, irlandiyalik “quloqsiz” Roy Kinlar ham Fergyuson oldida o'z xarakterlarini ko'rsata olmay qolishgan va keyinchalik tarbiyali futbolchi va sardor sifatida barchaga o'rnak bo'lishgan. Albatta, bunda Aleksning klubda o'rnatgan shotlandcha intizomi asosiy rolni o'ynab bergan. Aleks Fergyuson o'zi tomonidan o'rnatilgan tartibni buzgan o'yinchini kechirib o'tirmas edi. SHunday holatlardan biri sifatida Devid Bekxem bilan bo'lib o'tgan hodisani keltirib o'tish joiz. O'sha vaqtlardagi dunyo futbol yulduzi va MYUning eng alishtirib bo'lmas futbolchisi bo'lgan Devidni butsa bilan “siylagan”i hammamizning yodimizda. Aynan o'sha davrlarda Bekxemning ortidan reklamachilar chamadonda millionlab dollar ko'tarib yurardi, mashhur klublar dahshatli miqdorda shartnomalar taklif qilar edi. Qolaversa, Beksning o'zi moda va futbol qiroli bo'lib, dunyodagi eng oligarx futbolchilardan biri bo'lgan. Fergyuson esa shunday ijrochini hatto bitta kiyilgan butsachalik ko'rmagani, uning nechog'lik qatiyatli inson ekanligidan darak beradi. Kunlarning birida “Komandor” futbolchilarga shunday talab qo'yadi: “Agar kimdir, jamoa libosini o'yin davomida echsa yoki raqib bilan almashtirsa, o'sha futbolchi klubda boshqa o'ynamaydi!” Talab bitta – etirozga o'rin yo'q edi. Premer-liganing navbatdagi uchrashuvilaridan birida jamoa hujumchisi Rud van Nistelroy raqib jamoa o'yinchisi bilan libos alishadi va bu ishi oqibatida Aleksning g'azabiga duchor bo'lgan. SHunday holatlardan biri Duayt York bilan ham sodir bo'lgan. O'yindagi yagona golni kiritgan trinidadlik futbolchi shodligini klub libosini echgan holda golni nishonlaydi va bu murabbiyga yoqmaydi. Hozirda “qizillar”ni boshqarayotgan Sulsher o'sha vaziyatni ko'rib, hujumchiga shunday degan edi: “Ex, Yorki bekor qilding!”. Mazkur ishi orqasidan mavsum so'nggida Duayt York “Blekbern Rovers”ga ravona bo'ladi. SHuningdek, klub rahbariyati ham shotlandiyalikning jamoada o'rnatgan “temir intizomi”ga qarshilik ko'rsatishmagan. Fergyuson esa erishgan natijalari bilan barchasi to'g'ri yo'lga qo'yilganligini isbotlay olgan. Axir, Premer-liganing 13 karra g'olibi, Anliya kubogining 5 bora g'olibi, 4 marta Liga kubogi sohibi, 10 ta superkubok, ECHL g'olibi, Kubok egalari kubogi sovrindori, UEFA superkubogi, Qitalararo kubok va Klublar o'rtasidagi jahon chempioni bo'lgan murabbiydan yana nimani talab qilish mumkin. Fergyuson “qizillar”ni 27 yil davomida 1500 ta uchrashuvga olib chiqqan. Mazkur bahslardan 895 tasida g'alaba qozongan, 338 ta uchrashuvda durrang qayd etilgan va 267 bor mag'lubiyatga uchragan. To'plar nisbati 2769 ga 1365. G'alabalar koefficienti esa 59,67ni tashkil qilgan.

SER


Barchasi MYU xaqida


Klub rahbarlari:

Joel Gleyzer va Avram Gleyzer.
Klub ijrochi direktori:
Ed Vudvord.
Klub o'yingohi:
“Old Trafford” 74 879 sig'imga ega.
Klub safida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi:
Rayan Giggz. 963 o'yin (168 ta gol). 1991-2014 yilgi mavsumlarda.
Klub safida eng ko'p gol kiritgan futbolchi:
Ueyn Runi. 253 ta gol (559 ta o'yin). 2004-2017 yilgi mavsumlarda.
Klubni eng uzoq boshqargan murabbiy:
Ser Aleks Fergyuson. 1500 ta o'yin. 1986-2013 yillardagi mavsumlarda.
Klubning eng yirik g'alabasi:
10:0. 1956 yilgi mavsumda Evropa chempionlar kubogida “Anderlext” klubi ustidan.


Bugungi maqola orqali “qizil iblislar” tomonidan yaratilgan betakror tarix ko'zgusini yoritishga harakat qildim. “Tumanli albion”da buyuk o'tmish yarata olgan va g'alabalari bilan ishqibozlarni mamnun etgan jamoa xaqida qancha yozsangiz ham, klubga berilgan tavsif miqdori bir qadar ozdek tuyulaveradi. Mamlakatimizda ham manchesterliklarning ashaddiy muxlislari talaygina va ular hozir shu matnlarni o'qimoqda deb umid qilaman. Kaminaning klub xaqida yozganlari shulardan iborat. Sizlar xotiralaringiz bilan o'rtoqlashgan holda MYUga qanday tarif bergan bo'lardingiz?

P.S: Maqoladagi statistik malumotlar xorijiy saytlardan olingan faktlar asosida tayyorlangan. Sahifadagi matnlar esa maqola muallifining shaxsiy imhosi.

Farrux Doniyorov

Reyting: +37   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика