Mirjalol Qosimov: "To'rt o'yindan buyon gol ura olmayapmiz. Futbolchilarga ortiqcha bosim qilib yubordim, degan xayol keldi"
01 iyu 01:11
Yangiliklar


Mirjalol Qosimov: "To'rt o'yindan buyon gol ura olmayapmiz. Futbolchilarga ortiqcha bosim qilib yubordim, degan xayol keldi"
"Bosh qotdi. Tushunarsiz o'yin. Realizaciya yo'q. Vaziyatlar bor, harakat qildik. "Surxon" intizomli o'yin namoyish etdi va kutilmaganda qarshi hujumlarga o'tdi. Imkoniyatlar yaratdik, ammo ulardan foydalanish masalasida oqsadik. Mashg'ulotlarda ushbu jihat ustidan ishlamoqdamiz. Adashmasam, to'rt o'yindan buyon gol ura olmayapmiz. "Buxoro"ga qarshi o'yinda avtogol urildi. Muxlislarimizdan uzr so'rayman va natijani o'z bo'ynimga olaman. Ushbu vaziyatdan o'zimiz chiqib ketishimiz kerak. Hech kim chetdan yordam bermaydi. O'yinni ko'rib chiqamiz va qanday qilib gol o'tkazib yuborganimizni bilib olamiz" - deya fikr bildirdi Mirjalol Qosimov bugungi bahs haqida.
- Bugun markaziy himoyachilar To'xtaxo'jaev va O'lmasaliev o'ynamadi. Ustiga-ustak, jamoani yaqinda Sardor Rahmonov ham tark etgan edi. Asosiy markaziy himoyachilarning yo'qligi qanchalik tasir o'tkazdi? "Surxon" juda xavfli qarshi hujumlar tashkil etdi...
- Realizaciya masalasida kamchiliklar bor. Raqibimiz juda ham intizomli himoyalanadi. Vaziyatlarimizdan foydalana olsak, shundagina raqib hujumga o'tishga majbur bo'ladi va bizda imkoniyatlar paydo bo'ladi. Qarshi hujumdan foydalanib ketish har doim osonroq bo'lgan. Bugun ham shunday vaziyat bo'ldi. Juda ham yaqin kelgan edik, ammo tepilgan to'p tepaga uchib ketdi yoki o'zimizning futbolchiga tegib, yo'nalishni o'zgartirib yubordi. Biroq jamoada shijoat bor. Futbolchilar biroz shoshib qolishdi ham, ammo barchasi uchun realizaciya kerak.
- Siz har doim qanot chizig'i oldida ancha "aktiv"siz va futbolchilarga ko'p ko'rsatmalar berasiz, ammo bugungi uchrashuvda, deyarli zaxira o'rindig'idan turmadingiz. OKMK qayd etayotgan yomon natijalar bunga sababmi?
- O'rnimdan turdim-ku. Sizlarga shunday ko'ringan bo'lishi mumkin. O'yin davomida, fikr xayol o'tadi va miya ishlaydi. Futbolchilarga ko'proq bosim o'tkazib yubormadimi degan manoda o'zimni tiyib turishga harakat qildim. Sababi bu vaziyatdan chiqib ketishimiz va g'alaba qozonishimiz kerak edi. Faqatgina g'alaba haqida o'ylayverganimizdan so'ng, men futbolchilarga ortiqcha bosim qilib yubordim degan xayol keldi. Shuning oqibatida, xotirjamlik yo'qolib, shoshqaloqlik paydo bo'lganidek. Men har doim yigitlar bilan birgaman.
- OKMK jamoasining ikki oy avvalgi o'yinlari bilan hozirgi kunda namoyish etayotgan o'yinlarida qanday pasayish bo'ldi? Nimalar o'zgardi? Bunday yomon natijalarga nima sabab bo'lyapti?
- Aytyapman-ku, FIFA kunlari bizga juda yomon tasir qildi. Yoshlar terma jamoasiga borgan futbolchilarimizdan qoniqmadim. Islom To'xtaxo'jaev ham shunday. Islomning o'ziga ham bu haqda aytdim. Tushunarli, bunday eyforiyada ko'p energiya yo'qotiladi. Quvvatni tiklab olish uchun esa malum bir vaqt kerak. Endi tezroq davralar orasidagi tanaffusga chiqishimiz kerak. To'g'ri yo'nalish tanlab, ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko'rish kerak. Muxlislarimizni yorqin natijalarga o'rgatib qo'ydik, shu sababli hozir qayd etayotgan natijalarimiz yaramaydi. Yana yuqoriga harakat qilishimiz kerak. Bundan ham o'tib olamiz. Realizaciya qaytadi.
- Jamoa bir nechta uchrashuvdan buyon g'alaba qozonmayotgani tufayli ruhiy bosimni his etyaptimi? Vaholanki, tarkibda Islom To'xtaxo'jaev va Xurshid G'iyosov kabi o'ta tajribali futbolchilar bor, ammo yoshlar ham yo'q emas. G'alaba yo'qligi futbolchilarga qanchalik tasir o'tkazmoqda?
- Futbolchilar bu haqda o'ylashmoqda. Bunday jihatlar ko'zga ko'rinmasa ham, o'z tasirini o'tkazadi. Lekin shunga qaramay, futbolchilar o'z ishlarini davom ettirishmoqda. Yigitlar oxirigacha kurashishdi. Hattoki kuch qolmagan bo'lsa ham. To'p raqib darvozasiga kirmayapti va realizaciya pand bermoqda. Umid qilamanki, barchasi tez orada o'z o'rniga tushib ketadi.
- Matbuot oldida futbolchilaringizni himoya qilyapsiz va ularga minnatdorchilik bildirdingiz, ammo matbuot anjumaniga ham kech qolib keldingiz. Hozirgina kiyinish xonasida futbolchilarga katta ehtimol bilan "iliq" so'zlar aytmagansiz. Kiyinish xonasida futbolchilarga nimalar dedingiz? Ularni koyidingizmi?
- Baqir chaqir bilan ish bitmaydi. Avvalambor, xato qilmaydigan insonning o'zi yo'q. Futbolda ham xuddi shunday. Yaxshi o'yinchi o'z xatosidan to'g'ri xulosa chiqarishi kerak. Futbolchi bugungi xatosini ertaga takrorlamasligi kerak. Ichkarida shuni tushuntirishga harakat qilaman. O'yindan video lavhalarni ko'rsataman. Bularning barchasi esdan chiqib ketishi ham mumkin. O'yinni tahlil qilib chiqib, keyin bir xulosaga kelish kerak. "Surxon" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar