Baxtiyor Boboev: "Bunyodkor"ning yorqin g'alabalariga Qosimov juda katta hissa qo'shgan"
16 dek 2016 17:34
Yangiliklar
Baxtiyor Boboev: "Bunyodkor"ning yorqin g'alabalariga Qosimov juda katta hissa qo'shgan"
“Bunyodkor”ning 2016 yilgi natijalari haqida
O'tgan mavsumda jamoamiz ko'rsatgan natijalarni qoniqarli deyish mumkin.
Oliy ligada chempionat oxiriga qadar oltin medallarga davogarlar safida bordik. Faqatgina chempion hamda kubok egasi bo'lgan “Lokomotiv” bizdan ustunlik qildi. So'nggi uch yilda chempionlikdan benasib qolganimizni inqiroz demagan bo'lardim. Klubimiz strategiyasi o'zgardi. O'z futbol maktabimiz samarali ishlagani bois asosiy tarkibga tajribali o'yinchilarni chetdan chaqirmaslikka alohida etibor qaratdik. Yosh yulduzlarimiz kattalar futboliga ko'nikib borishmoqda. Joriy mavsumda orttirilgan tajriba yangi g'alabalar poydevori bo'lib xizmat qiladi degan umidamiz.
Mirjalol Qosimovning jamoaga qaytishi
borasida mish-mishlar haqida
Mirjalol
Qosimov “Bunyodkor” futbol klubi qad rostlashi va yorqin g'alabalarni qo'lga
kiritishiga juda katta hissa qo'shgan mutaxassis. Klubimizni milliy terma jamoa
bilan ishlayotgani bois tark etgandi. Biz
Mirjalol Qo'shoqovich bilan doimo do'stona aloqadamiz. Tabir joiz bo'lsa,
bir oila vakillaridekmiz. Hozirgi kunda “Bunyodkor” jamoasida ishlayotgan
murabbiylar shtabi faoliyatini davom ettirmoqda. Lekin bu sohaning o'ziga xos
qonun-qoidalari mavjud. Natija qanoatlantirmay qo'ysa, avvalo, aynan murabbiylar
almashtiriladi.
Sergey Lushchan haqida
Sergey Lushchan klubimiz futbol maktabida samarali faoliyat olib borgani barchaga yaxshi malum. SHu boisdan unga asosiy tarkibda ishlash taklif etilgan. Futbol sir-asrorlarini aynan undan o'rgangan bir guruh shogirdlari bugungi kunda klubimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Mashg'ulotlarni olib borishga ijodiy yondashadi. Raqibni sinchkovlik bilan o'rganishga katta etibor qaratadi. Tasarrufidagi tarkib bilan qayd etgan natijalari yomon emas. U ham yosh futbolchilarimiz bilan bir qatorda katta futbol havosiga moslashdi. Demak, kelgusi mavsumda biz yanada yaxshiroq natija kutishga va talab qilishga haqlimiz.
Legionerlar haqida
O'tgan mavsumda jamoamiz sharafini himoya qilgan barcha legionerlar bilan xayrlashdik. Afsuski, Aleksandar Alempievich va Minori Sato barqaror o'yin namoyish eta olishmadi. Yuksak saviyadagi o'yin ko'rsatadigan legionerlarning narxi ham juda baland. Hozirgi paytda klubimizning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda superfutbolchilarni taklif eta olmaymiz. Lekin tajribali, o'z ishiga professionallarcha yondashuvchi, yoshlarimizga o'rnak bo'lishga qodir legionerlar xizmatidan foydalanishga harakat qilamiz.
Eldor SHomurodov transferi haqida
2016 yilgi mavsumni ko'tarinki kayfiyatda o'tkazgan hamda milliy terma jamoamizning asosiy o'yinchilaridan biriga aylangan hujumchimiz yangi mavsumga hozirlikni “Bunyodkor” tarkibida boshladi. Tatil paytida Moskvaga borgani – uning shaxsiy ishi. Lekin klubimiz bilan shartnomasi mavjud. SHu boisdan boshqa biror klub bilan muzokaralar olib borishga haqi yo'q. Biz nafaqat Eldor, balki boshqa barcha yosh futbolchilarimiz yangi yuksakroq saviyaga chiqishi tarafdorimiz. Agar hammamiz uchun manfaatli taklif paydo bo'lsa, SHomurodovning kuchli chempionatda ishtirok etuvchi klubga o'tishiga qarshilik qilmaymiz. SHu o'rinda Eldor SHomurodov aynan bizning jamoamiz tarkibida o'sishga erishgani, tajriba orttirib, chet ellik mutaxassislar etiboriga tushganini ham unutmaslik darkor. Eldorning salohiyatini inobatga olgan holda muzokara olib borishga tayyormiz. Menga qolsa, SHomurodov Evropaning futboli taraqqiy topgan jamoasiga o'tgani maqsadga muvofiq. Hozircha “Bunyodkor” klubiga hech bir jamoa transfer borasida rasman taklif bilan chiqqanicha yo'q. Yodingizda bo'lsa, biz Sardor Rashidovga xaridorlar orasidan uning o'zi tanlagan “Al Jaish” klubiga rozilik berganmiz.
Yangi mavsumga tayyorgarlik haqida
Tatildan so'ng jamoamiz azolari 15 dekabrdan mashg'ulotlarga qaytishdi. Yangi yilga qadar tayyorgarlik Toshkentda olib boriladi. Bayramdan keyin dastlabki xorijiy yig'inni o'tkazish uchun ikki haftaga Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga borish rejalashtirilgan. Uyga qaytib, 10 kun mobaynida Toshkentda shug'ullanamiz. 30 yanvardan etiboran bir hafta mobaynida yana Dubayda bo'lamiz. Osiyo chempionlar ligasi saralash uchrashuvi arafasida Dohaga tashrif buyurib, 7 fevral kuni mahalliy “Al Jaish” bilan bahs olib boramiz. Jamoamiz azolarining aksariyati tarkibda qoladi. SHuningdek, yoshlar ligasida zafar quchganlarning 60 foizi hozir asosiy tarkib bilan shug'ullanmoqda. Ijarada o'ynagan yigitlarimiz klubimizga qaytishdi. O'zini ijobiy tomondan ko'rsata olganlar nufuzli musobaqalarda “Bunyodkor” sharafini himoya qilish imkoniga ega bo'lishadi. O'z navbatida, ayrim futbolchilarimizni etarli hajmda o'yin amaliyotiga ega bo'lishlari uchun boshqa klublarga ijaraga berishimiz ham ehtimoldan holi emas. “Bunyodkor” yaqinlashib kelayotgan yangi 2017 yilda muxlislarni quvontiradigan natijalar ko'rsatishi uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
SHahboz Beg'amov suhbatlashdi
Fikrlar