So’nggi yangiliklar

14:57"Мен ҳамон МЮ билан АПЛ ва ЕЧЛни ютишни орзу қиламан"  2 14:32Англия терма жамоаси футболчиси тез орада "Атлетико"га ўтади  0 13:33Гвардиола: "Улар бизга муаммо туғдиришди"  1 13:04"Челси" яна бир дарвозабонга пул сарфлади, энди уларда 7 нафар посбон бор  4 12:27Суперлига. Андижондаги марказий ўйинни ким бошқаради? 14-турнинг дастлабки 3 ўйини ҳакамлари маълум  1 11:59ОЧЛ тугатилди, энди янги мусобақа кўрамиз  17 11:26Ўзбекистон делегациясига Футзал Жаҳон чемпионати-2024 кубогини топшириш маросими бўлиб ўтди  4 10:56"Локомотив" эртага янги ўйинчиларни таништиради  1 10:45«Барселона» узоқ вақт қизиққан футболчисининг трансферидан воз кечди  3 10:11«Фулҳэм» «Арсенал» футболчиси учун рекорд миқдорда пул тўлайди  4 09:43«Ал Садд» «Монако» футболчисини сотиб олди  2 09:15Sofascore. Кечаги учрашув учун Ўзбекистон ОТЖ футболчилари қандай баҳоларга лойиқ кўрилди?  13 08:47«Қўқон-1912» сардори фаолиятини бошқа бир Про лига жамоасида давом эттиради  1 08:25Ўртоқлик учрашуви. "Барселона" - "Манчестер Сити" 2:2, Холланднинг голи ҳисобга олинмади  2 08:20Олимпия ўйинлари. Чорак финал жуфтликлари билан танишинг  11

Baxtiyor Ashurmatov: Buxoroning natijasidan ko'ngil to'lmadi… Yangiliklar

Baxtiyor Ashurmatov: Buxoroning natijasidan ko'ngil to'lmadi…

Oliy liga-2017 kutilmagan natijalariyu, ayniqsa, so'nggi turlarda yuzaga kelgan murosasiz kurashlar bilan esda qoladigan bo'ldi.

Zero, chempionat yakunlanishiga 4ta tur qolgan vaqt O'FF va PFL tomonidan yangi format bo'yicha qaror elon qilingach, kuchlilar safida qolish uchun kurash avj nuqtaga chiqdi.

SHuningdek, OCHL yo'llanmalari masalasi ham oxirigacha ochiq turdi. Kelasi mavsum chempionatimizning yanada qiziqarli kechishi kutilmoqda. Har holda, yangi formatdagi ligada 12tagina jamoa ishtirok etadi.

Bugungi mehmonimiz - istedodli murabbiy Baxtiyor Ashurmatov. Futbolchilik faoliyatida metin himoyachi sifatida tanilgan Ashurmatov yakunlangan mavsum Ulug'bek Baqoev boshqaruvida o'ynagan «Buxoro»da katta murabbiy rolini bajardi.

Aytish mumkinki, «Buxoro» murabbiylar shtabi samarali ish olib bordi. Deylik, jamoa xorijlik futbolchilar xizmatidan ham imkon qadar unumli foydalandi. Misol uchun, rossiyalik markaziy himoyachi Vladimir Baenko qisqa fursatda orqa chiziqning etakchisiga aylanib, «Buxoro»ni maydonga sardor sifatida ham boshlab tushdi.

27 yoshli legioner shuning barobarida o'z hisobiga 3ta gol yozib qo'ydi. Xorvatiyalik 29 yoshli Ivor Veycer esa 19ta o'yinda maydonga tushib, 4ta gol urdi. Murabbiylar uni asosan ikkinchi bo'limda jangga tashlab, o'yinni kuchaytirishga urinishganini aytish o'rinli.

Qozog'istonlik yana bir himoyachi Kirill Pasichnik ham chakki taassorot qoldirgani yo'q, garchi ko'p o'ynamagan bo'lsada. Xullas, mavsum boshida taklif etilgan legionerlar finishga qadar «Buxoro»da o'ynashdi.

Umuman, qadim shahar jamoasi yakunda 6-o'rinni band etdi. Xo'sh, bu natija murabbiylar shtabini qoniqtirdimi?

- Baxtiyor aka, yakunlangan mavsum davomida o'ziga yarasha kutilmagan natijalar qayd etildi. CHempionat shaxsan sizda qanday taassurot qoldirdi? Plyus va minuslar aynan nimalarda ko'rindi?

- Ha, taassurotlar aralash. Ijobiy tomoni - kutilmagan natijalar ko'proq qayd etildi. Xususan, «Buxoro» va «Qo'qon-1912» jamoalari mavsumning kattagina qismida etakchilarga yaxshigina raqobat taqdim qildi va ancha vaqt 2-3-o'rinlarda bordi.

Bu oliy liga saviyasi oshayotganidan dalolat. Yana bir plyus - bir qator istedodli yigitlar o'zlarini ko'rsatishdi. Deylik, Javohir Siddiqov, Aziz Turg'unboev, Javohir Qahramonov...

Tajribali hujumchi Ivan Nagaevning yana o'z saviyasiga qaytgani ham quvonarli hol. Bu futbolchiga hozirning o'zida xorij klublaridan takliflar tushmoqda. Endi salbiy jihatlarga kelsak, afsuski, ular ham etarli. Masalan, yakunda yana o'sha etakchilar - «Lokomotiv», «Nasaf», «Paxtakor» va «Bunyodkor» kuchli to'rtlikdan joy oldi.

Vaholanki, birinchi davradan so'ng turnir jadvalining yakuniy ko'rinishi shunday bo'lishi aqlga sig'masdi. Har holda, o'sha payt «Buxoro», «Qo'qon-1912» va «Navbahor» yuqori o'rinlarda borayotgandi. Biroq bu klublar oxirigacha suratni bir maromda ushlab turolmadi.

SHuni nazarda tutsak, chempionat saviyasi oshayotgani haqidagi xulosalar aldamchi taassurotdek ko'rinadi. Demoqchimanki, qachonki, boshqa klublar ham oxiriga qadar doimiy etakchilarga munosib qarshilik ko'rsatsa, shundagina saviyasi oshayotganini baralla aytish mumkin.

Eng og'riqli masala klublarning O'zbekiston milliy termasini munosib futbolchilar bilan taminlashda oqsayotganidir. Mana, milliy jamoamiz yana jahon chempionatidan chetda qoldi. Qanchalik achchiq bo'lmasin, ochiq tan olishimiz kerak, bu omadsizlik ichki chempionatimizda futbolchilarning o'sishlari talab darajasida emasligi bilan bog'liq.

- Murabbiy sifatida aytingchi, birinchi davrada otilib chiqqan jamoalarning keyinchalik bo'shashib ketganining asosiy sababi nima?

- Fikrimcha, ular tarkibida yuqori o'rinlar uchun kurashishga o'rgangan futbolchilar kam edi va qolgan yigitlarning o'z kuchlariga oxirigacha ishonishmagani pand berdi. Qarang, eng saviyali futbolchilar kuchli to'rtlikdan joy olgan jamoalarda jamlanishgan.

Endi o'z jamoamiz haqida gapirsam, mavsumda ikki xil taassurot qoldirdik. Bosh murabbiy Ulug'bek Baqoev maksimalchi va o'z oldiga faqat oliy maqsadlarni qo'yadi.

Xullas, biz - murabbiylar qanday raqib bilan o'ynashdan qatiy nazar, futbolchilar oldiga g'alaba qozonish vazifasi qo'yib keldik. Biroq ayrim uchrashuvlarda yigitlarimizga shunchaki, ishonch hissi etishmadi. Bir tomondan qarasak, jangovar va kurashuvchan ahil jamoa shakllantirdik.

SHuning evaziga muxlislar mehrini qozondik. Stadionimizga muxlislar tashrifi fikrimni to'liq tasdiqlaydi. Axir jamoa yaxshi o'ynamasa, muxlislar stadionga kelmay qo'yishadi. Ammo murabbiylar shtabi yakuniy natijadan qoniqmadi. Bunday tarkib, istedodli yigitlar va ajoyib muxlislar bilan sovrindor bo'lishimiz kerak edi.

Bizga ayniqsa, «Lokomotiv» va «Paxtakor» kabi etakchi klublarga qarshi o'yinlarda ishonch etishmadi. Aynan muhim bahslarda suv va havodek zarur ochkolarni yo'qotganimiz yakunda qimmatga tushdi. Albatta, bunda biz - murabbiylar ham aybdormiz qaysidir manoda.

O'z o'rnida, butun mavsum jamoamizni qo'llab-quvvatlab turgan jonkuyar muxlislar, viloyat rahbarlari, xususan, To'raxo'ja Barnoev, Amrillo Giyasov va Amrillo Najmiddinovga murabbiylar shtabi hamda futbolchilar nomidan minnatdorchilik bildiraman.

- Endi tarkibni saqlab qolish muhim hisoblanadi. Xo'sh, kelasi mavsum uchun rejalar tuzildimi? Xususan, murabbiylar o'z ishlarini davom ettirishadimi?

- «Buxoro», «Qo'qon-1912», «Olmaliq» va «Navbahor» kabi jamoalarning chempionatda barqaror qatnasholmasligining asosiy sabablardan biri ham shu - tarkib har mavsum kamida 50 foiz yangilanadi.

Etakchi jamoalarda bunday holatni ko'rmaymiz. Ularda faqat legionerlar almashishi mumkin. Masalaning asosiy mohiyati shuki, ko'plab klublarda futbolchilar bilan atigi bir yillik shartnoma tuziladi. Oqibatda har yili tarkib keskin o'zgarib ketadi.

Hozirgi asosiy vazifamiz - tarkibni imkon qadar saqlab qolish. Lekin bu borada o'ziga yarasha muammolar yo'q emas. Masalan, tezkor hujumchi Ivan Nagaevning xorijga ketishi ehtimoli katta.

Ijara kelishuvi asosida o'ynagan va qisqa muddatda etakchilar qatoriga qo'shilishgan Ergash Ismoilov va Javohir Qahramonov esa «Bunyodkor»ga qaytishadi. Bu yigitlar 21 va 22 yoshda. Ismoilov bu yil oliy liga doirasidagi 28ta o'yinda maydonga tushdi.

Umuman, ko'plab etakchi futbolchilar oliy liganing kuchli klublaridan taklif olishgan. Ulug'bek Baqoev murabbiy sifatida debyut mavsumi uchun yaxshi taassurot qoldirdi. Uni juda yaxshi bilaman va bundan-da ko'prog'iga qodir ekanligini ayta olaman.

Asosiysi, o'z salohiyatiga ishonchi baland. SHubham yo'q, Ulug'bek murabbiylikda hali katta yutuqlarga erishadi. Uning bosh maqsadi - Buxoro futbolining yangi bosqichga chiqishiga o'z hissasini qo'shish.

Xullas, bosh murabbiy yaqin kunlarda klub rahbarlari, viloyat futbol federaciyasi mutasaddilari bilan uchrashib, keyingi mavsum rejalariga oydinlik kiritadi.

Nasib qilsa, murabbiylar shtabi ham boshlangan ishni davom ettiradi. Oddiy aytsak, hozirgi vazifamiz tarkibni yanada kuchaytirib, jamoani sovrinlar uchun kurashadigan darajaga olib chiqishdir.

- Ulug'bek Baqoevga Qozog'iston klublaridan taklif tushayotgani rostmi? Bu masalada uning o'zi bilan gaplashdingizmi?

- Ochig'i, bu savolga Baqoevning o'zidan javob olganingiz maqulroq. To'g'ri, chempionat oxirida suhbatlashganimizda, «Buxoro»ni yanada kuchaytirish zarurligi, bu borada bir qator futbolchilarni ko'z ostiga olib qo'ygani va keyingi mavsumga tayyorgarlik rejasi xususida gapirgandi.

- «Buxoro» yoshlar jamoasida munosib yigitlar bormi? Umuman, viloyatda bolalar futbolining ahvoli qanday?

- Aytish joiz, o'rinbosarlarimiz ham chakki ishtirok etishmadi. Misol uchun, hujumchi Akobir To'raev va himoyachi Mirjalol Jumaev ko'zga yaqqol tashlanishdi. Lekin ular asosiy tarkibda o'zlarini ko'rsatadigan yoshdalar.

SHuningdek, darvozabon SHohjahon Nasimovni bosh jamoaga jalb qila boshladik. Umumiy holda gapirsak, viloyatda bolalar futboli havas qiladigan darajada emas.

Harqalay, oxirgi yillar Buxorodan Ulug'bek Baqoev va SHavkat Salomov saviyasidagi futbolchilar chiqishgani yo'q. SHunday ekan, viloyatda bu yo'nalishda amalga oshirilishi zarur ishlar ko'p.

- Futbol maktablaridagi sharoitlar, bolalar murabbiylari masalasi qanday? Viloyat futbol federaciyasi bu jihatlarga etibor qaratyaptimi?

- Mahalliy mutaxassislar bolalar futbolini rivojlantirish yo'lida imkon qadar mehnat qilishmoqda. Lekin bolalar bilan ishlaydigan murabbiylar kam. Bosh jamoa ishlaridan ortmay, bolalar futboli rivojiga etiborsizroq qaraganimiz - bizning kamchilik.

To'g'ri, Ulug'bek Baqoev boshchiligida yoshlar turnirlariga borib, futbolchilarni kuzatdik. Lekin «Buxoro» murabbiylari butun viloyat futboliga masul emaslar-ku. SHunday bo'lsada, kelasi yildan bu boradagi ishlar ko'lamini kengaytirishga hakarat qilamiz.

- Kelasi yili elitada 12ta jamoa ishtirok etishiga munosabatingiz qanday?

- Bu masalada hamma turlicha fikr bildiryapti. Lekin har bir yangilik va o'zgarishning o'ziga yarasha hikmati bor. Federaciyada ish boshlagan yangi rahbarlar tinimsiz izlanib, yangiliklarga qo'l urishyapti.

Umid qilamanki, o'zgarishlar o'z mevasini beradi, albatta. Qarang, jahon chempionati biz uchun hamon armon bo'lib qolmoqda. Islohotlar avvalo, O'zbekiston terma jamoasi manfaatiga xizmat qilsa, ajabmas. To'g'ri, jamoalar o'zgarish haqida mavsum boshida ogohlantirilganida, hech qanday etiroz tug'ilmasdi.

CHunonchi, bu yil 12-13-o'rinlarni egallagan jamoalar mavsum boshida o'z imkoniyatlaridan kelib chiqib, oliy ligada qolish vazifasini qo'ygandi va amalda buni bajardi ham. Ayni shu holat klublarga og'ir botmoqda.

- Yana bir islohotga binoan, birinchi ligada 24 yoshdan katta futbolchilarning o'ynashlariga ruxsat berilmasligi mumkin. Ammo ayrimlar faqat 25 yoshdan oshgach, «ochilishadi»...

- Menimcha, bunday taqiq hali rasman tasdiqlangani yo'q. Bordiyu, shunday qaror qabul qilinsa, balki yoshlarga yo'l ochilar. Lekin bu holatda 24 yoshdan katta ko'plab futbolchilar ishsiz qolishadi. Axir oliy liga jamoalari soni ham kamaydi.

SHunday bo'lgach, bazi saviyali yigitlar qandaydir sabablarga ko'ra, jamoa topolmasliklari mumkin.

O'zingiz o'ylang, deylik, jarohat tufayli sport formasini yo'qotgan futbolchining avvalgi holatiga qaytishi qiyin. Menimcha, bu qaror bo'yicha hali atroflicha o'ylab ko'rish kerak.


Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi "Interfutbol" gazetasi

Reyting: +18   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика