Arxiv. Mirjalol Qosimovning xayrlashuv uchrashuvidan oldin bergan intervyusi
08 dek 2018 22:57
Yangiliklar
Arxiv. Mirjalol Qosimovning xayrlashuv uchrashuvidan oldin bergan intervyusi
Xuddi kechagidek esimda, Qosimovning xayrlashuv uchrashuvi hozirgi "Milliy" stadion o'rnida bo'lgan MHSK stadionida tashkil etilgandi. Xayrlashuv o'yinidan bir necha kun oldin Qosimov bilan uchrashib, u kishidan intervyu olgandim. Suhbatimiz "Navro'z" radiosi binosida Abror aka Imomxo'jaev tashabbusi bilan kechgandi.
O'ylab qarasam, salkam 15 yilga yaqin futbol jurnalistikasi faoliyatim mobaynida juda ko'plab taniqli kishilar bilan gaplashgan ekanman. SHu bois bundan buyon haftada hech bo'lmasa bir marta avvalgi intervyularni navbatma-navbat saytimiz orqali berib borishga qaror qildim. O'ylaymanki, bu ham muxlislarga yoqadigan darajada bo'ladi. Bugun sizning etiboringizga 2007 yilning may oyida Mirjalol Qosimov bilan bo'lgan suhbatimizni havola etmoqchiman. SHuni aytishim lozim, intervyuni o'zgartirmasdan boricha berishga qaror qildim.
Mirjalol Qosimov: "Mashhur murabbiy bo'la olamanmi-yo'qmi, buni vaqt ko'rsatadi"
Ochig'i, Mirjalol Qosimovdan intervyu olish oson bo'lmadi. Yo'q, futbolimiz yulduzi intervyu berishni xohlamadi emas, shunchaki intervyu berishdan oldin g'alati shartni qo'ygani uchun suhbatimiz keyinga qolaverdi. Qosimovdan intervyu olishni ancha oldin, olimpiya termamiz Janubiy Koreyaga qarshi bahslarga tayyorgarlik ko'rayotgan bir paytda niyat qilgandim.
Olimpiyachilarimiz bosh murabbiyi Vadim Abramovga yordam berayotgan Mirjalol Qosimov "Agar jamoamiz Janubiy Koreya bilan bo'ladigan o'yinlarning hech bo'lmasa bittasida g'alaba qozonsa intervyu berishga roziman" dedi. SHundan so'ng uchrashuvlar natijasini kuta boshladim va afsuski, vakillarimiz har ikkala bahsda mag'lubiyatga uchrashdi.
Toshkentda bo'lib o'tgan javob o'yinidan bir necha kun o'tib stadionda yana Qosimovni uchratib qoldim va tabiiyki intervyu haqida tag'in gap ochdim. Mirjalol aka vadaga vafo - mardning ishi ohangida "O'zingiz ko'rdingiz, guruh peshqadamini enga olmadik, demak intervyu berolmayman" dedi hamda so'zining oxirida "Agar safarda BAAni engib qaytsak, intervyu berishga tayyorman" deb qo'shib qo'ydi.
Xayriyat, bu safar olimpiyachilarimiz zafar quchishdi va kelishganimizdek Qosimov bilan bafurja suhbatlashish imkoni tug'ildi. Yaxshi bilasiz, shu haftaning shanba kuni Mirjalol Qosimov xayrlashuv uchrashuvini o'tkazadi. Mazkur bahs oldidan etiboringizga havola qilinayotgan o'zbek futboli yulduzi bilan suhbatimiz muxlislarni beetibor qoldirmaydi degan umiddaman.
- Mirjalol aka, olimpiya terma jamoamiz safarda BAAni mag'lubiyatga uchrata olmagan taqdirda ham intervyu bergan bo'larmidingiz?
- Erkak kishi so'zidan, arslon izidan qaytmaydi degan gap bor. SHuningdek, aytilgan so'z - otilgan o'q ham deyishadi. Demak, raqib jamoani yuta olmaganimizda baribir intervyu bermasdim.
- Xayrlashuv uchrashuvidan oldin hammi?
- Intervyu berish-bermaslik bu - mening shaxsiy ishim. SHunday ekan, bu borada qanday to'xtamga kelish avvalo o'zimga bog'liq.
- Intervyu berishdan oldin doim shart qo'yasizmi?
- To'g'risini aytsam, ko'p intervyu berishni yoqtirmayman. Qolaversa, men hali Abramov yo Inileevga o'xshab bosh murabbiy emasman. SHuningdek, mening ishim intervyu berish emas, balki o'zimga yuklatilgan vazifani bajarish.
- Lekin matbuot bilan muloqot qilish kasbingizning bir bo'lagi hisoblanadi.
- To'g'ri, lekin asalning ham ozi shirin deyishadi.
- Sovrinlar yig'ishni-chi?
- Qo'lga kiritgan yutuqlarimga butun faoliyatim davomida erishganman. Axir har yili o'ntalab sovrin yutmaganman-ku. Qolaversa, shu paytgacha yutgan sovrinlarim tarixda qolib ketdi. Endi kelajak uchun qayg'urishimz kerak.
- Siz futbolda mashhursiz, ammo matbuotda kamnamosiz?
- Boya aytganimdek, kam gapirishni maqul ko'raman. Futbol o'ynab yurgan kezlarimda ham hadeb intervyu bermasdim. Asosiy etiborni o'z o'yinimga qaratardim.
- Xayrlashuv uchrashuvingizga oz qoldi. Tayyorgarlik qanday ketyapti?
- Ishlar avjida. Tunu-kun shuning harakatida yuribmiz. Mamlakatimiz futbol federaciyasi, "Paxtakor", "Mashal", "Quruvchi" klublari, televidenie, gazeta va radio qo'ldan kelgancha yordam beryapti.
- SHaxsan o'zingiz nimalar bilan mashg'ulsiz?
- Mening ham o'zimga yarasha qiladigan ishlarim bor. Yaqin ikki yildan beri futbol o'ynamayotganim uchun har kuni yugurib turibman. Futbolchi bir oy to'p tepmasa, formadan chiqib qoladi.
- Hozir 90 daqiqa o'ynay olasizmi?
- Kislorod etsa bo'ldi, yuguraveraman.
- O'yinga borgan sari kam vaqt qolayotgani uchun hayajonlanyapsizmi?
- Ha. Yuragim oldingiga nisbatan tezroq uryapti. Avvallari har kuni ertalab bir daqiqada 36 marta urardi, hozir 56 marta uryapti. Bunday o'yinlar oldidan albatta hayajonlanish bo'ladi, busiz iloji yo'q.
- 2 iyun kuni siz tuzib chiqqan jamoa milliy termamizga qarshi maydonga chiqadi. SHu kungi bahs xayrlashuv uchrashuviga xos tarzda bayramona ruhda kechadimi yoki o'rtoqlik uchrashuvidek jiddiymi?
- Etibor bergan bo'lsangiz, EvroOsiyo termasi ro'yxatidan hozirgi paytda ham katta futbolda faoliyatini davom ettirayotganlar o'rin olgan. Ular shu kuni milliy termamizning hozirgi tarkibi bilan bahs olib borishadi. Bundan ko'zlangan maqsad, bir tomondan o'yinning shiddatli kechishini taminlash. Ikkinchidan, bosh jamoamiz mazkur o'yin orqali Osiyo chempionatiga tayyorgarlikning bir qismini o'taydi. O'zim ham uchrashuv juda yaxshi kechishini xohlayman. Niyatim kim g'alabaga loyiq bo'lsa, o'sha yutsin. To'g'ri, o'yin men bilan bog'liq bo'lgani uchun ham qisman shouga o'xshab ketadi. Lekin shou unchalik uzoq davom etmaydi. O'yin keskin tus oladi deb umid qilaman.
- Ro'yxatga kiritilganlardan Toshkentga kela olmaymiz deganlar bo'ldimi?
- Ha. Negaki hozir Rossiya va Belarusda milliy chempionat davom etayotgani bois men taklif qilgan bazi o'yinchilarga klub rahbarlari ruxsat berishmayapti. Vaholanki, ularning o'zi kelishga rozi. Bazilarida esa jarohat bor. "Lokomotiv" Moskva, "Luch-Energiya", "Zenit" klublari murabbiylari hozircha futbolchilarni qo'yib yubormaslikni aytishdi.
- Ro'yxatni tuzib chiqish qiyin bo'lmadimi, chunki kimdir joy olib, kimdir qolib ketishi mumkin edi.
- To'g'ri. Ammo bir tomondan men bilan o'ynagan hammani ham taklif qila olmayman, nega deganda maydonda 11 kishi to'p suradi. SHu bois hali to'p tepishni to'xtatmagan o'yinchilarga taklifnoma yubordik, o'yin yaxshi o'tsin degan maqsadda. Hozircha aniq kelamiz deganlar soni o'ntadan oshdi. Bundan tashqari, o'zimizdan Sergey Lushan, Fevzi Davletov singari futbolchilar bor. SHu kuni milliy termamiz safida Andrey Fyodorov va Maksim SHackixning ham o'ynashi kutilyapti. O'zim esa bir taym terma jamoamiz, bir taym EvroOsiyo termasi tarkibida harakat qilaman.
- Siz futbolda ko'pchilik orzu qiladigan sovrinlarga erishgansiz. Ammo bu yutuqlar orasida jahon chempionati ishtirokchisi va va Osiyo Kubogi g'olibi sovrinlari yo'q. SHunga qaramay, faoliyatingizdan nolimasangiz kerak?
- Albatta nolimayman. Birgina noliydigan joyim - men o'ynagan paytda milliy terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmadi. Endi bu nolish emas, balki orzuligicha qolib ketdi.
- Bu armonmi yoki ushalmas orzu?
- Nega endi ushalmas orzu bo'lishi kerak? Bu erda gap faqat mening jahon chempionatida o'ynay olmaganim haqida emas, balki butun jamoamizning chiqa olmagani ustida ketyapti. Agar jahon birinchiligida qatnashishga shaxsiy ish deb qaraganimda boks yo kurashni tanlagan bo'lardim. Men har doim terma jamoamizning muxlisi bo'lib kelganman. SHunday ekan, bir kun kelib biz ham albatta jahon chempionatida qatnashamiz deb umid qilaman.
- Faoliyatingizni tugatish arafasida "Bo'ldi, endi boshqa o'ynamayman" deyish qiyin bo'lmadimi?
- Ishonasizmi, haligacha futbol o'ynashni to'xtatmasam deyman. 25 yil shug'ullangan ishingdan birdaniga voz kechish qiyin ekan. Ammo nima ham qila olardim, buni futbol deydilar. Baribir bir kun kelib futbol bilan o'yinchi sifatida xayrlashishimga to'g'ri kelardi.
- Faoliyatni tugatishdan oldin kimdandir maslahat so'raganmisiz? Bunga oilangiz qanday munosabatda bo'lgan?
- Avvalo o'z tanamga quloq solganman. Yani, sog'ligim ko'p ham ko'tara olmagani uchun futbolni tugatishga majbur bo'ldim. Oilamga ham birinchi navbatda mening sog'ligim kerakligi bois hech kim fikrimga qarshi chiqmagan.
- Nima sababdan katta futboldagi oxirgi mavsumni o'zingiz yoshlikdan to'p surgan "Paxtakor"da emas, balki "Mashal"da o'tkazdingiz?
- Birinchidan, men Rossiyadagi faoliyatimni yakunlab bu erga qaytganimdan so'ng "Paxtakor"ga borib meni ham olinglar deyishga haqqim yo'q edi. Oddiy misol, sizni birov to'yga aytmasa, indamay borib davrada o'tirmaysiz-ku. Futbolda ham shunday: taklif etilmagan jamoaga borilmaydi. Ikkinchidan, "Alaniya" bilan tuzgan shartnomam tugashiga ikki oy qolganida, yani shartnoma muddati hali tugamay turib "Mashal"dan taklif tushdi. O'shanda o'zim ham futbolchilik faoliyatimni O'zbekistonda yakunlashni niyat qilib yurardim. Agar "Paxtakor"dan qiziqish bo'lganida, so'zsiz o'zim o'sib-ulg'aygan jamoaga qaytgan bo'lardim. Lekin bu paytda "Paxtakor" asosiy etiborni yosh o'yinchilarga qaratib tarkibni yangilayotgan edi. "Mashal" menga qiziqish bilan chiqqach, dastlab Muborakka borib sharoit bilan tanishdim. O'shanda klub rahbarlari O'zbekistonda "Mashal" misolida yana bir kuchli klubni shakllantirish maqsadida jiddiy ishlarni olib borishayotgan edi. Muborakdagi sharoitlar menga maqul kelganidan keyin "Mashal"ga o'tishga rozi bo'ldim. Faoliyatimni "Mashal"da tugatganimdan afsuslanmayman.
- Futbol o'ynashni to'xtatgach sizni qanday hislar qamrab oldi: sevimli kasb bilan xayrlashish alamimi yoki hayotingizda yangi bosqich boshlanayotganidan xursand bo'lish hissimi?
- Albatta, ko'proq alam qilgan. Oxirgi marta 2005 yilning noyabrida maydonga tushgan bo'lsam, shundan beri chetda turib o'yinlarni kuzatyapman. Tez-tez o'zimning ham to'p tepgim keladi, ammo na iloj. SHuni aytishim mumkin, futboldan ketishimga hech kim to'sqinlik qilmagan, o'zim shunday qarorga kelganman.
- O'z vaqtida siz bilan to'p surgan qaysi futbolchilardan ko'proq minnatdorsiz?
- Ularning hammasidan minnatdorman. Kimnidir alohida ajratib ko'rsatmoqchi emasman, chunki futbol avvalo jamoaviy o'yin bo'lgani uchun hamma bir maqsad sari harakat qiladi. Men bilan o'ynaganlardan kimdir darvozada turdi, kimdir himoyada, yarim himoyada va hujumda to'p surdi, yani hamma o'z ishini bajargan. SHu bois agar qolgan sheriklarim bo'lmaganida men ham o'ynay olmasdim.
- Ko'pchilik Mirjalol Qosimov futboldan ketganidan beri terma jamoamizda uning o'rnini bosa oladigan o'yinchi chiqmadi deyapti. O'zingiz voris sifatida kimni ko'ryapsiz?
- Men o'ynagan chiziqda hozir Server Jeparov, Timur Kapadze harakat qilyapti. Menimcha, bu savolga javobni ko'proq xalqdan so'rash kerak. Negaki bu borada tayinli bir gap ayta olmayman. Olimpiya termamizda ham yaxshi o'yinchilar bor. Masalan, Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov. Agar futbolchilar o'z ustilarida tinmay ishlasa, mening joyim hech qachon bo'sh qolib ketmaydi.
- Aynan Jeparovning o'yini haqida nima deya olasiz?
- Jeparov ham yaxshi futbolchi. U maydonni ko'ra oladi, jarima to'plaridan foydalanishi ham chakki emas. Ammo yanada yuqoriga ko'tarilish uchun hali ko'p ishlashi kerak. SHuningdek, faqat "Paxtakor"da to'p tepmasdan boshqa joyda, masalan Rossiyada ham o'zini sinab ko'rishi lozim.
- Jeparovni chetga chiqishga tayyor deb hisoblaysizmi?
- Ha. CHunki u endi yosh bola emas. Nazarimda, u Rossiya chempionatida o'ynashga tayyor futbolchi, lekin u yoqqa borish-bormaslik o'ziga havola.
- Hozir qaysi futbolchilarning o'yini ko'proq quvontiryapti?
- Yuqorida aytganim - Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov, shuningdek SHavkat Salomov, Ahrol Risqullaev, Kamoliddin Murzoevlarning hatti-harakati yaxshi. Olimpiya terma jamoamizda yaxshi o'yinchilar ko'p. Faqat ular bundan-da o'sishni xohlashsa, xoh klub yo terma jamoa safida bo'lsin, muntazam o'z ustilarida ishlashlari kerak.
- Ortga qaraydigan bo'lsak, siz futbol orqali ko'p narsaga erishdingiz. Ammo nimani yo'qotdingiz?
- Menimcha, hech narsa yo'qotmadim. Aksincha, futbol tufayli turli joylarni kezdim, do'stlar orttirdim. Xudoga shukur, baxtimga ota-onam sog', oilam, farzandlarim tinch. Futbol o'ynash orqali xalqimga xursandchilik taqdim etganimdan, o'zbek futboli rivojiga ozgina bo'lsa-da o'z hissamni qo'shganimdan judayam baxtiyorman.
- Siz uchun qaysi biri qiyin - futbol o'ynashmi yo hozirgi ishingizmi?
- Har bir ishning o'ziga yarasha qiyinchiligi bo'ladi. Futbol o'ynash oson emas, shu jumladan murabbiylik ham.
- Murabbiylikni tanlagach, o'zingiz uchun nimalarni kashf qildingiz?
- Bola bog'chaga chiqsa, keyinchalik maktabga borishni xohlaydi. Maktabda o'qiyotganida institutga kirgisi keladi. Futbolda ham shunaqa. Hammaning yuqoriga intilgisi keladi. Murabbiylikning ham o'ziga yarasha qiziq tomonlari bor ekan. Bunda nazariy bilimga ega bo'lish, o'qish, yigitlarga taktika, texnikani o'rgatish, mashg'ulot jarayonini o'tkazish, jamoani o'yinga tayyorlash kabi jihatlar muhim o'rin tutadi.
- Olimpiya termamiz bosh murabbiyi Vadim Abramov rasmiy o'yinlardan oldin asosiy tarkibni aniqlash borasida siz bilan maslahatlashadimi?
- O'zaro maslahat qilamiz, lekin baribir oxirgi so'zni aytish bosh murabbiyning o'ziga qoladi.
- Deyarli barcha Mirjalol Qosimov albatta bir kun kelib milliy terma jamoa bosh murabbiy bo'ladi va jahon chempionati sari boshlab boradi deyapti. Bu sizga ortiqcha bosim o'tkazmaydimi?
- Endi bu futbol ishqibozlarining fikri. Ertaga nima bo'lishi yolg'iz Xudoga ayon. SHunday ekan, bunday gap-so'zlar hozircha menga hech qanday bosim o'tkazmayapti. Bugungi kunda ham olimpiya termamiz, ham bosh jamoamizda murabbiy bo'lib ishlayotgan bo'lsam, shunchaki o'z ishimni bajaryapman. To'g'risi, men qo'limdan kelgan ishni qilaman, agar eplolmasam, demak o'sha ishni qilishga o'zimni tayyor emas deb hisoblayman. Bu - futbol, unda kimdir yutadi, kimdir yutqazadi, oldindan nima bo'lishini bashorat qila olmaysiz.
- Sizningcha, terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishi uchun yana qancha vaqt kerak?
- Buni faqat Alloh biladi, bandasi aytolmaydi.
- Futboldan yanada ko'prog'ini uddalay olishim mumkin edi degan his bilan ketyapsizmi?
- Men qo'limdan nima kelsa, o'shani bajardim deb o'ylayman. Nimadandir afsuslanadigan joyim yo'q, qolaversa baribir o'tmishni ortga qaytarib bo'lmaydi.
- O'tmishga nazar tashlab faoliyatingizning eng yuqori cho'qqisi qachon bo'lganini aytsangiz.
- Yutuqlarni qo'lga kiritgan, xursandchiligimni muxlislar bilan baham ko'rgan paytlar bo'lsa kerak. Ayniqsa, 1994 va 1995 yilgi mavsumlardan yaxshi xotiralar qolgan. (Mirjalol Qosimov 1994 yil milliy terma jamoamiz bilan Osiyo o'yinlarida zafar quchgan, oradan bir yil o'tib "Spartak-Alaniya" safida Rossiya chempioni bo'lgan - X.X).
- 1994 yilgi Osiyo o'yinlarida har bir g'alabadan keyin futbolchilarga atigi 100 dollardan berilgan ekan.
- Kim aytdi?
- O'sha yili termamizni boshqargan Rustam Akramov.
- Ha, mukofot tariqasida berishgandi. To'g'risi, biz o'shanda pul to'g'risida o'ylamaganmiz. Biz ko'proq bir yoqadan bosh chiqarib o'ynash va g'alaba qozonish haqida qayg'urardik.
- Nima sababdan terma jamoamiz 1994 yildan beri hech narsa yuta olmayapti?
- Ehtimol, o'shanda bizni hech kim mensimagandir. Hozir esa futbol bir joyda turmayapti. Hamma yutish uchun maydonga chiqyapti. SHu bois kuchsiz deb qaralgan jamoalar ham grandlar bilan oxirigacha kurash olib boryapti.
- Futbolimizdagi rivojlanishni qanday baholaysiz?
- Biz ham sekin-asta rivojlanyapmiz. Olimpiya termamiz Olimpiada o'yinlarining oldingi saralash bahsida birinchi bosqichdayoq o'z yurishini to'xtatardi. Bu yil esa keyingi bosqichga o'tishga yaqin turibmiz. Demak, futbol rivojlanayotganini shundan ham bilsa bo'ladi.
- Lekin "Paxtakor" bilan "Neftchi" Osiyo chempionlar ligasida guruhdan chiqa olmadi.
- "Paxtakor" o'z maydonida "Al Hilol"ni, "Neftchi" esa "Al Najaf"ni mag'lubiyatga uchratganida guruhdan chiqa olardi. SHunga qaramay, tan olaylik farg'onaliklar musobaqada yurtimiz shanini munosib himoya qilishdi. SHu fursatdan foydalanib, "Neftchi" ustozi Yuriy Sarkisyanni qutlug' 60 yoshi bilan tabriklab qolaman. Yana bir gap. Hozirda ko'pchilik olimpiyachilar keyingi bosqichga chiqib bo'ldi deyayotgan bo'lsa-da, baribir 6 iyundagi o'yinni kutishga majburmiz. CHunki futbolda oldindan nimalar bo'lishini aytish qiyin.
- Sizni maydondagi sheriklaringiz nima deb chaqirishgan?
- Har xil. "Jalol", "Jol", "Kasim", "Kasimchik". To'g'risi, ismim biroz uzun bo'lgani uchun Mirjalol deyishmasdi.
- Hech murabbiylar bilan kelisha olmay qolgan paytingiz bo'lganmi?
- Yo'q. Agar meni o'yinga tushirishmasa, o'z vaqti-soatimni kutib mashg'ulotlarda ishlab yuraverardim. Zaxirada qolsam, buning sababini faqat o'zimdan qidirardim. Bilasiz, kimni maydonga tushirish bosh murabbiyga bog'liq, chunki natija uchun u javob beradi. Agar kimki o'z manfaati yo'lida o'ynashga tayyor futbolchini zaxirada qoldirsa o'sha murabbiyni ahmoq deyman.
- BAAning "Al SHabab" klubidagi faoliyatingiz haqida nima deya olasiz?
- Tan olaman, u yoqda bir mavsum to'p tepgan bo'lsam, o'yinim unchalik muvaffaqiyatli chiqmadi. Hozir meni BAAda yaxshi tanishadimi? Buni ulardan so'rash kerak.
- Mashhur futbolchi bo'lish uchun tinmay mashq qilish kifoya qiladimi yoki Xudo tomonidan berilgan istedod ham bo'lishi kerakmi?
- Istedod ham bo'lishi kerak deb o'ylayman, negaki Alloh bermasa, etukchi futbolchi bo'lish qiyin kechadi. Lekin Xudo tomonidan berilgan taqdirda ham shuning o'zi kifoya qilar ekan deb yurgan bilan mehnatsiz hech narsa amalga oshmaydi.
- Mirjalol Qosimov mashhur futbolchi edi, endi mashhur murabbiy bo'la oladimi?
- Mashhur murabbiy bo'lish-bo'lmasligimni vaqt ko'rsatadi. Men bu borada aniq bir narsa deya olmayman. Qolaversa, men mashhur bo'lishdan ko'ra, o'z ishimni astoydil bajarishga va ko'proq ijobiy natija qayd etishga harakat qilaman.
- Murabbiyning asosiy quroli - maydondagi shogirdlari deyishadi. SHu fikrga qo'shilasizmi?
- Albatta. Sababi, murabbiy o'yin paytida faqat og'zaki ko'rsatmalar berish bilan cheklanadi. Uning aytganlarini amalga oshirish esa futbolchilarning vazifasi. Siz shuncha o'rgatsangiz-u, lekin maydondagilar o'ynamasa, bu ham to'g'ri kelmaydi. Maydonda oxirgi so'zni aytish futbolchilarning o'zida qoladi.
- Siz haqingizda gap ketganda 4-raqam alohida tilga olinadi. Bu raqam siz uchun qanday ahamiyatga ega?
- 4 raqami men uchun qadrdon bo'lib qolgan. Nafaqat futbolda, balki hayotda ham. Masalan, to'rtta farzandim bor. SHuningdek, o'zimiz ham oilada to'rt farzandmiz. Uchta opa-singil va bir o'g'il. Eng qizig'i, xayrlashuv kechasini ham to'rtinchi bo'lib o'tkazyapman. Avvaliga Azamat Abduraimov, keyinchalik SHuhrat Maqsudov bilan Ilhom SHaripov o'zlarining xayrlashuv uchrashuvini o'tkazishdi. Mana endi to'rtinchisi bo'lish menga nasib qildi. Yoshligimdan shu raqamni yoqtiraman. "Al SHabab"da o'ynagan paytda libosimdagi raqam 26 edi. Men 2 va 6 raqamlarining o'rtasiga minus belgisini chizib qo'yardim.
- Farzandlaringiz ham futbolni tanlashdimi?
- Ha. Katta o'g'lim Mirkamol 15 yoshda. "Quruvchi" o'rinbosarlari safiga kirishga harakat qilyapti. Kichik o'g'lim Mirjamol 1995 yilda tug'ilgan "Paxtakor" tarbiyalanuvchilari bilan shug'ullanyapti. U avval ham futbol, ham karate bilan shug'ullanayotgandi. Keyin unga maslahat berib, faqat futbolni tanlashini aytdim.
- Juda ko'p yoshlar sizga o'xshab o'ynashni xohlashadi. Ularga qanday maslahat bergan bo'lardingiz?
- Maslahatim, avvalo o'zlarining sog'ligiga qarashsin. Futbol o'ynash - maykani kiyib olib shunchaki to'p orqasidan chopish degani emas. Maydonga chiqqandan keyin astoydil o'ynash kerak. Futbolchi erinchoq bo'lmasligi, mashg'ulotlardan o'zini olib qochmasligi lozim. E bugun bo'lmasa, ertaga yuguraman desa, bu bilan ish bitmaydi. Asosiysi o'z kasbiga mehr berib ishlashi kerak.
- Mirjalol aka, samimiy suhbat uchun rahmat. Kelajakda ishlaringizga omad va zafarlar tilaymiz.
Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.
Fikrlar