APLda ECHL yo'llanmasi uchun kurash
12 may 2021 13:54
Yangiliklar
APLda ECHL yo'llanmasi uchun kurash
“Manchester Siti” bu turda “MYU” ochko yo'qotishi oqibatida muddatidan avval chempionga aylandi. Autsayderlar ham malum: “SHeffild”, “Vest Bromvich” va “Fulhem” chempionat bilan xayrlashadi. “Norvich Siti” hamda “Uotford” kelasi mavsum APLda o'ynash imkoniyatini qo'lga kiritgan bo'lsa, CHempionshipdan yana bir jamoa yuqori divizionga yo'l oladi. “Barnsli”, “Bornmut”, “Brentford” va “Suonsi Siti” jamoalari o'sha yo'llanma uchun kurashadi. Bu mavsum APL bizga chempionlik poygasidagi qizg'in bahslarni taqdim etmadi. Sababi, aksariyat klublar uchun bu davr juda qiyin o'tmoqda: pandemiya, jarohatlar, daromad kamligi va hokazo. Mavsum davomida chempionlik uchun asosiy favoritlarning doimiy o'zgarib borishi ham shundan. “Lester”, “Everton”, “Liverpul”, “MYU”, “Tottenhem” kabi jamoalar kamida 2 tur davomida etakchilik rolida turishganiga qaramay, faqat “shaharliklar”gina barqaror o'yin evaziga raqiblaridan oldinga o'tib ketdi. SHu tariqa APLdagi asosiy intriga chempionlik kurashidan bevosita to'rtlik uchun kurashga ko'chdi. Mavsumni bir tekis tarzda o'tkaza olmagan TOP klublarga bu mavsum boshqa klublar ham boshog'riq bo'la oldi. “Lester”, “CHelsi”, “Liverpul”, “Tottenhem” jamoalari o'rtasida hal bo'lishi kutilgan pog'onalarga kutilmaganda “Vest Hem”, “Everton”, “Lids Yunayted” ham davogarlik qila boshladi. Natijada esa “kanonirlar”ning keyingi mavsum evrokuboklarda qatnashmasligi deyarli aniq bo'lib ulgurdi. Bu havotir hozirda boshqa grandlarda ham yo'q emas. Demak, keyingi mavsumda ECHLda qatnashish yo'llanmasini beruvchi o'rinlar uchun kurashayotgan klublar va ularning imkoniyatlarini ko'rib chiqamiz.
“Lester” 36 o'yin, 66 ochko
Bir qarashda “tulkilar”ning imkoniyati ancha yaxshidek ko'rinadi, ammo hammasi bu darajada oddiy emas. Sababi ayni dam turnir jadvalida 3-o'rinda bo'lishlariga qaramay, deyarli hamma taqibchilarida zahira o'yinlar mavjud. Bu turda “qizil iblislar”ni enggan Brendan Rodjers shogirdlarini oldinda yana ikkita “final” kutib turibdi. Avvaliga “Stemford Brij”ga — bevosita raqobatchisi bo'lgan “CHelsi” maydoniga safar qiladi. “Aristokratlar” ham hali hech narsani naqd qilmaganini inobatga olsak, Londonda bizni haqiqiy jang kutib turibdi. So'nggi turda esa “King Pauer”da “Tottenhem”ni qabul qiladi. Nazariy jihatdan, hatto, ECHL yo'llanmasi uchun ham kurashda saqlanib turgan “shporlar” “Lester” maydoniga faqat va faqat g'alaba uchun borishini hisobga olib aytish mumkinki, “tulkilar”ni jiddiy sinovlar kutib turibdi. Ammo “Lester” muhlislarini quvontiradigan xabar shuki, barchasi jamoaning o'z qo'lida. Yani, agar klub so'nggi ikki o'yinda 6 ochko egasiga aylana olsa, shubhasiz, kelasi mavsum Evropaning eng asosiy turnirida ishtirok etadi. O'tgan yili alamli tarzda bu imkoniyatdan mahrum bo'lgan jamoa o'z xatolaridan xulosa chiqargan yoki yo'q, buni yaqin ikki hafta ichi bilib olamiz.
“CHelsi” 35 o'yin, 64 ochko
Tomas Tuhel boshqaruvidagi jamoaning taqvimi “Lester”nikidan-da murakkab. O'tgan tur “Siti”ni irodali tarzda mag'lub etgan “nafaqaxo'rlar” mavsumni yuqori pog'onalarda yakunlash uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan bo'lishlariga qaramay, so'nggi 3 tur haqiqiy boshog'riq bo'lishi aniq. Avvaliga o'z maydonida “Arsenal”ni qabul qiladi. “To'pchilar” yana bir muvaffaqiyatsiz mavsum so'nggida o'z muhlislarini biroz bo'lsa-da xushnud etish hamda Artetaga bo'lgan ishonchni qayta tiklash uchun ham g'alaba umidida maydonga tushadi. So'ngra, yuqorida aytib o'tganimiz — “CHelsi” - “Lester”. Jamoalar “6 ochko” uchun o'ynashadi. Mavsumni esa bu yil TOP klublardan sensacion tarzda ochko olib qo'yayotgan “Aston Villa”ga qarshi kechadigan o'yin bilan yakunlaydi. Ko'rib turganimizdek, agar “CHelsi” barcha o'yinlarda yutadigan bo'lsa, mavsumni uchinchi o'rinda yakunlashi aniq. Ammo, agar ochko yo'qotgudek bo'lsa, o'z komfort sharoitini yo'qqa chiqarishi mumkin.
Yuqoridagi ikki jamoa mavsumni “Siti” va “MYU”dan keyin mos ravishda 3- va 4-o'rinlarni qo'lga kiritish uchun eng asosiy davogarlar bo'lib turishibdi. Ammo bularning qoqilishiga umid qilib turgan yana bir qancha jamoalar borki, ularni quyida keltiramiz.
“Vest Hem” 35 o'yin, 58 ochko
Mavsumni, ayniqsa, ikkinchi davrani juda ko'tarinki ruhda o'tkazayotgan jamoa nazariy jihatdan hali hamon imkoniyatlarga ega. Buning ustiga, “Vest Hem”ning taqvimi boshqa jamoalarga nisbatan anchagina oson. Agar Moyes yigitlari zahira o'ynida “Brayton”ni mag'lub eta olishsa, “Lester”dan 5 ochko orqada bo'lishadi. So'nggi ikki turda “tulkilar” yutqazsa-yu, “bolg'aurarlar” o'z o'yinlarida maksimal ochko jamg'ara olsa, unda bir nimadan umid qilish mumkin bo'ladi. Yoki boshqa bir variant: “CHelsi”ning qoqilishini kutish. Ammo buning ham ehtimoli juda kam, sababi “CHelsi” qolgan barcha uch ushrashuvda ham mag'lub bo'lishini tasavvur qilish mushkul. Agar Tuhel shogirdlari uch o'yindan bittasida bo'lsa ham g'alaba qozona olsa, unda “Vest Hem”ning imkoniyati qolmaydi. CHunki ochkolar teng bo'lgani bilan to'plar nisbatida “CHelsi” ancha oldinda. Qolaversa, o'zaro o'yinlarda ham “aristokratlar” ustunlikka ega. SHunday ekan, “Vest Hem” uchun eng optimal echim bu “Lester”ning qoqilishini kutish va o'z o'yinlarida g'alaba qozonish. Ammo bu ham etarli bo'lmasligi mumkin. Sababi esa “Liverpul”…
“Liverpul” 34 o'yin, 57 ochko
O'tgan mavsum chempionlariga pandemiya og'ir keldi va hozir jamoa avval boshida o'zlari maqsad qilmagan 6-o'rinda joylashgan. Klopp boshchiligidagi yulduzli jamoani Evropa ligasida ko'rish biroz g'alati bo'lardi, biroq vaziyat shuni taqozo etmoqda. Ammo “qizillar”da hali ham umid uchqunlari mavjud. O'ziga kerakli natijaga erishish uchun jamoa qolgan barcha 4 uchrashuvda ham g'alaba qozonishi shart. Bu o'yinlar orasida “Old Trafford”da “MYU”ga qarshi kechadigan murakkab sinov ham bor. Qolgan o'yinlarda esa jamoa nisbatan kuchsiz raqiblar — allaqachon liga bilan xayrlashgan “Vest Brom”, ligada qolish masalasini hal qilib ulgurgan “Byornli” va “Kristal Pelas” bilan o'ynaydi. Yani, ularda motivaciya yo'q. SHunday ekan, Mersisayd klubini nisbatan osonroq taqvim bilan tabriklasak bo'ladi. Agar jamoa “MYU”ni yutsa, ochkolari 60 taga etadi. SHunda Klopp shogirdlari bor etiborini “CHelsi” va “Lester” o'rtasidagi o'yinga qaratadilar hamda, ko'p ehtimol, London jamoasiga muhlislik qilishadi. Sababi, agar “Lester” yutqazgudek bo'lsa, “Liverpul” o'ziga kerakli ochkolarni yig'ish oqibatida “tulkilar”ga etib oladi. O'yinlarda yirik hisoblar qayd etilsa, unda “Liverpul” 4-o'ringa ham ko'tarilishi mumkin. Mavsum so'nggida “Liverpul” va “Lester”ning ochkolari teng bo'lib qolishi ehtimoli ham yo'q emas. SHu uchun jamoalar to'plar nisbatini yaxshilash masalasida ham bosh qotirishlari kerak.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, “CHelsi” va “Lester”ning imkoniyati yaxshiroq. Ammo bu futbol — kutilmagan vaziyatlar bo'lib turadi. “Tottenhem” va “Everton”da esa qandaydir matematik jihatdan imkoniyatlar hali ham mavjud, ammo buning ehtimoli juda ham kam. Ular Evropa ligasi yo'llanmasi uchun kurashib ko'rsa bo'ladi. Yakunda nima sodir bo'lishini esa 23-may kuni bilib olamiz.
Abduqahhor Qosimov tayyorladi
Fikrlar