Aleksandr Azimov - "Turon"ga kelish, ish boshlashi kutilayotgan yangi murabbiy va "Pamir" safidagi "Paxtakor"ga qarshi o'yin haqida
02 jan 2022 11:00
Yangiliklar
Aleksandr Azimov - "Turon"ga kelish, ish boshlashi kutilayotgan yangi murabbiy va "Pamir" safidagi "Paxtakor"ga qarshi o'yin haqida
— Aleksandr Uzakovich, avvalo yangi yil bayrami muborak bo'lsin! Aytingchi, "Turon" da ish boshlashingiz jarayoni qanday yuz berdi?
— Tabrik uchun rahmat! Fursatdan foydalanib barcha o'zbekistonlik futbol muxlislarini yangi yil bayrami bilan tabriklayman. "Turon"da ish boshlashim jarayoni o'tgan yilning noyabr oyi oxirlarida yuz berdi. Klub rahbariyati menga qo'ng'iroq qilishdi va jamoada ishlashga taklifini berishdi. SHundan so'ng kelishuvga ko'ra O'zbekistonga keldim va rahbariyat bilan uchrashuv o'tkazdik. Ushbu uchrashuv davomida klub infratuzilmasi, stadion va yaqinda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan baza (qarorgoh)ni ko'zdan kechirdim. Bundan tashqari meni klubning oldindagi istiqbolli rejalari va maqsadlari bilan tanishtirishdi. Albatta, klub tizimida futbol uchun yaratilgan sharoit va istiqbolli rejalari mening etiborimni tortdi, yani qiziqtirib qo'ydi.
Bilasizmi, men bunga qadar Germaniyada faoliyat olib boradigan firmada boshqaruvchi-direktor sifatida ishlab kelayotgandim. Lekin "Turon" klubi rahbariyatining ishonchi va rejalari meni ushbu lavozimdan voz kechgan xolda O'zbekistonda faoliyatimni boshlashimga sabab bo'ldi. Maqsadim — "Turon"dagi faoliyatim davomida o'zbek futboli rivojiga o'z hissamni qo'shish.
— "Turon" bilan qancha muddatga mo'ljallangan shartnomaga imzo chekdingiz?
— Ochig'i, bu haqida qiziqib ko'rganim yo'q. Men uchun to'g'ri ishlash, natija va futbolning rivoji muhim hisoblanadi. Qancha muddat ishlasam ham jamoaning o'sishiga, yutuq va g'alabalariga o'z hissamni qo'shishni maqsad qilganman.
— Siz futbol olamida o'ziga yarasha nom qozongan tajribali mutaxassislardan hisoblanasiz. "Turon"dagi faoliyatingiz davomida jamoaga qanday yangicha uslublarni olib kirmoqchisiz?
— Futbol qoidalari hamma joyda bir xil. Faqat ushbu sport turiga to'g'ri yondashuv lozim. Futbol halollikni talab etadi, uni aldab bo'lmaydi. Siz 90 daqiqa futbol o'ynab g'alaba qozonmoqchimisiz, chempionat yakunida g'olib bo'lmoqchimisiz, demak bunga ruhan va jismonan tayyor bo'lishingiz kerak. Bu esa o'ziga yarasha mehnat va iroda talab etadi.
Biz birinchi navbatda klubdagi tizimni to'g'ri yo'lga qo'ymoqchimiz. Rahbariyat etarlicha sharoit yaratib berayaptimi, demak natija ham shunga mos bo'lishi kerak. Mashg'ulotlarni Evropa klublari uslubida tashkil etishni, klubdagi har bir futbolchining harakatlarini nazoratga olishni rejalashtirmoqdamiz. Malumot o'rnida aytishim mumkin, tez orada "Turon"da asli Latviya davlatidan bo'lgan, hozirgi kunda Germaniyada faoliyat olib borayotgan mutaxassis Vadim Barnich ish boshlashga yaqin turibdi. Barnichni futbol jamoatchiligi "Fortuna Dyusseldorf" klubidagi faoliyati orqali ham tanishadi. Hozirda "Turon"da o'zbekistonlik istedodli mutaxassis Anvar Berdiev ishlamoqda. Biz aynan Berdiev va Barnichning o'zaro uyg'un xolda faoliyat olib borishlarini taminlamoqchimiz. Yuqorida aytib o'tganimdek, bunda jamoadagi har bir futbolchining jismoniy xolati, mashg'ulotlarda ishlashi, dietaga rioya etishi xolatlari qatiy nazoratga olinadi. Futbolchi o'z hohishiga qarab ko'chada sho'rva yoki manti kabi taomlarni istemol qilmaydi. Ularning belgilangan taomlanish recepti bo'yicha ovqatlanishlarini tashkil etamiz. Mashg'ulot va undan keyingi jarayonlar rejaga amal qilishlari yo'lga qo'yilsa, albatta maydonda o'z samarasini ko'rsatadi. SHu sababdan ham biz Germaniyada ishlab kelayotgan tajribali mutaxassisni klub tizimiga jalb etmoqdamiz.
— Siz futbolchilik faoliyatingiz davomida Toshkentning «Paxtakor» klubiga qarshi o'ynagansiz. Aytingchi, o'zbek futboli o'sha vaqtdagidan buyon qanchalik o'zgargan?
— Ha, bu to'g'ri. Dushanbening "Pomir" jamoasi safida "Paxtakor"ga qarshi o'ynaganman. O'sha vaqtlarda jamoada to'purar bo'lgandim, hozirga qadar hujumkor futbolni qo'llab-quvvatlayma. Bilasizmi, mening futboldagi tajribam ayni vaqtga kelib 33 yilga etdi. Tojikiston, Avstriya, Germaniya davlatlari futbolida faoliyat olib bordim. Endilikda o'zbek futbolida, yani "Turon"da ish boshlashim faoliyatimdagi yangi sahifa bo'ladi. Anchadan buyon O'zbekiston chempionatlarini kuzatmaganim bois, hozir va o'sha vaqtdagi farqni aniq tasvirlab bera olmayman. Lekin shuni aytishim mumkin, O'zbekistonda iqtidorli futbolchilar juda ko'p. SHuningdek, bu erda futbolni juda ham yaxshi ko'rishadi, sevishadi va qadrlashadi.
Bekzod Tolibov suhbatlashdi
Fikrlar