AGMK "Metallurg" bilan o'yindagi hakamlik ustidan shikoyat qildi
05 mar 2022 14:12
Yangiliklar
AGMK "Metallurg" bilan o'yindagi hakamlik ustidan shikoyat qildi
Kecha AGMK uchun o'zbek futboli muxlislari orziqib kutgan mavsum, katta intriga va qiziqishlarga sabab bo'lishi kutilayotgan navbatdagi chempionat start oldi. Ilk turdayoq qura futbol muxlislariga katta qiziqish uyg'otgan Toshkent viloyati derbisini taqdim etdi.
Bekobodda o'tkazilgan "Metallurg" - AGMK uchrashuvida muxlislar toza futbol ko'rishdan ko'ra, nisbatan qo'pol va xatolarga boy o'yin guvohiga aylanishdi. Xususan bunga ob-havoning injiqligi, yani Bekobodda kuzatilgan kuchli shamol va qo'shimchasiga hakam tomonidan bir jamoaning foydasiga xizmat qilgan, aksincha, ikkinchi jamoa zarariga ishlagan qator qarorlar ham futbol taraflama o'yin bezagiga putur etkazdi.
Qizig'i, mazkur o'yin rasmiylari elon qilingan vaqtda uchrashuvda VAR tizimi ishlashi rejalashtirilgandi. Ammo o'yinga 2 kun qolganida O'zPFL rasman Toshkent viloyati derbisida texnik sabablarga ko'ra VAR tizimi ishlashi bekor bo'lganini elon qilgandi. Principial qarama-qarshilik, ilk turdayoq derbi o'yini bo'lgani uchun keskinlik va shiddat yuqori tempda bo'lishi hamda mazkur bahsda hozirgi zamonaviy futbolning bir bo'lagiga aylangan VAR tizimi yo'qligi ko'pchilik qatori jamoamizdayam ko'plab savollarni keltirib chiqargandi. Afsuski, aynan o'sha savollar va VAR tizimining ishlamaganligi o'yinda yaqqol sezildi va bu jamoamiz zarariga ham ishladi aslida.
"Metallurg" - AGMK uchrashuvidan keyin jamoamiz murabbiylar shtabi kiyinish xonasida tezkorlik bilan uchrashuv tasviri orqali o'yindagi vaziyatlar bo'yicha hakam Norsafarovning bahsli qarorlarini tahlil qilib, uchrashuv komissari Vladimir Nazarovga murojaat etib, 2022 yilgi mavsumda O'zPFL tomonidan o'tkazilanadigan Musobaqalar reglamentining 14-bobi, 14.1 va 14.2 bandlaridan foydalangan holda uchrashuvni boshqarib borgan hakam Firdavs Norsafarov chiqargan qarorlar o'yin natijasiga tasir ko'rsatgani uchun uchrashuv qaydnomasiga o'z etirozlarimizni kiritdik.
AGMK PFK etirozlariga ko'ra, "Metallurg" - AGMK (1:0) uchrashuvining quyidagi vaziyatlaridagi bahsli qarorlar bo'yicha shikoyat qiladi.
Dastlabki holat, yani uchrashuvning 15-daqiqasida Mirjamol Qosimovga nisbatan raqib futbolchisi Farhod Bekmurodov ikki oyoqlab sakragan holda o'ta qo'pol tajovuzkor harakatni amalga oshirdi. Bekmurodov o'sha vaziyatda to'pga emas, aynan Mirjamol Qosimovga agressiv harakatda jarohat etkazdi. Vaziyatga yaqin turgan Norsafarov esa Farhod Bekmurodovga sariq kartochka ko'rsatish bilan cheklandi xolos. To'pga emas, raqibga nisbatan atayin keskin va agressiv harakatda o'ynagan vaziyatlarni jahon futbolida qizil kartochka bilan siylashadi. Norsafarov esa bu vaziyatda qattiqqo'l yoki qoidaga amal qilishdan ko'ra yumshoqroq qaror chiqarish bilan cheklandi!
Ikkinchi etirozli vaziyat: Uchrashuvning 20-daqiqasida "Metallurg"ning o'ng qanotdan amalga oshirgan hujumi, yani Norbekovning to'p uzatmasidan keyin jarima maydonchasidagi himoyachimiz Sardor Rahmonov to'pni avval tepib yuboradi. Ikkinchi vaziyatda to'pga yaqinlashayotgan Rahmonovni raqib hujumchisi Zabihillo O'rinboev ochiqcha turtib yuboradi va muvozanatni yo'qotgan Rahmonov to'pga o'ynash imkoniyatidan mosuvo bo'lib, erga yiqilayotganda jamoadoshi Abdulla Abdullaev bilan to'qnashib ketib yiqilmaydi. Bosh hakam Norsafarov esa bu vaziyatda fol qayd etishni unutadi. Keyingi holatda esa to'pga ega chiqqan O'rinboev himoyalanishga oshiqayotgan Rahmonov bilan kurashda simulaciya aralash yiqilgach Norsafarov jamoamiz darvozasiga penalti qo'yadi!
Uchinchi vaziyat: Uchrashuvning 43-daqiqasida jamoamiz burchak zarbasini ijro etgach ikkinchi tempda hujum davom etgach jarima maydonchasi ichida raqib futbolchisi Ixtiyor Toshpo'latov to'pga o'ynamoqchi bo'lgan Andrey Mishenkoni ochiqchasiga ikkala qo'li yordamida ushlab qolib, Mishenkoni hujumdagi harakatini chekladi. Bu vaziyatda Norsafarov jamoamiz foydasiga penalti belgilamadi. Aynan o'sha burchak zarbasi tepilayotgan vaziyatda ham uzoq burchakda raqib futbolchisi Fozil Musaev Xurshid G'iyosovni ochiqchasiga ushlab olgan holda vaziyatdan zararsizlantirib o'tirdi. Norsafarov bir vaziyatda ikkata penaltiga tortadigan epizodni ko'rmadi. Aynan AGMK foydasiga chiqarilishi kerak bo'lgan qarorlar chiqarilmagani ajablanarli.
To'rtinchi vaziyat bo'yicha shikoyat quyidagicha: Uchrashuvning 44-daqiqasida «Metallurg» futbolchisi Xudoyshukur Sattorov to'pni o'zidan uzoqlashtirib yuborib, qarshi hujumni o'tkazib yubormaslik maqsadida Murodjon Toshmatovning tizzasiga butsalarining tag qismi bilan ochiqchasiga zarba yo'lladi. Hakam ushbu vaziyatga yaqin bo'lishiga qaramasdan, jarohat etkazgan futbolchiga umuman kartochka ko'rsatmadi. Ushbu vaziyatda Xudoyshukur Sattorovning keskin harakati qizil kartochkaga loyiq edi qoida bo'yicha.
Beshinchi etirozli holat: Uchrashuvning 45-daqiqasida jamoamiz yana burchak zarbasi tepdi. Darvozaning yaqin ustuni yonginasida yana Fozil Musaev futbolchimiz Xurshid G'iyosovni libosidan tortib, futbolchimizni erga qulatadi va bu vaziyatda tabiiyki Musaev G'iyosovga to'pni darvozaga yo'llashga imkoniyat bermaydi. Qoidaga ko'ra, bunday holatlar penalti ekanligini futbol ishqibozlari ham biladi. Lekin ushbu vaziyatda Norsafarov jamoamizga nisbatan ko'rsatgan qattiqqo'lligi yoki qoida rioya qilishini raqib "Metallurg"ga nisbatan ishlatmadi. Ajablanarli.
Oltinchi etirozli vaziyat bo'yicha izoh: Uchrashuvning 50-daqiqasida to'p uchun qizg'in kurashda Sanjar Tursunov Ixtiyor Toshpo'latovdan to'pni olib qo'yadi. To'pni yo'qotgan futbolchi alamzadalik bilan Tursunovning ortidan kelib, ikki oyoqlab unga tashlanib, futbolchimizga atayin jarohat etkazdi. Ushbu vaziyatda Norsafarov Toshpo'latovga qizil kartochka ko'rsatishni yana "unutib" qo'ydi shekilli. Etibor bering, uchrashuvning 50-daqiqasida bo'lgan holat bu. Agarda o'shanda raqibga ham AGMKga nisbatan qattiqqo'l va keskin qoida bo'yicha chiqargan qarorlarini "Metallurg"ga ham ishlata olganida, jamoalar qolgan 40 daqiqani teng holatda o'tkazgan bo'lishardi. Bu esa futbol muxlislariga ko'proq toza futbol taqdim etish imkoniyatini yaratardi. Hakam esa muvozanatni qo'ldan chiqargani, mezbonlarga istagancha harakat qilish imtiyozini berib qo'ygandek. Aks holda mezbonlar bu qadar keskin va ko'plab qoidalarni buzishmasdi. Oddiy fakt: uchrashuv davomida AGMK futbolchilari jami 3 marta ogohlantirildi. Bir vaziyatda Mirjamol Qosimov keskin harakati uchun sariq kartochkaga loyiq ko'rilgan bo'lsa, qolgan ikkita ogohlantirish shunchaki aynan hakamning noxolis qarorlari tufayli bahs va munozara keltirib chiqargani uchun ruy berdi. Etibor qiling, shu kuni juda agressiv va keskin harakat qilgan "Metallurg" jami 6 marta ogohlantirildi. Hammasi keskin qoida buzish natijasida. Lekin chetlatish yo'q. Qaysi vaziyatlarda chetlatish shart bo'lganini esa yuqorida asoslar bilan keltirib o'tdik.
Ettinchi vaziyat: Uchrashuvning 84-daqiqasida ruy bergan holat, yani jamoamizning o'ng qanotdan tashkil etgan hujumi paytida «Metallurg» futbolchisi Ibrohim Ibrohimov to'pga keskin («podkat» tashlab) o'ynab, uni maydon tashqarisiga chiqarib yuboradi. Ibragimov keskin harakati davomida SHoxruh Gadoevni maydonga yiqilishiga sababchi bo'ldi. Erga orti bilan yiqilgan Gadoev muvozanatini yo'qotgan holda, erdan yiqilayotib, oyoqlari bilan Ibragimovning bosh qismiga uriladi. Bosh hakam Firdavs Norsafarov ushbu vaziyatda negadir yana kitobni ochib, qoidalarni maydonda o'qiy boshladi va Gadoevga qizil kartochka ko'rsatdi. Ushbu holatda futbolchimiz harakati jazoga loyiq, lekin to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka ortiqcha edi.
Firdavs Norsafarov negadir o'yin davomida ikki xil standartlar bo'yicha qaror chiqardi. AGMK foydasiga, "Metallurg" zarariga bo'lgan vaziyatlarni yumshoqlik bilan, imtiyozlar taqdim etgandek tuyuldi. Aksincha, AGMK zarariga, "Metallurg" foydasiga esa qattiqqo'l hakam rejimida, hammasini to'g'ri qilayotgandek yuqori ishonch bilan qarorlar chiqardi.
Aslida esa uchrashuvda mezbon jamoa vakillari o'ta qo'pol harakatda bo'lishgani, keskin choralar bizning futbolchilarga nisbatan ishlatilgani ko'plab savollarni yuzaga keltirmoqda.
Superliga va O'zbekiston kubogi doirasida o'tgan mavsumdagi oxirgi o'yinlari, darvozamizga belgilangan penaltilar va yangi mavsum ham o'tgan yilgi finishdagidek boshlangani umuman tushunarsiz holat. Hakamlar qoidani oxirgi o'yinlarda AGMK zarariga to'g'rilab, raqib foydasiga ishlatish tajribasini keng qo'llashmoqda.
Fakt shuki, oxirgi 3 o'yinda jamoamiz darvozasiga 4ta penalti va jamoamiz futbolchilariga 3ta qizil kartochka ko'rsatildi.
O'ylaymizki, shikoyatni tegishli tashkilot vakillari ko'rib, o'rganib, tahlil qilib, keyin oqilona qaror chiqarishadi. Umid qilamizki, kelgusida hakamlar AGMK o'yinlarida ikki xil standartdagi qarorlarni mavjud standartlar asosida barchaga teng holatda qo'llashadi", - deb yozadi AGMK matbuot xizmati.
Fikrlar