So’nggi yangiliklar

12:53"Бавария" ва "Ювентус" Англия термаси марказий ҳимоячисини ўз сафига қўшиб олмоқчи   0 12:32Миллатлар Лигаси доирасидаги баҳсда Бельгия Исроилни Венгрияда қабул қилади  1 11:56"Интер" "Зенит" ҳимоячисига қизиқиш билдирмоқда  0 11:27Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон бугун Қирғиз Республикасига қарши кураш олиб боради  1 10:53МЮдан навбатдаги юриш. Инглизлар 90 миллион евролик трансферни амалга оширишга тайёр  8 10:25«Барселона» Дани Ольмо бўйича музокараларни бошлади. Каталонияликлар қанча таклиф қилгани маълум  9 09:57«Атлетико» икки нафар Европа чемпионлари билан шартнома тузмоқчи  0 09:28Месси ХХI асрнинг энг яхши спортчилар рейтингининг ТОП-3лигидан жой олди. Роналду эса…  24 09:00Слот «Ливерпуль» бошқарувидаги дебют ўйнида Чемпионшип вакилига мағлуб бўлди  2 08:31«Пахтакор»нинг яна бир футболчиси «Металлург»га ижарага берилди  2 08:05АПЛ. Ким энг кўп ойлик олади?  1 07:37«Манчестер Юнайтед» олти нафар футболчисини сотишга тайёр  4 02:35Тожикистон футзал терма жамоаси бош мураббийи: "Бугун кучлироқ жамоа ғалаба қозонди"  1 01:38Хосе Венансио Лопес: "Адолатли натижа қайд этилди. Жорий йиғин давомида кўпроқ ҳимоя чизиғини яхшилаш ҳаракатидамиз"  2 01:05ОФК президенти Париж Олимпиадасида Осиё номидан иштирок этувчи терма жамоалар ва мусобақа расмийларига табрик йўллади  0

Abduqodir Husanovning ehtimoliy yangi klubi "Lans" haqida nimalarni bilish kerak? Yangiliklar

Abduqodir Husanovning ehtimoliy yangi klubi "Lans" haqida nimalarni bilish kerak?

Varanni tarbiyalagan, UEFA Kubogi yarim finalchisi bo'lgan, o'tgan mavsum chempionlikka yaqin kelgan jamoa bilan tanishamiz.

U-20 Osiyo Kubogi qahramonlaridan biri, milliy terma jamoa debyutanti Abduqodir Husanov Franciyaning “Lans” klubiga o'tishga yaqin. O'zbekistonda bu jamoa haqida juda kam odam biladi. Lekin ushbu klub etiborga loyiq - ayniqsa, hamyurtimiz u erga o'tgandan keyin.



Klub tarixi va yutuqlari

"Lans" – Franciyaning eng qadimgi klublaridan biri. U 1906 yilda tashkil topgan, faqat "Nicca" (1904) va "Marsel" (1899) top-klubi undan avvalroq tashkil etilgan. Klub Belgiya bilan chegara yaqinida joylashgan xuddi shu nomdagi shaharda joylashgan. Yaqin atrofda Liga 1'ning yana bir klubi – "Lill" joylashgan. Lansdan Parijgacha bo'lgan masofa taxminan 180 kilometrni tashkil qiladi.



"Lans"ning ananaviy ranglari qizil va sariqdir. Klubning eng yaxshi natijalari 1990-yillarning oxiri – 2000-yillarning boshlarida kuzatilgan: o'sha davrda "Lans" Franciya chempioni bo'lgan (1997/1998 yilgi mavsum), kumush medalni qo'lga kiritgan (2001/2002) va UEFA Kubogi yarim finaliga chiqqan (1999/2000) va "Arsenal"ga yutqazgan.

Ayni paytda "Lans"ning texnik homiysi Germaniyaning "Puma" kompaniyasi hisoblanadi.



Jamoada turli vaqtlarda quyidagi futbolchilar to'p tepgan:

• Loik Remi ("Marsel", "Nicca", "Lill", "CHelsi" va Franciya terma jamoasidagi o'yinlari bilan tanilgan);

• Seydu Keyta ("Barselona", "Roma", "Sevilya", Mali terma jamoasi);

• Xilton ("Monpele", "Marsel");

• Vladimir SHmicer ("Liverpul", CHexiya terma jamoasi);

• El Hoji Diuf ("Bolton", "Liverpul", Senegal);

• Rigober Song ("Galatasaroy", "Liverpul", "Vest Xem", Kamerun terma jamoasi);

• Alfons Areola (PSJ, "Vest Xem", "Real", Franciya).



"Lans" tarbiyalanuvchilari: 

• Rafael Varan ("Real", "Manchester Yunayted", Franciya terma jamoasi);

• Vilen Siprien ("Nicca", "Parma");

• Benua Assu-Ekoto ("Tottenxem", Kamerun terma jamoasi);

• Serj Ore (PSJ, "Tottenxem", Kot-d'Ivuar terma jamoasi);

• Joffre Kondogbia ("Valensiya", "Atletiko", "Monako", "Inter");

• Torgan Azar ("Borussiya M", "Borussiya D", Belgiya terma jamoasi).


Klubning tiklanishi va 2022/2023 yilgi mavsumdagi muvaffaqiyat

2015 yilda "Lans" Franciya oliy ligasidan tushib ketdi. Qaytish faqat besh yil o'tib, 2020/2021 yilgi mavsumda sodir bo'ldi. Qizig'i shundaki, "Lans" Liga 1'ga qaytganidan so'ng darhol evrokuboklar zonasidan bir qadam narida to'xtadi: orzu qilingan oltinchi o'rinni egallagan "Renn" atigi bir ochko ko'proq to'pladi. Bir yil o'tgach, tarix takrorlandi – yana ettinchi o'rin, ammo Evropa musobaqalari uchun uch ochko etarli emasdi.

Ammo o'tgan, 2022/23 yilgi mavsumda "Lans" kichik mo'jiza yaratdi. Jamoa butun chempionat davomida kuchli uchlikdan joy olib, mavsum yakunlanishi arafasida 12 uchrashuvda 11 ta g'alabali seriya qayd etdi va PSJga yaqinlashib oldi. Yana ozgina etmadi – parijliklar "Lans"dan bir ochkoga o'zib ketishdi. Biroq "qizil-sariqlar" klubning zamonaviy tarixidagi eng yaxshi natijaga erishdi va UEFA CHempionlar Ligasi guruh bosqichiga yo'l oldi.



"Lans" Liga 1'da eng kam gol o'tkazib yubordi – 38 o'yinda 29 ta gol. To'plar farqi +39 ni tashkil etdi, bu borada faqat PSJ (+49) oldinda. Mavsum davomida "Lans" "Monako"ni ikki marta (4:1, 3:0) mag'lub etdi, shuningdek, "Lion" (1:0), "Marsel" (1:0, 2:1) va "PSJ" (3:1) ustidan bir martadan g'alaba qozondi.


Bosh murabbiyning roli

2020 yildan beri "Lans"ni Frank Ez boshqarib kelmoqda. Aynan shu mutaxassis klubning oliy divizionga qaytishiga yordam berdi, shundan so'ng u futbolchilarni rivojlantirish bilan shug'ullandi. Oxirgi ikki yil ichida "Lans" katta sotuvlarni amalga oshirdi: SHeyk Dukure ("Kristal Pelas", 22,6 mln evro), Loik Bade ("Renn", 17 mln evro), Kristofer Vux ("Renn", 9 mln evro), Jonatan Klaus ("Marsel", 7,5 mln evro). Bu Ezning katta xizmati, chunki o'tgan mavsumda "Lans" futbolchilarining o'rtacha yoshi 25 yoshdan kichik edi. Frank o'yinchilar qirrasini ochishni va yoshlar bilan ishlashni biladi.

Futbolchilar Ezni "xotirjam va to'g'ri murabbiy" deb atashadi. Francuz matbuotida kiyinish xonasida qanday ajoyib muhit hukm surayotgani haqida malumot topishingiz mumkin. Mutaxassislarning fikricha, "Lans" murabbiylik jamoasi va Ezning roli juda katta.



O'tgan yili Frank nafaqat murabbiy, balki "Lans" bosh direktori ham bo'ldi, chunki sport yo'nalishining avvalgi rahbari Floran Gizolfi "Nicca"ga ketgandi. Endi Ez klubdagi deyarli hamma narsa, jumladan, transferlar uchun ham javobgar. Albatta, u yolg'iz ishlamaydi – uning yordamchisi Gregori Til bor. U Gizolfiga yordam berardi, endi "Lans"ning texnik direktori bo'ldi. Ez bilan birgalikda ular klub tarixini yaratadilar.

Frank Ez haqida qiziqarli fakt shuki, u yogani yaxshi ko'radi. 

So'nggi paytlarda yoga jamoaviy mashg'ulotlarning ajralmas qismiga aylandi. "Biz kuniga bir soat yoga bilan shug'ullanamiz. Bu nafas olish ustida ishlash uchun zarur bo'lgan tiklovchi jarayon. Men "Lans"da ekanman, bu erda yoga bo'ladi", – dedi Ez intervyularidan birida.


"Lans"ning o'yin uslubi va jamoa etakchilari

"Lans" har doim uchta markaziy himoyachi bilan o'ynaydi. Raqibdan kelib chiqib taktika o'zgarishi mumkin – 3-5-2, 3-4-3 yoki 3-4-1-2.

O'z jarima maydonchasi tomonni himoya qilayotganda, "Lans"ning mutlaqo barcha futbolchilari to'p uchun kurash olib boradi. To'p Ezning shogirdlariga o'tgach, ular tezkor qarshi hujumga o'tib ketishga harakat qilishadi. Jamoa ixcham harakat qiladi, doimiy ravishda raqibga bosim o'tkazadi. PPDA (pressing intensivligi) bo'yicha "Lans" o'tgan mavsumda Franciya chempionatida to'rtinchi o'rinni egalladi.

"Lans" 3:1 hisobida g'alaba qozongan PSJga qarshi o'yinni jamoaning tashrif qog'ozi deb atash mumkin. Birinchi gol pozicion hujumdan so'ng, ikkinchisi – qarshi hujum va maydonning yarmidagi kesishuvchi pasdan keyin, uchinchisi esa raqib jarima maydoni tarafda muvaffaqiyatli pressing uyushtirish natijasida yuzaga keldi. "Lans" turlicha o'ynashni biladi, asosiysi – fidoyilik, ixchamlik, doimiy diqqat-etibor va qaror qabul qilishda tezkorlik. Bunda ijrochilarning saviyasi ham, albatta muhim.




Liderlar:

• Loi Openda – 23 yoshli belgiyalik hujumchi. O'tgan mavsumda 38 o'yinda 21 ta gol urdi va 4 ta golga assistentlik qildi. Openda yozda "Leypcig"ga o'tishi haqida malumotlar bor. Opendaning bozor qiymati – 35 mln evro;

• Seko Fofana – 28 yoshli kot-d'Ivuarlik yarim himoyachi, jamoa sardori. U hamma narsaga qodir o'yinchi: to'pni olib qo'yish, uzoqdan uzatmani amalga oshirish, aqlli pas berish, raqibni aldash va jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba yo'llash. O'yin uslubi bo'yicha ko'pchilik uni Yaya Turega qiyoslaydi;

• Kevin Danso – 24 yoshli avstriyalik himoyachi. Unga "Milan", "Napoli" va bir qancha APL klublari qiziqish bildirmoqda;

• Bris Samba – 29 yoshli, kelib chiqishi kongolik darvozabon bo'lib, yaqinda Franciya terma jamoasi safida debyut qildi. Uchrashuvda o'rtacha 2,6 ta seyv qildi.


Husanovning poziciya bo'yicha raqobatchilari

"Lans" uch markaziy himoyachi bilan o'ynashini hisobga olsak, Husanov katta ehtimol bilan bu trioda o'ngdagi markaz vakili bo'ladi. Katta ehtimol bilan aynan shu nuqtada maydonga tushadi, chunki markazda Kevin Danso o'ynaydi.

O'ng markaziy himoya – "Lans"ning eng muammoli poziciyalaridan biri. Mavsum davomida nominal chap qanot himoyachisi Massadio Aydara tez-tez u erda o'ynadi. Umuman olganda, "Lans"da Dansodan tashqari hozirda faqat ikki markaziy himoyachi bor: Fakundo Medina va Jonatan Gradi. Ushbu poziciyada ko'p ham futbolchi yo'q.



Albatta, Husanovga darhol asosiy tarkibdagi barqaror o'rin berilishi qiyin bo'ladi. Biroq u asta-sekin asosiy tarkibga moslashtirib boriladi. Yoshni ham unutmaylik, chunki Abduqodir endigina 19 yoshda. Keyingi mavsumlar Husanov uchun hal qiluvchi bo'ladi. Biz unga omad tilaymiz va o'zbekistonlik millionlab futbol ishqibozlari qatori muxlislik qilamiz.


Nikolay Egorichev tayyorladi

SHerzod Nurmatov tarjimasi 

Reyting: +34   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика