So’nggi yangiliklar

18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  6 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  1 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  4 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1 16:54"Лестер" - "Челси". Кимлар асосий таркибда?  0 16:39Суперлига. "Андижон" - "Динамо" 2:0 (матнли трансляция)  9 16:10МЮдагилар ёзда 42,5 млн. еврога сотиб олинган футболчига шубҳа билан қарашмоқда  0 15:43ЦСКА - "Ростов". Таркиблар эълон қилинди  7 14:48Гвардиола: "Манчестер Сити"га дунёнинг энг яхши футболчиси етишмаяпти"  18 13:50Энрике: "Ҳайратланарли томоша кўргингиз келса "Дю Солей Цирки"га боринг"  1 13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  26 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  5 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  1 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  18 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1

9 ta maydon, 12 ta avtobus, ulkan trenajyor zali, go'zal "Pancho Arena". Dunyoga mashhur "Pushkash" akademiyasi haqida FOTOMAQOLA Yangiliklar

9 ta maydon, 12 ta avtobus, ulkan trenajyor zali, go'zal "Pancho Arena". Dunyoga mashhur "Pushkash" akademiyasi haqida FOTOMAQOLA

Vengriya futboli tarixida barcha davrlarning eng buyuk o'yinchisi Ferenc Pushkash hisoblanadi.

Hatto, FIFA yilning eng chiroyli goliga beradigan sovrin ham aynan Pushkash nomi bilan ataladi. U "Real" afsonalari qatorida turadi. Vengriyada esa butun Evropaga mashhur futbol akademiyasiga uning nomi berilgan. Sezib ulgurganingizdek gap "Pushkash" akademiyasi haqida ketmoqda.

Vengriya poytaxti Budapeshtdan 45 km masofada joylashgan Felchut qishlog'i bir jihati bilan mashhur. Feyer okrugiga qarashli, aholisi 1700 kishi ham chiqmaydigan qishloqda Evropa va dunyoga mashhur "Pushkash" akademiyasi joylashgan. Ko'zni quvnatadigan arxitekturaga ega va sharoitlari havas qilsa arzigulik bo'lgan bunday akademiya nega aynan kichik qishloqda joylashgan degan savol paydo bo'lgandir. CHunki, akademiyani moliyalashtirishda bosh-qosh bo'lib kelayotgan va uning asoschisi - Viktor Orban. Janob Orban esa ayni paytda Vengriya bosh vaziri hisoblanadi. Mana shunday "tanka" qo'llab-quvvatlab turgani uchun ham akademiya yildan-yilga kengayib bormoqda. Akademiyaga shunchaki havas qilish va ulardan ko'p narsalarni olib o'rganish mumkin. Viktor Orban siyosat ichida bo'lgani bilan asosiy xobbisi futbol hisoblanadi. Vaqtida o'zi ham uchinchi divizionda to'p tepadigan "Felchut" jamoasida o'ynagan. Orban aynan Felchut qishlog'ida ulg'aygan, yani bolaligi o'sha erda o'tgan. SHu sabab o'zi katta bo'lgan qishloqda mana shunday akademiya rivoji uchun o'z hissasini qo'shib kelmoqda.


Biz tasodifan "Pushkash" akademiyasi direktori Dezyo Lishkay bilan tanishib qoldik. U esa bizni akademiyaga taklif qildi. "Championat.asia" xodimlari "Pushkash" akademiyasiga borib hammasini o'z ko'zlari bilan ko'rishdi. Va albatta ko'rganlarimizni saytimiz o'quvchilari bilan ham bo'lishmoqchimiz.

Akademiyaga 2006 yilda asos solingan. 2007 yilning 1 aprel sanasida esa unga "Pushkash akademiyasi" nomi berilgan. Agar Pushkash hayot bo'lganda o'sha 1 aprelda 80 yoshga to'lgan bo'lardi. Ferenc 2006 yilning 17 noyabrida olamdan o'tgan.

Akademiya jami 58318 kvadrat metr erni egallaydi. Akademiya hududida "Pancho Arena" stadioni, "Pancho hotel", yotoqxona, yirik trenajer zali, tibbiyot markazi, Ferenc Pushkashning bronzadan yasalgan haykali, ofis va restoran bor. Bundan tashqari, 9ta tabiiy chimli maydon, ulardan 3tasiga isitish tizimi o'rnatilgan. Yilning istalgan paytida foydalanish uchun ikkita suniy poqlamali maydon, turli hajmdagi kichik maydonchalar ham bor. Qizig'i, akademiya ochilganda mashg'ulot maydonlari bor yo'g'i ikkita bo'lgan. Bugungi kunga kelib esa yuqorida keltirib o'tdik qancha maydon borligini. Akademiyaning orqa tomoni to'lig'icha o'rmon.

"Vengriya futbolini jonlantirishning yagona yo'li - yosh avlod uchun rivojlanishning yuqori darajasini tiklash maqsadida qo'limizdan kelganini qilishdir. SHu sabab biz futbol akademiyasini faqatgina shaxsiy quvonchimiz uchun emas, balki yosh o'yinchilarni ko'proq tarbiyalash va rivojlantirish maqsadida tashkil etdik. Biz Ferenc Pushkash kabi buyuk futbolchi va shaxsni ko'rishni istaydiganlarni mamnun qilishni xohlaymiz", - Viktor Orban, "Pushkash" akademiyasi asoschisi.

O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Budapeshtdagi "Karmelita" saroyida.


Bizga akademiyada faoliyat olib boruvchi Neji Marton hamrohlik qildi va butun akademiya bilan tanishtirib chiqdi. Xullas, qolganini o'zingiz o'qib va ko'rib olishingiz mumkin.

Arxitekturaga ortiqcha tarifning o'zi ortiqcha.


O'rtacha olganda har bir yosh toifasidagi terma jamoada olti nafardan tarbiyalanuvchimiz bo'ladi. Bu yaxshi natija. CHunki hisoblab ko'rsangiz, 11 o'yinchining yarmi bizdan chiqqan bo'ladi. Bu narsa terma jamoa natijalarida ham o'z tasirini ko'rsatishiga umid qilmoqdamiz. Hozir esa biz akademiyani kuchaytirishni davom ettirmoqdamiz. Qo'lingizda xarita turibdi. Bu erda asosan ikkinchi jamoa o'ynaydi. Ular Vengriyaning uchinchi divizionida qatnashishmoqda. Qizig'i shundaki, bu jamoaning o'rtacha yoshi 17 ni tashkil qiladi. Vengriya birinchi divizionida qatnashadigan "Pushkash" jamoasining  juda ham iqtidorli futbolchilari 16-17 yoshlaridan boshlab kattalar futbolini his qilishlari uchun mana shu uchinchi diviziondagi ikkinchi jamoamizda imkoniyatga ega bo'ladilar. Bundan tashqari, bizda yana bir hamkor jamoa bor. Vengriya ikkinchi ligasida o'ynaydigan "CHakvar" jamoasi biz bilan hamkorlik qiladi va o'yinchilarimiz o'sha jamoada ham tajriba to'plashi mumkin. Bu erdan u klubgacha 20 daqiqalik yo'l. Yosh futbolchilarning iqtidori favqulotda kuchli bo'lsa, asosiy diviziondagi "Pushkash" jamoasida o'ynaydilar. 

Bizning asosiy maqsadimiz ham yoshlarni asosiy jamoaga bo'lgan yo'lini integraciya qilish. Umuman olganda esa Evropada, Vengriya termasida o'ynay oladigan futbolchilar etishtirib chiqarish. Bundesligada allaqachon o'yinchilarimiz faoliyat olib borishmoqda va kelajakda bundan ham yuqori natijalarni ko'zlayapmiz.

Bizning uslub bu yoshlar bilan individual ishlash va jamoada birdamlikni shakllantirish.


Gayrat Xasbiullin: - Menda savol bor, uchinchi diviziondagi jamoadagilarning hammasi ham 17 yosh bo'lmasa kerak?

- Akademiyadagi eng yoshi katta toifa bu U-19. Ha birinchi divizionning alohida U-19 chempionati bor. Bu yigitlar bazida uchinchi divizionda ham o'ynab turishadi yoki aksincha.  Umuman olganda agar futbolchilar iqtidorli bo'lsalar, ular bir yosh yuqori toifada o'ynashlari mumkin. Uzoq muddatli rivojlanishda bu narsa katta foyda beradi.

- Bu o'yin volleybol va tennisning aralashmasi (Padbol). To'rtta o'yinning aralashmasi. Bu reakciyani oshiradi va jamoaviy ishlashga foydali. Bu narsani yaqindagina tayyorladik. Yigitlarda osonroq mashg'ulot bo'lgan paytlarda aynan shu o'yinni o'ynashadi. Katta futbolchilar ham bazida bu o'yinni o'ynab turishadi. Umuman olganda, akademiyada raqobat juda ham kuchli.

Padbol.



- Bu erda to'qqizta tabiiy maydon bormi?

-  Ha, futbol uchun to'qqizta tabiiy maydon bor. Taktik va boshqa mashqlar uchun alohida taktik maydonchalar bor. Vengriyalik mashhur murabbiy mana shu taktik maydonchalarni o'ylab topgan. Bu futbolchilar texnikasining xar hil bo'lishiga yordam beradi.  Bundan tashqari bizda kamera tizimi ham bor. Bu kameralarni biz maydondan 9-10 metr balandga qo'yganmiz. Kameralar orqali o'yin kartinasini ko'rish va analiz qilish mumkin bo'ladi. Bizda 8 kishi maxsus licenziyaga ega bo'lgan video analitik hisoblanadi. Hattoki, mashg'ulot paytidagi videolarni ham ular tahlil qilishadi. Hozir bu kameralar yo'q. Ularni joyidan ko'chirib qo'yish mumkin. Bu kameralar tizimi Pixellot deb nomlanadi.

Akademiya hududida 9ta tabiiy maydon (standart) bor. Bundan tashqari, turli hajmdagi ko'plab maydonchalar (ular turli mashqlarda foydalaniladi) bor.


- Bu erda faqat Vengriya fuqarolari mashq qiladimi yoki xorijliklar ham bormi?

- Hozirda Ukrainadagi urush sabab bu erda juda ko'p ukrainalik bolalar bor. Bu erda umumiy hisobda 15-20 nafar yoshlar aynan ukrainalik. Umuman olganda akademiyamizda xalqaro tarbiyalanuvchilar uchun alohida tizim bor. Bu tizim qo'shni mamlakatlarni o'z ichiga oladi. Ukraina, Slovakiya, Serbiya va Ruminiya  kabi davlatlar aynan shu mamlakatlar qatoriga kiradi. Umuman olganda esa asosiy tarbiyalanuvchilarimizning ona tili venger tili. Ular millatidan qatiy nazar vengriyaliklardir. Bizda xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar yaxshi shakllangan.


- Sizlarning akademiya bilan O'zbekistondan turib hamkorlik qilish uchun nimalar qilish kerak. Sababi, bizda ham iqtidorli o'yinchilar ko'p.

- Bu akademiya direktoriga bog'liq masala. Akademiyamizda geografik to'siqlar sabab uzoq mamlakatlardan tarbiyalanuvchilar kam. Bir paytlar Mo'g'uliston bilan aloqalarimiz bo'lardi. Eng qizig'i, Mo'g'ulistonlik birinchi professional futbolchi aynan bizning akademiyamizda katta bo'lgandi. 2001 yilda tug'ilgan ushbu o'yinchi ukam bilan bir guruhda mashq qilardi. O'sha o'yinchi Slovakiya ikkinchi ligasidagi klub bilan shartnoma tuzgandi. Bu Mo'g'ulistonlik professional shartnomaga ega bo'lgan ilk futbolchi edi. Savolga qaytsak, akademiyamiz bilan qanday aloqa o'rnatish mumkinligini bilmayman. Lekin bizning eshiklar doimo ochiq.

Akademiyada ko'rib turganingizdek avtobuslardan 12tasi bor, LOL!


- Akademiyada tahsil olish bepulmi?

- Vaziyatga qarab. Yoshroq guruhdagi bolalar boshida to'lov qilishadi. Ular akademiya yoshiga etganlaridan so'ng har xil imtiyozlar va shartnomalarga ega bo'ladilar. Bizda Kanada klubi bilan hamkorlik bor. Xullas, akademiyamiz xalqaro darajada. Bu erda konferenciyalar zalini ko'rishingiz mumkin.

Konferenciyalar zali.


- Akademiyadagi o'yinchilar shu erda yashashadimi yoki uylaridan qatnashadimi?

- Akademiyaga etibor qaratsak, 13-14 yoshli bolalar  agar uylari yaqin bo'lmasa, akademiyada yashashadi. Umumiy hisobda 70% o'yinchilar to'liq ravishda shu erda yashashadi. U-14 dan boshlab ular akademiyada turishadi. Undan yoshlar esa asosan yaqin masofada yashashadi.

Akademiya tarbiyalanuvchilari yashaydigan yotoqxona.


- Mening farzandim juda iqtidorli, deylik uni yosh paytidayoq akademiyaga joylashtirsak bo'ladimi?

- Akademiya yoshroq bolalarni turar-joy bilan taminlamaydi. Buning imkoni yo'q. 14 yoshdan boshlab biz ularni akademiyaga joylashtirishimiz mumkin. Yoshroq bolalar esa uydan qatnashadi. Yo'lkira harajatlarni esa ota-onalar to'lashadi.


Rasmda ko'rib turganingizdek akademiyaning narigi tomoni o'rmon. Ob-havo ajoyib, bolalarning bunaqangi sharoitda va bunday toza havoda kamiga "gilam" maydonlarda shug'ullanishini ko'rib havas qilish mumkin.


- Bir murabbiy bitta jamoa bilan qancha muddat ishlaydi?

- Har xil. Asosan, Vengriyada murabbiylar jamoani faqat bir yil boshqarishadi. Sababi, murabbiylarning hammasi tajribali, lekin ular aynan bir yosh toifasiga moslashgan bo'ladi. Agarda birorta murabbiy 11 yoshli jamoani boshqarsa, u 8 yoshli jamoani boshqara olmaydi. CHunki bolalarga beriladigan yuklama va umuman mashg'ulot jarayoni butunlay boshqa bo'ladi. SHu sabab ham 15 yoshdan 19 yoshgacha bo'lgan jamoalarni murabbiy 1-2 yil boshqaradi. 2 yil juda kam uchraydigan holat. Asosan bir yil.


- Darvozabonlar uchun murabbiy necha yoshdan boshlab bolalar bilan ishlaydilar?

- Hozirda butun akademiyada 4 ta darvozabonlar murabbiyi bor. 13-14 yoshli guruhlardan boshlab bu murabbiylar ish boshlashadi.


- Taktik darslar necha yoshdan boshlab o'tkaziladi?

- 7-13 yoshgacha bolalarga texnik va taktik rivojlanish bo'yicha boshlang'ich darslar bera boshlanadi. SHundan so'ng, 13-14 yoshdan boshlab bolalar ko'proq taktik mashqlarga urg'u berishadi. To'p bilan qanday hujum qilish, himoyalanish va hokazo. Vengriyada 14 yoshdan boshlab bolalar to'liq maydonda o'yin o'tkazishadi. Yoshroq bolalar 60 metrlik yoki yarim maydonda o'yin o'tkazishadi. Bizning asosiy maqsadimiz eng yosh o'yinchilarga futbolni sevish va qilayotgan ishidan zavqlanish tuyg'ularini singdirish. SHundan so'ng esa texnika va taktika masalalari o'rgata boshlanadi. Bizdagi barcha murabbiylar vengriyalik murabbiylar.


- Bu akademiyada murabbiylar uchun ham qandaydir darslar bormi?

- Albatta, Pushkash akademiyasi bir vaqtning o'zida futbol talimi va metodologiyasi markazi hamdir. Bizda tanlab olingan o'nta akademiya bor. Davlat bu akademiyalarga yordam ajratadi. Pushkash akademiyasi ham shulardan biri va futbol talimi bo'yicha etakchi o'rinlarda turadi.


- Tarbiyalanuvchilar yashaydigan joy qaerda joylashgan?

- Sayohatimiz oxirida u erga etib boramiz. U erda ikkita bino mavjud. Yoshlarga va yoshi kattaroqlarga.


- Asosiy jamoadagilar ham shu joyda turishadimi?

- Agar ular akademiya tarbiyalanuvchilari bo'lsa, ha. Lekin asosiy jamoa futbolchilari o'zlariga turar joy topishadi. Budapesht shahridan ijaraga joy topishadi.


Bu esa biroz g'alati bo'lgan stol. Avval bunaqasini ko'rganmisizlar? Bu Vengriya ixtirosi. Bu 2012 yilda ixtiro qilingan. Bu sport tekbol deb ataladi. Tekbol uchun boshqacha to'pdan foydalaniladi. To'pning yuza qismi boshqacha tayyorlanadi. Normal futbol to'pi bilan faqat o'lchami bir xil. Bir qator mashhur futbolchilar ushbu o'yinni o'ynayotganini ko'rgan bo'lsangiz kerak. Yaqindagina ushbu sport turi bo'yicha katta musobaqa o'tkazdik. Ronaldino, Puyol va boshqa mashhur o'yinchilar o'sha musobaqaga tashrif buyurishdi. Menga bu o'yin juda yoqadi.


Tekbol sobiq futbolchi Gabor Borshan hamda dasturchi Viktor Xusar tomonidan yaratilgan.


- Sen ham futbolchimisan?

- Ha, faqat havaskor darajadagi. Men o'zim tug'ilib o'sgan joydagi akademiyani tamomlaganman.


- Akademiyaning barcha harajatlari davlat tomonidan qoplanadimi?

- Asosiy qismini davlat to'laydi.

Bu er esa murabbiylar mashq qiladigan zona. Hamma o'tkaziladigan jarayonlar aynan shu erda bo'ladi. Bu erda dars beradigan murabbiylar o'zlarining o'tgan mavsumdagi tajribalarini faqat Pushkash akademiyasi murabbiylariga o'rgatishadi. Mavsumning oraliq qismida biz faqatgina xalqaro o'rtoqlik o'yinlari o'tkazamiz. Bu erda esa murabbiylar o'z tajribalarini bo'lishadilar.


Bu joyda esa xuddi shunga o'xshash ko'rinish, faqat trenajer zali bor. Atletika uchun atributlarni bu erda ko'rayotganingizning alohida sababi bor. Bizda nafaqat futbolga, balki butun hayot davomida kerak bo'ladigan boshqa kasblarga ham o'rgatiladi. Yani qo'sh mutaxassislik yo'lga qo'yilgan.


Akademiyadagi katta trenajer zali.


- Bo'lajak futbolchilar necha yoshdan boshlab trenajer zallarida shug'ullanishni boshlaydilar?

- Yosh futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga fitnes murabbiylar javobgar. Asosan U-15 dan boshlab bu mashqlar boshlanadi.


- Akademiyangiz shunchaki fantastik!

- Ha, Vengriyadagi boshqa akademiyalarga ham borganmisiz?


- Yo'q, faqat Pushkash akademiyasi.

- O'zbekistonda akademiyalar qay ahvolda? Qozog'istondagi "Qayrat" akademiyasi haqida eshitganman, ammo O'zbekiston haqida yo'q...


- Ha, "Qayrat" akademiyasi juda zo'r. O'zbekistonda esa akademiyalar mavjud, ammo bizdagi akademiyalarni Pushkash akademiyasining holati bilan solishtirsak, 20% ham yaqin kelmaydi. SHu sabab ham, men O'FA vice-prezidentini direktoringiz bilan tanishtirib, uning Pushkash akademiyasiga tashrifini tashkillashtirmoqchiman. Biz qilishimiz kerak bo'lgan ishlarni shu erni kuzatib ham bilish mumkin. Ko'p ishlashimiz kerak.

- Bu esa Pushkashning haykali. Restoran esa bu tomonda. O'yinchilar va murabbiylar shu erda taomlanishadi. CHiqishga yaqinlashganimiz sari ko'zingiz kattalar uchun mo'ljallangan yotoqxonaga tushadi. Kattasi esa maktab. Bu maktab nafaqat akademiya tarbiyalanuvchilari, balki oddiy bolalar uchun ham. Bu erdan besh daqiqalik masofada boshqa maktab ham bor. SHu bilan bizning sayohatimiz yakunlandi.

Ferenc Pushkashning akademiya hududida bronzadan yaratilgan haykali.


"Pushkash" akademiya restorani.


Futzal, qo'l to'pi, basketbol va voleybol o'ynash uchun mo'ljallangan zal.



Hayratlanarli "Pancho Arena"

Akademiyaning asosiy jamoasi "Pushkash akademiya" Vengriya chempionatida o'ynab keladi, ayni paytda 4-o'rinda bormoqda. Jamoaning uy stadioni esa "Pancho Arena". Nega aynan Pancho? Pancho - Ferenc Pushkashning ispancha nikneymi, yani laqabi. "Real"da o'ynagan paytlari uni aynan shunday chaqirishgan. SHu sabab akademiya hududidagi bosh arena va mehmonxonaga aynan Pancho nomi berilgan.

"Pancho Arena" 3816 muxlisga mo'ljallangan. Maydon hajmi standart 105x68 metr. Stadion 2014 yilning 21 aprelida ochilgan.

"Pancho Arena" "stadiumdb.com" talqiniga ko'ra dunyoning eng chiroyli 3ta stadionidan biri deb topilgan. Tribunaning intereri yog'och bilan qoplangan, tomoshabinlarda futbol uchrashuviga emas cherkovga kelgandek taassurot uyg'otadi. Ushbu stadion mahalliy memor Imre Makovechning "farzandi" hisoblanadi. Vengriyalik arxitektor Makovech 2011 yilning 27 sentyabrida olamdan o'tgan. SHunga qaramay, stadion boshqa bir memor Tamash Dobrosh tomonidan aynan Imrening g'oyalari asosida qurilgan.

Yog'ochdan qurilgan va ajoyib dizaynga ega "Pancho Arena".


Turli mashqlar uchun mo'ljallangan kichik maydonlardan biri.


Suratda "Pushkash" akademiya direktori Dezyo Lishkay (o'ngdan birinchi), "championat.asia" asoschilaridan biri Gayrat Xasbiullin va Neji Marton (chapdan birinchi).



Akademiyadagi inshootlar ko'zni quvnatadigan darajada chiroyli dizaynda yaratilgan.



Vengerlar yaratgan tekbol.


"Pushkash" akademiya tarbiyalanuvchilari talim oladigan maktab, yo'lning narigi betida joylashgan.


Pancho hotel.


Akademiya hududida mana shunday suniy sharshara va ko'l ham yaratilgan.




Gayrat Xasbiullin, Tolibjon Qosimov va Jalolxon Inog'omxo'jaev.

Suratlar muallifi: Tolibjon Qosimov


"Pushkash" akademiyasi sizga yoqdimi?

Muallif : Tolibjon Qosimov
Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика