Jamoalar yozgi tanaffusdan qanday qaytdi? Qanday transferlar amalga oshirildi? Qay tarzda tayyorgarlik ko'rildi? Bu savollar muxlislar uchun hamisha dolzarb. Yurtimiz futboli afsonalaridan biri, "Paxtakor"ning sobiq to'purari Azamat Abduraimov Superliga ikkinchi davrasi oldidan o'z mulohazalarini bildirdi. U chempionlik poygasi, ajralib turuvchi jamoalar va albatta "Paxtakor" haqida fikr yuritdi.
— Ikkinchi davra boshlandi va doimo qiziqarli bo'lgan savollardan biri — jamoalar yozgi tanaffusda qanday tayyorgarlik ko'rdi, transferlar qanday o'tdi, qaysi poziciyalar mustahkamlandi? Birinchi navbatda ko'zga tashlanadigan jihat — bu ikkinchi davraning qizg'in va medallar uchun jiddiy kurashlarga boy bo'lishi. Bunaqasi ancha vaqtdan beri kuzatilmagandi. Hozirda bir nechta jamoalarda chempionlik uchun imkoniyat bor.
Albatta, "Nasaf"ni alohida takidlash kerak. Amaldagi chempion bu mavsumda ham barqaror va ishonchli o'yin namoyish etmoqda, turnir jadvalining yuqori pog'onasida bormoqda.
— Shuningdek, medallar uchun kurashishi mumkin bo'lgan olti jamoadan iborat guruh shakllangan. Bu jamoalar orasida men "Bunyodkor" va "Dinamo"dagi o'sishni aytib o'tishni istayman. Ularning tarixi turlicha, lekin bugun ular ikkalasi ham turnir jadvalida yuqori o'rinlarni egallab turibdi va oxirgi yillarda kuzatilmagan darajada etuk va muvaffaqiyatli o'yin namoyish etyapti.
— So'nggi yillarda doimiy ravishda yaxshi o'yin ko'rsatayotgan jamoa — bu OKMK. Bu, albatta, tabiiy holat. Chunki jamoa boshida Mirjalol Qosimov kabi tajribali murabbiy turibdi. Menimcha, kamida olmaliqliklar sovrinli o'rinlardan biriga ega chiqadi.
— "Neftchi"ga kelsak, Levchenkoning ishlariga katta hurmat bilan qarayman. Uni Superliganing eng yaxshi murabbiylaridan biri deb hisoblayman. Afsuski, o'tgan yili farg'onaliklar o'zlarining eng yaxshi o'yinini ko'rsata olishmadi. Bu yil esa yozgi transfer oynasida hujum chizig'ini ancha kuchaytirishdi. Jamoaga sifatli legionerlar keldi. Ammo "Bunyodkor"ga qarshi o'yinda, afsuski, mag'lubiyat kuzatildi. Holbuki, o'yin davomida "Neftchi" mag'lub bo'lishi kerak emasdi. Agar birinchi taymdagi vaziyatlardan unumli foydalanishganida, natija boshqacha bo'lardi. Lekin hujum chizig'ini muvofiqlashtirish doimo ko'proq vaqt talab qiladi. Yangi futbolchilar hali jamoa bilan to'liq til topishib ulgurmadi. Gol urish — bu faqat yugurish emas, u nafaqat jismoniy, balki ruhiy tayyorgarlikni ham talab qiladi. Shuning uchun, mening fikrimcha, murabbiylar shtabiga va futbolchilarga hali vaqt kerak. O'yin va natija paydo bo'lishi uchun sabr zarur.
— Endi esa "Paxtakor" haqida. Qaysi jamoada ishlamayapman, baribir “Paxtakor” men uchun eng sevimli va aziz jamoa bo'lib qoladi. Men bu jamoa safida to'qqiz mavsum to'p tepganman va, albatta, bugun ham jamoaning natijalarini diqqat bilan kuzataman. OKMKga qarshi so'nggi o'yinda men stadionda edim. Va barcha muxlislar kabi, o'yin natijasidan ranjidim. Biz ikki xil taym guvohi bo'ldik. Lekin har ikki taymda ham olmaliqliklar mezbonlarni standart holatlardagi xatolar uchun jazoladi.
Meni nima norozi qildi? Birinchi taymda murabbiylar shtabi ehtiyotkor taktikani tanladi — 3 nafar markaziy himoyachi bilan o'ynashdi. Vaholanki, yozgi transfer oynasida jamoa yaxshi ishladi. To'rg'unboev va Abduholiqov kabi milliy terma jamoa futbolchilari jamoaga qo'shildi. Ammo natijada “Paxtakor” bitta hujumchi bilan, asosan Sergevga uzatmalarga suyangan holda harakat qildi.
— Ikkinchi taymda esa taktik o'zgarishlar amalga oshirildi, o'yinchilar almashtirildi va o'yin mutlaqo boshqacha tus oldi. Jamoa to'pni nazorat qilishni boshladi, golli vaziyatlar paydo bo'ldi va hisob ham tenglashdi. Ikkinchi taymning boshlanishi to'liq "Paxtakor"niki bo'ldi.
Endi savol tug'iladi: nega bunday o'yinni avvaldan boshlamadik? Men hujumkor futbol tarafdoriman. Xususan, "Paxtakor" kabi jamoa o'z uyida, o'z muxlislari oldida faol, hujumkor o'ynashi shart.
— Hozirgi "Paxtakor"da katta salohiyat bor. Tajribali va yosh futbolchilar o'rtasida yaxshi balans bor. Klubda ambiciyali rahbariyat bor va ular ikkinchi darajali natijalarga rozi bo'lishmaydi. Menimcha, ehtimol, murabbiylar shtabini kuchaytirish kerakdir. Klub rahbariyati ham bu haqda o'ylayapti, deb o'ylayman. Shuning uchun ham men "Paxtakor"ni chempionlik kurashidan chiqarib tashlashga hali erta deb hisoblayman.