JCH-2013. Panama o'smirlari qanday qilib mundialga chiqishdi?

Narzulla Saydullayev
29 avg 2013, 12:54
Kuni kecha o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatiga qur'a tashlangandi.
Unga ko'ra O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi guruhda Panama, Marokash va Xorvatiya jamoalariga qarshi o'ynaydigan bo'ldi.

Biz guruhdagi raqiblarimiz qay tarzda ushbu Jahon chempionatiga chiqishganini o'quvchilarimizga taqdim etmoqchimiz. Birinchi bo'lib 1-turdagi raqibimiz Panama haqida ma'lumot beramiz.

2013 yilning 6-13 aprel kunlari Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi (KONKAKAF) davlatlari o'rtasida o'smirlar o'rtasidagi chempionat bo'lib o'tdi. Unga aynan Panama mezbonlik qildi.

12ta davlat final bosqichida ishtirok etishdi. 4ta guruh 3tadan jamoa kurash olib borishdi. Panama "A" guruhida Yamayka va Barbados jamoalariga qarshi o'ynadi.

Dastlabki turda Yamaykaga qarshi o'yinda panamaliklar o'yin davomida ortda borishdi, biroq 90-daqiqada Milsiades Molina tomonidan urilgan gol tufayli mag'lubiyatdan qutulib qoldi -1:1.

Barbados va Yamayka o'rtasidagi o'yin ham durang bilan tugadi - 2:2. So'nggi turda Panama Barbadosni 2:0 hisobida mag'lub etdi. Ervin Zorilla dublga erishgandi. Shunday qilib guruhda 4 ochko olgan Panama Yamayka bilan birga chorak finalga chiqdi.

JCH yo'llanmasini beruvchi o'yinda esa Panama o'smirlari Trinidad va Tobagoni 4:2 hisobida taslim etishdi. Panama tarkibida Jomar Diaz dublga erishgan bo'lsa, Xesus Araya va Luis Zuniga bittadan gol urishgandi.

Yarim finalda bo'lajak raqibimiz Kanada o'smirlari ustidan irodali g'alabaga erishishdi - 2:1. Diaz va Zorilla Panamaga g'alaba keltirishgan.

Finalda esa panamaliklar Meksika o'smirlariga yutqazib qo'yishgandi - 1:2. Jorji Deli Valdes shogirdlari safida yagona golni Araya urgandi.

Panama o'smirlar terma jamoasi ikkinchi bor U17 Jahon chempionatida ishtirok etadi. 2011 yil Meksikada bo'lib o'tgan mundialda panamaliklar guruhdan chiqib 1/8 finalda musobaqa mezboni va bo'lajak chempion Meksikaga yutqazib qo'ygandi.

Saytimizni kuzatib borsangiz Marokash va Xorvatiya o'smirlar terma jamoalari haqida xabar beramiz.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia