Xorazmlik yosh futbolchilarga ehtirom ko'rsatildi

Narzulla Saydullayev
16 noya 2017, 14:36
Mubolag'a emas, Xorazm viloyatining 2004 yilda tug'ilgan yosh futbolchilaridan iborat terma jamoasi bir necha yildirki, mamlakatimiz miqyosida o'tkazilayotgan musobaqalarda yuqori o'rinlarni egallab kelishmoqda.

Zero, vohalik yoshlar 2015 yili Buxoro shahrida uyushtirilgan O'zbekiston chempionatida faxrli uchinchi o'rindan joy olishgan.

Oradan bir yil o'tib, Urganch shahrida tashkil etilgan musobaqada respublika chempionligini qo'lga kiritishdi. Albatta, joriy yil ham muvaffaqiyatdan mustasno bo'lmadi.
Nukus shahrida nihoyasiga etgan 2004 yilda tug'ilgan o'smirlar o'rtasidagi O'zbekiston birinchiligida asosi Urganch shahridagi sport o'yinlari va engil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan Xorazm viloyati terma jamoasi bronza medali sohibiga aylandi.

Umuman, mazkur sport maktabidan 13 nafar, Urganch olimpiya zaxiralari kolleji maktab-internatidan 4 nafar, 5-son futbolga ixtisoslashtirilgan maktab-internatdan 1 nafar tarbiyalanuvchi terma jamoa tarkibidan o'rin oldi.


O'z navbatida musobaqada uchinchi o'rinni egallab qaytgan viloyat terma jamoasi Urganchda munosib kutib olindi. Shu munosabat bilan viloyat markazidagi “Yoshlik” sport majmuasi o'yingohida tadbir bo'lib o'tdi.

Tadbirda Xorazm viloyati futbol federatsiyasi birinchi vice prezidenti Ravshan Atajonov, SO'EAIBO'SM direktori Jamoladdin Abdullaev va boshqalar so'zga chiqib, yosh “charm to'p” o'yini  ustalarini erishgan yutuqlari bilan qizg'in qutlashdi, ularning kelgusi faoliyati yanada yorqin bo'lishini tilashdi.

Ishonchimiz komilki, yosh futbolchilarga ko'rsatilayotgan bunday ehtirom, ularning manaviyatini boyitib, o'z ustida yanada jiddiy shug'ullanishga, buning barobarida, tajribali futbolchi bo'lib voyaga yetishiga xizmat qilishi turgan gap.

Ikrom XUDOYBERGANOV

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia