"Vodiy futboli". Kimsanov va Baqoev keyingi turni o'tkazib yuboradi

Narzulla Saydullayev
13 may 2015, 14:00
Vodiy klublari 9-turdan oldin bir qator yo'qotishlarga uchrashdi.
"Andijon": Rahmonov, A'zamov va Tursunov mashg'ulotlarga qo'shilishdi

“Andijon” jamoasini vodiy derbisida “Navbahor”ga qarshi o'yinga tayyorgarligi kechadan boshlagandi.

“Lokomotiv” bilan bo'lgan avvalgi turda maydonga tushmagan asosiy tarkib o'yinchilari Rasul Rahmonov, Rustam A'zamov va Davron Tursunov tarkibga qaytgan holda mashg'ulotlarda astoydil shug'ullanishmoqda. Tursunov diskvalifikaciya tufayli avvalgi turni o'tkazib yuborgandi. A'zamov bilan Rahmonovda kichik jarohat bor edi. Bu ikki futbolchini “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushishi hozircha aniq emas. Uch kun davomida bosh murabbiy ularning imkoniyatiga qarab bir qarorga keladi.

Eslatib o'tamiz, “Andijon” va “Navbahor” jamoalari o'rtasidagi bellashuv 16 may kuni bo'lib o'tadi.


"Qo'qon-1912": Jamoamiz "Sho'rtan"ga qarshi tayyorgarlikni boshladi


Kecha "Qo'qon-1912" jamoasi o'z qarorgohida yig'ilib navbatdagi o'yinga tayyorgarlikni boshladi. Rustam Abdullaev boshchiligidagi jamoa 9-turda o'z maydonida G'uzorning "Sho'rtan" klubiga qarshi o'ynaydi.

Ushbu uchrashuvda Jalil Kimsanov o'tkazib yuboradi. Sababi futbolchi o'tgan turda "Qizilqum"ga qarshi bahsda qizil kartochka olgandi.

Eslatib o'tamiz, "Qo'qon-1912" - "Sho'rtan" uchrashuvi 16 may kuni bo'lib o'tadi.


"Navbahor": Ulug'bek Baqoev "Andijon"ga qarshi o'ynay olmaydi


Namanganning "Navbahor" klubi keyingi tur vodiy derbisi doirasida "Andijon" mehmoni bo'ladi.

16 maydagi bahsda Ulug'bek Baqoev maydonga tusha olmaydi. Sababi tajribali hujumchining oliy ligadagi ogohlantirishlari soni 4taga etdi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia